Sportcha yurish texnikasini o’rgatish metodikasi



Yüklə 308,56 Kb.
tarix13.05.2023
ölçüsü308,56 Kb.
#110113
SPORTCHA YURISH TEXNIKASINI O’RGATISH METODIKASI.


SPORTCHA YURISH TEXNIKASINI O’RGATISH METODIKASI.
REJA
1. Sportcha yurish texnikasi
2. Sportcha yurish texnikasini o’rgatish uslubiyati

Sportcha yurish texnikasi


Sportcha yurishning oddiy yurishga o’xshash tomonlari ko’p, lekin harakatni boshqarish nuqtai nazaridan murakkabroq, shuning bilan birga, u samaraliroq hamdir. Engil atletika musobaqalari qoidalariga binoan tez yuruvchining oyog’i erga tegmay qolgan vaqti hech bo’lmasligi kerak, oyoq tagi erda bo’lgan paytda esa bir daqiqaga bo’lsa ham tizza to’g’rilanishi zarur. Bu qoidani buzgan yuruvchi musobaqadan chetlashtiriladi. Tayanch oyoqni vertikal lahzada ortiqcha orqaga egiltirish qoidaning buzilishi deb hisoblanmaydi. Eng yaxshi yuruvchilarning ko’pchiligi oyoqni erga tik qo’yadilar va bu holatni vertikal paytgacha saqlab qoladilar. Sportcha yurish tezligi oddiy yurish tezligidan 2-2,5 baravar ko’pdir. Bu tezlik qadam uzunligi va sur’atiga bog’liqdir. Oddiy yurishda qadamlarning uzunligi – 80-90 santimetr, sportchada esa – 105-120 santimetr. Oddiy yurishda qadamlarning sur’ati minutiga 110-120 ta bo’lsa, sportchada 180-200 ta va undan ham ko’proq bo’ladi.
Sportcha yurishda yuqori natijalarga erishish to’g’ri texnikaga bog’liq bo’lib, unda bir qadam 0,27-0,33 sekundda bajarilishi sababli asab-mushak koordinattsiyasi jihatidan murakkabdir. Yurish sur’ati yuqori bo’lishiga qaramay, tez yuruvchining qadamlari etarli darajada uzun bo’lishi kerak. Lekin qadamlarni haddan tashqari uzaytirib yuborish ortiqcha energiya sarflanishiga, texnikaning buzilishiga va sport natijasining pasayishiga olib keladi.
Sportcha yurish texnikasi bilan tanishib chiqish uchun harakatlarning bittagina tsiklini ko’rib chiqish etarlidir. Sportcha yurishda ham, oddiy yurishdagidek, yakka tayanch va qo’sh tayanch holatlari galma-gal keladi. Sportcha yurish texnikasini tez yuruvchining vertikal paytdagi yakka tayanch holatidan, ya’ni gavdaning UOM tayanch oyoqning xuddi tepasida bo’lgan holatdan boshlab ko’rib chiqish qulayroq. Bu holatda tayanch oyoq to’g’rilangan bo’ladi. Ikkinchi (siltanuvchi) oyoq bukilgan holda son qismi oldinga bir qadar yuqorilatib uzatiladi. Tananing UOM oldinga siljiy borishi bilan birgalikda tayanch oyoq to’g’riligicha qolaverib, vertikal holatdan qiya holatga o’tadi. Bu – eng muhim bo’lgan depsinish fazasidir (21-rasm).
Oyoq tagi depsinayotib, uning uchi hali erga tegib turganida, oldinga o’tib to’g’rilanib ulgurgan ikkinchi oyoqning tovoni erga qo’yiladi. Erga tegish tovonning tashqi tomonidan boshlanadi. Tez yuruvchi sekundning yuzdan bir ulushicha vaqt ichida qo’sh tayanch holatida bo’ladi-da, shu zahotiyoq oldinga uzatilgan oyog’ida yakka tayanch holatiga o’tadi.



21-rasm. Sportcha yurish texnikasi

Oyoq tagi bilan erdan depsingandan keyin shu oyoqning boldiri tez yuruvchining olg’a siljishi, oyoq tagi bilan depsinish va sonning pastlab olg’a harakat qilishi natijasida hosil bo’lgan enersion-reaktiv kuchlar ta’sirida sal yuqori ko’tariladi. Bu payt boldirdagi yozuvchi mushaklar bo’shashib turadi. Bu harakatdan foydalanib yuruvchi shu oyog’ini (endi u siltanuvchi oyoq) tezgina oldinga uzatadi. Siltanuvchi oyoqning tagi erdan unchalik yuqori ko’tarilmaydi. Oyoq oldinga siljishni davom ettirib, tizza bo’g’imi to’g’rilana boshlashi bilan bir vaqtda son qismi yuqorilab oldinga chiqariladi. Zarur bo’lgan balandlikka etgandan keyin, siltanuvchi oyoqning soni pastga tushiriladi, boldir oldinga harakatda davom etib, tovon yo’lkaga tegishi paytida oyoq to’la to’g’rilanadi. Shu harakat tugagandan keyin siltanuvchi oyoq tayanch oyoq bo’lib qoladi.


Sportcha yurishning oddiy yurishdan farqi shundaki, oyoq tovon erga tegishidan (oldinda) boshlab vertikal paytgacha hech bukilmay to’g’ri holatda bo’lib, faqat erdan ajralayotgan paytdagina bukiladi. Sportcha yurish uchun tosning aniq sezilib turadigan o’ziga xos harakati xosdir. Tez yuruvchi uchun tosning vertikal o’q atrofidagi harakati juda muhimdir. Shuningdek, tosning old-orqa (sagittal) o’q atrofidagi harakati ham juda sezilib turadi. Bunday harakat vaqtida tos tayanch oyoq tos-son bo’g’imiga nisbatan sal pastga osilib tushadi (22-rasm).



22-rasm. Sportcha yurishda mushaklarning ishlash tuzilmasi


Sportcha yurish paytida gavda vertikal yoki sal oldinga engashgan holatda bo’ladi. Ba’zi tez yuruvchilar gavdani oldinga engashtirib, tosni orqada qoldiradilar. Bu hech qanday foyda bermaydi. Bundan tashqari, gavdaning bunday holatida yurish qoidasini buzish (yugurishga o’tib ketish) mumkin.


Tez yuruvchi harakatini yuqoridan kuzatgan paytda elka kamari bilan tosni qarama-qarshi tomonga burish natijasida gavdaning o’ralayotganday harakatini osongina ko’rish mumkin. Bunday harakatlarning qo’llar ishtirokida bajarilishi oyoq va tos harakatini muvozanatlaydi. Ular UOM to’g’ri chiziq bo’ylab siljishdan chetga chiqishi darajasini kamaytiradi va oldindan cho’zilganlik va qisqarish amplitudasi ortishi hisobiga mushaklar kuch berishini oshiradi.
Yurish paytida qo’llar bukilgan holda harakat qiladi, bukilish darajasi esa turli vaqtda turlicha bo’ladi. Vertikal paytda ozroq, oldinga yoki orqaga harakat qilganda esa ko’proq bukiladi. Qo’llar oldinga ichkari burilibroq gavdaning o’rta tekisligigacha ko’tarilib, orqaga esa tashqi tomonga burilibroq harakat qiladi; barmoqlar erkin. Yuqori tezlikka erishish va yurish tejamli bo’lishi uchun tez yuruvchi gavdasining ilgarilab boradigan harakati to’g’ri chiziq bo’ylab bo’lishi katta ahamiyatga ega. Ilgarilash qay daraja to’g’ri chiziq bo’ylab bo’layotganini UOM traektoriyasidan bilsa bo’ladi. Sportcha yurish to’g’ri bo’lsa, UOMning vertikal tebranish yo’li tayanch holatidan sal oldin eng yuqori ko’tarilgan bo’ladi; ammo umuman tez yuruvchi tanasining UOM to’g’ri chiziqqa yaqin yo’lda harakat qiladi (23-rasm).



23-rasm. Sportcha yurishda UOM harakatining tuzilmasi


Vertikal paytda UOM pasayishi tosning tayanch oyoq tos-son bo’g’imiga nisbatan “osilib” past tushishi natijasidir. Bu paytda o’ng va chap tos-son bo’g’imini birlashtiruvchi chiziq bir tomonga og’gani, siltanuvchi oyoqning tizzasi esa tayanch oyoq tizzasidan ancha pastda ekani 24-rasmda ko’rinib turibdi. Bu harakat haddan ortiq bo’lmasligi kerak, chunki u tananing UOM yo’lining to’lqin-simonligini oshiradi. Qo’sh tayanch holatiga o’tish paytida siltanuvchi oyoq sonini ko’tarish va shu bilan ketma-ket oyoq tagi bilan depsinish UOM balandligini ko’taradi (yoki pasaytirmaydi). Qo’sh tayanch holati oldidan tayanch oyoqni to’g’rilash va elkani bir qadar ko’tarish ham shunga yordam beradi. Tez yuruvchi tananing UOM yo’li to’lqinsimonligini kamaytirish va uni to’g’ri chiziqqa yaqinlashtirish uchun yuqorida ko’rsatilgan harakatlarni nazarda to’tishi kerak.


Sportcha yurish paytida UOMning to’g’ri chiziqli yo’ldan yon tomonga chiqishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Chetlanish yurganda tayanchlar siljish o’rta chizig’ining goh u, goh bu yonida bo’lishi natijasidir. Oyoq taglari tashqariga burilgan ekani va ularning ikki parallel chiziq bo’ylab erga qo’yilishi yon tomonlarga tebranishni oshiradi. Bunga yo’l qo’ymaslik uchun, tez yuruvchilar oyoq tagi ichki tomonini to’g’ri chiziqqa yaqinroq qo’yishga intiladilar (25-rasm). Faqat ayrim hollardagina, sportchining shaxsiy xususiyatlariga qarab, oyoq tagi sal tashqi tomonga burilib erga qo’yiladi.





24-rasm. Siltanuvchi oyoqni
qo’yishda tosning
pasayishi



25-rasm. Tosning qo’sh
tayanch holatida turishi

UOMning yon tomonga tebranishini kamaytirishda – qaysi oyoq tayanchda bo’lsa, shu oyoq tomonga (ma’lum chegaragacha) tos-son qismini harakat ettirish ahamiyatga ega. Bu harakat vertikal paytda yaxshi ko’rinadi.
Gavdaning va tos qismining vertikal o’q atrofida harakati ham, yon tomonga harakatlari ham mushaklar ishi amplitudasini oshirishga, ularni yaxshiroq bo’shashtirishga va ish tejamliroq bo’lishiga yordam beradi.
Sportcha yurishda tez yuruvchini oldinga yuboruvchi ishning asosiy mexanizmi oddiy yurishdagidan sal boshqacha bo’ladi. Tez yuruvchining vertikal holatdan oldinga harakati sonning orqa tomonidagi mushaklarning (asosan, ikkita bo’g’imdan o’tadigan bukuvchi mushaklar) faol qisqarishi bilan boshlanadi.
Qadamning boshlanishida erdan depsinishda siltanuvchi oyoq qatnashadi. Uni vertikaldan oldinga uzatish UOMning bir qadar oldinga siljishiga sabab bo’ladi; bu esa tayanch oyoq mushaklari ishining samaradorligini oshiradi. Siltanuvchi oyoqning tezlanuvchan tebrangichsimon harakati eng ko’p rol o’ynaydi; yugurgandagi kabi, tayanch oyoqning erdan depsinishini kuchaytiradi.
Yakka tayanchdan qo’sh tayanchga o’tganda oyoq uchiga o’tish nihoyasiga etadi. Bu paytda oyoq tagi erdan depsina turib, sezilarli darajada bukiladi. Qo’sh tayanch fazadan vertikal holatga o’tish sonning bukuvchi mushaklarining faol ishtirokida inersiya bilan sodir bo’ladi.
Sportcha yurishda tananing qariyb barcha mushaklari, ayniqsa oyoq mushaklari faol ishlaydi. Chindan ham ayni paytda ishlaydigan mushaklar qisqarib taranglashib, qolgan mushaklarning bo’shashishi juda muhim. Busiz harakatlarni tejamli va to’g’ri bajarish mumkin emas. Yurishning yakka tayanch fazasida tayanch oyoqning to’g’ri turishi son to’rt boshli mushagiga unchalik zo’r kelishini talab etmaydi; bu ham tez yuruvchi harakatini engillatadi. Tayanch oyoq bukilgan holatda bo’lgani esa oyoqning bukila borishi og’irlik kuchi ta’sirida davom etavermasligi uchun mushaklarga anchagina ko’p zo’r kelishini talab etadi. Qadamlar sur’ati katta bo’lgani uchun mushaklarni bo’shashtira bilishning ahamiyati yanada ortadi. Sur’at yuqori bo’lsa ham, sportcha yurishdagi harakatlar qo’pol, zo’rma-zo’raki bo’lmasligi kerak. Texnikasi mukammal tez yuruvchining harakatlari mayin, yurishi oddiy va tabiiy bo’ladi.







26-rasm. Sportcha yurishda
oyoqlarningqo’yilishi



27-rasm. Sportcha yurishda gavdaning
egilishidagi xatolar

2. Sportcha yurish texnikasini o’rgatish uslubiyati

Sportcha yurish texnikasini kattalar hamda o’smirlar ham o’rganaverishlari mumkin.


O’rgatishning asosiy vazifasi – to’g’ri sportcha yurish texnikasini o’rtatish, turli xil siljish tezligida ortiqcha kuchanmay, bemalol yurishni o’rgatishdir. Bundan tashqari, har qaysi shug’ullanuvchi uchun optimal tezlikni (yurish sur’ati va qadam uzunligini) aniqlab olish kerak. Bu vazifani hal etish uchun quyida o’rgatishning uslubiy ketma-ketligi ko’rsatilib, xususiy vazifalar, vositalar va uslubiy ko’rsatmalar keltirilgan.
1-vazifa. Sportcha yurish texnikasi bilan tanishtirish.
Vositalari:
1. Sportcha yurish texnikasining xususiyatlarini tushuntirish.
2. Sportcha yurishni ko’rsatish (o’qituvchi tomonidan ko’rsatish, kinogramma, kinohalqalarni ko’rib chiqish).
3. Sportcha yurish texnikasini bajarishga urinib ko’rish.
Uslubiy ko’rsatmalar. O’qituvchi yoki tez yuruvchi sportcha yurish texnikasini tushuntirgandan keyin bir necha marta yurishni namoyish qiladi. Yurish odatdagi musobaqa tezligida va sekinroq ijro etiladi. Yurishning texnikasini bajarishga urinib, shug’ullanuvchilar 50-60 metr masofani ikki-uch marta bosib o’tadilar, o’qituvchi esa ular diqqatini asosiy xatolarga (yakka tayanch fazasida va vertikal paytda oyoqlar bukilganligiga, gavdaning oldinga yoki orqaga engashganligiga, barcha harakatlar umuman tangroq ekaniga va h.k.) jalb qiladi.
2-vazifa. Sportcha yurish paytida oyoqlarni to’g’ri harakatlantirishga o’rgatish.
Vositalari:
1. Oyoqni erga tik qo’yib va vertikal paytgacha shunday holatni saqlab yurish.
2. Shu mashqning o’zini tezlikni asta-sekin oshirib bajarish.
Uslubiy ko’rsatmalar. Yurishni bajarish paytida erga oyoqni tovondan boshlab qo’yib, keyinchalik asta-sekin, go’yo yumalayotganday, butun oyoq tagini qo’yish kerak. Shug’ullanuvchilarga oyoqni erga qo’yayotgan paytda uni faol to’g’rilash kerakliginini eslatish foydalidir. Boldirni (ilikni) oldinga tez chiqarishni erga oyoq qo’yayotganda uni yozishga qiynalayotganlarga tavsiya qilish mumkin.
3-vazifa. Sportcha yurishda tosning harakatiga o’rgatish.
Vositalari:
1. Vertikal o’q atrofida tosni zo’r harakatlantirib, keng qadamlar bilan yurish.
2. Vertikal o’q atrofida bir qadar burilishdan keyin oyoqni olg’a qo’yib, to’g’ri chiziq bo’ylab yurish.
3. Odatdagi tik turgan holatda tana og’irligini oyoqdan-oyoqqa galma-gal o’tkazib turish (qo’llarning harakatisiz).
4. Shuning o’zini oyoqni tovondan boshlab erga qo’yib, kichikroq qadam bilan oldinga siljib bajarish.
Uslubiy ko’rsatmalar. Har bir mashq, texnika elementining o’zlash-tirilishiga qarab, bir necha marta takrorlanadi. Bu mashqlarni bajarishdagi masofa – 50-100 metr. Agarda shug’ullanuvchilar tanani oyoqdan-oyoqqa hech qanday tangliksiz bemalol o’tkazsalar (chiranmasdan), unda uchinchi va to’rtinchi mashqlarni qoldirib o’tish mumkin. Ikkinchi mashqni stadiondagi yugurish yo’lkasining oq chizig’i bo’ylab bajarish mumkin. Ikkinchi va to’rtinchi mashqlarda oyoq tagi uchini tashqi tomonga burmay, to’g’ri qo’yish kerak.

4-vazifa. Sportcha yurish paytida qo’llar va elkalarning to’g’ri harakatiga o’rgatish.


Vositalari:
1. Joyida turib qo’llar harakatiga taqlid qilish.
2. Qo’llarni orqaga qilib yurish.
3. Qo’llarni qariyb to’ppa-to’g’ri qilib yurish.
4. Elka va qo’llarni faol ishlatib sportcha yurish.
Uslubiy ko’rsatmalar. Birinchi mashqda ko’ndalang harakatlarga yo’l qo’ymaslik. Harakatlar ortiqcha kuch kelmaydigan erkin bo’lishi kerak. Ikkinchi mashqni bajarayotgan paytda shug’ulla-nuvchilarga elkalari bilan faol harakat qilish zarurligini uqtirish kerak. Bunda qo’llar orqada bo’lsa ham bo’laveradi. Uchinchi mashqda qo’llar harakati keng va erkin bo’lishi kerak. Ko’rsatilgan mashqlarda yurish masofasi – 100 metr.
5-vazifa. Sportcha yurish texnikasini takomillashtirish.
Vositalari:
1. Turli xil tezliklarda (sekin, o’rtacha, tez) sportcha yurish.
2. Burilishlarda, qiya yo’lkalarda (pastga ham, yuqoriga ham), shosseda sportcha yurish.
Uslubiy ko’rsatmalar. Texnikani takomillashtirishda quyi-dagilarga e’tibor berish kerak:
a) gavda va boshning harakati;
b) gavda, oyoq va qo’llar harakati mayin, bemalol bo’lishi;
v) qadam etarli darajada uzun bo’lishi, oyoqni olg’a uzatish engil bo’lishi
(bunda oyoq tagi mumkin qadar erga yaqin o’tishi kerak);
g) tovonni o’z vaqtida (erta emas) erdan ko’tarish.
Yüklə 308,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə