Uzoq kechmishning ixlosmandi muhibi, Rim davri Yunon adabiyotining eng yirik vakillaridan biri Plutarxdir. Yozuvchi taxminan eramizdan keyingn 46- yilda Beotiya viloyatidagi Xeroney shaharchasida tug`iladi



Yüklə 17,87 Kb.
tarix04.12.2017
ölçüsü17,87 Kb.
#13826

Aim.uz

PLUTARX

Uzoq kechmishning ixlosmandi muhibi, Rim davri Yunon adabiyotining eng yirik vakillaridan biri Plutarxdir. Yozuvchi taxminan eramizdan keyingn 46- yilda Beotiya viloyatidagi Xeroney shaharchasida tug`iladi. Uning ota-bobolari shu yerning aslzoda xonadonlariga mansub o`qimishli odamlar bo`lgan. Plutarxaing o`zi ham zamonasining ilmu fan, san’at va adabiyot o`chog`i hisoblangan Afina hamda Iskandariya shaharlarida tahsil ko`rib, har tomonlama yuksak madaniyatli kishi bo`lib yetishadi; yumshoq tabiati, olihimmat xulqi tufayli hamshaharlari qoshida tobora martabasi ortib, yuksak lavozimlarga erishadi, mustamlaka ma’murlari ham unga chuqur ehtirom va hurmat ko`rsatadilar, bir necha marta Rimga safar qilib, u yerning atoqli davlat arboblari, madaniyat ahllari bilai oshnolik bog`laydi. Biroq yozuvchi o`z hayotining asosiy qismini kitobxonlikka, qalamkashlikka bag`ishlab, tug`ilib o`sgan shahri Xeroneyda, yor-do`stlari, shogirdlari o`rtasida o`tkazib, 120-130-yillar orasida vafot etadi.



Qadimgilar Plutarx ijodining nihoyatda rango-rang va serunum bo`lganligini, yozuvchi 225 tadan ortiqroq asar qoldirganini xabar qiladilar. Ana shu salmoqdor adabiy merosdan bizga qadar 150 tasi yetib kelgandir. Olimlar mazkur asarlarni, asosan, ikki guruhga ajratib tahlil qiladilar. Bulardan birinchisi - axloqiy asarlar, ikkinchisi - hayotnomalardir. Birinchi guruhga kiradigan asarlarni «axloqiy» deb atash ularning mazmuniga unchalnk to`g`ri kelmaydi, chunki bularning ko`pchiligi falsafiy mavzularda, tarix hamda adabiyot masalalari haqida yozilgan katta-kichik maqolalardan iborat asarlar bo`lgan. Bu maqolalar orasida biz, shuningdek, siyosat, din, ta’lim-tarbiya, hifzi - sihat, musiqa va boshqa masalalarga doir asarlarni ham uchratamiz. Biroq, shu bilan birga, birinchi guruhga kiradigan asarlarning asosiy qismini, albatta, axloq masalalariga aloqador maqolalar tashkil qiladi. Bu toifa asarlarda yozuvchi odam bolasining kundalik hayot doirasidagi barcha vazifalari yuzasidan maslahatlar berib, mahmadonalik, tama’girlik, yasama uyatchanlik, badjahllik va shu kabi yaramas nuqsonlardan qutulish; yor-do`stlik, aka-ukalik, er-xotinlik munosabatlari va boshqa yaxshi xislatlarni mustahkamlash yo`llarini ko`rsatadi. Plutarxning tushunchasicha, yer yuzidagi yaxshilik va yomonliklarning hammasi odam bolasining fe’l-atvoridan tug`iladi. Binobarin, har bir inson doimo barkamollikka intilib, himmat va sahovatda beillat bo`lmog`i darkor. Bu boradi dilga davo, ehtiroslarga shifo beradigan birdan-bir malham - falsafadir. Plutarx falsafaning tarbiyaviy qudratiga juda katta e’tibor bergan bo`lsa ham, bu sohada uning o`zi muayyan bir ta’limot yaratgan ijodkor emas, uning asarlarida talqin etilgan falsafiy va, shuningdek, axloqiy masalalarga doir mulohazalarning hammasi turli-tuman mutafakkirlar, olimlar va, umuman, qalam ahllarining kitoblarini qunt bilan mutolaa qilish natijasida orttirilgan bilimlarning mevasidir. «Axloqiy asarlar» turkumiga kirgan maqolalarniig deyarli har birida yozuvchi ayrim masalalar yuzasidan qadimgi faylasuflarning fikrlarini bayon qilib, yo bo`lmasa ularning asarlaridan parchalar ko`chirib, shu yo`sin o`zining fikrlarini isbotlashga tirishadi. Plutarx yangi zamonda o`zining axloqiy asarlari bilan emas, balki «Qo`shaloq hayotnomalar» deb ataluvchi tarixiy asarlari bilan keng shuhrat-qozongan. «Qo`shaloq hayotnomalar» Yunon va Rim olamida o`tgan tarixiy shaxslar o`rtasidagi biron muhim o`xshashlik, mushtaraklik alomatlariga ko`ra juft-juft qilib yozilgan hayot qissalaridan iborat asarlardir, ya’ni yozuvchi har bir juft hayotnomaning bittasida - Rim, ikkinchisida - Yunon kishisi haqida hikoya yuritib (masalan. Tezey bilan Romul. Demosfen bilan Sitseron, Iskandar bilan Yuliy sezar va hokazolar), «muqoyasa» deb ataluvchi maxsus xotima qismida ularning o`rtalaridagi yaqin o`xshashliklarni bayon qiladi. Bu hayotnomalar garchi juft-juft yozilib, tarixiy shaxslarning xislatlari alohida boblarda umumlashtirilgan bo`lsa ham, har qaysi qissa o`z holicha. tugallangan yaxlit asardir.

Ana shunday qo`shaloq hayotnomalardan 23 tasi yoki toq-toq olinganda 46 tasi bizga qadar yetib kelgan. Bulardan tashqari, shu toifa asarlar Orasida yana to`rtta atoqli arbobning juftlanmasdan yozilgan qissalari ham bor. Binobarin, bizga qadar yetib kelgan qissalarning soni hammasi bo`lib 50 taga boradi.



«Qo`shaloq hayotnomalar» tarixiy jihatdan g`oyat ahamiyatli asarlardir. Chunki yozuvchi mashhur zotlarning hayoti tasvirida eng qadimgi zamonlardan tortib to o`zi yashagan davrlarga qadar bo`lgan Rim va Yunon tarixining muhim paytlarini ham bayon qiladi. Shu bilan birga, Plutarxning asari mustaqil ilmiy tadqiqotning mahsuli bo`lmasdan, turli-tuman yozuvchilarning asarlaridagi ma’lumotlar asosida yozilgan asardir. Plutarx foydalangan ko`pchilik manbalar «Qo`shaloq hayotnomalar» kitobidan boshqa yerda hech qanday iz qoldirmasdan, nom-nishonsiz yo`qolib ketgan. Shu sababli bu asar o`shalar to`g`risida ham ma’lumot beradi. Biroq, shu narsani ham qayd etib o`tish kerakki, Plutarxning tavsifida ba’zi bir tarixiy voqealarni noto`g`ri talqin qilish hodisalariga ham duch kelamiz. Bu holat, asosan, kitobni yozishda ko`zda tutilgan maqsadlar iatijasida sodir bo`lgan kamchiliklardir. Chunki «Qo`shaloq hayotnomalar» muallifini ko`proq qiziqtiradigan narsa tarix emas, yana o`sha axloq masalalari bo`lgan. Yozuvchi tomonidan tasvir etilgan har bir qahramon yaxshilik yoki yomonlik iamunasi sifatida kitobxonga ma’naviy ta’sir ko`rsatishi lozim edi. Iskandar biografiyasining ilova qismida Plutarx o`zining tarixga qanday qaraganligini aytib, tubandagilarni yozadi: «Biz tarix emas, hayotnoma yozayotirmiz, ba’zan eng sharafli ishlar orqali ham xislatlar yoki nuqsonlarni aniqlab bo`lmagani qolda, qonli janglar, buyuk muhorabalar, qamal qilingan shaharlardan ko`ra, arzimagan ish bir og`iz gap, shunchaki aytilgan hazil-mutoyiba odamlarning xarakterini chuqurroq ochadi... Agar joiz ko`rilsa, ulug` ishlar va muhorabalar tavsifini boshqalarga havola qilib, ruhiy holatlarni chuqurroq ochishga va shular orqali har kimsaning hayotini tasvirlashga kirishamiz». Plutarx, darhaqiqat, tarixiy jihatdan muhim bo`lgan voqealarga butunlay e’tibor bermasdan yoki ularga xiyol to`xtalib, aksar vaqt qahramonning tavsifini kuchaytiradigan kichkina faktlarni, hatto kezi kelganda, latifaomuz rivoyatlarni, mish-mish gaplarni asarning to`qimasiga kiritib yuborishni afzal ko`radi. Xullas, sal-pal surtib ketilgan bo`yoqlar, mayda detallar yordami bilan qahramonning yorqin qiyofasini chizish va shu yo`sin uning ichki dunyosini, tabiatini ochish - Plutarx ijodining asosiy usulidir. Axloq talablari bilan taqozo etilgan bu usul ko`pincha yozuvchini odob prinsiplari to`g`risida uzoq mulohazalar yuritishga, qahramonlarning ibrat kuchini oshirish maqsadida ularni ideallashtirishga majbur etadi. Umuman olganda, Plutarx qadimgi zamonlarda o`tgan arboblarni barkamol, dov yurak, jonkuyar, kamsuqum, vatanparvar, erksevar qilib tasvirlashni yaxshi ko`radi. Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarga qaramay, «Hayotnomalar» asari badiiy jihatdan ancha puxta ishlangan; uning obrazlari nafis, tili ravon, voqealari hayajonli va, binobarin, zavq bilan o`qiladigan asardir, Mana bu badiiy ko`rkamlik yangi zamon kishilarini ham maftui etadi, hatto jaholat botqog`iga cho`kib ketgan o`rta asrlarda ham Plutarx unutilgan emas. Uyg`onish davryning ulug` gumannstlari (Rotterdamlik Erazm, Fransua Rable) Plutarxga chuqur hurmat bilan qaraganlar. «Hayotnomalar»dan olingan voqealar asosida Shekspir o`zining bir qancha mashhur asarlarini («Koriolan», «Yuliy sezar», «Antoniy va Kleopatra») yaratadi; atoqli fransuz tragediyanavislari Kornel hamda Rasin ko`pincha Plutarx ijodiga murojaat qilganlar: «Hayotnomalar»da talqin etilgan ozodlik va insonparvarlik g`oyalari fransuz ma’rifatchilarining (Russo) diqqatini ham o`ziga tortgan; xuddi ana shu g`oyalar Belinskiyni ham maftun etgan.
Yüklə 17,87 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə