O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
REABILITATSIYA MARKAZIGA EGA BO‘LGAN DAVLAT IXTISOSLASHTIRILGAN KO‘P TARMOQLI MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISHGA QARATILGAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA
“Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq hamda reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi ikki oy muddatda reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining namunaviy shtat birliklarini qayta ko‘rib chiqsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev, maktabgacha ta’lim vaziri A.V. Shin va sog‘liqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev zimmasiga yuklansin.
Dostları ilə paylaş: |