O‘rta asrlarda sharq falsafasining rivoji reja



Yüklə 187,39 Kb.
səhifə1/3
tarix22.11.2017
ölçüsü187,39 Kb.
#11614
  1   2   3

O‘RTA ASRLARDA ShARQ FALSAFASINING RIVOJI
Reja:

1. Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharqda o‘rta asrlar falsafasi (VIII-XII asrlar)

2. Temur va Temuriylar davrida Markaziy Osiyoda ijtimoiy-falsafiy fikr

3. XVI – XVII asrlarda Markaziy Osiyoda ijtimoiy-falsafiy fikr

4. XVII asrdan XIX asrning birinchi yarmigacha ijtimoiy-falsafiy fikr

6. Hindiston, Xitoy va Uzoq Sharqda falsafa rivojining asosiy bosqichlari

5. XIX asr - XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ma'rifatparvarlik va ijtimoiy-siyosiy tafakkur taraqqiyoti

1. Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharqda o‘rta asrlar falsafasi (VIII-XII asrlar)
Markaziy Osiyo arablar istilosigacha mayda feodal mulklarga bo‘lingan edi. VII asrning oxiri- VIII asrning boshlarida Mavoraunnahr1 xalqlari Arab xalifaligi hokimiyati ostida qoldilar. Arab yarim oroli islomning kelib chiqishi arafasida urug‘-qabilachilik munosabatlarining inqirozi bosqichida edi. VI - asrda arab qabilalari o‘rtasida markazlashishga bo‘lgan tamoyil kuchayib boradiki, u o‘z ifodasini xaniflarning (voizlarning) qabila sanamlariga (shirk) qarshi qaratilgan yakkaxudolikni (tavhid) targ‘ib qilishlarida topadi. Oxirgi xaniflardan biri Quraysh qabilasidan kelib chiqqan Muhammad (570-632) edi. Muhammad va uning sahobalarining faoliyati natijasida xanafiylik yangi diniy oqim islom sifatida shakllandi.

Islom Arabistonda arablarning sinfiy jamiyatga o‘tish va Arab davlatining tashkil topishi davrida paydo bo‘ldi. Ilk islomning bosh yodgorligi bo‘lgan Qur'onda mutlaq yakkaxudolik asosiy aqida bo‘lib, arab qabilalarining yagona davlat hokimiyatiga birlashishini ifodalar edi.



Qur'on (arabcha qara'a – o‘qimoq) musulmonlarning asosiy muqaddas kitobi bo‘lib, ular uni eramizning VII asrida Muhammad payg‘ambar tomonidan yetqazilgan ilohiy vahiy, deb tan oladilar. Bizgacha yetib kelgan ko‘rinishda Qur'on 114 suraga (boblar) bo‘lingan bo‘lib, suralarning uzunidan qisqa tomonga borishi tartibida tuzilgan. Har bir sura sarlavhaga ega: masalan, «Baqara» («Sigir»), «Yunus», «Hadid» («Temir»), «Shams» («Quyosh»). Qur'on Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan keyin to‘plashga boshlandi. Rivoyat qilishlaricha, uning birinchi rasmiy matni xalifa Usmon (644-656) davrida tahrirdan chiqqan. O‘rta asrlarda muomalada bo‘lgan Qur'onning boshqa nusxalari bizgacha yetib kelmagan. Qur'onning rasmiy Usmon matni VII asrning boshlarigacha o‘zgarishlarga (qisqartirishlar va qo‘shimchalarga) duchor bo‘ldi. Unli belgilar unga VII asrning oxirlarida kiritildi.

Qur'on mazmuni xilma-xil bo‘lib, undagi materiallarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:



  1. afsunarlik (shemanlik) o‘qishlari; 2) narigi dunyo, ya'ni oxirat; 3) qadimgi arablar og‘zaki ijodi; 4) yahudiylik va xristianlikning mazhabiy aqidalari va afsonalar; 5) huquqiy me'yorlar. Bu materiallarning barchasi Qur'onda tizimga solinmagan holda joylashtirilgan. Qur'on xususiy mulkni saqlash va qo‘riqlashga alohida diqqat-e'tibor qaratadi. Shuning uchun Qur'onda mulkni merosga olish, vasiylik va boshqalar haqida aniq ko‘rsatmalar bor. Mulkiy va ijtimoiy tengsizlikni (jumladan, qullikni) Qur'on Alloh tomonidan o‘rnatilgan tartib hisoblaydi.

Qur'on va Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar hadislari amriga ko‘ra, insonlar o‘rtasida haqiqiy va adolatli munosabatlar o‘rnatishning asosiy va zaruriy sharti tinchlikdir. Bundan tashqari, haqiqiy musulmon – bu hamma vaqt adolat uchun murosasiz ravishda dadil kurashadigan kurashchidir. Ammo buning uchun, uning dini bu oliy tushunchaga qanday ma'no sig‘dirganligini bilish uchun, uning o‘zi yetarli darajada yaxshi bilimlar bilan qurollangan bo‘lmog‘i lozim. Masalan, u shuni bilmog‘i lozimki, ijtimoiy adolat ostida islom odamlar orasida qandaydir majhul va mutlaq tenglikni emas, balki hayotning barcha muhim sohalarida, ya'ni ijtimoiy foydali mehnat, ta'lim-tarbiya olish, ijtimoiy himoyalanish, tibbiy yordamdan foydalanish va boshqa ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha barcha uchun teng imkoniyatlar yaratishni ko‘zda tutadi. Odilona yo‘l tutgan xalifalar davri umumiy tarzda ana shunday alomatlar bilan belgilangan edi. Ma'lumki, xalifa Umar ibn al-Xattob Islom amr qilgan kishilar jamoasi hayot tarzidagi axloqiy munosabatlarning asosiy me'yorlarini hayotga tatbiq qilishda ayniqsa mashhur bo‘lgan edi. U hyech ikkilanmasdan qudratmand va boy kishilar adolatsizlik qilganda ojizlar tomonini olar edi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning ko‘plab boshqa sahobalari ham bunday mustahkam qoidalarga tayanar va unga rioya etar edilar.

Qur'onga qo‘shimcha sifatida Muhammad (s.a.v) payg‘ambarga nisbat beriladigan, u kishining hatti-harakatlari va hukmlarini hikoya qiluvchi juda ko‘p xadislardan iborat sunna (musulmoncha muqaddas rivoyatlar) vujudga keltirildi. Sunnada xalifatdagi qarama-qarshi ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy kurash, hamda islomga boshqa dinlar va qadimgi ellinistik falsafiy tizimlar ta'siri o‘z aksini topgan.

Ma'lumki, Qur'on islom qonunchiligining asosidir. Hadislar esa, uning murakkab joylarini qisqacha tushuntirib, yangi qirralarini ochib, umumiy joylarini muayyanlashtirib, uni to‘ldiradi. Hadislar – Muhammad (s.a.v.) nasihatlari ham bo‘lib, musulmonlarni hayotning barcha sohalariga yo‘naltiradi. U kishi shunday degan: «Men sizlarga ikki narsani qoldirdim, agar sizlar uni mahkam ushlasangizlar, hyech qachon adashmaysizlar, bu –Qur'on va mening sunnatimdir»2.

Muhammad (s.a.v) payg‘ambarning birinchi sahobalaridan boshlab, haqiqiy musulmonlar hamma vaqt u kishining rivoyatlari va aytganlari haqida ishonchli bilimga ega bo‘lishga va uni o‘rganishga alohida e'tibor berdilar. Ularni esda saqlab, ehtiyotkorlik bilan boshqa odamlarga yetkazishga harakat qildilar. Muhammad (s.a.v.) hayotlari vaqtida islom shariatining asosi Qur'on va u kishining o‘zlarining namunaviy hayoti – sunna edi. Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan keyin islomning juda tez va keng tarqalishi diniy ilmlar qonun-qoidalarini rivojlantirishni dolzarb zaruriyatga aylantirdi. Bu maqsadda juda tezlik bilan turli-tuman joylarda ko‘plab markazlar shakllana boshladi.

Hadislar ishonchli deb faqat shundagina tan olinishi mumkin ediki, uni rivoyat qiluvchilar zanjirining barcha bo‘g‘inlari aniqlangan bo‘lsa, hadislar to‘plamining eng ishonchlisini bizning vatandoshimiz imom va al-Buxoriy yozgan. U kishi hadislarni fiqh bo‘yicha, unga muvofiq keladigan boblarga bo‘lib, joy-joyiga qo‘yib tasnif qildi. Shunday usuldan imom Muslim ham foydalandi. Keyinchalik ularning har ikkisi izidan mashhur muhaddislar Abu Dovud, An-Nasam, at-Termiziy va Ibn Mojalar bordilar.

Olimlar bu olti muhaddis to‘plamlariga katta e'tibor berib, ularni talqin va sharhlash bilan shug‘ullandilar. Hijriy uchinchi asr (X asr) hadislar to‘plash tarixida oltin davr hisoblanadi. Hadis ilmi taraqqiyotining ana shu noyob, sermahsul davridagina yuqorida aytilgan olti buyuk muhaddis va ko‘plab boshqa olimlarning asarlari o‘zining butun go‘zalligini namoyon qildi. Bu ajoyib islom fidokorlari zumrasi o‘zlarining asarlarida Payg‘ambar hadislarining mutlaq ko‘pchiligini qamrab olib, keyingi keladigan butun musulmon avlodlariga rivoyatlarning ishonchliligini o‘rganishda mustahkam asos soldilar.

Arablar istilosi natijasida yangi imperiya - Arab xalifati tashkil topdi.

Arablar hukmronligiga qarshi bo‘ysundirilgan xalqlarning chiqishlari ko‘p hollarda islomga qarshi mahalliy diniy aqidalarning kurashi shaklida namoyon bo‘lar edi. Xalifalikning o‘zida esa, hokimiyat uchun feodal guruhlari o‘rtasidagi kurash ham diniy tus kasb etib, turli mazhablar va oqimlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar shaklida namoyon bo‘lar edi. Xavorijlar harakati – bu ijtimoiy quyi tabaqalarning feodal guruhlarining zo‘ravonligiga qarshi kurashi bo‘lib, oddiy arab-musulmon va mahalliy aholi manfaatlarini ifodalar edi.

Xavorijlarning ta'limoti barcha musulmonlarning tengligini targ‘ib qilar edi. Ular fikricha, kelib chiqishidan qat'iy nazar, hatto u qora tanli qul bo‘lsa ham, agar u mo‘min bo‘lsa, har qanday odam xalifa bo‘la oladi. Ular imom-xalifaga davlatpanoh yoki muqaddas ruhoniy shaxs sifatida emas, balki mo‘minlarning vakolatli dohiysi va ular manfaatini himoya qiluvchi kishi sifatida qarar edilar. Xalifani saylash va bo‘shatish, sud ishlari va o‘limga hukm etish masalalari jamoaga tegishli bo‘lishi kerak edi. Har qanday musulmon jamoasi o‘z imom yoki xalifasini saylashi mumkin edi. Shuning uchun xavorijlarning ko‘pchilik yo‘lboshchilari o‘zlarini imom yoki xalifa deb atar edilar.

Ali va uning avlodlarining hokimiyatga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlovchi uning tarafdorlari islom tarixiga shialar (shia-firqa) nomi bilan kirdilar. Shialar islom sunnasini tan olmay, uni yolg‘on, Alining hokimiyatga bo‘lgan huquqini inkor etuvchi deb bilib, o‘zlarining sunnalari bo‘lgan «Axbor» ni vujudga keltirdilar. Shialar sunniylarning yetti aqidasiga qarama-qarshi ravishda, asosan besh aqidani tan olar edilar: tavhid (yakkaxudolik), adl (adolatlilik), nubuvvat (payg‘ambarlik), imomat (imomlar hokimiyati), qiyomat (qayta tirilish). Shialikdagi asosiy masala shialarning hokimiyat va davlatga nisbatan bo‘lgan nuqtai nazarlarini ifodalovchi imomat haqidagi aqidadir.

Shunday qilib, aynan islom tarixining tong otaridayoq, unda ijtimoiy-siyosiy xususiyatga ega bo‘lgan ixtilof paydo bo‘ldi. Shu jihatdan ismoiliylar va qarmatiylik mafkurasi boshqalardan ko‘ra o‘ziga xosdir.

Ismoiliylar tariqati VIII asrning o‘rtalarida shialik ichidagi ixtilof natijasida paydo bo‘ldi. Murosasiz shialar xalifalarga qarshi kurashni davom ettirish maqsadida alohida tariqatga birlashdilar (tariqatning nomi otasi imom Jafar as-Sodiq tomonidan imomlik merosidan mahrum etilgan Ismoil (vaf. 762) ismidan olingan).

Ismoiliylar, ta'qiblardan yashiringan Ismoilning o‘g‘li Muhammadni imom sifatida tan oldilar. Shunday qilib, ismoiliylar orasida yashiringan imomga ishonish paydo bo‘ldi. Yashiringan imomlar nomidan ish ko‘ruvchi targ‘ibotchilar, yashirin tashkilotlar paydo bo‘ldi. O‘z atroflariga mazlumlarni to‘plagan ismoiliylar xalifalikning turli mintaqalarida qo‘zg‘olonlar ko‘tardilar. Ismoiliylikning bir shahobchasi asosila IX-X asrlardagi dehqonlar harakatida katta o‘rin tutgan qarmatiylik tashkil topdi. Qarmatlar izdoshlarining asosiy qismi dehqonlar va kambag‘allardan iborat edi. Qarmatlar Bahraynda o‘z davlatlarini tashkil qildilar. Unda o‘ziga xos shaklda tenglik, demokratiya va o‘zaro yordam mavjud edi. Ammo teng huquqlilikdan faqat qarmatlarning o‘zlari foydalana olar edilar. Barcha asrga tushgan kishilar va qarmatlarga mansub bo‘lmaganlar qullarga aylantirilar va barcha huquqlardan mahrum etilardilar. Qarmatlar islomning hyech qanday rasm-rusumlarini bajarmas, sudxurlikka yo‘l qo‘ymas, muhtojlarga bepul yordam ko‘rsatar va soliqlarni bekor qilgan edilar. Qarmatlar ta'limoti ilg‘or mutafakkir va adiblar o‘rtasida shuhrat qozongan edi. Rudakiy, Al-Maariy, Nosiir Xisrav, Ibn Sino va boshqalar qarmatlar g‘oyasini qo‘llab-qo‘ltiqlagan edilar.

Ismoiliylar ta'limoti, ularning bir-biridan farq qiluvchi ikki turli guruhlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ikki qismga bo‘linar edi: tashqi, yoki ekzoterik (zohir) va ichki, yoki ezoterik (botin). Tashqi ta'limot, oddiy e'tiqod qiluvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, shialarning oddiy pand-nasihatlari va rasm-rusum talablaridan ko‘pam farq qilmas edi. Ichki ta'limot faqat yuqori bosqichlarda turgan, ko‘p narsa biluvchi tariqat a'zolariga mo‘ljallangan bo‘lib, Aflotun, Arastu, yangi aflotunchilik, yangi pifagorchilik, xristian gnostitsizmi ta'limotlari ta'siri ostida tashkil topgan murakkab tizimni tashkil qilar edi. Bu tizim bo‘yicha barcha mavjud narsalarning yagona ibtidosi oliy sir (al-g‘ayb ta'olo) bo‘lib, hyech qanday sifatlarga ega bo‘lmagan, nomuayyan, bilib bo‘lmaydigan, abadiy osoyishtalikda turgan, ya'ni «mutlaq-xudo»dir. U ijodiy javhar bo‘lgan Umumiy aql (aql al-kull) ni ajratib chiqardiki, u xudoning barcha sifatlariga egadir. Shuning uchun barcha ibodat va duolar unga qaratilgandir. Umumiy aql o‘zidan nur chiqarib-umumiy ruhni (nafs al-qull) vujudga keltirdi. Nomukammal bo‘lgan Umumiy ruh o‘zidan nur chiqarib-birlamchi moddani (hayyulo), u esa-yer, osmon va barcha yirik mavjudotlarni vujudga keltirdi. Bundan keyingi emanatsiya bosqichlarida-makon, zamon, komil inson kelib chiqdi. yetti bosqichdagi emanatsiya shunday tarzda vujudga keldi.

yetti bosqich umumiy xususiyatga ega bo‘lib, katta dunyo (makrokosm) ga ham, kichik dunyo bo‘lgan insonga ham xosdir. Demak, payg‘ambarlar va ularning yordamchilari ham yettita bo‘lgan, negaki, insoniyat tarixi yetti davr payg‘ambarligi: Odam, Nuh, Ibrohim, Muso, Iso, Muhammad (s.a.v.) va kelajakdagi Qoimdan iborat. Ismoiliylarning tabaqalanishi ham yetti bosqichdan tashkil topgan: notiq, somit, imom-barcha ismoiliylar boshlig‘i, hujja-mintaqaviy tashkilot boshliqlari, doya-mahalliy tashkilot boshliqlari, mazun - yashirin ta'limotni o‘rganishga ruxsat etilgan tashkilot a'zosi, va, nihoyat, mustajot - tashkilotga yangi kirgan, oddiy ismoiliy bo‘lib, unga yashirin ta'limotni o‘rganishga ruxsat berilmagan. Qarmatlarda ham ismoiliylarnikidan ayrim bir xususiyatlari bilangina farqlanadigan ilohiyot va falsafaga doir tizim mavjud edi.

Islom falsafasi ellinizm davrining falsafiy an'analari bilan yaqindan bog‘liqdir. Edessa (489) va Afina (529) dagi falsafiy maktablar yopilgandan keyin, Vizantiya cherkovi tomonidan nestorian va monofiziylarning ta'qib etilishi munosabati bilan ellinistik an'analarning Osiyoda yoyilishi Suriya va Eronga vizantiyalik olimlarning muhojirati bilan bog‘liq edi. Nisibin (Suriya) va Jundashopur (Eron) shaharlari nestorian va monofizitlarning falsafaga doir ishlarining asosiy markazlariga aylandi. Tabiblar, olimlar va faylasuflarning mashhur Iskandariya maktabi ham arablar hukmronligi ostida o‘z ishini davom ettirdi.

Suriya, Eron, Misr va Iberiya yarim orolida mavjud bo‘lgan aramey, yunon va lotin tillarini o‘rnini olgan arab tili xalifatda yashovchi arablar, forslar, turklar, barbarlar va boshqa xalqlarni madaniy jihatdan birlashtiruvchi qurolga aylandi. U turli irqiy guruhlarga mansub ma'lumotli kishilarning aloqa vositasiga, ya'ni fan va madaniyat tiliga aylandi.

O‘zining ilk bosqichida islom Makka xanifiyligining mafkurasi edi. VII-VIII asrlar orasida diniy e'tiqod masalalari bo‘yicha muhokama va bahs yuritadigan birinchi ilohiyot to‘garaklari va maktablari paydo bo‘la boshladi. Iroda erkinligi va taqdirga ishonish masalasi keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Qur'onda unga ham, bunga ham muvofiq keladigan va bunday fikrlarni mustaxkamlaydigan oyatlarni topish mumkin edi. Ilk islomda insonning taqdiri va hatti-xarakatlari Xudo tomonidan belgilab qo‘yilgan degan e'tiqod rasm bo‘lgan ediki, Qur'onda ko‘rsatilgan insonning o‘z hatti-harakati uchun javobgarligi va gunoh ishlari uchun Xudo tomonidan jazolanishi haqidagi aqidaga qarama-qarshi edi. Ilgarilari unchalik anglanmagan ushbu qarama-qarshilik, ilohiyotchilar fikrini va diqqat-e'tiborini borgan sari ko‘proq jalb qila boshladi.

Agar Xudoning o‘zi tomonidan taqdirda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, inson qanday qilib o‘zining gunohli hatti-harakatlariga javob beradi? Agar xudo yomonlik manbai bo‘la olmaydigan bo‘lsa, u qanday qilib insonning gunohli ishlarini oldindan belgilab qo‘yadi? Insonning o‘z ishlari uchun javobgarligi, uning o‘z hatti-harakatlarida iroda erkinligiga egaligini ko‘rsatmaydimi, va gunohli ishlar xudo tomonidan belgilab qo‘yilishi mumkin emasmi? Bunday qarama-qarshiliklarni din o‘zining u yoki bu aqidasidan voz kechmasdan hal qilishga kuchi yetmaydi. Bu masala bo‘yicha bahslar VII-IX asrlar davomida jabariylar (arabcha-jabariya –majbur qilish, zo‘rlik, jabr), ya'ni insonning barcha hatti-harakatlari uning taqdirida azaldan belgilab qo‘yilgan degan fikr tarafdorlari bilan qadariylar (arabcha-qadariya-hokimiyat, ya'ni insonning o‘z hatti-harakatlari ustidan hokimiyati) o‘rtasida olib borildiki, ular fikricha, xudo adolatli bo‘lib, yomonlik manbai bo‘la olmasligi tufayli, gunohli hatti-harakatlar uning tomonidan oldindan belgilab qo‘yilishi mumkin emas. Demak, inson o‘z harakatlarida ozod bo‘lib, uning oqibatlari uchun haqtu Alloh oldida javob bermog‘i lozim.

Katta gunoh, taqdir va iroda erkinligi haqidagi masalalar sof diniy aqidaviy xususiyatga ega bo‘lib ko‘rinsalar ham, ular behuda emas edilar. Ular o‘sha zamonning muayyan siyosiy muammolari bilan yaqindan aloqador edilar. Masalan, og‘ir gunohning kechirib bo‘lmasligi tarafdori bo‘lgan xavorijlar Ummaviylar hokimiyatining qonuniyligini, ular islomda hokimiyat uchun urush boshlaganliklari uchun mo‘minlar qatorida hisoblamasdan, tan olmas edilar. Ana shu yerdan xalifa taxtini zo‘rlik bilan qo‘lga olganlarga nisbatan kurash olib borish zaruriyati kelib chiqar edi. Murjiylar esa, buning aksicha, ummaviy xalifalar hokimiyatini qo‘llab-qo‘ltiqlar edilar. Ularning fikricha, Ummaviylarni gunohlari uchun dinsiz hisoblash mumkin emas, nega deganda ular musulmon va xalifalardir. Ularga bo‘ysunish barcha musulmonlarning burchidir. Taqdir haqidagi bahs ham xuddi shunday siyosiy ahamiyatga ega edi. Taqdiri azalni tan olish Xudo tomonidan Muhammad (s.a.v.) risolatini oldindan belgilanganligini, demakki, Payg‘ambar vorislari bo‘lgan xalifalar hokimiyati qonuniyligini tan olish ma'nosini berar edi. Baraks, iroda erkinligi g‘oyasi, xalifalar hokimiyati qonuniyligini shubha ostida qoldirar edi. Shuning uchun jabariylar xalifalar tarafdori hisoblanar, qadariylar, shialar va ba'zi boshqa mazhab va oqimlar esa, ko‘p hollarda xalifalar hokimiyatiga qarshi harakatlar boshida turar edilar3.

Taqdirning belgilanganligi g‘oyasi doimo «Muqaddas urush» olib borib, qo‘shni mamlakatlar xududlari va xalqlarini bosib olayotgan xalifalarga qo‘l kelar edi. Ikkinchi tomonlan bu g‘oya xarbiylarning o‘z taqdiriga ishonchini mustaxkamlab, ularning mutaassibligi va dadilliklarini oshirar edi.

Qadariylar ta'limotini keyinchalik o‘z ustozlari Hasan al-Basriyni (624-728) tark etgan shogirdlari bo‘lgan mu'taziliylar (arabcha-mu'tazila ajrab chiqqanlar) rivojlantirdilar. Mu'tazila ta'limotining asoschisi Vosil ibn Ato (699-748) edi. Bu o‘z ta'limotini aqlga tayanib bayon qiluvchi va shu davrga kelib Arab xalifaligiga Iskandariya orqali kirib kelgan yunon mantig‘i va falsafasining tushuncha va usullaridan foydalangan, birinchi falsafiy ilohiyot maktabi edi.

Mu'tazila oqimi tarixida muayyan mutafakkirlarning nomi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab guruhlar mavjud edi. IX va X asrlardagi asosiy maktablar Basra va Bag‘dod maktablari edi.

Barcha mu'taziliylar uchun umumiy birday narsa deb hisoblanadigan mezon sifatida beshta asosiy qoida (usul) xizmat qiladi:

1. Yakkaxudolik (tavhid) – ko‘pxudolik, antropomorfizm (odamlarga xos xususiyatlarning narsalar, jonivorlar va tabiat hodisalariga ham xos deb hisoblaydigan ibtidoiy tafakkur), hamda ilohiy mohiyatdan farq qiluvchi ilohiy sifatlarning haqiqiyli va cheksizligini muayyan mohiyatlar yoki ramzlar ekanligini rad qiluvchi Xudo haqidagi ta'limot.

Mu'taziliylar ilohiy mohiyatlar bilan bir xil hisoblanadigan mohiyatlar sifatini (bilim, hokimiyat, hayot) farq qilar edilar. Shuning uchun ularni cheksiz hisoblab, harakatlar sifatini (iroda, eshitish, nutq) yaratilgan deb qarab, ularni zamon bilan birga o‘sib boruvchi va o‘zgaruvchi va shuning uchun ham ilohiy mohiyatdan farq qiluvchi deb bilar edilar. Ana shu yerdan antropomorfizmni rad etish va Qur'onning yaratilganligini tan olish kelib chiqar edi.

Antropomorfizmni rad etib, ular Xudoning sifatlarini ham rad etdilar. Uni yagona, mavhum, bo‘linmas, aniqlab bo‘lmaydigan va bilib ham bo‘lmaydigan deb talqin qildilar. Abadiylik faqat Xudogagina xos bo‘lganligidan, Qur'on abadiy bo‘la olmaydi, negaki, bu narsa ikki tomonlama mangulikka olib keladi. Demak, Qur'on Xudo tomonidan yaratilgan va uning tomonidan ijod qilingan narsalardan biridir.

2. Adolat (adl) –ilohiy adolat insonning o‘z hatti-harakatlarida ozod bo‘lishini va Xudoning faqat «yaxshi» (al-aslax) ni yarata olishini nazarda tutadi. Undan hyech qanday yomonlikning chiqishi mumkin emas. Bu narsa iroda erkinligiga asos bo‘ladi va taqdirning azaldan belgilanganligini rad etishga olib keladi.

3. Va'da va qo‘rqitish (al-va'd va-l-va'id) - Xudo o‘z va'dasi va qo‘rqitishini amalga oshiradi. Agar u mo‘minlarga jannat, gunohkorlarga qo‘rqitib do‘zax va'da qilgan bo‘lsa, insonning qilmishi uchun Payg‘ambarning shafoati ham, hatto yaratganning rahm-shafqati ham, unga jazo berilishini o‘zgartira olmaydi.

4. O‘rtacha holat (al-manzila bayna-l-manzilatayn) –og‘ir gunoh qilgan musulmon, e'tiqod qiluvchilar safidan chiqadi (uni ilgarigidek dinga ishonuvchi hisoblovchi liberal murjiylarga qarama-qarshi), ammo dinsiz bo‘lib qolmaydi (qat'iyatli xavorijlar ta'lim bergandek) va ular o‘rtasida o‘rtacha holatda qoladi. Vosil ibn Ato bunday musulmonlarni gunohkorlar (fosiq) deb atadi, Hasan al-Basriy esa – ikki yuzlamachilar (munofiq) deb hisobladi. Bu narsa ular o‘rtasidagi ixtilofga sabab bo‘ldi. Mu'taziliylar fikricha, gunohkor odam musulmon jamoasi a'zosi sifatida o‘z huquqlarini saqlar, ammo xalifa yoki imom bo‘lib saylana olmas edi.

5. Buyruqlar va ta'qiqlar (al-amr va-l-ma'ruf va-n-naxi'an al-munkar) – bu qoida musulmonni barcha vositalar, shu jumladan, kuch ishlatishni ham, ya'ni qilichni ishga solishni ham istisno etmagan holda ezgulikni g‘alabasi uchun o‘z majburiyatini bajarib, uni amalga oshirishga yordam berishini talab qilar edi.

Xalifa Mutavakkil hukmronligi vaqtida boshlangan mu'taziliylarni ta'kib qilish sharoitida va umuman, «kalom»ga hujum davrida mu'tazaliy Al-Juboiy (vaf. 916) ning shogirdi va yangi «kalom» maktabi bo‘lgan ashariylikning asoschisi Abul Hasan al-Ashariy (874-933) uni an'anaviy diniy aqida bilan, ba'zida rasmiyatchilik uchungina bo‘lsa ham, murosasozlik yo‘li bilan saqlab qolishga urindi.

Shu davrdan boshlab «kalom» (arabcha-«ta'limot») nomini olgan ilk islom falsafasi ishlab chiqila boshlandi. Bu ta'limot tarafdorlarni mutakallimlar deb atadilar. Mutakallimlar an'anadan ko‘ra, aqlga tayanishning afzalligini ta'kidlar, «taqlid»ni rad etar va biror-bir nuqtai nazar va ta'limotni qabul qilishdan oldin ehtiyotkorlik jihatidan unga shubha bilan qarashni nasihat qilar edilar.



2. Temur va Temuriylar davrida Markaziy Osiyoda ijtimoiy-falsafiy fikr

(XIV-XV asrlar)
Mavoraunnahr mo‘g‘ullardan ozod bo‘lgandan keyin, 1370 yildan boshlab mamlakatda Amir Temur (1336-1405) hukmron bo‘ladi. Buyuk Temur kuchli markazlashgan davlat barpo qildi. Feodal tarqoqlikka chek qo‘yildi, ishlab chiqarish kuchlari, qo‘shni mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari rivojlandi, yer ishlari va shahar hunarmandchiligida yuqoriga ko‘tarilish kuzatildi. Qadimgi dunyo madaniyati, Mavoraunnah, Hindiston, arab mamlakatlari xalqlarining ilk o‘rta asrdagi falsafiy merosiga qiziqish ortib bordi. Bu davrning falsafiy fikri uchun xos narsa dunyoviy va diniy fanlarga murojaat, tabiatni o‘rganishga intilish, inson aqli va qobiliyatlarining ko‘tarilishi, insonning axloqiy sifatlarini qadrlash, insonparvalik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish edi.

Sa'duddin Ma'sud binni Umar Taftazoniy (1322-1392) islom falsafasi bo‘lgan kalomning yirik vakili edi. U Niso (Ashxobod) shahri yaqinidagi Taftazon qishlog‘ida tug‘ildi. Al-Ijiy va Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniy kabi mashhur olimlardan ta'lim oldi. Taftazoniy o‘ttiz yilga yaqin davr ichida G‘ijduvon, Jom, Turkiston, Hirot va Mavoraunnahrning boshqa shaharlaridagi madrasalarda dars berib, yirik olim sifatida shuhrat qozondi.

Taftazoniyning shuhrati o‘z poytaxti Samarqandga eng mashhur olimlar, hunarmandlar va ustalarni to‘playotgan Amir Temurga ham yetib keladi. U Taftazoniyni Samarqandga chaqirtiradi. Taftazoniy umrining oxirigacha saroyda yashaydi va 1392 yilning 12 avgustida vafot etadi. U Temur huzurida doimiy o‘tkazilib turiladigan ilmiy bahslarda faol qatnashar edi. U o‘zining kalom, mantiq, geometriya, she'riyat va arab tili grammatikasi sohasidagi bilimlari bilan shuhrat topgan edi.

Taftazoniyning nazariy merosi o‘rta asrlar fanining barcha sohalarini o‘z ichiga olar edi. U qirqdan ortiq asar yozgan bo‘lib, bizgacha yetib kelgan asarlaridan diqqatga sazovorlari quyidagilar: «Taxzib al-mantiq val-kalom» («Mantiq va kalomga sayqal berish»), «Maqosid fi ilm al-kalom» («Kalom ilmining maqsadlari») yoki «Maqosid at-tolibin» («Tolibi ilmlarning maqsadlari»), «Risala fi zaviyas al-musallas» («Uch burchakning burchaklari haqida risola»). Bulardan tashqari Taftazoniy o‘zidan oldingi o‘tgan mutafakkirlarning asarlariga ko‘plab sharhlar va hoshiyalar yozgan.

Taftazoniy dunyoqarashidagi diqqatga sazovor masalalardan biri qazo va qadar hamda iroda erkinligidir. Ma'lumki, iroda erkinligi masalasida ko‘plab faylasuflar har xil fikrlar bayon etishgan va inson o‘z xulq-atvorida erkinmi, ya'ni ixtiyori o‘z qo‘lidami, degan savolga javob topishga intilganlar.

Sa'duddin Taftazoniy o‘zining «Tahzib al-mantiq va al-kalom» asarida insonning xulq-atvoridagi iroda erkinligi masalasiga kengroq to‘xtaladi. Uning fikricha, har qanday olijanoblik va xayrli ishlar o‘z tabiatiga ko‘ra xudoning mohiyatidan kelib chiqadi va u hamma narsaning xoliqi sifatida xayr-sharofatning yaratganligi sababidan insonlarni yomon xulq-atvordan tiyilib turishga chorlaydi. Yomon xulqlar, gunohlar insonga xos narsalar bo‘lmasdan, ular faqat kishilarni sinash uchun yaratilgandir. Shunday qilib, uning fikricha, xudo o‘z bandalariga ikki yo‘lni «taklif» etadi, ya'ni sharafli, xayrli faoliyat ko‘rsatishni yoki nomatlub mashg‘ulotlar bilan gunohga botishni, gunohga botish esa jazoga tortilishni keltirib chiqaradi. Mutafakkirning ta'kidlashicha, xudo tomonidan ko‘proq insonlarga xayrli ishlar qilish, g‘ayrishar'iy ishlar kamroq bo‘lishi ta'kidlanadi. Qaysi yo‘lni tanlash insonning o‘z irodasiga bog‘liqdir. Shuning uchun xudo yomon xulq-atvorli insonlarni jazolaydi. Yomon xulq-atvorni qoralash xudoning irodasiga qarshi borish emas, chunki yomonlikni yer yuzida mavjudligi insonlarni poklikka chorlovchi sinovdir.



Bilish nazariyasida Taftazoniyning qarashlari Ibn Sinonikidan farq qiladi. Masalan, Ibn Sino narsa, hodisalar haqidagi ma'lumotlarni bilim deb bilsa, Taftazoniy ularni alohida his-tuyg‘u va bilim o‘rtasidagi vositaviy bosqich deb tushunadi. Ashyolar va hodisalar mavjudligi tufayli ular uyg‘otgan his-tuyg‘u shakllaridan bilim yuzaga keladi. Chunki hissiyot moddadan uning zaruriy sifatlari va aloqalari bilan birgalikda tashqi qiyofasinigina qabul qilib oladi. Shu sababdan mutafakkirning fikricha, hissiy tasavvurga ega bo‘lish uchun moddaning bo‘lishligi shartdir. Lekin aqliy, mantiqiy bilish esa moddiy asosdan ancha uzoqlashgan bo‘lib, hissiy bilimlarga qaraganda yuqoriroq bosqichda hosil bo‘ladi.

Taftazoniy fikricha, mantiq tafakkurdagi xatoliklardan xalos qiladigan vosita bo‘lib, yangi bilimlar hosil qilish zaminidir. Mantiqiy bilish shakllari tasavvurot va tasdiqotdir. Biror ashyo yoki hodisani tasavvur etish va uning to‘g‘risida hukm chiqarishda asosiy o‘rinni til bajaradi. Ong va uning belgisi nutq bir-biri bilan bevosita bog‘langandir. Biror ashyo yoki hodisani belgisi bo‘lgan so‘zlar, biror bir mazmun tufayligina qandaydir ma'no kasb etadi. So‘zlar va ularning har xil turlarini tilshunoslik fani o‘rganadi, mantiq esa muayyan mazmunga aloqador munosabatdagi belgilar o‘rnini aniqlovchi so‘zlarni o‘rganadi. Shunday qilib, Taftazoniy fikricha, mantiq fani mavhum mantiqiy ong bilan bog‘langan bo‘lib, tushuncha va hukmni ifodalovchi so‘zlar va gaplarni tahlil etadi.

Taftazoniyning asarlari o‘z ilmiy qimmatini hozirda ham yo‘qotgani yo‘q.

Mir Sayyid Sharif Jurjoniyning (1339-1413) falsafiy qarashlari va mantig‘i. Amir Temur tomonidan Sheroz fath etilishi munosabati bilan 1387 yilda u yerdagi yirik olimlar qatorida Samarqandga kelganlar orasida mashhur faylasuf va mantiqshunoslardan Ali ibn Muhammad Mir Sayyid Sharif Jurjoniy ham bor edi. Ilmiy adabiyotlarga Mir Sayyid Sharif nomi bilan kirgan Ali ibn Muhammad ibn Ali Husayniy Jurjoniy 1339 yilda Eronning Gurgon viloyati markazi bo‘lgan Astrobod shahri yaqinidagi Tog‘u qishlog‘ida tug‘ildi.

Jurjoniy yoshlik yillaridan Sharqda mavjud bo‘lgan fanlarning barcha turlari bilan shug‘ullandi. Islom falsafasi va kalom, mantiq, til masalalaridan tashqari tabiatshunoslikka doir barcha sohalarni qunt bilan o‘rganib, ular haqida katta ilmiy asarlar yozib qoldirdi.

Jurjoniy Hirot, Qohira, Stambul, Qoramon, Sheroz shaharlarida turli olimlardan bilim o‘rgandi. 1387 yili Samarqandga kelgan Jurjoniy, bu yerda 20 yil samarali ijod etdi va faqat Temur vafotidan keyingina Sherozga qaytib, 1413 yilda dunyodan ko‘z yumdi.

Jurjoniy Samarqandning mashhur madrasalarida falsafa, mantiq, falakiyot, fihq, til va adabiyot, munozara ilmi va boshqa fanlardan dars berib o‘zidan yaxshi nom qoldirdi. Uning shogirdlari orasida Qozizoda Rumiy, Ulug‘bek va boshqalar bor edi. Jurjoniy asarlarining umumiy soni 50 dan oshiqdir. Bular ichida falsafa, mantiq va tabiatshunoslikka doir asarlar salmoqli o‘rinni egallaydi, o‘z navbatida, bu sohadagi asarlari butun Sharq mamlakatlariga keng yoyilgandir.

Jurjoniyning bizgacha «Borliq haqida risola» va «Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu» deb nomlangan falsafiy asarlari qo‘lyozma holida yetib kelgan.

Jurjoniy bilish nazariyasi va mantiqqa doir «At-ta'rifot»(«Ta'riflar»), «Usuli mantiqiy» («Mantiq usuli») va ilmiy bahs faniga bag‘ishlangan «Odob ul-munozara» («Munozara olib borishning qoidalari haqida risola») kabi arab tilida yozilgan asarlarning ham muallifidir. Jurjoniyning fors tilida yozilgan mantiqqa oid bir necha asarlari ham bizgacha yetib kelgan. Bulardan «Kubro» («Katta dalil bo‘la oladigan hukm»), «Avsat dar mantiq» («Mantiqda o‘rta xulosa»), «Sug‘ro» («Kichik dalil bo‘la oladigan hukm») va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Uning «Sharhye faroyize sarojiya» («Meros bo‘lish majburiyatlarining Sarojiy ta'rifiga sharh») asari huquqshunoslik masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, faqih Sajovandiy asarlariga javob tariqasida yozilgan (Jurjoniy. Sharhye faroize sarojiya. Stambul. 1873 yil).

Jurjoniyning XIV asr faylasufi Eziddin Abdurahmon al-Ijiy (1300-1356)ning «Mavoqif fi ilm al-kalom» («Kalom ilmidagi manzillar») asariga sharh sifatida yozgan «Sharxe mavoqif fi ilmi al-kalom» («Kalom ilmidagi manzillarga sharh») kitobi (Jurjoniy Sharhye mavoqif fi ilm al-kalom. Stambul. «Dar ul-matbatul Omera» bosmaxonasi. 1267 hijriy yil) uning zamondoshlari va kelgusi avlod olimlari uchun falsafa va mantiq bo‘yicha o‘ziga xos qomus maqomiga ega bo‘ldi. Uning Abu Ali ibn Sinoning «Ishorat» («Ko‘rsatmalar») asariga yozgan sharhi alohida qiziqish uyg‘otadi.



Borliq haqida ta'limot. Jurjoniyning falsafiy qarashlari Forobiy, «Sof birodarlar» anjumani, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniylar dunyoqarashi ta'siri ostida shakllandi. Ular kabi, Jurjoniy ham ob'ektiv borliqning mavjudligiga shubha qilmas edi, ammo uning kelib chiqishini aqliy yo‘sinda talqin qilib, emanatsiya nazariyasi nuqtai nazarida turar edi.

Jurjoniy o‘zining «Risola fi tahqiqye vujud» («Borliqni tekshirish risolasi») asarida yozadiki, borliqning haqiqiyligi o‘z mohiyatiga ko‘ra mavjuddir va uning yo‘q bo‘lishining o‘zi mumkin emas.

Jurjoniyning dunyoqarashi, undan oldin o‘tgan salaflarinikidek, o‘rta asrlardagi butun falsafiy masalalarni, chunonchi, borliq haqidagi ta'limot, koinot jumboqlari, modda va uning shakllari, jonsiz va jonli dunyoning xususiyatlari, jismoniy va ruhiy munosabatlar, bilish muammolari, mantiqiy fikrlash haqidagi ta'limot, til va tafakkur aloqalari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. U koinot, inson va aqlni qamrab oluvchi dunyoning umumiy manzarasini yaratishga harakat qildi.

Jurjoniy aqidasiga xos bo‘lgan narsa borliq manzarasini bosqichma-bosqich tartibda tushuntirishdan iborat edi. Besh bobdan iborat bo‘lgan o‘zining «oyinaye gitinamo» («Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu») risolasining birinchi bobini vojib ul-vujud va mumkin ul-vujudni mavjud ekanligini asoslashga bag‘ishlaydi. Jurjoniy unga shunday ta'rif beradi: «Yo‘q bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, bor bo‘lishi esa zarur bo‘lgan narsa vojib ul-vujud deb ataladi. Masalan, Xoliqning o‘zligi kabi tushuncha. Borligi ham, yo‘qligi ham zarur bo‘lmagan narsa mumkin ul-vujud deb ataladi»4.

Jurjoniy fikricha, vojib ul-vujud xudo bo‘lib, mumkin ul-vujud esa –moddiy olamdir. U borliqning birinchi sababi sifatida vojib ul-vujudni, ya'ni xudoning borligini tan oladi. Uning fikricha, mumkin ul-vujud o‘zining bor bo‘lishi uchun qandaydir tarzda bo‘lsa ham, biror bir sbaabga ehtiyoj sezadi. U biror bir narsa tufayli, ya'ni birinchi sabab mohiyatiga ko‘ra, mumkin ul-vujud darajasiga ko‘tariladi.

Jurjoniy fikricha, hamma jismlar bir-biriga bo‘lgan o‘zaro munosabatda sabab-oqibat nisbatida bo‘ladilar. «Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu» risolasida u shunday yozadi: «Bor bo‘lishga imkoni bor narsa ikki tarkibiy qismdan javhar (substansiya) va faz (aksidensiya) dan, ya'ni tub mohiyat va tasodifiy holdan yoki hodisadan tashkil topadi. Agar mavjud bo‘lishga imkoni bo‘lgan narsa o‘z mavjudligi uchun joyga ehtiyoj sezmasa, unda uni tub mohiyat deb, agarda unga ehtiyoj sezsa, hodisa deb ataladi. Tub mohiyat besh xil bo‘lishi mumkin. Agarda biror-bir tub mohiyat, boshqa joyda birorta narsa o‘rnida qaror topgan bo‘lsa, u joylashgan o‘sha joy narsa deb, holat esa –shakl deb ataladi. Agar u o‘z ichiga holat va joyni olgan bo‘lsa, u jism deb nomlanadi. Agar tub mohiyat bu aytilgan uch narsani o‘z ichiga olmasa, u ayiruvchi javhar deb ataladi. Agarda shu ayniruvchi tub mohiyat jismga ega bo‘lsa, u holda uning o‘zgaruvchi qismi ruh deb ataladi. Bu jismlardagi o‘zgarmaydigan narsa aql deb ataladi.yu agarda ushbu aql bevosita vojib ul-vujuddan kelib chiqqan bo‘lsa, u boshlang‘ich ong yoki umumiy aql, deb ataladi»5.

Jurjoniy javharni (substansiya) besh turga bo‘ladi: aql, ruh, birlamchi javxar, shakl va jism, javxarlar vositasida narsalar sifatida qarab chiqadi. Jurjoniy tabiiy borliqni tasnif qilib, jismlarni oddiy va murakkabga bo‘ladi. Murakkab jismlar to‘rt unsurdan tashkil topadilar, oddiy jismlar yuqori va quyida joylashgan bo‘ladilar –sayyoralar va unsurlarning o‘zlari. Yukoridagi jismlar nurli va nursiz bo‘lishlari mumkin, birinchilari sayyoralar va yulduzlar mohiyati bo‘lsa, ikkinchilari –doiralar va ruhlardir. Murakkab jismlar o‘zlariga quyidagilarni, kamrab oladilar: o‘smaydigan narslaar – minerallar, o‘sadigan ammo his-tuyg‘uga ega bo‘lib, xarakat ham qiladigan, biroq nutqdan mahrum – hayvonlar, nutqqa ega bo‘lganlar –odamlar. Demak, Jurjoniy aqidasicha, butun Dune yagona jism bo‘lib, uning turli a'zoolari qonuniy ravishda bir-birlari bilan bog‘langandirlar. Jurjoniy o‘z tabiat falsafasida tabiiy Dune, ya'ni tabiatni, uning o‘zidan kelib chiqib tushuntirishga xarakat qildi. U inson bilan tabiatning yagonaligini katta olamdagi (makrokosm) barcha kuchlarning oliy to‘planish markazi sifatida bo‘lgan kichik olam (mikrokosm) g‘oyasi orqali ifodaladi.

Mantiq. Jurjoniy mantiq ilmiga salmoqli hissa qo‘shadi. U markaziy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari mantiqiy merosining barcha oqimlarini tahlil etib, ularni yanada rivojlantirdi. Mohiyat jixatidan mantiq ilmining falsafa va tabobatdan ajralishi uning huquq, til va ilohiyot sohasidagi tadqiqotlarda ishlatilish jarayoni ko‘paydi. Jurjoniy o‘z ijodida mantiqngi falsafadan ajratmagan holda, uni ko‘proq huquq va til sohalarida qo‘llanilishini ta'minladi. Uning barakali ijodi tufayli shu davrdan boshlab, islom madrasalarida mantiqni o‘qitish huquq va til fanlari bilan bog‘liq holda olib borildi. Natijada mantiq ilmiga islom aqidalariga xos bo‘lgan «begona ta'limot» deb g‘araz bilan qarash, asta-sekin barham topa boshladi.

Jurjoniy fikricha, nazariy bilimlar hayotiy tarjribada hosil qilingan boshlang‘ich bilimlar va ular tug‘risida fikrlash yo‘li bilan shakllanadi. Bunday fikrlash jarayonini u xulosa deb ataydi. U xulosaning uch turini ko‘rsatib o‘tadi. Bular: qiyos (sillogizm), istiqro (induksiya-bo‘lakdan butunga tomon hukm yuritish) va hads (analogiya -o‘xshash). Bulardan qiyos (sillogizm) xulosaning bosh turi hisoblanib, nazariy bilimlar hosil qilishning asosiy vositasi bo‘lib, maydonga chiqadi.

Isteqro (induksiya) tushunchasi ostida Jurjoniy shunday xulosani nazarda tutadiki, unda dastlabki xususiy shartlar asosida umumiy natija chiqariladi. U ikki xil isteqroni, ya'ni to‘la va to‘la bo‘lmagan isteqroni ko‘rsatib o‘tadi.

To‘la isteqroda har bir bo‘lakdagi biror-bir sifat mavjudligiga asoslanib, anna shunday sifati xususiyati umumiy butunlikda ham bor ekanligiga ishonch hosil qilinadi.

To‘la bo‘lmagan isteqro shunday xulosadirki, umumiy butun bo‘lgan narsaning ba'zi bir qismlarida mavjud bo‘lgan biror-bir xususiyatidan kelib chiqib, shunday xususiyat butunda ham mavjud ekanligiga ishonch hosil qilinadi. Jurjoniy fikricha, to‘la bo‘lmagan induksiya faqat taxminiy mulohazagagina olib keladi.

Jurjoniyning falsafiy asarlari, ayniqsa, uning mantiqqa oid risolalari Markaziy Osiyo va Eronda mantiq ilmining rivojiga ko‘shilgan muhim hissa buldi. So‘nggi asrlarda uning risolalari madrasalarda o‘rganildi va ularga sharhlar yozildi.

XV olimlaridan biri Amir Temurning nevarasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek (1394-1449) edi. Movaraunnahr hukmdori bo‘lgan sulton Ulug‘bek, Fan va madaniyat taraqqiyotiga kata e'tibor qaratdi. Uning ilmiy qiziqishlari riyoziyot, astronomiya, geometriya, kimyo, tarix va boshqa fan sohalarini qamrab olgan edi. Mutafakkir dunyoqarashining shakllanishida Aflotun, Arastu, Ptolemey, Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va boshqa olimlarning asarlari katta o‘rin tutdi.

1428 yilda Ulug‘bek boshchiligida Samarqandda o‘sha zamondagi eng katta rasadxona qurildi. U 1437 yilda o‘zining astronomiya sohasidagi asari bo‘lgan «Zije Ko‘ragoniy» («Ko‘ragoniyning yulduzlar jadvali») risolasini yozib tugatdi. Ushbu risolada yil hisobi, sayyoralar nazariyasi, astronomiya muammolari bayon etilgan bo‘lib, 1018 yulduzning jadvali ham berilgan edi. Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi» nomli asari ham borki, unda mo‘g‘ullar imperiyasining tarixi bayon etilgan. Bundan tashqari, Ulug‘bek mantiq, fiqh, musiqa nazariyasi va adabiy uslub nazariyasini yaxshi bilar edi.

Ulug‘bekning tadqiqotlari astronomiya taraqqiyotida muhim davr ochdi. U yer yuzining har qanday nuqtasining koordinatlarini aniqlaydigan vosita ishlab chiqishga intildi, quyosh va oy tutilishlarini oldindan aytib berish usuli, yil hisoblarining biridan ikkinchisiga o‘tish qoidalari, yil fasllari o‘zgarishlarining qonuniyligini ochib berish, osmoniy jismlar harakatining qonunlarini tushuntirishga harakat qildi. Asosiy kuzatish vositasi sifatida sekstant (burchak o‘lchash asboblaridan biri) xizmat qildi. Masalan, ushbu asbob yordamida quyosh yilining aniq miqdori o‘lchandi -365 kecha va kunduz 6 soat 10 daqiqa 8 soniya.

Ulug‘bek tomonidan asos solingan astronomiya maktabi o‘sha zamon ilmiy qarashlari shakllanishida katta o‘rin tutdi. Boshqa mamlakatlardan astronomiya bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislarni taklif qilgan Ulug‘bek, o‘z atrofiga iste'dodli olimlarni to‘pladi. Eronning Koshon shahridan yirik riyozidon va astronom bo‘lgan G‘iyosuddin Jamshid al-Koshiy (vaf. 1430) taklif qilingan edi. O‘nli kasrni kashfiyoti al-Koshiyga mansubdir. Chunonchi, undan keyingina, XVI asrdan boshlab, Ovrupo riyozidonlari asarlarida o‘nli kasr qo‘llanila boshladi. Ulug‘bek o‘ldirilgandan keyin uning ishini shogirdlari davom ettirdilar. Ulardan eng mashhuri - mashhur riyozidon va astronom Ali Qushchi (1403-1474) edi. Uning asosiy asari – «Astronomiya haqida risola» edi. Ali Qushchi ob'ektiv dunyoning mavjudligiga, moddiy Ashe va hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi, ularning soddadan murakkabga o‘tib turishligiga ishonar edi.



Yüklə 187,39 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə