Rossiyning ishi shu qadar qaltis



Yüklə 71,46 Kb.
tarix06.02.2018
ölçüsü71,46 Kb.
#26150

Aim.uz

SITSERON

O`zining otashnafasligi bilan Demosfen darajasida turadigan va antik dunyoning ikkinchi ulug` so`z ustasi sifatida tanilgan notiq Mark Tulliy Sitserondir.

Sitseron eramizdan oldingi 103-yilda Rimdan uncha uzoq bo`lmagan Arpina shahrida tug`iladi. Uning ota-onasi shahar fuqarosining badavlat suvoriylar toifasiga mansub kishilar edi. Ular o`z bolalariga yaxshi bilim berish maqsadida Rimga ko`chib keladilar. Dastlabki tahsilni Yunon murabbiylari qo`lida olgan Sitseron ilk bolaligidayoq Yunon tilini to`la-to`kis o`rganadi, bu xalqning ulug` adabiyoti bilan tanishadi, unga muhabbat bog`laydi. So`z san’atini egallash bobida zamonasining atoqli notiqlari Sitseronga ustozlik qiladilar. Rim shahrida yashovchi ba’zi Yunon faylasuflari yordamida zamonasining yangi falsafiy oqimlari bilan tanishishga muyassar bo`ladi.

Sitseron o`z faoliyatini Sulla hukmronligining dahshatli yillarida (81) boshlaydi. U birinchi marta Publiy Kvinsiy degan oddiy bir dehqonning g`ayri qonuniy yo`l bilan tortib olingan yeri to`g`risidagi da’vo yuzasidan himoyachi sifatida so`zga chiqib, ishning muvaffaqiyatli tugallanishiga erishadi. Birinchi g`alabadan ruhlangan Sitseron ko`p o`tmay og`ir jinoiy ishda qoralangan aybdorni yoqlab chiqishga jur’at etadi. Bu ishning tafsiloti tubandagicha bo`lgan: Rossiy degan badavlat odam noma’lum kishilar tomonidan o`ldiriladi. Marhumning qarindoshlari Sullaning yaqin amaldori Xrisogon yordamida Rossiyning nomini soxta yo`l bilan proskripsiya (o`zlari o`limga, mollari davlat foydasiga hukm qilingan odamlar) ro`yxatiga kiritib, shu yo`l bilan uning mol-dunyosiga ega bo`lishni ko`zlaydilar; buning ustiga marhumning chinakam merosxo`r o`g`lini qotillikda ayblab, unga qarshi jinoiy ish qo`zg`aydilar.

Rossiyning ishi shu qadar qaltis, shu qadar xavfli ediki, bu jinoyatda Xrisogonning ishtiroki borligini sezib, zamonasining atoqli notiqlaridan birontasi aybdorni mudofaa qilishga botinolmaydi. Sitseron dadillik bilan Xrisogonning hiyla-nayranglarini, yovuz niyatlarini ochib tashlaydi va bu xildagi qotillik faqatgina Rossiyning o`limidan foyda chiqarishni ko`zlagan odamlarning qo`lidan kelishi mumkin ekanligini isbotlaydi. Ayblanuvchi oqlanadi.

Sitseron Rossiyning ishi yuzasidan so`zlagan nutqida, garchi Sullaning nomini atamasa ham, uning siyosat va tartiblarini qattiq qoralab ketadi.

Zamonasining ko`pchilik so`z ustalari singari Sitseron ham o`z faoliyatining boshlang`ich davrida faqatgina Osiyo notiqlik usulidan foydalanib, uslubning ko`tarinki, iboralarning jo`shqin, jumlalarning nafis bo`lishiga katta e’tibor bergan.

Rossiyning sudidan keyin Rimda turishdan ancha xavotirlangan Sitseron, falsafa hamda notiqlik san’atini chuqurroq o`rganish bahonasi bilan Yunoniston safariga jo`naydi va bu yerda o`tkazilgan ikki yillik sayohat davomida Afina bilan tanishadi, Kichik Osiyoning turli shaharlarida bo`ladi va, nihoyat, bir qancha vaqt Rodosda yashab, mashhur faylasuflardan, ulug` notiqlardan ta’lim oladi, ularning nutqlarini tinglaydi va shular ta’sirida o`zining ilgarigi notiqlik uslubidan voz kechib, Osiyo hamda Attika usullari omixtasidan iborat yangi bir uslub kashf etadi.

Sitseronning ilm bobida erishgan yutuqlari, noyob notiqlik salohiyati, katta muvaffaqiyat bilan boshlangan dastlabki ishlari - bundan buyon uning yuqori davlat lavozimlariga ko`tarilishda eng puxta zamin bo`lib xizmat qiladi. Rim taomiliga ko`ra Sitseron birinchi galda kvestorlik (moliya nazoratchiligi) mansabiga saylanib, bir yil (75) G`arbiy Sitsiliyada ishlaydi va o`zining halolligi, xushmuomalaligi bilan mahalliy aholi orasida katta e’tibor topadi. Bssh yildan keyin bu yerga proprektor, ya’ni hokim saylanib kelgan Verres, yurtni vahshiyona talab, xalqqa benihoyat og`ir zulmlar o`tkazganida, Sitseronning yaxshiliklarini unutmagan Sitsiliya aholisi unga maxsus vakil yuborib, zolimning zulmidan himoya qilishni o`tinib so`raydi. Verresning jinoyatlari haqida to`plangan hujjatlar shu kadar ko`p va dahshatli ediki, sud a’zolarining hammasi senatorlardan iborat bo`lishiga, shu davrning eng mashhur notig`i Gortensiy gunohkorni himoya qilishiga qaramay, Sitseronning birinchi sud kengashida gapirgan dastlabki nutqidan keyinoq aybdor Rim tabaasi huquqidan foydalanib, o`z ixtiyori bilan surgunga ketishga majbur bo`ladi.

Sitseron sud hay’atining birinchi majlisida so`zlagan ikkita nutqi bilan, ikkinchi majlisda so`zlash uchun tayyorlangan beshta nutqini birga qo`shib, «Verresga qarshi aytilgan nutqlar» nomi ostida alohida kitob qilib chiqaradn. Bu nutqlarning har biri viloyatlardagi vahshiylikning nechog`lik zo`rayib ketganligini, zo`ravonlar zulmining naqadar kuchayganligini, Rim a’yonlari, ayniqsa, senat aristokratlari doirasida o`g`rilik, sotqinlik, murosasozlik va boshqa yaramas nuqsonlarning qay darajada avj olganligini va bular natijasida, xalk ommasiniig ahvoli kundan-kunga og`irlashib borayotganligini yaqqol ko`rsatadigan qimmatbaho tarixiy hujjatlardir. Shu bilan birga «Verresga qarshi aytilgan nutqlar» Sitseron dahosiiing eng birinchi yirik adabiy yodgorligi ham hisoblanadi.

Verres ustidan qozonilgan g`alaba xalq o`rtasida snseronnnng mavqeini g`oyat darajada oshirib yuboradi va bundan buyon uning davlat mansablarida tobora yuqori ko`tarilishiga keng yo`l ochadi. Masalan, Verres sudining boshlanishi oldida uni edillik (jamoat ishlari noziri) vazifasiga va 66 yilda pretorlik (sud ishlari noziri) lavozimiga saylaydilar. Xuddi shu yili Kichik Osiyodagi urushga Pompeyni sarkarda saylash va unga favqulodda vakolat berish to`g`risida Sitseron birinchi marta xalq majlisida katta siyosiy nutq so`zlaydi. Sharq mustamlakalaridagi boyliklarni ishga solib, daromad chiqarishni ko`zlagan sarmoyador suvoriylar guruhining foydasiga aytilgan bu nutq, Sitseron bilai senat aristokratlari o`rtasidagi ziddiyatning eng oxirgi ifodasidir.

Sitseron nihoyat 63-yilda eng oliy davlat lavozimi konsullikka saylanadi va shu kundan boshlab Rim jamiyati davlatmand doiralarining rahnamosiga, demokrat guruhlarning ashaddiy dushmaniga aylanadi. Yosh tribun Rull kashshoq dehqonlarni yerlarga joylashtirish, ularning qarzlarini bekor qilish haqida senat muhokamasiga maxsus loyiha kiritganida, Sitseron Rullning tashabbusiga qarshi keskin so`z aytib, uning loyihasini rad ettirishga muvaffaq bo`ladi. Sitseronning demokratlarga qarshi tutgan qonln siyosatini «Katilina voqeasi»da yaqqol ko`rish mumkin. Rim jamiyatidagi barcha mazlumlarning manfaatini ko`zlagan dsmokratlar rahbari Katilina o`z nomzodini Sitseron bilan bir qatorda konsullik lavozimiga qo`ygan edi. So`l demokratlar qanchalik urinmasin, optimatlar butun choralarni ishga solib, saylovda uni yiqitadilar. Alamzada demokratlar Katilina boshchiligida qo`zg`olon ko`tarib, Sitseronni o`ldirishga qasd qiladilar. Ularning niyatlaridan xabardor bo`lib qolgan Sitseron darhol kerakli choralarnn ko`rib, qo`zg`olonning oldini oladi. Sitseron o`zining Katilinaga qarshi gapirgan to`rtta nutqida, bu odam nihoyatda qo`rqinchli dushman, butun Rim aholisiga qarshi bosh ko`tarib, shaharga o`n ikki tomondan o`t qo`ymoqchi, yaxshi odamlarni qilichdan o`tkazmoqchi, degan vahimali iboralarda Katilinani badnom qilib, barcha fuqaronnng yuragiga qo`rquv soladi; butun demokrat guruhlarni g`arazgo`ylar, fitnagarlar, yirtqichlar, qonxo`rlar deb haqoratlaydi va ularning adabini berib qo`yishga qodir ekanligini pisanda qiladi. Katilinaga to`nkalgan ayblar va yog`dirilgan malomatlarning sira chegarasi yo`q.

Katilina o`zining safdoshlari bilan birgalikda shaharni tashlab chiqib ketadi va ko`p o`tmay hukumat askarlari qurshovida qolib, jangda halok bo`ladi; demokratlarning rahbarlari qamoqqa olinib, g`ayri qonuniy suddan keyin snseronning amri bilai zindonlarda qatl qilinadilar. Qo`zg`olonni bostirishda ko`rsatgan xizmat va jasoratlarini taqdirlab, senat Sitseronga hatto «yurt otasi» degan sharafli unvon beradi, yuqori a’yonlar orasida obro`si ortadi. Biroq «yurt otasi»ning tantanasi uzoqqa cho`zilmaydi: bir ozdan keyin hukmronlik Pompey, sezar hamda Krassdan iborat triumvirat qo`liga o`tgach, Katilinaning ba’zi safdoshlarini nohaq o`ldirgailigi uchun xalq tribuni Klodiy talabi bilan 58-yilda Sitseron Rimdan badarg`a qilinadi, mol-mulki musodara etiladi. Ammo ko`p o`tmay, senatdagi yor-do`stlari harakati bilan yana Rimga qaytib keladi. O`zining ilgarigi siyosiy mavqeini boy berib qo`ygan mashhur notiq endilikda ko`prok vaqtini adabiy mashg`ulotda o`tkazadi. Faqat 51-yilda uni Kichik Osiyodagi Kilikiya viloyatiga prokonsul (hokim) qilib tayinlaydilar. Sitseron bu yerda ham, xuddi Sitsiliyada bo`lgani kabi o`z vazifasini halol va beg`araz bajarib, qo`shin o`rtasida ancha shuhrat orttiradi. Bir necha tog`li qabilalar ustidan g`alaba qozonilgandan keyin, jangchilar Sitseronga hatto «imperator» (sarkarda) degan unvon ham beradilar.

50-yil oxirida sezar bilan Pompeyning o`rtalari buzilib, fuqarolar urushining boshlanishi muqarrar bo`lib qolgan tahlikali kunlarda Sitseron Rimga qaytib, raqiblarni totuvlashtirishga ancha urinadi, keyin bu harakatlarning befoyda ekanligini sezgach, optimatlar tomoniga o`tib, Yunonistonga, Pompey huzuriga jo`naydi. 48-yili Farsal shahri yaqinida bo`lgan jangda Pompey mag`lubiyatga uchraganidan so`ng, kurashni davom ettirish endi behuda ekanligini tushungan Sitseron, Rimga qaytib keladi. sezar uning gunohidai o`tadi-yu, ammo samimiyligiga shubhalanib, biron muhim mansabni tavsiya etishga ko`ngli chopmaydi. Siyosiy hayotdan chetlashtirilgan sobiq davlat arbobining bundan keyingi birdan-bir ovunchog`i qalamkashlik bo`lib qoladi. Sitseron ijodining so`nggi ikki yil ichida yetishtirgan adabiy mahsuloti chindan ham yuksak tahsinga sazovordir. Notiqlik nazariyasiga bag`ishlangan «Notiq» risolasi, turli-tuman falsafiy masalalar bayonidan iborat o`ndan ortiq yirik-yirik asarlar - oltmishdan oshgan Sitseronning qo`li bilan xuddi shu paytlarda yozilgan edi.

44-yilda, sezar o`ldirilganidan keyin, respublika tuzumining yangitdan tiklanishiga chuqur umid bog`lagan Sitseron yana siyosiy faoliyatga qaytib, oxirgi bir yarim yillik umrini jo`shqin kurashlar girdobida o`tkazadi. U endi senat aristokratlarining rahbari sifatida sezarning jiyani hamda asrandisi Oktavianni himoya qilib, marhumning o`rnini egallashga intilgan Antoniyga qarshi ayovsiz kurash boshlaydi; Antoniyga qarshi yozilgan va Demosfenga taqlidan «Filippiklar» deb atalmish o`n to`rtta maxsus nutqida yangidan bosh ko`tarib kelayotgan istibdod da’vogarining kirdikorlarini va yovuz niyatlarini fosh etadi. Jangovar harorat, ajoyib poetik ehtiros bilan yozilgan bu nutqlar, quldorlik respublika tuzumini saqlab qolishga uringan jangchining o`lim oldidagi eng oxirgi isyonkor hayqirig`i, alamli faryodi edi. Shu nutqlar uchun Sitseronning nomi proskripsiya ro`yxatiga kiritilib, eramizdan oldingi 43-yilda Antoniy odamlari tomonidan kallasi kesiladi.

Sitseron o`zining sal kam qirq yil davom etgan ijtimoiy va adabiy faoliyati mobaynida turli-tuman mavzularga bag`ishlab behad ko`p asarlar yozgan. Shulardan bir qanchalarining nom-nishonsiz yo`qolib ketganligiga qaramay, bizga qadar yetib kelganlarining o`zi ham antik dunyoda o`tgan har qanday yozuvchining asaridan ziyodroqdir. Sitseronning asosiy kasbi - notiqlik. Shuning uchun rasmiy yig`inlarda sud majlislarida so`zlagan nutqlari uning ijodida eng muhim o`rin tutadi. Ma’lumotlarga qaraganda, qadimgi zamonlarda Sitseronning 150 ga yaqin nutqi nashr etilgan bo`lsa, bizga qadar shulardan 58 tasi yetib kelgan. Bulardan tashqari falsafa mavzularida yozilgan 12 ta asar, notiqlik nazariyasi va tarixiga doir 7 ta risola va 800 ga yaqin maktub asrlar to`foniga chap berib omon qolgan. Shular asosida bu ulug` qalamkashning maqsad va g`oyalari, ijodining xususiyatlari, o`zining xislatlari, ayrim paytlardagi ruhiy holatlari, to`polon davrning ziddiyatlari haqida to`la fikr aytish mumkin.

O`z davrining eng fozil va ma’rifatparvar kishilaridan biri bo`lgan Sitseron zamondoshlarining ongini oshirish, ularni nlm-fan, falsafa va madaniyat samaralaridan bahramand qilish masalasiga katta e’tibor beradi va bu ishni o`zining muhim burchi deb tushunadi. «Modomiki, biron narsa qilish qo`limdan kelar ekan, -deb yozadi Sitseron, - o`zimning g`ayratim va mehnatim bilan vatandoshlarimning bilimini kengaytirish borasida ko`maklashishni asosiy vazifa deb tushunaman». Binobarin, Sitseronning falsafa mavzularida yozilgan hamma asarlarining asosiy maqsadi - Rim kishisini Yunon mutafakkirlarining ta’limotlari bilan tanishtirishdan iborat bo`lgan. Yangidan shakllanib kelayotgan lotin tilida Yunon faylasuflarining ta’limotlarini bayon etish birmuncha qiyinchiliklar tug`dirganligi vajidai, Sitseron shu og`ir ishni o`z gardaniga olib, murakkab nazariy tushunchalarni faqatgina oddiy, o`ng`ay iboralarda emas, hatto go`zal bir shaklda o`zining ona tiliga ko`chirishga harakat qiladi va bu vazifani katta muvaffaqiyat bilan ado etadi. Sitseron hech qachon izchillik bilan muayyan bir falsafiy ta’limotga ergashgan emas; shuningdek uning asarlarida muallifning o`zi yaratgan mustaqil biron nazariyani axtarish ham noo`rindir. Rim ma’rifatparvarining falsafa sohasidagi butun faoliyatida eklektizm, ya’ni bir necha ta’limotlarni birga qo`shib, shular yordamida o`zining g`oyalarini talqin etish prinsipi asosiy o`rin tutadi. Shu bilan birga, Sitseron har qanday nazariyaga uning amaliy mohiyati nuqtai nazaridan yondashib, ayni vaqtdagi axloq va siyosat talablariga to`g`ri kelganlarini qabul qiladi, begonalarini rad etadi. Mazkur talablarga ko`ra ijtimoiy va siyosiy hayotdan chetda turuvchi va subyektivizm g`oyalarini targ`ib etuvchi Epikur falsafasi, Rim jamiyatining aktiv davlat arbobi bo`lgan Sitseronga yoqmaydi. Uning diqqatini ko`proq jalb etuvchi ta’limotlar orasida eng muhimlari — Polibiy va Panetiy falsafalaridir. Sitseron har ikkala mutafakkirning g`oyalarini targ`ib qilib yozgan bir qancha maxsus asarlarida Rim hayotidan va o`ziniig faoliyati tajribalaridan olingan ko`pgina misollar asosida, respublika tuzumi afzal, xususiy mulk muqaddas, dahlsiz; demokratlar tomonidan ko`tarilgan yer islohoti, qarzlarni bekor qilish masalalari esa aholi o`rtasida raqobatning kuchayishiga, mamlakatda osoyishtalikning yo`qolishiga sabab bo`ladigan qo`rqinchli hodisalar, deb isbotlashga urinadi. Xullas, falsafiy ta’limotlar Sitseronning siyosiy faoliyatida nazariy zamin vazifasini ado etuvchi bir vosita bo`lgandir.

Umuman aytganda, Sitseronning axloq masalalariga doir falsafiy asarlari, boshqa mutafakkirlarning ta’limotlari asosida yozilganligi vajidan, u qadar ahamiyatli bo`lmasa ham, tarixiy manba sifatida ularning mohiyati juda ham zo`rdir. Ma’lumki, ellinizm davrida o`tgan barcha faylasuflarning asarlari bizga qadar deyarli butunlay yetib kelgan emas. Shu sababli Sitseron asarlarida keltiriladigan mufassal bayonotlar asosida ko`pgina faylasuflarning ta’limotlari haqida mukammal tasavvur hosil qilishimiz mumkin Sitseron asarlarining badiiy shakli va tilining nafisligiga kelganimizda bu jihatdan ular, albatta, har qanday maqtovdan yuqoridir. Falsafa sohasida boshqalarning targ`ibotchisi darajasidan yuqori ko`tarila olmagan Sitseron, so`z san’atining ustozi sifatida tamomila yangi yo`ldan boradi va birinchi bo`lib Rim tuprog`ida notiqlik nazariyasining mustaqil poydevorini ko`taradi.

Yuqorida aytganimizdek, Sitseron so`z san’ati nazariyasiga atab anchagina asar yozgan. Shular orasida uchtasi - «Notiq haqida», «Brut» va «Notiq» mazmunda ham, shaklda ham eng qimmatbaho asarlar hisoblanadi. Sitserondan ilgari o`tgan va ayni zamonda yashayotgan bir qator notiqlarning tajribalari, muallifning qariyb qirq yil davom etgan faoliyati iatijasida orttirilgan bilim va xulosalari - ana shu risolalarda muayyan bir ilmiy nazariya darajasiga ko`tarilgandir. Mazkur asarlarning har birida Sitseron notiqlik san’atining eng yirik masalalaridan tortib mayda-chuyda qonun-qoidalariga qadar diqqat bilan birma-bir ko`zdan kechiradi. Sitseronning aytishicha, notiq shunchaki so`zamol, sud ishlarining ikir-chikir qonunlarigacha biladigan qonunparast emas, balki bekamu ko`st davlat arbobi bo`lmog`i darkor. Shu sababli bu kasbga intilgan har bir odam faqatgina ritorika ilmiga taalluqli ibtidoiy bilimlarni o`rganish va o`zining Tabiiy iste’dodiga ishonish bilan cheklanib qolmasdan, muttasil mutolaa qilmog`i, beto`xtov madaniyat cho`qqilariga intilmog`i lozim. Tinglovchilarning ruhiga chuqur ta’sir ko`rsatishning eng birinchi vositasi sifatida yozuvchi hammadan burun axloq, mantiq, psixologiya fanlarini har tomonlama mukammal o`rganishni va, umuman, mavjud falsafiy ta’limotlardan keng xabardor bo`lishni tavsiya etadi. «Odamlarning diliga, - deb yozadi Sitseron, - qo`rquv, g`azab va qayg`u sola bilish va, aksincha, bu xilda hayajonli holatlardan xalos qilib, ularning ruhida xotirjamlik, mehr-shafqat hislarini uyg`ota olish - notiqning asosiy xislatidir. Agarda notiq odamlarning turli-tuman xarakterlarini sezmasa, inson tabiatiga xos umumiy xususiyatlarni bilmasa va har bir kishini goh bezovta qiladigan, goh tinchlantiradigan sabablarni tushunmasa - hech qachon o`zining maqsadiga erisha olmaydi. Axir, bularning hammasi falsafaga aloqador sohalar emasmi?!» («Notiq haqida».) Bundan tashqari, so`z orasida keltiriladigan dalillarni monand misollar bilan isbotlash uchun har bir notiq tarix va adabiyot bilan ham oshna bo`lmog`i lozim.

Sitseron o`zining asarlarida nutqning uslubi masalalariga nihoyatda katta e’tibor beradi. Ma’lumki, muallifning zamonasida Osiyo uslubi tarafdorlari bilan attika uslubi tarafdorlari o`rtasida kuchli tortishuvlar borar edi. Uslubda barqarorlikni, doimiylikni talab etgan attikachilar, har qanday nutqning oddiy, sodda va aniq bo`lishini talab qilganlar. Sitseron «Brut» hamda «Notiq» risolalarida attikachilarning fikrlariga qarshi chiqib, tamomila qarama-qarshi da’volarni oldinga suradi. Uning aytishicha, har qanday notiqning ko`zda tutgan asosiy maqsadi - tinglovchining zavqini uyg`otib, o`ziga moyil qilishdan iboratdir. Modomiki shunday ekan, chinakam so`z san’atkori sharoitga qarab, mavjud uslublarning hammasidan bab-baravar foydalanishi zarur. Sitseron o`zining fikrlarini isbotlash uchun Demosfen ijodiga murojaat qilib, attika go`z san’atining ulug` namoyandasi faqat oddiy va sodda uslubninggina emas, shuningdek, jo`shqin va hayajonli nutqning ham beqiyos ustasi bo`lganligini misol keltiradi.

«...Xullas, ...kimki jo`n narsalar haqida oddiygina, kundalik voqealar haqida - o`rtamiyona, ulug` hodisalar haqida - shavq-zavq bilan gapirsa - shu odam so`z san’atining chinakam ustasidir». («Notiq».)

Umuman aytganda, Sitseron risolalarida notiqlarga beriladigan amaliy maslahatlar shu qadar ko`p, shu qadar rango-rang, shu qadar mazmundorki, bu kitobda ularning hammasini batafsil bayon etishning aslo iloji yo`q. Yozuvchi, ayniqsa, til qoidalarining katta-katta masalalaridan tortib kichkina detallarigacha shu qadar mufassal to`xtaladiki, kishi ularni o`qiganida lotin tilining bironta sohasi uning nazaridan chetda qolmagandek tuyuladi. Nasr tilining vazni va ohangdorligi, uzun va qisqa hijolarning, unli va undosh tovushlarning almashuvi, bir so`zning oxiri, ikkinchi so`zning boshida ikkita unlining qator kelishiga yo`l qo`ymaslik, so`zlarni to`g`ri talaffuz etish, grammatik qoidalarga katta e’tibor berish va shularga o`xshash yana birmuncha masalalar Sitseronning risolalarida to`la ifodasini topgan,

Sitseron o`zining nazariy xulosalarini uzoq yillik amaliy faoliyatida to`la-to`kis tatbiq etadi.

Notiqning sud tartiblariga kiritgan muhim yangiliklaridan biri shundaki, u hech qachon o`ziniig nutqlarini, eski notiqlar singari, muhokamaga quyilgan masalalar doirasi bilan chegaralab o`girmasdan, fikr va mulohazalarini kengroq ifodalash maqsadida, ba’zan yo`lakay, ba’zan batafsil, turli-tuman masalalarga taqalib o`tadi. Uning, deyarli hamma nutqlarida uchraydigan siyosiy masalalar haqidagi mulohazalar, jamiyatdagi ahvollar, sudlardagi tartiblar, ayrim kishilarning kirdikorlari to`g`risida bayon qilinadigan fikrlar va, nihoyat, muallifning axloq, adabiyot, falsafa masalalariga doir muhokamalari - shu yangiliklarning ifodasidir. Masalan, Sitseron g`ayri qonuniy yo`l bilan Rim fuqarosi huquqini olgan shoir Arxiyni himoya qilib gapirganida, o`zining da’volarini yuridik dalillar bilan isbotlab o`tirmasdan, nazmning ahamiyati, ulug` shoirlarning vatan oldidagi xizmatlari to`g`risida anchagina maqtovli so`zlar aytib, Arxiydek mo`tabar shoirga Rim fuqarosi huquqini berish - sud hay’ati uchun faxrli bir sharaf ekanligini ta’kidlaydi.

Sitseronning ritorik asarlarida tantanali ulug`vor nutqning ta’sirchanligi haqida anchagina so`z aytilganligini yuqorida qayd qilib o`tgan edik. Notiq bu uslubning qanchalik nodir ustasi ekanligini amaliy faoliyatida ravshan ko`rsatadi. Sitseron nutqlarining xotima qismlarida, ayniqsa, ko`proq ishlatiladigan tumtaroqli balandparvoz iboralar, a’zoyi badanni harakatga keltirib, ma’budlarga qarata aytiladigan xitob va nidolar, adolat va erkinlik sha’nga o`qiladigan tahsin va maqtovlar - haqiqatan ham tinglovchilarda kuchli taassurot qoldirib, ishning notiq foydasiga hal qilinishini ta’min etardi. Biroq Sitseronning notiqlik nafosati faqatgina tantanali so`zlar doirasi bilan chegaralanib qolmaydi. Uning nutqlarida ulug`vor uslub bilan birga oddiy iboralar, mo`’tadil tasvirlar bab-baravar qadam tashlab boradi. Biz hatto yolg`iz bir nutq davomida salobatli so`zlarning hazil-mutoyiba bilan, ehtirosli qizg`in xitoblarning oddiy va beozor muloyimlik bilan galma-gal almashib turishini juda ko`p uchratamiz. Bir maromda oqqan so`z bilan tinglovchini toliqtirib qo`ymaslik uchun so`z davomida ko`tarinki uslubni bir parda pasaytirib, sud ishiga aloqador bo`lgan kishilarning goh salbiy, goh ijobiy xarakteristikasini berish, ilgari o`tgan mashhur zotlar haqidagi biron latifani eslatib ketish, lozim bo`lib qolsa ba’zi bir hayotiy manzaralarni, dramatik voqealarni tasvirlab o`tish, yo bo`lmasa, o`rniga qarab, qandaydir biron hikmatli so`z, maqol yoki qochiriq gapni qistirib ketish - Sitseronning eng sevgan usullaridandir. Bu xildagi ijobiy vositalar barobarida ba’zi bir zo`raki, yasama holatlarni, mubolag`ador gaplarni xam Sitseron nutqlarida uchratish mumkin. CHunonchi, Katilinaga qarshi aytilgan nutqida Sitseron bu odamning go`yo Rimga o`n ikki tomondan o`t qo`ymoqchi bo`lganini, halol kishilarning bittasini ham tirik qoldirmaslikka qasd qilganini ko`pirtirib gapiradi. Ba’zi kezlarda aybdorning himoyasiga oxirgi so`zni aytayotganida behosdan to`xtalib, bamisoli sahnadagi artist singari yig`lamsirash, yo bo`lmasa gunohkorning qizchasi yoki o`g`ilchasini baland ko`targan holda xo`rsinib-xo`rsinib sudlardan bolaning otasiga rahm qilishni o`tinib so`rash hodisalari ham Sitseron faoliyatida onda-sonda uchrab turadigan holdir.

Sitseron o`zining har bir nutqini yozishga o`tirganida, bu nutqning faqatgina mazmundorligiga, jumlalarning to`g`riligi, so`zlarning rango-rangligiga e’tibor qilish bilan kifoyalanmasdan, tilining ohangdor bo`lishiga ham katta ahamiyat bergan. Lotin nazmida birinchi marta vazn sistemasini qo`llab bu sohada ajoyib natijalarga erishgan kishi Sitserondir.



Nihoyat, Rim respublikasining so`nggi yillari, zamonasining atoqli davlat arboblari, muallifning yor-do`stlari, shaxsiy hayoti, tabiati, sevinch va tashvishlari haqida qimmatbaho ma’lumotlar beradigan manbalardan yana biri - Sitseronning maktublaridir. Shu bilan birga Sitseron uslubining boshqa asarlarda ko`rinmagan ba’zi bir nozik tomonlarini faqatgina uning maktublarida uchratish mumkin. Har bir xatning qanday odam nomiga yozilayotganligiga qarab, ularning ohangi ham turlicha bo`ladi. Masalan, sezar, Pompey yoki shularga o`xshash yirik davlat arboblariga yozilgan maktublarda muallif o`zini odob, sadoqat va mutanosiblik doirasida ushlasa, qarindosh-urug`lari, yoronlari va sirdosh kishilariga yuborgan xatlarida tamomila erkin turib, hazil-mutoyibalarni, qochiriq gaplarni, piching va kinoyalarni bemalol ishlataveradi. Yaqin kishilarga yozilgan maktublarining o`ynoqiligi, samimiyligi ularga allaqanday tabiiy husn bag`ishlaydi va Sitseronning naqadar noyob uslub sohibi ekanligini ko`rsatadi.

Sitseron o`zining tabiiy iste’dodi va zahmatkashligi orqasida, umuman, lotin tili va, xususan, lotin nasrining rivojiga kuchli ta’sir o`tkazadi, unga ajoyib badiiy sayqal berib, nozik tuyg`ular va murakkab fikrlarni ifoda eta oladigan qudratli madaniy vositaga aylantiradi. Binobarin, Yevropa madaniyatining rivoji va ravnaq topishi yo`lida ko`rsatgan xizmatlari jihatidan Rim yozuvchilarining birontasi Sitseronning oldiga tusholmaydi. Yangi zamon kishilari Sitseronga proza janrining beqiyos dahosi, notiqlik san’atining ulug` timsoli deb qaraydilar. Uning shuhrati hatto o`rta asrning mudhish yillarida ham so`nmaydi. Uyg`onish davriga kelganda Sitseronning dovrug`i, ayniqsa, juda ham ortib ketadi: ulug` gumanistlar o`zlarining falsafiy va adabiy faoliyatlarida laoin tilining benuqson namunasi sifatida, faqatgina, Sitseron uslubiga ergashadilar. XVIII asrning ma’rifatparvarlari Volter, Didro, Monteske, Mabli va boshqalarning ijodida ham Sitseronniig kuchli ta’sirini ko`rishimiz mumkin. Shu asrdagi burjua inqilobining yirik namoyandalari Mirabo hamda Robesper notiqlik san’ati bobida ko`proq Sitseron usullaridan foydalanganlar.
Yüklə 71,46 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə