O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti soatov n. M., Tillaxo‘jayeva g. N



Yüklə 6,68 Mb.
səhifə3/165
tarix27.04.2023
ölçüsü6,68 Mb.
#107102
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   165
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi T

KIRISH


O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiyalash, xususiy mulkning o‘rni va ta’sirini kengaytirish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik sohalari uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratish va rag‘batlantirishni hozirgi vaqtda hayotning o‘zi taqozo etmoqda.


Prezident I.A.Karimov bundan besh yil oldin respublika Oliy Majlisida qilgan ma’ruzasida bu dolzarb masalalarni yechish uchun malakali kadrlar va mutaxassislar yetishmasligi, tafakkurimizning oqsoqligi har qadamda to‘g‘onoq bo‘lib turishi haqida eslatib o‘tgan edi.
Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni kengaytirish bilan bir vaqtda oliy ta’lim tizimini tubdan yaxshilash, isloh qilish bugungi kunda eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa, birinchi navbatda, oliy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat Talablarda ko‘zlangan fanlarning mazmuni va o‘quv dasturlarini xalqaro andozalarga moslashtirib takomillashtirishni talab qiladi.
Zamon talablari darajasida yangi darsliklar avlodini yaratish konsepsiyasiga muvofiq 2003 yilda Abu Ali ibn Sino nomli Tibbiyot nashriyoti tomonidan “Statistika” darsligi chop etilgan edi. Ushbu kitob bu darslikni qayta ishlash mahsulidir. Kuchli tahririy ishlar va ayrim ikkilamchi masalalarni chiqarib tashlash natijasida darslikning umumiy hajmi ikki marotaba ixchamlashgan. Shu bilan birga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalaridan keng foydalanish hisobiga uning mazmuni boyigan. Har bir mavzu masalalarini bayon etishda dasturlangan o‘quv texnologiyasi tamoyillari qo‘llanilgan. Jumladan, asosiy ilmiy tushuncha va kategoriyalar hamda nazariy masalalar mazmunini oydinlashtirish uchun dastlab ular muhim mantiqiy tuzilmaviy elementlar va xarekterli jihatlariga ajratilib, sxema – tarhlar, chizma va boshqa ko‘rgazmali shakllar orqali tasvirlangan. So‘ngra ular har taraflama izohlanib, hayotiy misollar yordamida tushuntirib berilgan.
Ushbu nashrda ayrim mavzularga bag‘ishlangan bo‘limlar, masalan, statistika predmeti va metodi, statistik kuzatish uslubiyati, dinamikani statistik o‘rganish usullari, iqtisodiy indekslar va boshqalar muammoli ma’ruzalari tamoyili asosida bayon etilgan. O‘rtacha miqdorlar va tuzilmaviy o‘rta ko‘rsatkichlar, variatsiya ko‘rsatkichlari, ilmiy gipotezalarni statistik tekshirish, dispersion, korrelyatsion va regression tahlil masalalari ko‘p hisoblash ishlari bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun axborotlar texnologiyalaridan foydalanish zaruriyati va yo‘llariga e’tibor jalb qilingan.
Har bir bob qo‘shimcha adabiyotlar ro‘yxati, qisqacha xulosalar, asosiy atama va tushunchalar, mustaqil ishlash uchun savollar va topshiriqlar bilan yakunlangan. Shu sababli ushbu darslik talabalar statistik bilimlarni o‘zlari o‘rganishni tashkil etishda muhim qurol bo‘lib xizmat qila oladi degan umiddamiz.
Ta’kidlash joizki, sobiq sovet tuzumining boshlang‘ich davrlaridayoq, statistikani markazlashgan totalitar boshqarish maqsadiga bo‘ysundirish, uning samarali quroliga aylantirish niyatida rejali xo‘jalik sharoitida u o‘zining nazariy asoslaridan ajralishi va statistika fani yo‘qolishi haqida «nazariya» to‘qilgan edi.
Natijada statistika xalq xo‘jaligi hisobining bir turi sifatidagina qaraldi, uning nazariyasi esa ehtimollar nazariyasi bilan birlashtirilib, matematikaning tarkibiy qismi deb talqin etila boshlandi.
Keyinchalik 50-yillarda yangi ijtimoiy fan sifatida statistika nazariyasi haqida kurs yaratildi va matematik statistika bilan bir qatorda u oliy o‘quv yurtlari rejalaridan o‘rin egalladi. Natijada statistika nazariyasi mustaqil ikkita o‘quv kurslari bo‘lib qoldi. Afsuski, hanuzgacha bu masalaga ayonlik kiritilgani yo‘q, vaholanki butun dunyoda yashnayotgan erkin bozor iqtisodiyoti mamlakatimizda ham bunyod etilmoqda va u tovar ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar erkin harakati uchun sharoit yaratmoqda, demak, tasodifiy jarayonlar hayotimizda kechmoqda.
Barcha bozor iqtisodiyoti rivojlangan va taraqqiy eta boshlagan mamlakatlarda, ularning universitetlari va oliy maktablarida yagona statistika kursi o‘qitilib kelindi va hozirgi kunda o‘qitilmoqda. Ko‘p yillar davomida sinovlardan o‘tgan mazkur boy tajribani hisobga olib, universitet va institutlarimizda ham ularning yo‘nalishlaridan qat’iy nazar, yagona statistika kursini o‘quv jarayonlarida qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu bilan birga oliy ta’limning iqtisodiy yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarda statistik tafakkur bunyod etish sohasida yurtimizda to‘plangan tajribalardan voz kechish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Bunda statistika nazariyasi bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy statistika va tarmoq statistikalari o‘qitib kelinganligi nazarda tutilmoqda. Bu statistika sohalariga xos masalalar ham yagona statistika kursidan fan nazariyasi va uslubiyati bilan uzviy bog‘langan va izchil uyg‘unlashgan holda yoritilishi lozim.
Moliya, buxgalteriya hisobi va auditdan tashqari barcha boshqa umumiqtisodiy yo‘nalishlar va ixtisosliklar bo‘yicha bakalavr darajasida yuqori malakali iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash o‘quv rejalarida yagona «Statistika» kursi ko‘zlangan bo‘lib, uning o‘quv dasturi esa yuqorida bayon etilgan mazmunda tuzilgan. Ana shu hujjatga muvofiq ushbu darslik tayyorlandi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ko‘p yillar davomida fanni o‘qitish jarayonida to‘plangan tajribalar umulashtirilgan. Ushbu kitob kamchiliklardan xoli emasligini mualliflar oldindan e’tirof etib, uning mazmuni bo‘yicha qilingan xolisona taklif va maslahatlarini bajonidil qabul qilishini bildiradi va sezgir kitobxonlar o‘z fikrlarini quyidagi manzilgohga yozib yuboradilar deb umid qiladi: Toshkent - 700181, Akmal Ikromov tumani, Ibragimov ko‘chasi, 98-uy.
Mualliflar

Yüklə 6,68 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   165




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə