4. Шум бола indd



Yüklə 1,28 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə2/14
tarix26.10.2023
ölçüsü1,28 Mb.
#131644
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
6 shum bola

II BO‘LIM
Uch soatcha yo‘l yurgandan keyin Tepaguzar degan bir 
mavzega yetdik. U yerda bir chol baqqol endigina do‘konini 
ochgan ekan. Undan yo‘l xarajatlarini, safar anjomlarini 
oldik. Chunonchi: bir qadoq tuz, ikki qadoq turshak, oltita
zog‘ora non, ip, nina, ikkita ichi tushgan bosvoldi. Hammasi 
yetti paqir bo‘ldi. To‘rt paqirni domla ust yaktagining bax-
yasiga yashirgan joyidan olib to‘ladi. Uch paqirni biz to‘ladik.
Yana yo‘lga tushib yarim soatcha yurgach, Oynabuloq 
degan yerda bir tolning tagida, chashma labida zog‘orani 
o‘rtaga qo‘yib, qovunlarni yorib nonushtaga o‘tirdik. No-
nushta orasida domla o‘zini bizga tanishtirib ketdi:
– Bizning aslimiz Buxoroyi sharifdan bo‘lar ekan. Hozir 
Toshkentning Pushtihammomida turamiz. Boboyi-boboka-
lonlarimiz juda zabardast eshonlar o‘tgan. Dadam rahmatlik 
ham “kuf” desalar suvni teskari oqizib, “suf” desalar ko‘r-
ning ko‘zini ochib yuboradigan ulug‘ zot edilar. U kishiga 
ixlos qo‘ymagan odam kamdan-kam edi. Ona tomonidan 
ham juda Haqqa yetishgan odamlarmiz. O‘z onam hozir ham 
childirma bilan fol ochib, xipchin bilan savab, yangi sopol 
idishga tilsim yozib tandirga qo‘yib, oshiq-ma’shuqlarni 
bir-biriga issiq-sovuq qiladigan katta otindir. Men bir necha 
yil avval ota kasbimning hadeganda jo‘niga tushib ololmay, 
anchagina shaloqliklar ham qilganman. Avvaliga yigit-
yalang larning bazmida bachcha bo‘lib o‘ynab pul topdim. 
Nasha-pashalar ham chekib yurdim. Keyin uncha-muncha 
kissavurlik ham qilib ko‘rdim. Ammo bu hunar bizday 
zotdor kishilarga to‘g‘ri kelmas ekan. Bir kun Kapponda 
olomonda qolib ketay dedim. Yo‘q, Xudoga shukur, mana 
endi yo‘limni topib, ota kasbimni boshlab yubordim. Dalayi 


33
dashtlarda odamlarni kuf-suf qilib, ezibichki yozib berib, 
issiq-sovuq qilib binoyi dek tirikchilik qilib yuribman. Ota 
kasbida gap ko‘p ekan, birim ikki bo‘lib boryapti.
O‘zim madrasa ko‘rmagan bo‘lsam ham, savodimni 
chiqarganman. O‘qimasam ham uqqanman. Za’far bi-
lan duoyi tumor, ismi a’zam yozish qo‘limdan keladi. 
Ko‘pchilik qishloqilar menga ixlosmand. Ba’zilari “eshon 
pochcha” deydi, ba’zilari “qori aka” deydi, ba’zilari “mulla 
aka” deydi. Asli ismim Mullamuhammad Sharif binni Mul
-
lamuhammad Latif ibni G‘avsil a’zam.
Mana endi uchalamiz bir yoqadan bosh chiqarsak, ham-
ma ishni bamaslahat qilsak, el-yurt oldida sizlar mening hur-
matimni bajo keltirib “hazrat”, “hazrat” desalaringiz, men 
sizlarni “pirbachchalar” desam, shariatga xos ta’zim-tavo-
zelarni o‘rgatsam, kuzgacha birimiz o‘n bo‘lib, bisoti bag‘al 
ort tirib, qo‘yin-qo‘njimiz to‘lib, sen je-men je – shaharga 
izzat-obro‘ bilan tushib borsak, yomon bo‘lmaydi.
Shunday bo‘lsin, hech kim yo‘q vaqtda mulla aka yoki 
Sharifjon aka, deb chaqirsalaring ham bo‘laveradi. Nimaiki 
topsak – o‘rtada, to‘rtga bo‘lamiz. Ikki hissa meniki, bir 
hissadan senlarniki. Kim shu va’dadan qaytsa, beti qibladan 
qaytsin, omin obloh-u akbar, – dedi.
Biz ham qo‘shilishib qiblaga qarab fotiha o‘qidik.
Yana bir oz salanglanib o‘tirgan edik, qarshimizdan 
chang ko‘tarildi. Chang borgan sari bizga yaqinlashar edi. 
Keyin qorasini tanidik. Bir otliq qishloq o‘zbegi edi. Ot 
chopa berib ko‘pirib ketgan. Chavandozning choponining 
ikki bari taqimidan chiqib yelda uchib kelar edi. Bizning 
tepamizga kelib, otni arang to‘xtatdi.
– Salomu alaykum, mo‘ldakalar, jo‘l bo‘lsin?
Biz ham uning salomiga javob qaytarib: “Alay bo‘lsin, 
olgani”, – dedik.
Yigitlar, – dedi o‘zbek, – ichlaringda imon shariatni 
biladigan, o‘lik juvoturg‘anlaring bormi?
Domla bizga qaradi, biz ta’zim bilan unga qaradik. 
Domla tomog‘ini bir qirib qo‘yib, savlat to‘kib:


34
– Topilib qolar, nima xizmat edi? O‘zimiz toshkentlik 
bo‘lamiz, eshonzodalardanmiz. Madrasa ko‘rgan mullayi 
zabardast lardan bo‘lamiz. Hozir ta’til vaqti bo‘lgani uchun 
qishloqlarda tabdili havo qilib yuribmiz. Bu ikkovlari ham 
pirbachchalardan, – dedi.
Bu muqaddima gaplardan o‘zbek danak topgan tentak-
dek juda quvonib ketdi.
– Voy-bo‘y, taqsirlar, voy-bo‘y, taqsirlar! Sizlarni 
Xudoyning o‘zi jetkazdi. Qani juringlar, aytpasam. O‘zi 
jaqinda bizning ko‘chkin chorva elet bor. Bir jigitimiz 
novqaslanib qaza qilgan edi. Uni juvib janoza o‘qiydigan 
kishi jo‘q. Voy-bo‘y, taqsirlarim, sizlarni Xudoy jetkazdi. 
Qani ketdik!
Omon dasturxonlarni yig‘ishtirdi. O‘zbek otdan tushib, 
otga domlani mindirdi. Uchov piyoda, domla otliq keta 
boshladik. Anchagina olis yo‘l ekan. Bir-ikki yerda dam 
ham oldik. Bir qir ning tepasiga chiqqanimizdan keyin uzoq-
da bir qo‘rg‘on va bir-ikki o‘tov ko‘rindi. O‘zbek o‘sha 
tomon qo‘lini cho‘zib ko‘rsatdi:
– Hov, o‘sha ko‘ringan qo‘rg‘on – bizning qo‘nalg‘a. 
Hademay yetamiz.
Kun qiyomdan oqqanda yetib bordik. Bu ko‘chmanchi 
elatning asli turar joyi bu yerdan yuzlab chaqirim narida, 
dasht ning ichki tomonida qolgan ekan. Mol-qora, bola-
cha qa, xotin-xalajlari ham o‘sha yerda qolgan ekan. Orada 
o‘lim ro‘y berib qolgani uchun u yerda yuvib, janoza o‘qiy-
digan domla topilmaganidan yigirma choqli yigit-yalang, 
bir-ikki qari-qartang o‘likni olib kelib, shu yerga qo‘ngan 
ekan.
Hamma “gurr” etib o‘rnidan turib, bizga qo‘l qovushtirib 
salom berdi. Hazrat: “O‘lik qayerda?” – deb so‘radilar. 
O‘lik qo‘rg‘onning ichida ekan. Qo‘rg‘on ichki tuzilishi 
jihatidan qaysidir bir chorvachi boyning qo‘y qamaydigan 
saroyini eslatar edi. Unda-bunda tuynukli devorlari mustah
-
kam, qo‘sh tavaqa darvozasi ham bor. Lekin vaqt o‘tib, tax-
talari chirigan, ho‘kiz suzsa buzilay deb turibdi. Qo‘rg‘on-


35
ning o‘rta bir yerida sizot suvlardan to‘plangan, o‘rtasi 
kovlanib chuqurroq qilingan bir hovuzcha ham bor edi. 
Hovuzning chetlarini har xil po‘panak o‘tlar bosib ketgan. 
Labida bir-ikki ko‘ndak tol ham bor edi. O‘lik qo‘rg‘onning 
og‘ilxonasida ekan.
Rostini aytish kerakki, na men, na Omon, na hazrat um-
rimizda o‘lik yuvmagan edik. Ayniqsa, men bo‘lsam, odam 
o‘ligi u yoqda tursin, mushukning o‘ligidan ham cho‘chir 
edim. Hazrat bo‘lsa, o‘zini umr bo‘yi o‘likdan boshqa nar
-
sani yuvmagan kishiday qilib ko‘rsatishga harakat qilar edi. 
Qadam-qadamda pichirlab bir balolarni o‘qib, atrofga kuf-
suf qilib, fotiha o‘qiganday qo‘llarini yuziga surtib qo‘yar 
edi. Ammo biz bilar edikki, bularning hammasi jo‘n gap. 
“Pul – dardi kabob” uchun qilinayotgan nayrangbozlik.
Domlaning ishorasi bilan Omon boshqalarni qo‘rg‘on
-
dan chiqarib, kafanlikni so‘radi. Olti gaz kelar-kelmas eski 
bo‘z parchasini keltirib berdilar. So‘ngra butun yig‘ilgan-
larga: o‘lik yuvilib tayyor bo‘lguncha qo‘rg‘onga yaqin-
lashmasliklari, bu tomonga mo‘ralamasliklarini tushuntirdi. 
Chunki qarasa gunohkori azim bo‘lar ekan. Odam ofatga 
yo‘liqar ekan.
Hamma chiqib ketdi. Darvozani bekitdik, orqasiga bir 
katta xarsangni olib kelib tamba qildik.
Hazrat bizga qaradi. Biz hazratga qaradik.
– Endi nima qilamiz? Ikkovingdan biring o‘lik yuvib 
ko‘rganmisanlar? – dedi hazrat.
– Yo‘q, – dedik biz.
– Men ham yuvmaganman. Lekin bu o‘zbeklar bilan o‘n 
so‘lkavoyga gaplashib qo‘ydim. Yuvmasak, pul uvol bo‘la-
di. Besh so‘mni men olaman, ikki yarim so‘mdan senlarga.
– Xo‘p, bo‘lmasa, o‘zingiz yuvasiz, – dedim men.
Qo‘rqa-pisa o‘lik yotqizib qo‘yilgan hujraga kirdik. 
Murda uzala tushib yotgan ekan. Oyoq tomoni ochiq. Betiga 
bir eski yaktak yopilgan. Chamasi, yuvg‘uvchi topilmay bir 
necha kun turib qolgan bo‘lsa kerak, ancha hidlanib ketgan 
edi. 


36
Oldinda hazrat, keyin Omon, uning orqasidan men, 
orqamizga tisarila-tisarila bir-birovimizni oldinga qarab 
itarishar edik. Hujraning ichida o‘likning arvohi aylanib 
yurganday cho‘chib-cho‘chib, yurak yutib, oyoq uchi bilan 
yurib o‘likka yaqinlashdik.
Mening oldimda ketayotgan Omon to‘satdan o‘zini 
orqaga tashlab “g‘iyq” degan ovoz chiqardi-yu, o‘zidan 
ketib qoldi. Domla orqaga bir sapchib, hujra eshigi oldida 
qotib qoldi. O‘likka bir qarashdayoq Omonning o‘zidan 
ketib qolishining sababini tushundim. Qaysi ko‘zim bilan 
qaray, biz yuvmoqchi bo‘lgan o‘lik tirilgan edi. Oyoqlari 
qimirlamagani holda betiga yopilgan yaktakni qimirlatib 
boshini ko‘tarmoqchi bo‘lar edi.
Yuragim yorilguday bo‘ldi. Orqaga qaytib qochaman 
deb, yerda yiqilib yotgan Omonga qoqilib, dumaloq oshib 
tushdim. Ko‘zim hazratga tushdi. Uning ham rangi o‘chib 
ketgan. Allanimalarni o‘qib, o‘ziga va atrofga dam solar 
edi. Nafasim og‘zimga tiqilib, jonholatda o‘rnimdan turdim. 
Yugurganimcha qo‘rg‘onning sahniga chiqdim. Orqamdan 
o‘lik quvlab kelayotgandek orqamga qayrilib boqar edim. 
Hovliga chiqib bo‘g‘iq va hayajonli ovoz bilan dodlay 
boshladim.
Mening bu qo‘rqinchli ovozimni eshitgan o‘lik egalari 
hovliqishib, eshikni ochishga urinsalar ham eshik ochilmadi. 
Chunki xarsangni tirab juda ham mahkam tambalagan edik. 
Borib, xarsangni olib, eshikni ochishga menda majol yo‘q edi.
Domla hazrat bo‘lsa, sassiq hovuz labiga o‘tirib, hadeb 
tahorat qilar edi. O‘lik egalaridan bir-ikkitasi devordan 
oshib tushib, eshikni ochdi. Qolganlari ham kirdilar. Men 
nafasim og‘zimga tiqilgan holda ularga voqeani aytdim. 
Ular o‘likka bizdan ko‘ra jonkuyarroq bo‘lganliklari uchun 
ko‘zlari qinidan chiqib, hovliqib ketgan edilar.
Endi Omonning ahvolidan xabar olish zarur edi. 
Ko‘pchilikning daldasi bilan hujra tomon yura boshladim. 
Yurak oldirib qo‘ygan ekanman. Har nafas orqamga qarab 
qochadigan yo‘lni mo‘ljallar edim.


37
Shovqin-suron bilan hujraga kirib borar ekanmiz, yaktak 
sudragan bir olg‘ir qir mushugi sapchib, Omonning ustidan 
sakrab, bizning oyoq oralarimizdan o‘tib hujradan chiqib 
ketdi. Hammamizning ham qutimiz uchib, serrayib qoldik. 
Shu paytda Omon ham o‘ziga kelgan edi. O‘likning “tiril-
ganligi” sababi bizga endi anglashildi.
O‘lik bizning ko‘zimizga bosh ko‘targanday bo‘lib 
ko‘ringanligi shunday ekan: qir mushugi yaktakning tagiga 
kirib olib, o‘likning ko‘kragiga o‘tirib, hadeb burnini ke-
mirmoqda ekan...
O‘lik egalari o‘likning burunsiz qolganidan qanchalik 
qayg‘urgan bo‘lsalar, bizdek yosh, no‘noq, uch o‘g‘lon 
g‘assolning “dovyurakligi”dan shunchalik maza qilib kular 
edilar.
Mushuk yaktakni sudraganicha ketdi. O‘lik egalari bizni 
qoldirib tashqariga chiqdilar. Eshik orqasiga yana xarsang 
tambalandi. Omonni hovuz bo‘yiga o‘tqazib, yuziga suv 
sepgan bo‘lsak ham hadeganda o‘ziga kelmay, aftida “bir 
qari bo‘z bitganday” bo‘lib xomush o‘tirar edi.
– To‘xtang, ukam, to‘xtang, o‘zim bir dam solib qo‘yay, 
ko‘rmaganday bo‘lib ketadi, – dedi hazrat. Allanima ba
-
lolarni o‘qib, Omonga kuf-suf qila boshladi.
– Ana xolos, o‘zingizga kelib qoldingiz. Inshoollo, duo-
ga shak yo‘q.
– Tur endi, uyat ish qilib qo‘ygan boladay serrayib o‘tir-
ma, – dedim men koyib.
– Yo‘q, meniki bo‘ldi, o‘zlaring bir balo qilib amallab 
qo‘ya qollaring, – dedi Omon.
– Yuvish shariatda uch kishini talab qiladi, – dedim men.
Yalinib-yolvorib Omonni turg‘azdik. Uchovlashib “sen 
oldin bor, men keyin borayin” deganday hujraning eshigiga 
borib, ikki quloq beridan mo‘ralay boshladik. Omon domla 
bilan menga qarab zo‘rma-zo‘raki bir iljaydi-da:
– Xo‘sh, endi ish boshlaylik. Qanday qilib yuvamiz. 
Xalq ma’tal bo‘lib qolmasin, – dedi.
– G‘assolboshi hazratim bo‘ladilar. Ikkovimiz suv quyib 


38
turamiz. Yaxshilab badanlarini ishqalab yuvsalar, murda 
ozor topmasa, burniga ehtiyot bo‘lsalar – hamma savob 
hazratimga. Bizga yirtish kifoya, – dedim.
– Ey, – dedi domla, – yoshlar xizmatda, kattalar rohatda, 
deganlar. Sizlar yuvasizlar, men suv quyib turaman. Duo 
ham qilaman.
– Duo o‘zingizga kerak bo‘ladi. Ehtiyot qiling, taqsir, 
yaxshilikcha yuvsangiz yuvganingiz, bo‘lmasa o‘lik egala-
rini chaqirib sharmandangizni chiqaraman.
– Shunday, – dedi Omon.
– Iya, iya, – dedi hazrat. – Shu ham sherikchilik bo‘ldimi? 
Qani, yuringlar, men oyog‘idan ko‘taraman, sizlar boshidan.
– Yo‘q, taqsir, siz boshidan, bizlar oyog‘idan.
Janjalimiz tashqaridagilarga bilinib qolmasin deb, eshik-
ning tirqishidan mo‘ralab-mo‘ralab sekin-sekin gapirishar 
edik. Tashqaridagilar bo‘lsa o‘likni solish uchun tol nov-
dadan zambar to‘qimoqda edilar. Biroz janjaldan keyin 
Omon menga dedi:
– Ikki quloch arqon bo‘lganda yaxshi bo‘lar edi.
– Nima qilasan?
– Hiylasini topdim, – dedi quvonib. – Qani, yur, qidiramiz.
Ikkalamiz birgalashib qo‘rg‘onning butun og‘illarini 
axtarib chiqdik. Baxtimizga, bir burchakda eski oxur yoni-
dagi qoziqqa ikki qulochdan mo‘lroq jun arqon bog‘lanib 
yotar edi. Yechib oldik. Yana o‘lik yotgan hujraga kirdik. 
Ikki qo‘llarini bir-biriga ishqagan domla yo‘lakda shivirlab 
yurar edi.
Bu gal endi Omon o‘z aqliga qoyil qolgani uchunmi, 
dadillanib ketgan edi. Domlani yoniga chaqirib o‘likni 
ko‘tarishga buyurdi. Domla avvaliga biroz tixirlik qilib 
turgan bo‘lsa ham, orqasi bilan o‘likka yuz o‘girib, ming jir-
kanchlardan keyin o‘likning oyog‘ini ko‘tarib berdi. Omon 
boyagi arqonni o‘likning har ikki oyog‘iga to‘pig‘idan 
yuqori mahkam sirtmoq solib bog‘ladi. Uchalamiz arqonni 
tortib, o‘likni hovuz bo‘yiga qarab sudray boshladik. Teskari 
sudrashdan har ikkala qo‘li ochilib, qulochi yozilib ketgan 


39
edi. Bechora agar tirik bo‘lsa orqasi shilinganidan bizga 
shikoyat qilgan bo‘lar edi.
Hovuz labiga kelib to‘xtadik. Omon gapirib ketdi:
– Yaxshisi shuki, o‘rtoqlar, bosh tomondan suvga 
tushirib, uch-to‘rt marta yaxshilab chayqab olamiz, hap-
pa-halol bo‘ladi- qoladi.
– Inshoollo, – dedi hazrat, – albatta, halol bo‘ladi. Xudo 
o‘z kalomida ham shunga ishora qilgan. “Innamal havzato‘n 
tahorato‘p hallolun”, degan.
– O‘lganingiz yaxshi, – dedim men unga.
Hammamiz kulishdik. Bu maslahat hammamizga ham 
yoqqan edi. Arqondan ushlab, o‘likni suvga sho‘ng‘itdik. 
Hovuzning u boshidan bu boshiga sudrab chayqata bosh
-
ladik. Uchovimiz ham yangi havaskor g‘assol bo‘lganimiz 
uchun qiziqib ketib uch martagina emas, o‘n-o‘n besh marta 
chayqab, juda ham oq yem qilib yubordik. Har qancha varzish 
yetkazgan g‘assol bo‘lsa ham bir o‘likni shunchalik yuvar-da!
Keyin, sekin-sekin hovuz qirg‘og‘iga torta boshladik, 
lekin o‘lik qimirlamay qo‘ydi, o‘rnidan jilmaydi. U xud
-
di hovuzning tagiga jipslashib qolganday edi. Omonning 
rangi yana quv o‘chib ketdi. Domla bo‘lsa “yo madad, yo 
madad”, deb arqonni siltab tortar edi. Men yana bir dodlab 
ko‘ray dedim-u, bu ishning bizga nafi tegmasligini bilib, xap 
qoldim. Omon buni fahmladi shekilli:
– To‘xta, ahmoq, – dedi, – nima qilmoqchisan?
– Dodlasammikin?
– Dodlashga beradigan kuchingni arqon tortishga ber!
U ovozini chiqarmasdan tishini g‘ijirlatib meni jerkib 
tashladi.
Uchovimiz bor kuchimiz bilan to‘ngak tolga oyoq tirab 
ar qonni torta boshladik. Ancha urindik. O‘lik bechoraning 
bellari qirsillab, taxminan, yarim gazcha cho‘zilib ketdi.
Shu payt eshik taqillab qoldi. Domla yugurib borib javob 
berdi.
– Hali tura turinglar, rahmatlikning hali beligacha ham 
yuvib bo‘lganimiz yo‘q. O‘zimiz chaqiramiz.


40
Qaytib keldi. Yana torta boshladik. Bultur yozdan beri 
og‘ilxonada kuya tushib chirib yotgan arqon o‘lgur shartta 
uzilib ketdi-yu, uchalamiz chalqanchasiga tushdik.
Vaqt kechikib borar edi. Hayallash xavfli edi. Ucho
-
vimizga ham o‘lik o‘zimiznikiday bo‘lib ko‘nikib qolgan 
edik. Pahlavonlarcha jasoratlanib ketgan Omon shartta 
ko‘ylak-ishtonini yechib, o‘zini hovuzga tashladi-da, 
sho‘ng‘ib ketgan o‘likni qidira boshladi.
– Qani, taqsir, siz ham yechining, besh so‘mni jo‘nlikcha 
olavermaysiz, – dedim men.
– Ya’ni, masalan, yechmasam nima bo‘ladi?
– O‘lik egalariga aytib, olomon qildirib yuboraman.
Domla g‘azab bilan menga qarab “xinzir”, dedi-da, 
ko‘ylagini yechib, oq ishtoni bilan hovuzga tushdi. “Bu 
xinzir degani nima degani ekan? So‘kkanimikan? Qoyilman 
deganimikan?” Omon bilan ikkovlon qidirib ketdilar. Bir 
vaqtda o‘likning oyog‘ini osmonga qilib, belidan mahkam 
quchoqlagan Omon uni hovuzdan olib chiqishga urinar 
edi. Domlaga uzilgan arqonning uchini tutqazdim. O‘lik-
ning oyog‘ida qolgan yeriga ulab berdi. Lekin o‘likning 
boshi tolning ayri ildiziga kirib qolgan ekan. Men hovuz 
labidan turib tortar edim. Omon bilan domla belidan olib 
sug‘urishga harakat qilar edilar. Nihoyat, zo‘r berib o‘likni 
hovuzning chetiga chiqardik. Biroq burunsiz bosh yo‘q edi. 
Buni ko‘rgan Omon yana hovuzga sho‘ng‘ib ketib tolning 
ildizidan kallani ajratib olib, domlaga uzatdi. Ikkovlari 
chetga chiqdilar. Shoshib-pishib darrov safar xaltadan yo‘l 
uchun olingan ipni olti qavatlab pishitib ko‘rpa qaviq nina 
bilan kallani o‘z joyiga qo‘yib tika boshladik.
Qoyil, hazrat ko‘p hunarni bilaman deganicha bor ekan, 
chokka usta ekan.
Ish jo‘nashib ketdi. Hash-pash deguncha kafanni ham 
ko‘kladik. O‘likning ochiq badani mumkin qadar ko‘zdan 
yashiringan edi. Lekin kafan uchun berilgan bo‘z parcha-
si to‘pig‘idan nariga o‘tmay, oyog‘i ochilib qolgan edi. 
Oyog‘ida bo‘lsa haligina chambarchas qilib bog‘langan jun 


41
arqonning shilib yuborgan o‘rni qo‘rga ko‘mgan lavlagiday 
ko‘rinib turar edi.
Safar xaltani bo‘shatib, ichidagini belboqqa tugdik. Xal
-
tani o‘likning oyog‘iga kiygazib, kafanga qo‘shib ko‘kladik.
Omon ko‘ylak-ishtonini kiyib oldi. Domla ham ishtoni
-
ni, salla, to‘nlarini namoz jumadagiday savlat qilib kiyib, 
qo‘l qovushtirib, basharasiga payg‘ambar nusxa berib, lab-
larida bir nimalarni shivirlab o‘qib, o‘lik tepasida turar edi.
Men borib eshikdan xarsangni ko‘tardim. Janozaga 
yig‘ilgan ta’ziyachilarni chaqirib keldim. Tashqarida bo‘lsa, 
tol novdadan to‘qilgan uzun dastali zambil allaqachon 
tayyor bo‘lgan edi. Zambilning ikki tomonidagi aravaning 
shotisiga o‘xshash uzun dastalari o‘rtasiga oldinma-ketin 
ikki ot qo‘shilgan edi. O‘likning egalari atrofni qurshashib, 
ba’zilari uning betlarini silab yig‘lay boshladilar. Shunda 
birisining qo‘li o‘likning bosh tarafiga tegib, chalqanchasiga 
yotgan o‘likning boshi chappa bo‘lib qolganini sezdi.
Ma’lum bo‘lishiga qaraganda, biz shoshilib, uzilgan 
kallani teskari o‘rnatib qo‘ygan ekanmiz.
– Buning beti nega ters bo‘lib qoldi? – deb so‘radi o‘sha 
kishi.
Biroz shoshib qolgan, ammo sipohgarchilikni qo‘ldan 
bermagan hazrat:
– Tirikligida ko‘p gunoh qilib qo‘ygan bo‘lsa kerak, 
Xudo yuzini ters qilib qo‘ydi, – deb javob berdi.
Men bu yerda domlaning shuncha ziyrak, hozirjavobli
-
giga qoyil qolib, ichimda “o‘qigan ilming shu yerda ish 
berdi”, deb qo‘ydim.
Biroq bu bilan sir yashirinib qolmadi. O‘likning boshi 
uzilganligi, kallani gavdaga ters o‘rnatib chatib qo‘yilganligi 
ma’lum bo‘lib qoldi.
O‘lik bir yoqda qolib, olomon uchovimizni qurshab 
oldi. Hazrat ham ishboshi, ham yosh jihatidan bizlardan 
katta bo‘lganligi uchun hamma unga tikilgan edi. Omon 
bilan ikkovimiz olomonning orasidan bir amallab sirg‘alib 
chiqib, ko‘chaga tomon qochdik. Orqamizdan ko‘proq umri 


42
otda yurib, piyoda quvlashga uncha ham epchil bo‘lmagan 
bir-ikkita o‘zbek kelar edi. Ana shunday vaqtlarda tarqalib 
qochgan yaxshi. Omonga baqirib, “Chapga qoch”, dedim. 
O‘zim o‘ngga qarab qocha boshladim. Domla olomonning 
orasida qolib ketdi. Nima bo‘ldi, bilmayman. Tirik bo‘lsa bi-
ror go‘rdan chiqib qolar, o‘lgan bo‘lsa, Xudo rahmat qilsin.
Omon qochib qayga bordi bilmadim, men bir zumdayoq 
ko‘zdan g‘oyib bo‘lib borar edim. Oldimda bir to‘qaylik 
paydo bo‘lib qoldi. To‘qayning ichida yolg‘iz yo‘l bor ekan. 
Shu yo‘ldan chopib ketaverib bir sizot zovurga uchradim. 
Zovur menga birdan-bir boshpana bo‘ldi. O‘zimni zovurga 
tashladim. Orqamdan quvib kelganlar meni bir muddat qidi-
rib borgach, izimni yo‘qotib, qaytib ketdilar.
Vaqt kechikib bormoqda, o‘rtaliq qorong‘ilashmoqda 
edi. Qo‘rqa-pisa zovurdan chiqib, to‘qaydagi so‘qmoq yo‘l 
bilan keta boshladim. Lekin ko‘nglim Omon so‘ltidan va 
hazrati domla jihatidan ancha tashvishda edi. Bechoralar-
ning boshiga qanday kunlar keldi ekan. Nima bo‘ldi ekan, 
urib o‘ldirmadilarmikan?
Xuftonga yaqin yana katta bir “shahri azim”ga kirib 
bordim. Kichkina xonaqo va jilovxonadan iborat bo‘lgan 
devorlari paxsa qilib urilgan machitning eshigida uch-to‘rt-
ta chol kishilar xufton namozini poylab o‘tirar edilar. Men 
ham salom berib, sekingina ularning yoniga borib o‘tirdim. 
So‘fi azon aytdi, garchand, tahoratim bo‘lmasa ham, shu 
o‘tirganlarning rahm-shafqatini keltirish uchun kirib, jamoat 
bilan namoz o‘qidim. Namozdan keyin hamma uy-uyiga 
tar qaldi. Men machitdan qo‘zg‘almadim.
Bu machitda bundan ilgari bir necha marta joynamoz, 
namat o‘g‘irlangani uchun so‘fi ham, domla-imom ham 
mendan shubhalanib, bir necha marta yer ostidan ko‘z qirini 
tashlab, xo‘mrayib qarashdi-da, so‘fi so‘radi:
– Ha, o‘g‘lim, juda o‘tirib qoldingiz? Namoz tamom 
bo‘ldi.
– Otajon, musofirman, – dedim. – Agar ruxsat bersangiz, 
ertalabgacha machitda qolsam, yo‘limdan adashdim.


43
Gapga imom aralashdi:
– O‘zing qayerlik bo‘lasan, o‘g‘lim?
– Taqsir, toshkentlikman.
– Bu yerlarda nima qilib yuribsan?
Omondan o‘rgangan gaplarni ishga soldim.
– O‘zim madrasada o‘qir edim, hozir ta’til vaqti bo‘lgani 
uchun bir oz pul topish maqsadida mardikor ishlash uchun sa-
farni ixtiyor qilgan edim (Yana ichimda, bu yerda ham g‘as-
sollik xizmati chiqib qolmasa yaxshi edi, deb o‘ylar edim).
– Qaysi madrasada o‘qir eding, mudarrising kim?
Qo‘lga tushdim. Toshkentda nima ko‘p – madrasa, nima 
ko‘p – mudarris.
– Taqsir, o‘sha katta madrasa-da, domlamiz ham o‘sha 
katta domla bo‘ladilar.
Domla kuldi:
– Ha, ha, mullavachchaman degin, darsxona emas, xirs-
xonada ta’lim olganman, degin. Yaxshi, bo‘lmasa, men 
bilan hovliga ketasan. Qorning qalay?
Uyalib joynamozga qaradim. 
– ...
– Qani, yur bo‘lmasa. Bizga ham jindak xizmat qilib 
qo‘y, ovqating ham o‘tib qolar.
– Domlaga ergashib, hovlisiga bordim. Domla ik
-
kita qo‘rga ko‘milgan jo‘xori bilan bitta sopol tovoqda 
moshxo‘rda chiqarib berdi. Bu lazzatli taomni huzur qilib 
ichib oldim. Domla ichkariga kirib ketdi-da, birozdan keyin 
qo‘lida bitta katta pichoq, bir bolta va biroz chiyratma arqon 
bilan to‘ppa-to‘g‘ri mening oldimga keldi. Men bo‘lsam, 
domlaning nima niyatda ekanligini tushunmasdan, hurko-
vich kiyikdek oyog‘imni bir yerga g‘uj qilib, qochishga 
hozirlangan, og‘zimni bo‘lsa, dodlashga juftlagan edim.
Domla mening harakatimdan bir narsa sezdimi, haytovur 
kulimsirab, meni yupatib, dedi:
– Qo‘rqma, seni so‘ymayman, men yom-yom emas. 
Senga bir xizmat bor, o‘g‘lim, bir poy ho‘kizim bir necha 
kundan buyon bo‘kib, novqaslanib yotibdi. Mana shu as-


44
boblarni boshingga qo‘yib hushyorroq yotasan. Mabodo, 
ho‘kiz yomonlab qolgunday bo‘lsa, borib, darrov bo‘g‘ziga 
pichoq tortib yuborasan-da, meni chaqirasan. Ehtiyot bo‘l, 
lekin tag‘in uxlab qolib, harom o‘ldirib qo‘yma.
– Xo‘p, taqsir, – dedim. – Choy-poy yo‘qmi?
– Nima-nima, nimchorak choy bir miri-ku, sen choy 
icha sanmi, suv ariqda oqib yotibdi, erinsang, ana, obdastada 
ham bor, ichaver...
Domla buyurgan ishning oson ko‘chganligini bilib se
-
vindim, domla ichkariga kirib ketdi. Domla chiqarib bergan 
ko‘rpachaga cho‘zildim. Allavaqtlargacha ko‘kka qarab, 
termilib yotdim. Qo‘rg‘onchaning atrofida har bir qoraygan 
ko‘lanka hovuzda boshi qolgan o‘likday vahimalanib, oldimga 
kelganday bo‘lar edi. Uxlay olmadim. Yarim kechadan og‘ib, 
tong yaqinlashib qolganda ko‘zimni g‘ira-shira uyqu bosgan 
bo‘lsa ham xayolim uyg‘oq edi. Og‘ilxona tarafda bir nimaning 
“gurs” etib yerga yiqilib, xirillay boshlagani eshitildi.
“Obbo, harom o‘lgur ho‘kiz yomonlab qoldi-yov”, deb 
o‘yladim-da, arqon bilan pichoq-boltani ko‘tarib, og‘ilxo-
naga qarab yugurdim. Qorong‘ida qandaydir bir hayvon 
yerda yotib, tipirchilamoqda edi. Tikka oldiga borib, devkor 
sallohlarday “shoxidan” ushlab, “Bismillohu Ollohu akbar”, 
deb bo‘g‘ziga pichoq tortib yubordim. Qon deganingiz 
tizillab otilib ketdi. Oyog‘imdan tortib basharamgacha qon-
ga bo‘yaldim. Jon bermoqchi bo‘lgan hayvon eng so‘nggi 
nafasida ma’rab qolmoqchi bo‘ldimi, ichidan butun o‘pka-
ning siqilib yoyilishidan paydo bo‘lgan hansirash bilan katta 
hammomning dudburoniday pishqirib yubordi.
Hayvon jon berib bo‘ldi. Garchand domla: “Meni chaqir 
yoki hafsalang kelsa terisini shilib, nimta qilib qo‘ygin”, de-
gan bo‘lsa ham, qorong‘i bo‘lgani, ham bir chekkasi – o‘zim 
charchaganim uchun hamda go‘sht qon-qushga tegib harom 
bo‘lmasin, deb bu ishlarni erta tongga qoldirdim. Katta bir 
tashvishdan qutulgan kishilarday osoyishtalik bilan tinch-
lanib, yana ko‘rpachaga cho‘zilib, uyquga ketdim.
Azonga yaqin shirin uyquda ekanman, och biqinimga 


45
tumshug‘i qayrilib ketgan baland poshnali sag‘ri kavushning 
bergan achchiq tepkisidan cho‘chib uyg‘ondim. Tepamda 
xalta ko‘ylakli, bir qo‘li bilan istibro kesagini ushlagan, har 
bir ko‘zi g‘ayin olxo‘ridek qinidan chiqib ketgan domla 
pochcham turar edi. Alanglab o‘rnimdan turishim bilan 
domlaning qo‘lidagi teskari ushlangan boltaning muhrasi 
yelkamga kelib tushdi. Alamlanib ketdim.
– Ha, taqsir, bir yetimni hadeb ura berishmi, xizmatga 
tuhmatmi, taqsir? – deb yig‘lab yubordim.
– Ha, xizmating boshingni yesin! – dedi domla. – Eshak -
ni so‘yib qo‘yibsan-ku, padarla’nat! Men bu eshakni Bu-
xoroyi sharifdan uch tilloga olgan edim. O‘zi ham qanday 
eshak edi-ya, bay-bay... eshagim...
Eshakka motamzada bo‘lgan domla meni hech imkon 
bermay savar edi.
Ma’lum bo‘lishiga qaraganda, men kechasi qorong‘ida 
yanglishib, kulga ag‘anab yotgan eshakni – novqas ho‘kiz 
gumon qilib, bo‘g‘ziga pichoq tortib yuborgan ekanman. 
Ho‘kiz bo‘lsa, allaqachon yomonlab harom qotgan ekan. 
Sirlangan xumchaga tushgan sichqonday to‘rt tomonga 
alanglab, o‘zimga bir najot yo‘li qidirar edim. Ko‘zim 
og‘ilxonaning tomiga qo‘yilgan nar vonga tushib qoldi. 
Tomning labida bo‘lsa, marhum eshakning quyushqonlik 
palangini quritish uchun oftobga to‘nkarib qo‘yilgan ekan. 
Zinadan chiqqan itdek to‘rt oyoqlab nar vonga tirmashib 
tomga chiqdim. Eng so‘nggi damda domladan bir marta 
bo‘lsa ham o‘ch olib qolmoqchi edim. Palangni azot ko‘ta-
rib, domlani mo‘ljallab otdim. Lekin ko‘p afsuslar bo‘lsinki, 
egasini so‘yib qo‘yganim uchun mendan o‘ch olishni kutib 
yotgan salmoqli palang quyushqoni bo‘ynimga ilinib, o‘zi 
bilan birlashtirib, ikki qo‘llab domlapochchamning oldiga 
meni sudrab tushgan edi. Bir chekkasi – palangning usti-
ga tushganim, ikkinchidan, badanim kaltakning zarbidan 
shishib ketgani uchun tomdan yiqilish u darajada menga 
zararli bo‘lmadi. Men tomdan yiqilishimning ilmini sarhisob 
qilishga ham ulgura olmagan edim.


46
Mening shakkokligimdan yana g‘azabi alangalanib ket-
gan domla behol ho‘kizning oyog‘ini bog‘lash uchun kecha-
si yetib kelgan va bir necha marta urishga ham ulgurgan edi. 
Men yana turib qochdim. Yana o‘sha narvonga tirmashib 
tomga arang chiqib oldim. Tomga chiqish bilan orqamga 
qaray-qaray tomma-tom qochib ketmoqda edim.
Baxtimga, anchagina tomlar bir-biriga tutash edi. 
Ora-chorada tor ko‘chalar yo‘limni to‘sib qolsa ham, tulki 
quvlagan tovuqday sakrab o‘tib ketar edim. Kallayi saharlab 
boshdan-oyoq qonga belanib, tomma-tom qochib kelayot-
ganimni ba’zi uyqusi ziyrak, so‘fitabiat qari-qartanglar 
ham ko‘rib qolgan edilar. Domla esa bir necha tom narida 
harsillab-gursillab, quturgan nortuyaday ko‘pirib, quvlab 
kelar edi. Haytovur domla ishtonbog‘ini mahkam bog‘la
-
magani uchun chopish vaqtida oyog‘iga tushib, kishan 
bo‘lib paypoqdor tovuqday kalavlab qoldi-da, men qochib 
qutuldim.
Biroq bizning bu vahimamizdan ko‘p xonadonlar 
tomga chiqqan edi. Men hali ham qochmoqda davom etar 
edim. Bir orqamga aylanib qaraganimni bilaman, bexosdan 
“sho‘p” etib qamish-tuproq aralash pastga yiqilib tushdim. 
Men yiqilib tushgan yer oshxonaning mo‘risi edi. Mo‘ri 
yerga qo‘ndirilgan tandirning ro‘parasida bo‘lganligi uchun 
men tomdan tikka tandirning ichiga tushgan edim. Oyog‘im 
ko‘ksimda bo‘lib, g‘ujanak holimda tandirning ichiga tiqilib 
qolgan edim. Chap qo‘lim ham yonimga jipslashib tushgan, 
biroq o‘ng qo‘limgina erkin harakat qila olar edi. Ancha 
urinib ko‘rdim, toza ham tipirchiladim. Orqamdan quvlab 
kelganlar mening birdaniga g‘oyib bo‘lganligimni ko‘rib, 
qo‘rqib ketgan, insmi-jinsmi deb o‘ylab, ko‘plari “astag‘fi-
rullo” aytib, noumid orqalariga qaytib ketgan edilar. Becho-
ralar nima deb o‘yladilar ekan. Hazrat Iso deb o‘yladilarmi 
yoki Ko‘hiqofdan kelgan Abdurahmon parining lashkarlari
-
dan bittasi deb o‘yladilarmi, ishqilib, men yo‘q edim. Kech-
gacha tuz totmay, o‘tirgan joyimdan qimirlolmay, tandir 
o‘choqning ichida yotdim. Qosh qoraygach, oshxonaning 


47
eshigi ochilib, bir xotin kelib kirdi. Mening yonimdagi kich-
kina o‘choqqa o‘t qalay boshladi. Xotinning sharpasi kelgan 
zamono men erkin qolgan o‘ng qo‘lim bilan tandirning labi-
da turgan loytuvoqni olib, ustimga yopgan edim.
Xotin moshkichiri qilmoqda edi. Piyozdog‘ining 
hidlari dimog‘imga kirib, ishtaha ham namozshom-
gulning karnayiday ochilib ketgan. Qozonda bo‘lgan 
masallig‘larning yog‘ bilan aralashib chiqazgan “jaz-buz” 
ovozi yuragimning eng nozik joylariga borib qadalardi. 
Bu mamlakat – dala shahri bo‘lgani uchun o‘tin serob 
ekan. Bundan tashqari, mosh qurg‘ur, bilmadim, qaysi 
toshloqda bitgan ekanki, hadeganda ochila bermadi. Xo
-
tin ham ayamasdan o‘tinni qalashtirmoqda edi. Bora-bora 
qo‘shni o‘choqqa yoqilgan o‘tning tafti sekin-sekin men 
yotgan tandirning devoriga o‘ta boshladi. Yonboshim 
sekin-sekin qizib bormoqda edi. Agar u badbaxt imildoq 
xotin o‘t yoqishda yana davom etaversa, tandirda kabob-
day jizg‘anak bo‘lar edim. Qozonda har bir moshning 
ko‘z ochishi mening ko‘z ochishim bilan baravar edi. 
Eng oxiri uzoq muntazirlik va azoblardan keyin hurmat
-
li moshkichiri tayyor bo‘ldi. Oshpaz xotin o‘choqning 
olovini tortdi, biroq qozondagini ikki laganga suzib, bir 
lagandagisini qaytarib qozonga qo‘ydi-da, ikkinchi lagan-
ni ko‘tarib chiqib ketdi. O‘choqda o‘t ham o‘chdi. Lekin 
mening och yuragimga o‘t yoqib ketdi. Men bechora 
moshkichirining azobini bekam-u ko‘st tortganim holda 
xo‘rsinardim. Xotin chiqib ketgandan keyin tandirning 
sarpo‘shini olib, bir oz erkinroq nafas oldim. Go‘yo bu 
“xitoy beklari”ning qiynog‘idan qutulish uchun turlicha 
rejalar tuzar edim. Namozshom bo‘ldi. Namozshomdan 
keyin qonuniy ravishda, albatta, xufton ham bo‘ldi. Men 
bechora qinga solingan pakkiday, zindonda yotar edim. 
Xuftondan ancha o‘tib qolganda, menga birdan-birgina 
keng olamning darichasi bo‘lgan mo‘ridan osmonga qa-
rab yotish muyassar bo‘ldi.
Ana u – Mezon yulduzining dumi, mana bu yulduz – 


48
Yetti qaroqchining boshlig‘i, mana bu – Hulkar, kecha shu 
tikka kelganda eshak so‘yilgan edi. Mana bu – Somonchi-
ning yo‘li, kecha shu kunbotarga yaqinlashib qolganda 
domla biqinimga tepgan edi.
Men shu xayollarda ekanman, “g‘iyq” etib eshik ochil-
di-da, bir kishi oyoq uchi bilan yurib keldi. Men sekin-sekin 
go‘yo darchaning pardasini tortganday, loytuvoqni ustimga 
yopdim. Keluvchi kishi men yotgan tandirning ustiga o‘tir-
di-da, hushtak bilan muzika chala boshladi.
To‘g‘ri, muzika yaxshi narsa, men qarshi emasman. 
Tinchlik vaqtda har qayerda eshitishim mumkin. Lekin 
o‘zingiz o‘ylang, birovni tandirga qamab, ustiga o‘tirib 
muzika chalsin, deb qaysi qonunda yozilgan ekan? Mum-
kinmi shu?
Oradan yana bir oz o‘tib, eshikdan moshkichiripaz xo-
tin kirib keldi. U ham sekingina kelib, boyagi hushtakchi 
yigitga yaqinlashdi. Mening boshimdan bir gazcha baland 
joyda “cho‘lp” etgan ovoz eshitildi. Balki o‘pishgandirlar, 
qulog‘imga xumga tushgan arining ovoziday g‘o‘ng‘ir-
g‘o‘ng‘ir gapirishganlari eshitilar edi.
– Kutib qolmadingizmi? – dedi xotin. – Erim o‘lgur 
boshqa vaqt qurib qolganday, shu bugun nasiya daftarlarini 
ochib, oldiga cho‘tni qo‘yib, hisobga tushib ketdi, endigina 
uxlatdim-da...
– Ha, mayli, jonim, – dedi yigit. – Nima balo bo‘ldi, 
ering ikkovimizning ishimizni sezib qolganmi, deymanov 
yoki puk berib qo‘ydingmi? Bugun do‘konidan to‘qqiz pul-
ga nos olgani borsam, juda it xo‘mrayishi bilan qarab, ber
-
gan nosiga nosqovog‘im yarim ham bo‘lmadi. Har qayerda 
to‘qqiz pulga nosqovog‘imni to‘ldirib nos olaman.
– O‘zlariyam o‘lguncha ko‘zi tor, ziqna, murdor odam, 
pul bo‘lsa bo‘lgani, – dedi xotin. – Menga qayrilib qaramay-
dilar ham, xotinim bormi, yo‘qmi demaydilar ham...
– Kel, gapingni qo‘y-chi, ovqat-povqating bormi?
“Ha, bu kiroyi ish bo‘pti”, deb o‘yladim. Yigit tushma
-
gur, nima qilsa-da, dalatob, azamat yigit-da. Ishtahasi ham 


49
karnaydakkina ekan. Xotin qozonning qopqog‘ini ochdi 
– baliqday bo‘lib, oppoq laganda moshkichiri chiqdi, o‘rta-
ga qo‘ydilar. Yigit qulluq qildi-da, menga ozor berishdan 
che kinib, tandirning ustidan turdi. O‘choqning oldiga tiz 
cho‘kib o‘tirib, moshkichirini ishtaha bilan yeya boshladi. 
Azamat olib turibdi, xotin bo‘lsa ahyon-ahyonda oshdan 
cho‘qigan bo‘lib, o‘zining oldidan chiqqan go‘shtlarni ham 
unga terib bermoqda edi.
Moshkichirining tamom jabr-jafosini tortgan bizday 
yonboshi kuygan bechoralar tandirning ichida azob-uqubat-
da. Men toqat qilib turolmadim. Tuvoqni sekin qiya qildim-
da, erkinlikda bo‘lgan o‘ng qo‘l bilan men ham laganga 
cho‘zilib qoldim. Ikki-uch olishdayoq lagan bo‘shay deb 
qoldi. Qorong‘ilik. Oshiq-ma’shuq suhbatga mashg‘ul. 
Yigit qurg‘ur sezib qoldi, poylab turib shartta bilagimdan 
ushladi-da, ma’shuqasiga qaradi.
– Hoy, to‘xta! Bu kimning qo‘li, mana shu mening 
qo‘lim, mana bu seniki, endi mana bu qo‘l kimniki?
Xotin “ha-ha”, deb qo‘rqib ketdi. Agar o‘zlarining 
xavotir ishlari bo‘lmasa edi, bugun mening umrimga fo-
tiha o‘qilsa ham bo‘laverar edi. Yigit loytuvoqni oldi-da, 
bilagimdan azot ko‘tarib, tandirdan sug‘urib chiqardi. 
Bella rim qisirlab, uyushgan joylarim rohatlanib ketdi. Qani,
o‘sha yigit bir uqalab qo‘ysa, deb o‘yladim.
– Govurting bormi?
Xotin engsiz nimchasini paypaslab, gugurtni olib chaqdi, 
bir chekkasi ko‘ylak-ishtonim eshakning qoni, ikkinchidan, 
mo‘rining qorakuyasi basharaga urgan. Surra to‘n kiygan 
eshonday bo‘lib ketgan edim. Xotin dag‘-dag‘ qaltirar edi. 
Yigit haytovur dovyurak ekan.
– Xo‘sh, sen kimsan?
Men ham xuddi shu gapni takror qildim.
– Sen o‘zing kimsan?
– Sendan so‘rayapman!
– O‘zingdan so‘rayapman!
– Joningdan umiding bormi, hoy yigit?


50
– O‘zingni joningdan umiding bormi?
– Tavba!
– Astag‘firullo!
Oraga xotin qo‘shildi.
– Hoy, aylanay, uka, – dedi, – menga qaragin, kimsan
o‘zing, o‘choqning ichida nima qilib kuymanib yuribsan? 
Jinmisan, shaytonmisan yoki jinnimisan? Qorong‘i kechada 
nega birovning o‘chog‘iga beijozat kirasan?!
– Bu nima qilib birovning o‘chog‘iga suqilib yuribdi?
Yigitni ko‘rsatib to‘ng‘illadim.
– Buning nima haqqi bor?
Qarasam, yigit sallohlarcha harakatlanmoqchi, yanglish-
lik qurboni bo‘lgan eshakning qasosini oladigan ko‘rinadi.
Men ham eski hunarni ishga solmoqchi bo‘la boshladim. 
– Do...d!!! 
Xotin shappa og‘zimni ushladi.
– Hoy, sen nima qilmoqchisan?
– Nima qilar edim, dodlayman.
Ikkovlari urinib, meni yenga olmagach, sulh-salohga 
kelishdi.
– Qani, tur bo‘lmasa, chiqib ket! Yaxshilikcha joyingni top!
– Qorin och.
– Tirik tovonga qoldim-ov, – dedi xotin.
Uy tomonga oyoq uchi bilan borib, supraday ikkita jiz
-
zali non keltirib berdi. Qo‘ltiqqa qisib oldim. Lekin hali ham 
qo‘zg‘alishga ra’yim yo‘q edi.
Yigit:
– Qani, endi bir jo‘nab qol-chi, – dedi.
– Jinday puldan cho‘z!
Yigit bo‘g‘ildi, tishlarini g‘ijirlatdi. Yaxshilab, qurtdak-
kina so‘kishni ham eshitdim. Noiloj, chaqa-tanga aralash 
ikki tanga pul berdi.
Shuning bilan “yopiqlik qozon – yopiqlik”, meni chiqa-
rib, chiqishimda “tuya ko‘rdingmi – yo‘q” qilib menga 
qasam ham ichirdilar.
Qorong‘i kechada qo‘ltiqda non, belda pul, yana safarga 


51
chiqib ketdim. Vaqt juda ham kech, bora-bora katta bir bo
-
zor maydonidan chiqdim. Bu yer tag‘in o‘sha, nahs bosgan 
Kalas bozorining o‘rni edi. Borarga joyim, qo‘narga ma
-
konim bo‘lmagani uchun bir burchakka borib, ikkita g‘ishtni 
boshga qo‘yib uyquga ketdim...
Bu gal olag‘ovur uyg‘otib yubordi. Ko‘zimni ochib 
qaraganimda, atrofim oq kaltak, qora kaltak olomon bilan 
davra qilib o‘rab olingan edi.
– Xuddi shuning o‘zi, – deyar edi bittasi.
– Nima, kim? – Men hayron edim.
Meni turg‘izib qo‘limni orqaga bog‘ladilar. Bozor-
ma-bozor aylantirib, boshimga qamchi bilan urib, “sazoyi 
kishi odam o‘ldirsin”, degan so‘zni baland ovoz bilan takror 
qilishga majbur qilar edilar.
Voqea bunday ekan: Men kelib ko‘chada yotib qolgan-
da, kechasi samovarga tushgan allaqaysi chorvachi boyni 
o‘g‘rilar tunab, o‘zini o‘ldirib ketibdilar. Mening kiyimla-
rimdagi qon-qushni ko‘rib o‘sha o‘g‘rilarning bittasi bo‘lsa 
kerak, deb ushlagan ekanlar.
Meni sazoyi qilib bo‘lganlaridan keyin olomon tosh-
bo‘ron qilib o‘ldirmoqchi bo‘ldi.
Olomon yana ko‘proq yig‘ilsin uchun ikkita o‘g‘il bola 
irg‘ay novdasi bilan kepchik qoqar edi. O‘sha yerda men 
juda ham behud bo‘lib, “g‘iyq” etib o‘zimdan ketdim.
Bir necha fursatdan keyin dilim uyg‘ondi. Qulog‘imga 
hali ham o‘sha kepchikning ovozi kelib turibdi, qo‘rqa-pi-
sa ko‘zimning bir toqasini ochdim. Hech kim yo‘q, ikki 
ko‘zimni ro‘yirost ochdim, hech kim yo‘q...
Bunday bo‘libdi. Yig‘ilganlardan biri:
– Birodar, – debdi, – avvalo, shuki, odam o‘ldirib bos-
qinchilik qilishga bu bola hali yosh, ikkinchidan, mabodo, 
bu o‘sha o‘g‘ri bosmachilarga sherik bo‘lganda edi, buni shu 
ahvolda tashlab ketishgan bo‘lishmas edi, uchinchidan, bu 
bola sog‘ emas, tutqanog‘i bor ko‘rinadi. O‘g‘ri degan bach-
chag‘ar o‘ziga esipast – tentakni sherik qilib olmaydi, axir, 
o‘g‘rining ham siri bor, o‘zidan qo‘rqadi, birodarlar, – debdi.


52
– Bo‘lmasa nega ust-boshi qon? – deb, shubha bildiribdi 
bittasi.
– Iya, iya, men bolani taniyman, bu bola yuqori qorasuv-
lik Ashur qassobning o‘g‘li-ku, kecha bozor kuni Ashur 
qassob o‘g‘lim uydan qochdi, qidirib yuribman, jarchi ham 
soldirdim, degan edi. Bu o‘sha bola... – debdi.
– Ha, ha, to‘g‘ri, bozorda jarchi, o‘n besh yoshli uvil 
bola jo‘g‘oldi, topganga bir to‘qli... deb yurganini eshitgan 
edim, – debdi yana bir “guvoh”. Shu bilan mendan qo‘llarini 
tortib, hamma o‘z yo‘liga tarqabdi. Men yolg‘iz qolibman.

Yüklə 1,28 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə