Tayyorladi: Hamidova Shahodatxon Mavzu: Hurmat kategoriyas lingvokulturologiya kategoriyasi sifatida Reja



Yüklə 21,05 Kb.
səhifə1/2
tarix16.04.2023
ölçüsü21,05 Kb.
#105868
  1   2
Hamidova Shahodatxon


Tayyorladi: Hamidova Shahodatxon
Mavzu: Hurmat kategoriyas lingvokulturologiya kategoriyasi sifatida
Reja:

  1. Zoomorf metaforalarning lingvokulturologik xususiyatlari

  2. Shavkat rahmon she’riyati misolida

Bugungi kunda til va shaxs, til va madaniyat, til va tafakkur kabi masalalarni o’rganish tilshunoslik sohalari – psixolingvistika, lingvokulturologiya, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika kabi sohalarda chuqurlashib bormoqda. Tilga antropotsentrik yondashuv ushbu sohalarning eng so’nggi yutuqlarini o’zida mujassam etib, mustaqil paradigma sifatidagi maqomini tobora mustahkamlab bormoqda.
Lingvokulturologiyaga oid adabiyotlarda metaforalar tilning asosiy lingvomadaniy birliklari hisoblangan maqollar, iboralar, o’xshatishlar bilan bir qatorga qo’yiladi. Lingvokulturologiya hamda kognitiv tilshunoslik bo’yicha jiddiy tadqiqotlar olib borgan V.A.Maslovaning fikricha, metafora o’zida “... fundamental madaniy qadriyatlarni aks ettiradi, zero, u milliy-madaniy dunyoqarashga asoslangandir”[1, 91-b.].
O’zbek shoirlari tomonidan yaratilgan badiiy asarlarda qo’llangan metaforalarni kuzatish asosida shuni aytish mumkinki, ular muayyan ijodkorning individual nutqiy uslubiga xos jihatlarni ko’rsatishi bilan birga o’zbek millatiga mansub til sohiblarining badiiy tafakkuri, til birliklariga bo’lgan munosabatini ham namoyon etadi. O’zbek adabiy tilida qo’llanib kelgan ko’plab metaforalar lisoniy boyligimizga aylangan. Ma’lumki, til tashqi olamga ma’no orqali bog`lanadi. Til belgilari ortida turuvchi hodisalarni o’rganish inson kognitiv faoliyati va nutqiy faoliyat aloqasini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbek xalqining tili va nutqida eng ko’p metaforizatsiya qilingan so’zlardan biri it so’zidir. Mazkur metafora shaxsning sub’ektiv munosabatini bildirishda eng faol ko’chim sifatida xalq tilida qo’llaniladi. Xarakterli tomoni shundaki, it so’zi o’zbek tilida etalon bo’lib kelgan metaforalar soni o’ndan ortiq bo’lib, ularning barchasi insonga nisbatan qo’llangan. Buning sabablari sifatida quyidagilarni aytib o’tish mumkin: 1) itni osonlik bilan qo’lga o’rgatish mumkin, uning tabiatida moslashuvchanlik juda kuchli. Shunga ko’ra, it qo’lga o’rgatilgan eng dastlabki xonaki hayvon bo’lib, o’zbek xalqining turmush tarzida muhim o’rin tutadi; 2) it muntazam ravishda insonlarning ko’z o’ngida bo’lganligi, insonlar ularning kayfiyati, harakati va tabiatidan yaxshi xabardor ekanligi sabab itga xos xususiyatlar ko’chma ma’noda insonga ko’chirilgan. Shu va boshqa sabablarga ko’ra it so’zining majoziy ma’noda qo’llanishi ko’p kuzatiladi. O’zbek tilida it so’zi ijobiy va salbiy ko’chma ma’noda qo’llaniladi. It vafodorlik, sodiqlik timsoli sifatida o’zbek xalq maqollarida ko’p uchraydi. Shavkat Rahmon she’riyatida esa it metaforasi, asosan, salbiy ma’noda ifodalangan.
It ― yovuz odamlar timsoli:
Kezdim armon to’la jom ko’tarib,
malaklar yig`ladi, itlar tishladi...
Ushbu she’riy parcha shoirning “Yorilgan harakat bayoni” she’ridan. Bu o’rinda itlar so’zi juda yovuz, butun hayoti ig`vo va bo’hton qilishdan iborat kishilar ko’chma ma’nosida qo’llanilgan. Izoh sifatida aytish mumkinki, “O’zbek tilining izohli lug`ati”da it so’zining boshqalarga zulm o’tkazuvchi odam, malay ko’chma ma’nosi izohlangan bo’lib, Shavkat Rahmon she’riyatidagi mazkur ko’chma ma’nosi qayd etilmagan. Vaholanki, o’zbek xalqi tilida it so’zining yovuz, butun hayoti ig`vo va bo’hton qilishdan iborat kishi ko’chma ma’nosida qo’llanilishi ko’p kuzatiladi.
Qushcha ― ozod ruh timsoli:
Qushchalar, sayroqi qushchalar,
qafasda bo’g`ilib sayrashar.
Mazkur she’riy parcha shoirning “O’zgalar dardi...” she’ridan. Hajman katta bo’lmagan ushbu she’rda shoir insonlarni ruhan ozod bo’lishga chorlaydi. Shoir she’rda qushcha so’zi vositasida ozod ruh tushunchasini ifodalashga harakat qilgan. Shoir timsolni to’g`ri va o’rinli tanlagan deyishga to’liq asos bor. Sabab shuki, qush tabiatda erkin yashashga, uzoq-uzoqlarga va osmonga parvoz qilishga moslashgan. Izoh sifatida aytish mumkinki, “O’zbek tilining izohli lug`ati”da qushcha so’zining Shavkat Rahmon she’riyatidagi mazkur ko’chma ma’nosi qayd etilmagan. O’zbek xalqi tilida qush so’zi erkin, ozod kishiga nisbatan majoziy ma’nodaqo’llaniladi.
Laylak ― ezgulik timsoli:
Har yili in qurar laylaklar
minorning nuragan boshiga.
Mazkur she’riy parcha butun dunyoga mashhur Buxorodagi “Minorai kalon” nomli minoraga bag`ishlab yozilgan she’rdan. Ayonki, laylak obrazi o’zbek xalq ertaklarida ko’p uchraydi. Ularning aksariyatida laylak ijobiy xarakterda tasvirlangan. Laylakning tabiatan beozorligi va go’zalligi xalq tasavvurida ezgulik timsoli bo’lib, asosiy kontsept sifatida shakllangan. Shavkat Rahmon xalq tasvvuridagi laylak obrazini she’rlari tilida tasvirlar ekan, uni ezgulik, qut-baraka ma’nolarida qo’llashga harakat qilgan. “O’zbek tilining izohli lug`ati”da laylak so’zining mazkur ko’chma ma’nosi qayd etilmagan. Shoirning ushbu she’rida qarg`a so’zi ham metaforik ma’noda qo’llanilgan.
Qarg`a ― yovuzlik etaloni:
Minoraning boshiga bu yil ham,
xayriyat, qarg`alar qo’nmapti.
Ma’lumki, qarg`a qish oylarida o’zbeklar yashaydigan hududlarga uchib keladi. Qadimda qish odamlarga ko’p azob-uqubat, tashvish, ochlik olib kelganligi bois ular bu faslni uncha xush ko’rishmagan. Ularning mifologik dunyoqarashida qishni qarg`alar olib keladi, degan tasavvur ham bo’lganligiga shubha yo’q. Shunga ko’ra qarg`a ularning ongida yovuzlik, yomonlik timsoli bo’lib shakllangan. Bundan tashqari o’zbek xalqi hayotida ranglar ham muhim ahamiyatga egaligini aytib o’tish o’rinlidir. Qarg`aning rangi qora. Qora rang salbiy belgiga egalikni; aza, motam, ifloslik, xunuklik ramzini bildiradi. Laylak esa oq rangli qush. Oq rang ezgulik, yaxshilik, to’g`rilik, tozalik, go’zallik ramzi sifatida o’zbek xalq tasavvurida shakllangan.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Shavkat Rahmon she’riy asarlarida qo’llangan zoomorf metaforalar o’zbek xalqining ijtimoiy va madaniy hayotida juda muhim o’rin tutgan va kundalik turmushida muntazam munosabatda bo’lingan hayvon hamda parrandalar nomi bo’lib, ular majoziy ma’noda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, to’g`rilik va egrilik, tozalik va ifloslik, go’zallik va xunuklik, erkinlik va tutqinlik kabi tushunchalarni ifodalab kelgan. Alohida ta’kidlash o’rinliki, o’zbek tili bo’yicha yaratiladigan izohli lug`atlarda shoir tomonidan qo’llangan zoomorf metaforalarni qayd etish, ularning izohini keltirish maqsadga muvofiqdir. Chunki ular til va madaniyatimizning ajralmas tarkibiy qismidir.



Yüklə 21,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə