Xvii-bob. Ilk o`rta asrlar tarixshunosligi



Yüklə 393,79 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/3
tarix29.11.2023
ölçüsü393,79 Kb.
#140892
  1   2   3


211 
XVII-BOB. ILK O`RTA ASRLAR TARIXSHUNOSLIGI 
V-VI asrlarda O`zbekiston tarixi Eftaliylar davlati tarixi bilan bog`liq. 
Eftaliylar saklar va massagetlarning avlodlaridir. Eftaliylar juda katta hududda o`z 
hukmronliklarini o`rnatdilar. 
563-567 yillari turk hoqoni Istemi (Dizovul) Eron hukmdorlari bilan ittifoq 
tuzib, Eftaliylar davlatiga zarba beradi va ularga qarashli yerlarni bo`ysundirishga 
muvaffaq bo`ladi. 
VI asr o`rtalarida Turk hoqonligi zaminida ilk katta yer egaligi 
munosabatlari shakllana boshladi. O`zaro urushlar natijasida bo`linib ketgan 
G`arbiy turk hoqonligi markazlashmagan davlat bo`lib, 15 ga yaqin mustaqil 
hokimliklardan, So`g`dda yuechji xalqidan chiqqan jabg`u, Buxoroda mahalliy 
buxorxudot, Farg`onada ixshidlar kabilardan tashkil topgan edi. 
Hoqonlik tarkibiga kirgan xalqlar bir qismi So`g`d, Xorazm, Toxariston, 
Farg`ona dehqonchilik, shahar aholisi hunarmanchilik va savdo-sotiq bilan, uning 
tog`li va cho`l tumanlarida istiqomat qiluvchi katta qismi esa chorvachilik bilan 
shug`ullangan. 
O`rta Osiyo davlatlari bilan Turk hoqonligi o`zaro munosabatlari tarixini 
T.Saidqulov, L.N.Gumilev, Abushiy Xasan Ato va Turon Usmon asarlari orqali 
bilib olishimiz mumkin. Bu asarlar orasida Nasimxoning «Turk hoqonligi» nomli 
asari alohida o`rinni egallaydi. Garchi olim filolog bo`lsada, qadimgi turkiylarning 
imon-e`tiqodi, madaniyati, turmush tarzi haqida qiziqarli ma`lumotlarni keltiradi. 
Ushbu asarning e`tiborli joyi shundakim, N.Ya.Bichurin, S.G.Klyashtorniy, 
V.A.Livishits kabi tarixnavislarning ilmiy merosini yangicha yondashuv asosida 
talqin qila olgan. 
Arablar O`zbekiston hududiga 674 yildan boshlab bostirib kira boshladilar. 
705 yildan boshlab arablarning O`zbekiston ustiga istilochilik yurishlari kuchaydi. 
Bunga arablarning Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim (715 yili hozirgi 
Andijon viloyatining Jalolquduq tumanida, hozirgi Shurunch mozor, aslida Qilich 
mozor temir yo`l bekati yonida o`ldirilgan) boshchilik qildi. 
Arab istilosi O`zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga 
katta zarar yetkazdi, ko`plab katta va boy shaharlarning kuli ko`kka sovurildi, 
ming-minglab kishilarning «yostig`i quridi», Marv, Buxoro, Samarqand va 
Xorazm kutubxonalarida saqlanayotgan juda ko`p noyob asarlar yo`q qilindi. 
O`zbekiston xalqlari arab istilochilariga qarshi bir necha bor qo`zg`olon 
ko`tardilar. Shular sirasida 769-776 yillarda butun Movarounnahrni larzaga solgan 
Muqanna (783 yili o`ldirilgan) boshchiligida bo`lib o`tgan qo`zg`olon 
tarixshunosligi mustaqillik yillarida alohida o`rganildi. Masalan G`ulom Karim 
«Muqanna qo`zg`oloni muarrixlar talqinida» // Ma`rifat, 2003 yil 8 fevral, 15 
fevral, 15 may sonlarida. 


212 
Ibn Xalikkon Muqannaning nomi Ato bo`lgan deb yozadi. O`rta asrlarda 
yashagan arab muarrixi turkiy «ota» so`zini shunday yozgan bo`lishi mumkin. 
O`sha zamonda islomni qabul qilgan turonliklar asl turkiy va sug`diy nomlaridan 
tashqari, arabcha ism yoki laqablar ham olishi urf bo`lgan edi. 
Shu narsa diqqatga sazovorki, qadimgi tarixiy manbalarda ham Muqanna 
qo`zg`oloniga turlicha munosabat bilan yondoshish hollari bo`lgan. O`rta asrlarda 
oq kiyimlilar harakatiga maxsus bag`ishlab yozilgan asarlar qatorida Abubakr 
Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Ibrohim ismli muarrixning «Axbori Muqanna» 
(«Muqanna haqida xabarlar») kitoblari tilga olinadi. Akademik V.V.Bartoldning 
taxminicha, bu asar muallifi asli kelib chiqishi turkiy xonadondan bo`lgan va arab 
tilida ijod qilgan mashhur shoir Ibrohim ibn Abbos as-Suliy bo`lishi kerak. Abu 
Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida: «Muqanna 
haqidagi xabarlarni forschadan arabchaga tarjima qildim va ularni «Oq kiyimlilar 
va narmatiylar haqidagi xabarlar» nomli kitobimda to`la bayon etdim», deb 
ma`lum qiladi. Oq kiyimlilar qo`zg`oloniga, shuningdek, o`rta asrlarning Tabariy, 
Bal`aviy, Ibn Xallikon, Gardiziy, Abulfaraj Yahudiy, Ya`qubiy, Ibn al-Asir kabi 
ulkan muarrixlari o`z asarlaridan joy ajratishgan.
Muqanna qo`zg`oloni zamonaviy tadqiqotchi va adiblarni ham ilmiy va 
badiiy asarlar yaratishga ilhomlantirib kelmoqda. O`tgan XX asrda «oq kiyimlilar» 
harakati haqida Sadriddiy Ayniy, A.Yakubovskiy, T.Qodirova va Poyon 
Ravshanovlarning muhim tadqiqotlari yuzaga keldi. Atoqli shoir Hamid Olimjon 
«Muqanna» tarixiy dramasi, yozuvchi Mirzapo`lat Toshpo`latov «Sanam tog`idagi 
gulxan» tarixiy qissasini yozdi. Xorijiy mamlakatlarda ham ilmiy tadqiqotlar 
yaratilgan bo`lib, Eron yozuvchisi Saif Nafisiy va argentinalik jahonga mashhur 
adib Xorxe Luis Borxesning Muqanna haqida hikoyalar yozishgani ma`lum. 
Arablar bosqini tarixiy bilimlar rivojiga ta`sir qilmasdan qolmadi. Insoniyat 
tarixida xalqlar hech qachon bir-biridan uzilib qolgan holatda yashamaganlar. 
Hayot dialektikasiga binoan bunday bo`lishi ham mumkin emas edi. 
Arab xalifaligi tarkibiga kirgan xalqlarning iqtisodiy va madaniy 
taraqqiyotidagi katta tafovutlar, mahalliy aholi va bosqinchilar o`rtasidagi 
ziddiyatlarning tobora kuchayib borishi tufayli Movarounnahrda Somoniylar (819 
y) hokimiyat tepasiga keldilar. Bu hol mamlakatning iqtisodiy va madaniy 
yuksalishiga yo`l ochdi. 
Movarounnahr maxsus geografik termin sifatida arablar o`rtasida VII-VIII 
asrdan, aniqrog`i, arab istilolari boshlanish davridan ma`lum va «Daryo orqasidagi 
(Amudaryo ortidagi) yerlar» ma`nosini anglatgan.
Darhaqiqat, shundan boshlab Movarounnahrning shon-shuhrati jahonga 
namoyon bo`ldi. Movarounnahr ilmu ziyo markazi sifatida butun dunyoga tanildi. 
U islom ulamolarini yetishtirgan, xususan, tarixshunos va geograf olimlar Vatani 


213 
sifatida olamda shuhrat qozongan muqaddas yurtdir. Vatanimizning IX-XII 
asrlaridagi madaniy yuksalishini tarixshunoslar sharq uyg`onish davriga 
mengzaydilar. 
Bo`riboy Ahmedovning «O`zbekistonning atoqli tarixshunos olimlari» 
(Toshkent, 2003) risolasida O`zbekistonda VIII-XIX asrlarda yashab ijod qilgan 
tarixshunoslar, ularning ilmiy faoliyati va muhim asarlariga qisqacha to`xtalib 
o`tiladi. Risola ikki qismdan iborat. Birinchi qismga tarixshunos va geograf olimlar 
kiritilgan bo`lib, ikkinchi qismida biograf olimlar va ularning muhim asarlari 
(tazkiralari, manoqiblari) haqida umumiy ma`lumot beriladi. Risolada IX-XII 
asrlarda yashab, ijod qilgan 8 ta yirik, madaniy yuksalishga hissa qo`shgan, 
tarixshunoslar haqida ma`lumotlar beriladi. Bular quyidagilardir: Abu Abdulloh 
Muhammad al-Xorazmiy – VIII-IX asrlarda (789-850 yy.) o`tgan xorazmlik 
qomusiy olim. Al-Xorazmiyning tarixiy asari – «Kitob ut-tarix» bo`lib, ayrim 
parchalari at-Tabariy (839-923 yy.) va Ibn-al-Asir (1160-1234 yy.)ning kitoblari 
orqali bizgacha yetib kelgan. 
Bal`amiy – X asrda o`tgan buxorolik tarixnavis va davlat rabobi. Somoniylar 
qo`lida vazir vazifasida xizmat qilib, Tabariyning «Tarix ul-anbiyo» va – r-rasul 
va-l-xulofo» nomli asarini fors tilida muxtasar qilib qaytadan yozgan, natijada 
asardan foydalanish osonlashtirilgan. 
Abu Nasr Muhammad Utbiy (961-1022 yy.) X asrning yirik arabiynavis 
tarixshunos olimi. «Tarixi yaminiy» (Yamin-arab, o`ng qo`l; Sulton Mahmudga 
xalifa al-Qodir (991-1031) tarafidan berilgan) nomli asarni yozgan. Asar o`rta asr 
tarixshunosligiga xos va oid og`ir uslub-saj bilan yozilgan. 
Abu Hafs an-Nasafiy (1142-43 yy. vafot etgan) Samarqandlik tarixchi olim. 
Uning «Kitob ul-qand fi tarixi Samarqand» nomli asari mavjud. Bu asarda 
Samarqandning osoru atiqalari va ulamolarining tarjimai holi haqida ma`lumotlar 
beriladi. 
Baxtga qarshi asarning arabcha nusxasi saqlanmagan. Bizgacha yetib 
kelgani «Kichik qandiya» nomi bilan ataladi. 
Sam`oniy XII asrda yashab o`tgan mashhur qomusiy olim. Sam`oniy o`zidan 
katta yodgorlik qoldirib ketgan. U ikkita yirik asar «Kitob ul-ansob» («Nasablar 
haqida kitob») hamda yigirma jildlik «Tarixi Marv» kitoblarining muallifidir. 
Abubakr Muhammad ibn Ja`far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik an 
Narshaxiy (899-959) X asrda yashab o`tgan buxorolik yirik tarixshunos olim. 
Narshaxiy asli Buxoroning Narshax (hozirgi Vobkent yonida) qishlog`idan 
chiqqan. 
Narshaxiy «Tarixi Buxoro» deb shuhrat topgan qimmatli bir asar yozib 
qoldirgan. Mazkur asar aslida arab tilida yozilgan, lekin arabcha matni 
saqlanmagan. Bizgacha uning qisqartirilgan forsiycha tarjimasi yetib kelgan, xolos. 


214 
«Tarixi Buxoro»da Zarafshon vohasining quyi oqimida joylashgan shahar va 
qishloqlarning geografik holati, mahalliy aholining VII-X asrlardagi turish-
turmushi, Buxoroning diqqatga sazovor joylari, O`rta Osiyoning arablar tarafidan 
istilo etilishi, mamlakatning Somoniylar hukmronligi (819-1005 yy.) yillaridagi 
siyosiy tarixi voqealarigina qisqa tarzda bayon etilgan. 
«Buxoro tarixi»ning hozirgi tarixshunoslik uchun qimmatli manba ekanligi 
shubhasizdir. Bizgacha yetib kelgan «Buxoro tarixi» so`z boshisida yozilishicha, 
kitobni 1128 yili arab tilidan quvalik Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr 
al-Quboviy o`z do`stlari taklifiga binoan fors tiliga tarjima qilgan. Quboviyning 
yozishicha, u tarjima jarayonida kitobdagi ortiqcha tasvir va keraksiz joylarni 
qisqartirgan, ammo asl mohiyati va mazmunini qoldirib, keyingi tarixiy voqealar 
bayonini o`zidan qo`shgan. Asar 1966 yili o`zbek tilida Sodiq Mirzaev tarjimasida 
Toshkentda nashr etildi. Eng so`nggi o`zbek tilidagi nashri 1991 yilda Bo`riboy 
Ahmedov tahririda chop etilgan bo`lib, tarixiy voqealarning xolisona bayoni uni 
qimmatli manba darajasiga ko`taradi. 
O`rta Osiyodan yetishib chiqqan olimlar tomonidan jahon ilm xazinasiga 
qo`shilgan hissaning naqadar buyukligi tarixchilar tomonidan qayd etilgan, 
tarixshunoslar tomonidan esa muntazam targ`ib qilib kelinadi. Hozirgi bizga 
ma`lum «arab raqamlari» aslida Muhammad Muso Xorazmiy tomonidan hind 
raqamlari asosida ishlab chiqilgan bo`lib, Rim papasi Sil‘vester II (999-1003 
yillar) buyrug`i bilan Ovrupo mamlakatlarida joriy etiladi. Bu davrgacha o`ta 
noqulay rim raqamlari qo`llanilar edi. Sil‘vester yoshligida Ispaniyada ta`lim 
olgan, arab tilini bilgan zamonasining o`qimishli vakili edi. Dastlabki Ovrupa 
universitetlarining faqat tibbiyot bo`limlarida matematika o`rganilgan. O`rta 
asrlarda ko`pchilik shifokorlar matematik ham bo`lganlar. Ibn Sino nomini 
tarjimonlar o`z tillarida Aben Sena deb yozadilar. Bu nom oddiy tilda Aven Sina 
shaklida qo`llanilib, lotin transkriptsiyasida Avitsenna bo`lgan. Bizning 
tushunchamizdagi shifoxonalar Ovrupada faqat 1500-yillarda tashkil topadi. Ular 
bemorlarni Ibn Sino va ar-Roziy usullari bilan davolaydilar. «Al-Qonun», 1500-
yilgacha hali kitob bosish ishi endigina amalga oshirila boshlagan davrda 16 marta 
chop etiladi. Bu XVII asr oxirigacha Ovrupada yagona qo`llanma va darslik 
sifatida qo`llanilgan. 
O`rta Osiyo olimlarining ilmiy taraqqiyotidagi xizmatlarini hozirgi zamon 
tarixshunosligi fani nuqtai nazaridan tahlil qilish barobarida ularning ijodiy 
merosini falsafiy-metodologik nuqtai nazardan o`rganish ham dolzarb vazifa. 
Aslida bu ham ana shu merosni istifodaga kiritishning yana bir yo`lidir. O`rta 
Osiyo olimlari yunon, hind olimlari erishgan natijalarni o`zlashtirish barobarida, 
fanni butunlay yangicha yondashuvlar, o‗ziga xos g`oyalar bilan boyitgani 
borasida dalillar yetarli. 


215 
O`rta Osiyo hududlarining tarixiy-geografik tavsifiga oid asarlarda tarixdagi 
ob`yektiv taraqqiyot qonunlarini ochib bermasdan, voqealarni faqat tashqi 
bog`lanishi va izchilligiga qarab tasvirlovchi (pragmatizm) oqimi ham mavjud 
bo`lgan. 
Bu yo`nalishning ham o`ziga xos murakkabliklari mavjud. U nafaqat Sharq 
olimlari asarlarini chuqur o`rganib chiqishni, ayni paytda G`arb falsafasining o`rta 
asrlardan to bugungi kungacha bo`lgan rivoji davomida ko`tarilgan g`oyalarning 
genezisi bilan tanishishni va qiyosiy tahlil qilishni talab etadi. Bu esa o`z navbatida 
oliy o`quv yurtlari uchun tarixshunoslik darsliklarini nashr qilishni talab etadi. 
Bunday o`quv qo`llanmalarda O`rta Osiyo mumtoz fani natijalarini hozirgi zamon 
nuqtai nazaridan baholashimiz kerak bo`ladi. 
Markaziy Osiyo ilk o‗rta asrlar (V - VIII) tarixi o‗ziga xos taraqqiyoti va 
mintaqaviy jarayonlari bilan ajralib turadi. Bu davr jarayonlarini aniqlashda 
sug‗dshunoslik sohasiga asos solgan va uni rivojlantirgan garb, rus, sovet va 
postsovet, sharq va o‗zbek olimlarnipg beqiyos xizmatlari bor. 
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Sharqiy Turkiston vohalarida olib borilgan 
arxeologik tadqiqotlar natijasida moniy, suryoniy va uygur tiliga yaqin alifbolarda 
yozilgan yozma yodgorliklar topilgan. Bu noma‘lum "pahlaviy dialekti" yozuvini 
F.K. Anders, X asrga oid Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" 
asaridai sugdiy oy va kunlarning nomlanishini hujjatlardagi nomlar bilan qiyoslab 
tikladi. Bu xaqda 1904 yilda eronshunos F.V.K. Myullerga xabar berildi. Shu 
yildan boshlab sug‗d tili va yodgorliklarni o‗rganishga kirishilib, yangi soha 
sug‗dshunoslikka asos solindi. Sohaga F.K. Anders, P. Pelo, Myuller tamal toshini 
qo‗yishdi. Ular topgan aksariyat matnlar diniy-falsafiy mazmunda bo‗lib, Sharqiy 
Turkistondagi turk-sug‗d jamoalari tomonidan sug‗diy tilga sanskrit va xitoy 
tilidan qilingan tarjimalar olindi. Bu sohada boshlangan ishni, sug‗diy-suryoniy 
(xristian) matnlari asosida, K.G. Zaleman, 1906 yilda A.Steyn tomonidan 
Dunxuandan topilgan "Ko‗hna xatlar" ustida R. Plio, G. Rayxelt, keyinchalik V.B. 
Xeyaning, Ya. Xarmatta, V. Lens kabi olimlar davom ettirdilar. Sug‗diy til 
qonuniyatlarini P. Tedesko, sugdiy-buddaviy, sug‗diy-moniy va sug‗diy-suryoniy 
matnlardagi sug‗diy tili qonuniyatlari, yozuvlar shakli uslubi, tarjimasi, izohi bilan 
E. Benvenist, I. Gershevich, S. Telegdi, O. Xansen, F. Veller, D.N. Makkenzi, M. 
Shvars, N. Sims-Vilyams kabi olimlar ishlab chiqdilar. Jumladan, N. Sims-
Vilyams so‗nggi yillarda topilgan sug‗d yozma yodgorliklarining o‗qilishi va 
talqini masalasida F.Grene bilan hamkorlikda ish olib bordi. Ular Janubiy 
Qozog‗istondan topilgan sug‗diy yozuvli Kultepa bitigini tahlil qilishdi. 
Sug‘dshunoslik sohasiga Osiyo olimlari tomonidan munosib hissa 
qo‗shilmoqda. Yapon olimlaridan Y. Yoshida Ipak yo‗li va u yerdagi 
sug‗diylarning savdo koloniyalari masalalarini so‗nggi yillarda topilgan yangi 


216 
materiallar asosida o‗rgangan bo‗lsa, K. Enoki ilk o‗rta asrlar Markaziy Osiyodagi 
etnik jarayonlar bilan shug‗ullandi. Eronlik olim B. Garib sug‗diy, forsiy va ingliz 
tillaridagi lug‗ati bilan sug‗dshunoslik uchun katta xizmat qildi. So‗nggi yillarda 
fransuz tadqiqotchisi F. Grene sug‗d yozma yodgorliklari va sug‗diylarning 
Markaziy Osiyo tarixi masalasida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. U Sug‗d 
arxeologiyasi, tarixi va madaniyatiga oid qator ilmiy ishlarni chop ettirdi. 
Yevropa olimlarning barcha sug‗diy madaniyatni, eron madaniyatining bir 
qismi deb talqin qilib, xatoga yo‗l qo‗ymoqdalar. Vaholanki, sug‗diy madaniyat 
o‗ziga xos bo‗lib, bu madaniyat turkiy muhitda shakllangan va turkiy madaniyat 
bilan simbioz holatida faqat Markaziy Osiyoga xos turk-sug‗d madaniyatining 
ajralmas qismidir. Chunki Markaziy Osiyo sivilizatsiyasini sug‗diy (eroniy) yoki 
turkiy madaniyat sifatida alohida o‗rganish va tadqiq qilish mumkin emas. 
XX asr ikkinchi choragidan sobiq SSSRda sug‗dshunoslik bo‗yicha qator 
ishlar qilindi. XIX asr oxirlarida yevropalik olimlar qatori Sharqiy Turkiston 
arxeologiyasida ishtirok etgan Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqiy bo‗limining 
arxeologik jamiyatining vakillari A.I. Koxanovskiy, N.I. Krotkova, S.F. Oldenburg 
va V.I. Roborovskiylar tomonidan bir qator buddaviy, moniy va xristian dinlari 
mazmunidagi matnlarning parchalari kolleksiyasi jamlandi. Mazkur noyob matnlar 
parchasidan iborat kolleksiyani L.N. Ragoza nashrga tayyorlab, chop etgirdi. 1932-
1933 yillarda Tojikistonning Panjikent shahri yaqinidagi Mug‗ qal‘asi 
xarobalaridan topilgan VIII asr boshlariga oid arxiv hujjatlari sovet 
sug‗dshunosligi uchun katta manba bo‗ldi. N.A. Vasilevning Mug tog‗i arxivi 
haqidagi ma‘lumotlari, A.A. Freyman ekspeditsiyasi aniqlagan 74 ta hujjat (teri, 
qog‗oz va yogoch parchasidagi shaxsiy va diplomatik xatlar, bitimlar, taqvimlar, 
xo‗jalik va hisob qaydlari, bitta arabcha, uchta xitoycha va bitta runiy yozuvidagi 
arxiv) 1934 yildan nashr etila boshlandi. 1962 yilda A.A. Freyman mazkur 
hujjatlarning tavsifi, nashri va tadqiqoti bo‗yicha o‗z ilmiy natijalarini nashr ettirdi. 
I.Yu. Krachkovskiy Mug‗ arxivining arab tilli hujjatlarini tarjimasi va talqinini 
e‘lon qildi. XX asr ikkinchi yarmidagi sug‗dshunoslik taraqqiyotiga V.A. Livshis
katta hissa qo‗shdi. U nafaqat Mug‗ tog‗i arxivi hujjatlarini, balki sug‗diy 
matnlarning katta kompleksini amaliy o‗rgandi. Uning sohaga oid nashrlari orasida 
sugd yozuvi xillari va tili masalasi alohida o‗rin tutadi. V.A. Livshis Sharqiy 
eroniy tillar bo‗yicha mutaxassis L.A. Xromov bilan hamkorlikda sug‗d tilini 
maxsus tadqiq etdi. 
Sug‗dshunoslik sohasi rivojiga ulkan hissa qo‗shgan olima O.I. Smirnova 
1962 yilda M.N. Bogolyubov bilan birga Mug‗ arxivining uchinchi qismini 
(xo‗jalik hujjatlarini) nashr ettirdi. U nafaqat Mug‗ arxivi hujjatlari ustida, balki ilk 
o‗rta asrlardagi Sug‗dning siyosiy tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, madaniyati va 
ayniqsa numizmatikasini o‗rganishda samarali ish olib bordi. Bu asarlarda 


217 
Sug‗dning mintaqada tutgan o‗rni, turk-sug‗d munosabatlarining siyosiy, ijtimoiy-
iqtisodiy qirralariga daxldor ma‘lumotlar keltiriladi. 
So‗ngti yillarda Rossiyada sug‗dshunoslikning yangi avlodi yetishib 
chiqmoqda. Shulardan biri P. Lure hisoblanadi. Uning tadqiqotlari asosan sug‗diy 
toponimiyaning tarixiy-lingvistik tahlillariga bag‗ishlangan. 
O‗zbekistonda sug‗dshunoslik sohasiga XX asrning 70-yillarda asos solindi. 
V.A. Livshisning shogirdi M.M. Is‘hoqov O‗rta Osiyoda birinchilardan bo‗lib, 
sug‗dshunoslik bo‗yicha ilmiy tadqiqotlar olib borib, sug‗dshunoslik maktabini 
shakllantirmoqda. 2008 yilda M.M. Is‘hoqovning "Markaziy Osiyo dunyo yozuv 
madaniyati tizimida" nomli paleografik tadqiqotlarga bag‗ishlangan monografiyasi 
o‗zbek va jahon sug‘dshunosligining katta yutuqlaridan biri bo‗ldi. Uning 
shogirdlari O‗. Mansurov, Sh. Shoyoqubov, B.Mamarahimova, A. Xolmatov 
kabilar sug‗dshunoslikning kelajakdagi rivoji uchun hissa qo‗shishga kirishganlar. 
Ularning maqolalari va monografiyalarida sug‗diy hujjatlar, xususan Mug‗ arxivi 
izchil o‗rganilib, Sug‗dning ikki etnik birligi sug‗diylar va turkiylar o‗rni xolis 
yoritilganligi bilan xarakterlanadi. 
Sug‗d yozuvining mintaqadagi o‗rni va turkiy davlatchilikdagi ahamiyati 
G‗.B. Boboyorov tomonidan olib borilyotgan tangashunoslik tadqiqotlarida aks 
etmoqda. 
O‗zbekistonda sug‗dshunoslik sohasini rivojlantirish va o‗zbek olimlarining 
jahon sug‗dshunoslari bilan hamkorlik qilishi masalasi dolzarbligicha qolmoqda. 
Chunki, shu davrgacha qilingan sug‗dshunoslikka daxldor ilmiy maqolalar va 
ilmiy tadqiqot ishlari hozirda O‗zbekistonda mavjud manbalarga suyangan holda 
bajarilmoqda xolos. Vaholanki, so‗nggi yillarda Germaniya, Italiya, AQSh, 
Yaponiya va Xitoy kabi mamlakatlarda sug‗d yozma yodgorliklaring yangi 
namunalari asosidagi tadqiqotlar olib borilmoqda. O‗zbek olimlari ushbu 
jarayonga qo‗shilish uchun xalqaro internet tizimi, ilmiy mussasalar bilan 
hamkorlik va O‗zbekistonda sug‗d yozma yodgorliklari fondini yaratish uchun 
harakat qilishlari, soha bilan shug‗ullanuvchi mutaxassislarni bir markazga to‗plab 
faoliyat yuritishlari maqsadga muvofiq bo‗lar edi. 

Yüklə 393,79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə