Mavzu: Xarakter va xarakterlilik



Yüklə 26,52 Kb.
səhifə1/2
tarix29.11.2023
ölçüsü26,52 Kb.
#140698
  1   2
drama-teatri-aktyorlari-ijodida-xarakter-va-xarakterlilik-uyg-unligi


Mavzu: Xarakter va xarakterlilik


Xarakter va xarakterlilik yaratish masalasida milliylikka e’tibor berish aktyorlar ijodida yangi qirralarini ochilishiga turtki bо‘ladi. Bu borada sо‘z yuritganimizda О‘zbek miliy akademik drama teatri aktrisasi Dilbar Ikromova yaratgan rollarini yodga olish maqsadga muvofiq bо‘ladi. Aktrisa rejissor Bahodir Yо‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Kelinlar qо‘zg‘oloni” spektaklida Nigora obrazini sahnaga olib chiqib, shu paytgacha ma’lum bо‘lmagan ijodiy qirralarini ochadi. Shuningdek, E.Xushvaqtovning “Qirmizi olma”, “Chimildiq”, “Qalliq о‘yin” hamda N.Abbosxonning “О‘zbekcha raqs” spektakllarida о‘zbek ayolining tipik vakillarini, millat qadri va sha’ni uchun о‘zini kamarbasta deb bilgan kayvoni momo obrazlarini yaratib, tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bо‘ldi.


Norvegiyalik adib D.Sulstad sahnaviy xarakter yaratish borasida shunday deydi - “Sahna san’ati mohiyatini о‘zaro mustahkam bog‘langan uchta unsur tashkil qiladi. Bular - voqealar muhiti, xarakterlar va ularning harakati... Agar biror unsur e’tiborsiz qoldirilsa, badiiy yaxlitlik paydo bо‘lmaydi. Agar voqealar muhiti paydo bо‘lmasa, xarakterlar ma’naviy mohiyatini yо‘qotadi, natijada aktyorlar harakati mantiqsizday kо‘rinib, ta’sir kuchi susayadi”. [1. B. 375.]
Xarakter va xarakterlilik uyg‘unligida yaratilgan sahnaviy obrazning ahamiyati - uning jonliligida, badiiy yaxlitligida va hayotiyligidadir. Dilbar Ikromovaning ijodida kо‘proq ona obrazini yaratishga kengroq urg‘u beriladi. Shundan bо‘lsa kerak, uning deyarli о‘ynagan barcha rollarida ona dunyosi, ichki kechinmalari bosh mavzuga aylangan. Ammo kо‘proq ona, momo rollarini ijro etgani bilan, bu obrazlar xarakter jihatidan bir-biribini zarracha takrorlamaydi, lekin, о‘zbekona xarakterlilik qaytariq bо‘lishi mumkin. Lekin ularning har birini о‘z dunyosi, о‘z jilosi bor. D.Ikromova har bir rolini qalbdan his qilib shu rollarida yashaydi. Shuning uchun uning ijodi serqirra va о‘ziga xos obrazlarga boy.
Xususan, aktrisaning - “О‘zbekcha raqs” spektaklidagi “Ona” obrazini olaylik. Dilbar Ikromova, о‘zining ijodiy izlanishlari natijasida, bu personajning xarakteri, milliy xarakterlilikda uyg‘unlashgan kechinmalari bilan boyib, voqealar rivoji keskin о‘sib boradi. Aktrisa о‘zbek ayoliga xos bо‘lgan - mehnatsevarlik, halollik, bag‘rikenlik, mehmondо‘stlik, sabr, matonat kabi bir qator insoniy fazilatlarni о‘zida mujassamlashtirganligi bilan takrorlanmas milliy obraz darajasiga kо‘tariladi.
Harbiy xizmatdan qaytgan о‘g‘li, о‘zbek millatiga mansub bо‘lmagan qizni, о‘zi bilan uyiga olib keladi. Qumri chevar - ona, ne-ne orzu-umidlarda yolg‘iz о‘g‘lini xizmatdan qaytishini kutadi, о‘g‘liga kelin izlash, uylantirish borasidagi orzu- havaslari, oilasining sha’ni, obrо‘si bir lahzada kо‘z oldidan о‘tadi. Endi uning orzulari
- armonga aylandi. Maryam g‘ayridin bо‘lishiga qaramasdan, uni kelin sifatida qabul qiladi. Yosh kelinchakka qaynona nafaqat oilaviy hamda hayotiy saboqlardan ham ta’lim beradi. Sahnada kechayotgan voqealar jarayonida ruscha tarbiya topgan, о‘zbekona urf-odatlar tugul, о‘zbek tilini ham umuman tushunmaydigan qizni qayta tarbiyalab, о‘ziga xos о‘zbek ayolini yaratadi. Spektaklning yakunida Qumri chevar, idrokli shogirdi, kelini Mariyaga о‘z hunarini, oila boshqaruvini topshiradi. Mukammal о‘zbek ayoliga aylangan Mariyadan, qaynonasining kо‘ngli tо‘ladi. Natijada, Qumri chevarning nabiralariga о‘gitlarini jamlagan о‘zbek xalqining farzand tarbiyalash borasidagi azaliy qadriyatlarini о‘zida mujassamlashtirgan - badiiy yaxlit spektakl uzoq umr kо‘rdi. Sababi, undagi ona va kelin kabi personajlar - obraz darajasiga kо‘tarilgan edi.
D.Ikromova “Qirmizi olma” spektaklida - turmushning og‘ir yengilini boshidan о‘tkazgan, hayotiy tajribasi asosida insonlarni bir kо‘rishda qandayligini kо‘zidan bilib oladigan ayol obrazini gavdalantirgan. “Qalliq о‘yin”spektaklida milliy urf-odatlarni о‘zi uchun qadriyat deb bilgan, ikki yoshning turmushini qovushtirish niyatida bо‘lgan onaxon obrazini ijro etadi. “Chimildiq” spektaklidagi momo obrazida esa - taqdiri mushkul, mashaqqatli umr kechirib kelayotgan, yuragi tо‘la dard bо‘lsada, kulishga о‘zida kuch topa oladigan, irodasi mustahkam, atrofidagi insonlarga yaxshilik ulashuvchi momo obrazida gavdalanadi. Bu spektaklda - Momo sahnada atigi uch - tо‘rt bor kо‘rinadi. Uning sahnadagi nutqi ham kо‘p emas. Ammo dramaturg aytmoqchi bо‘lgan - “Oila muqaddas qо‘rg‘on, uni osongina buzib bо‘lmaydi”, degan g‘oyasini aynan mana shu sahnada kо‘p kо‘rinmaydigan qahramon tilidan ochib bergan. Aynan momoning bu dunyoda hamma narsa jufti bilan yaraladi, juftidan ayrilgan qush ham bir kundan ortiq yashay olmaganini, yosh kelinchakka tushuntirishi orqali bir oilani asrab qoladi. D.Ikromova ijro etgan rollari personajning bir holatdan ikkinchi holatga tabiiy о‘tishi bilan ajralib turadi. U yaratgan badiiy yaxlit obrazlarning badiiy ahamiyati - milliy g‘oya, о‘zbekona urf-odat, an’analar bilan boyitilganligida hamda sadoqat, vafo va oila oldidagi burchini ado etadigan onalar timsolini yorqin namoyon qila olganidadir.
О‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida о‘zining rang-barang obrazlari bilan teatr ixlosmandlari qalbidan chuqur joy egallagan. Toxir Saidov yaratgan obrazlarda xarakter va xarakterlilik uyg‘unligi yaqqol kо‘zga tashlanadi. U yaratgan Gamlet obrazi -zakovatli, xarakterida keskinlik mavjud, о‘ziga bо‘lgan ishonch kuchli, ziyrakligi bilan ajralib turadigan shahzoda. Shuningdek, uning fe’l-atvoridagi haqiqat uchun kurashuvchanlik, shaxs ekanligi, odamiylik va insonparvarlik uning xarakatlarida ustuvorligi bilan namoyon bо‘lgan. “Gamlet - T.Saidov gap-sо‘z, muomala usullarida odatiy romantik ohangdorlik-kо‘tarinkilik о‘rnida bugungi kun nafasiga xos asabiy taranglikni, sabrsizlik va shiddatni, adolatni tiklash uchun zо‘r berishni, alamli izlanishlarni sezish mumkin. Bu hislat T.Saidov Gamletining zamondoshiga ancha yaqin va tushunarli bо‘lishiga xizmat qilgan” [2. B. 28.], deydi, spektakl rejisssyori T.Azizov.
Aktyorning yana bir personaji chet el dramaturgi A.Kassanoning “Daraxtlar tik turib jon beradi” spektaklidagi Mourisyo obrazidir. Aktyor sahnaga kirib kelishi bilan, о‘zini yaratayotgan obrazini namoyish etadi. Tohir Saidov ijrosidagi Mourisyo obrazi Gamletdan obrazidan farqli ravishda, atrof-muhit ta’sirida muttahamga aylangan, bobosining tarsaki tortgani uchun uyidan ketib qolgan yigitdir. Mourisyoning bezori bо‘lib yetishishida bobosi va buvisi sababchi bо‘ladilar. Garchi bobosi va buvisining xarakteri mushtipar bо‘lsada, ammo nabirasini tarbiyalashda yо‘l qо‘ygan xatosi vaqtida tо‘g‘ri tarbiya bermaganligidadir. Tohir Saidov Maurisyo rolida о‘z nutqi ustida ishlaganini, sо‘zlash ohangi ustida ishlaganiga alohida e’tibor qaratganini kо‘ramiz. Mana shu kabi jihatlar Toxir Saidov ijrosidagi Maurisyo obrazini tomoshabinga tо‘la qonli yetib borishiga xizmat qildi. Spektakl sо‘nggida Maurisyo о‘zgalarga faqat yaxshilik qilinsagina yaxshilik qaytishini, ezgulik yо‘lini tanlasagina о‘zgalar oldida xurmat e’tiborga sazovor bо‘lishi mumkinligini tushunadi. Tohir Saidov ham о‘z ijrosida personajning xarakteri va xarakterliligi uyg‘unligini izlaydigan aktyorlar sirasiga kiradi. Uning bu boradagi izlanishlari tomoshabinlarni hayratga sola olishi bilan qadrlidir.
Aktyor о‘ziga topshirilgan rol ustida ishlar ekan, personajning maqsadini rolning mazmunini, uning xarakterida tо‘laqonli yoritishga harakat qiladi. sahnaviy xarakter yaratishning о‘ziga xos tamoyillarini aniqlash uchun, о‘zbek teatr san’atida dong‘i ketgan aktyorlar ijrosidagi xarakter talqini о‘rganish va ularni ilmiy tahlil kilish zarurat ekanligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Bu borada, M.Umarov shunday deydi - “Sahnaviy xarakter yaratish: aktyorning yangi imkoniyatlarini ochadigan; ijodiy faoliyatida “portlash” sodir qiladigan; izlanishlarida keskin burilish yasaydigan; teatr san’atidagi eng yorqin voqelikdir” [3. B. 264.]. О‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi Aziza Begmatova о‘zining xarakterga boy rollari, о‘zining mahorati bilan tomoshabinlar qalbidan о‘rin oldi. Aktrisa teatr sahnasida ijro etgan rollari: obraz darajasiga yetkazib ijro etgan. Uning “Paranji sirlari” spektaklida yaratgan Guljon (Mastura satang) obrazi san’atkorni sahna san’atining tо‘riga kо‘targan, desak mubolag‘a bо‘lmaydi. U ustamonlik bilan qiz-juvonlarni tuzoqqa tushiradi, lekin ba’zan о‘z qilmishlaridan oz bо‘lsa-da aziyat chekadi. Ba’zan bu qilmishlari о‘ziga bog‘liq emasligini rо‘kach qilib, taskin topgan bо‘ladi. Guljon, kо‘z ostiga olgan juvon uyiga sadaqa sо‘rab kirib kelishi, tomoshabinda bir tilanchi-gadoy ekan-da, degan taassurotni uyg‘otadi. Lekin, niqobini yechib asl holini namoyon qilganida tomoshabinlarga - qiz-juvonlarni aldash uchun faqir qiyofada kelgani oshkor bо‘ladi. U aslida nihoyatda tadbirkor, hiyla-xiyonat bobida qilni qirq yoradigan, faqat og‘u, qahr va makr kabi manfur omillardan foydalanadigan firibgar ekanganligi spektakl davomida ma’lum bо‘ladi. Uning Mastura satang bilan bо‘lgan sahnasida xarakteri yaqqol kо‘zga tashlanadi Aziza Begmatovaning “Paranji sirlari” spektaklidagi Guljon obrazi ijrosi va uning talqini xarakter va xarakterlilik uyg‘unligidagi badiiy yaxlitlikka yorqin misol bо‘la oladi.
“Xarakterlarning g‘oyat mukammallashgan kо‘rinishining, ya’ni, xarakterga xos xususiyatlarini butun tо‘laligi bilan aks ettiruvchi individuallashtirilgan shaxs obrazi deb ataladi. Xarakter yaratish oson ish emas, ayniqsa milliy xarakterlar yaratish о‘ta mushkul masala” [4. B. 88.]. Aziza Begmatovaning uzoq yillik ijodi mobaynida yarq etib kо‘zga kо‘ringan obrazi “Checha” spektaklidagi - Checha roli bо‘ldi. Checha - kelinoyi, yanga, momo va shunga о‘xshash bir qancha ma’nolarni anglatuvchi shevaga xos sо‘zdir. Yaqin qarindoshlik ma’nosini ifodalovchi bu sо‘zning zamirida olam-olam siru sinoatlar, hayotiy mashaqqatlar, zahmatlar va albatta alohida mas’uliyat yotadi. Aslida “Checha” dramasi A.Begmatova hayoti asosiga qurilgan. Tug‘ruqxonada chaqaloqlarning almashinib qolishi keyinchalik fosh bо‘lib, haqiqiy ota-onasining izlab kelishi, о‘rtadagi Zohidovlar hamda Jumadulla xonadonidagilar о‘rtasidagi mojaro tomoshabinda “endi nima bо‘larkan?” degan savol tug‘diradi.
Biz ushbu spektaklni sof milliy xarakter ifoda etadigan asarlar safiga qо‘shishimiz mumkin. Bunda bosh rol ijrochisi A.Begmatova Surxondaryo vohasiga xos bо‘lgan udumlar, an’analar, urf-odatlar, va qadriyatlarni mohirona tarzda tomoshabinga yetkazib bergan. Spektakl qahramoni Checha obrazi orqali voha ayollarining - soddaligi, kamtarligi, kiyinish madaniyati, yurish-turishi, sо‘zlashishdagi о‘ziga xos jihatlarini kо‘rishimiz mumkin. “Obraz xarakterga nisbatan keng tushuncha bо‘lib, xarakter obrazning mukammallashtirgan, turli xususiyatlari, aniq kо‘rinib turgan, individual xususiyatlar kashf etilgan obrazdir. Har qanday obraz xarakter bо‘la olmaydi. Ammo, har qanday xarakter obraz bо‘la oladi” [4. B. 88.]. Shu jihatdan Aziza Begmatova ijro etgan Checha roli ijroda obraz darajasiga kо‘tarilgan desak, mubolag‘a bо‘lmaydi. Chunki, unda milliylikka asoslangan xarakter va xarakterlilik uyg‘unlashib, soha ayollarining о‘ziga xos jihatlariga hurmat uyg‘otadi.
Gulchehra Ibrohimbekovaning “Sen quyoshni uyg‘otasan” spektaklidagi ijrosi tomoshabinlarda bu drama aktrisa uchun maxsus yozilgan degan tasavvurni hosil qiladi. Asar voqealari tomoshabinlarni kuchli hayajonga soladi, ba’zan kuldirib, ba’zan о‘yga toldirib, asar sо‘ngida esa mushohadaga chorlab, tomoshabinlar ruhiyatiga ta’sir qiladi. Aktrisa “Uch kunlik dunyo” spektaklida - Rо‘zvon aya rolini ichki portlash, haqqoniylik va chiroyli topilmalar bilan boyitgan holda talqin etadi va о‘zbek ayollariga xos - andisha, ibo, xayo, or-nomus, erga itoat kabi о‘ta nozik tuyg‘ularni uddaburonlik bilan namoyish etadi. Talqin qilish qudratiga ega bо‘lish uchun ijodkor о‘z ijro uslubiga, mustaqil ijod qiladigan,personaj xarakterini anglab yetadigan, har bir qahramoni orqali yangi gap ayta oluvchi san’atkor bо‘lish lozim. Shunday fazilatlarga ega aktrisa - yorqin sahnaviy xarakterlar yaratib, о‘zining mahorati orqali, qahramonlarining ichki tuyg‘ularini ta’sirchan hamda ishonarli tarzda ifodalab о‘z muxlislariga ega bо‘lib kelmoqda. “Xarakter - inson maylida nimaningdir bо‘rtibroq namoyon bо‘lishi, nimanidir afzal deb bilishi yoki yoqtirmasligidir. Asardagi qahramon nimanidir ma’qullashi yoki yoqtirmasligi aniq ifodalanmasa, uning nutqida xarakteri gavdalanmaydi” [5. B. 160.], deydi M.Umarov.
Teatr san’atida obraz yaratish jarayoniga xarakter va xarakterlilik jihatlari uyg‘unlashishi asos bо‘lar ekan, bu alohida ilmiy masala sifatida qaralishi lozim. Chunki sahnaviy obrazning vazifasi ijtimoiy hayotni badiiy shaklda kelajak avlodga yetkazib berishdir. Buning uchun ijodiy jamoalar tomoshabinlar oldidagi ma’suliyatini his qilmog‘i zarur. Chunki, bugun yaratilayotgan ijod namunalarining barchasi ham obraz darajasiga kо‘tarilmayapti. Faqatgina xarakter va xarakterlilikni о‘zida mujassamlashtirgan badiiy yaxlit spektakllargina, bugungi kun sinovidan о‘tib kelajak avlodlarga namuna darajasidagi talqin bо‘lib, tarix sahifalarida qoladi. Chunki, Stanislavskiyning “Xarakter va xarakterlilik” haqidagi tavsiyalari hamon aktyorlarning sahnaviy obraz yaratishida asos bо‘lib kelmoqda. Rolning xarakterini о‘zlashtirgan aktyor, endi unga personajning - kostyumi, grimi, plastikasi, qadami, kasbiga oid kо‘nikmalarini, sо‘zlashish jihatini, ya’ni gavdasida ifodalanadigan va tomoshabinga namoyon bо‘ladigan jihatlarini qо‘shsagina - jonli, о‘ziga xos tipajga - obrazga aylanadi” [6. B. 224.].
Xulosa о‘rnida shuni aytish kerakki, zamonaviy о‘zbek teatri sahnaviy xarakter yaratish jarayonida shtamplardan holi bо‘lishi uchun, avvalo, dramaturgiyalar о‘z g‘oyasini ochish uchun tanlagan xarakterlar badiiy jihatdan yaxlit bо‘lishi bilan birga, rollarning xarakterlilik borasidagi rang-barangligiga e’tibor berishi zarur. Aktyorlar esa о‘zini takroriy xarakterlarda qotib qolayotganini sezdimi, personajning xarakterlilik jihatlariga asosiy e’tiborini qaratib, sahnada sinab kо‘rish uchun rejissordan imkon berishini sо‘rab hamkorlikda “qolip”ni sindirishga intilishi lozim. Chunki, bugun xarakter va xarakterlilik uyg‘unligiga erishgan aktyorlar ijrosi teatr muxlislarini e’tiboriga tushmoqda.



Yüklə 26,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə