Vatan tayanchi



Yüklə 36 Kb.
tarix23.09.2023
ölçüsü36 Kb.
#123313
VATAN TAYANCHI”


“VATAN TAYANCHI” HARAKATI: Mazmun-mohiyati, huquqiy va tashkiliy asoslari

Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida ta’kidlaganidek: “...O‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakatini tashkil etganimiz hamda barcha umumta’lim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod o‘quvchi yoshlarni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim”.


Yoshlar – Yangi O‘zbekiston tayanchi

“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakatining huquqiy asoslari haqida so‘z borganda Prezidentimizning 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga to‘xtalish lozim. Farmonga muvofiq, “O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan.

Dasturning 3-qismida yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan bir qancha bandlar belgilangan. Jumladan, Mudofaa vazirligi huzurida bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ayni vazifalar 2021-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetishimiz, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxt-u kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylashimiz lozim. Shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak”.


Tashabbusga keng yo‘l ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022-yil 2-martda “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom avlodni voyaga yetkazishdir.

Qaror bilan Mudofaa, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining ikkita taklifi ma’qullandi. Ya’ni:

birinchidan, Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish;

ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalarida boshqarma boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarida bo‘lim boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Harakatning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Harakatning huquqiy maqomi va tuzilishi

“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati – davlat muassasasidir. Uning asosiy ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisoblanadi.

“Vatan tayanchi” harakatining maqomi, Qurolli Kuchlar xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash shartlariga ko‘ra, davlat boshqaruvi organi – Mudofaa vazirligi markaziy apparatining mustaqil bo‘limiga tenglashtirilgan.

Harakat xodimlarining asosiy tarkibi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladi. Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari “Vatan tayanchi” harakati faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida tegishlicha “Vatan tayanchi” harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari hamda tuman (shahar) bo‘linmalari boshliqlari hisoblanadi.

Davlat umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida 10-11-sinf o‘quvchilaridan ixtiyoriylik asosida tarkibi 20 nafarlik “Vatan tayanchi” otryadlari tuziladi. Ularning faoliyati “Vatan tayanchi” harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Harakat huzurida Vasiylik kengashi, uning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalari huzurida esa muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuziladi. Ularning tarkibiga Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining vakillari kiritiladi.


“Vatan tayanchi”ning asosiy vazifalari

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 2-martdagi qaroriga asosan:

o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga yuksak hurmat ruhida tarbiyalash;


erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeyini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatining, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
o‘quvchi-yoshlarni tuzilayotgan otryad atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, o‘quvchilarda o‘qish va intizom bo‘yicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uyg‘otish hamda ularga o‘rnak bo‘lish uchun faol harakat qilish;
davlat umumta’lim maktablar o‘quvchilarini odob-axloq, Vatanga sadoqat va o‘ziga qat’iy ishonch ruhida tarbiyalash, o‘qishi, intizomi va jismoniy ko‘rsatkichlari past o‘quvchilarga yuqori natijalarga erishishda ko‘maklashish;
davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
o‘quvchilarni turli xavfli g‘oyalar va chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish harakatning asosiy vazifalari etib belgilangan.

Harakatni rivojlantirish jamg‘armasi

2022-yil 2-martdagi qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2022-yil 23-iyunda Vazirlar Mahkamasining “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

“Vatan tayanchi” harakatining faoliyatini samarali tashkil etish uchun yuridik shaxs bo‘lmagan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgani, jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari va sarflash maqsadlari belgilandi e’tiborga loyiqdir.

Jamg‘arma mablag‘lari Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining alohida byudjetdan tashqari mablag‘larini saqlash uchun “G‘alaba bog‘I” yodgorlik majmuasi moliya xizmatida alohida depozit hisobvarag‘ida jamlanadi hamda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish “Vatan tayanchi” harakati rahbari tomonidan tasdiqlangan va Toshkent harbiy okrugi moliya xizmatida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadigan yillik daromadlar va xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va nazorat qilishga harakat rahbari mas’uldir.

Jamg‘arma mablag‘lari:

davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha dasturlar, “yo‘l xaritalari” doirasida belgilangan tartibda ajratiladigan mablag‘lar;


“Vatan tayanchi” harakatining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan tushumlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, shuningdek, boshqa xorijiy donorlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.

Otryad a’zolari uchun imtiyozlar

“Vatan tayanchi” otryadlariga ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘lgan davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilariga muayyan imtiyozlar beriladi. Xususan:

– davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar hamda madaniy-ma’rifiy, ommaviy-madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun bir hududdan boshqa hududga, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism, muassasalar va harbiy poligonlarga yuborilganda, Jamg‘arma hisobidan oziq-ovqat bilan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarining o‘quvchilari uchun belgilangan me’yorlarga muvofiq ta’minlanadi;

– 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab harakat faoliyatida faol ishtirok etgan hamda davlat umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi;

– Tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladi;

– “Vatan tayanchi” harakati tomonidan respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi va Oliy Majlisga Murojaatnomasida, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagani bejiz emas. Zero, bugungi globallashuv va keskin raqobat davri bilan bog‘liq yangi tahdid va xatarlar bizdan doim ogoh va hushyor bo‘lishni talab etmoqda.



Binobarin, yoshlarimizning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish oldimizdagi eng muhim vazifalardandir. Shu ma’noda, “Vatan tayanchi” otryadlari bo‘lg‘usi Vatan himoyachilarini birlashtirmoqda
Yüklə 36 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə