Ma’muriy jazo choralari va turlari



Yüklə 15,27 Kb.
tarix28.11.2023
ölçüsü15,27 Kb.
#134432

Ma’muriy jazo choralari va turlari

Ma’muriy javobgarlik to'g'risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifasi — inson va jamiyat tarovonligi yo'lida fuqarolaming huquq va erkinliklarini, mulkni, davlat va jamoat tartibini, tabiiy muhitni muhofaza qilishni, ijtimoiy adolat va qonuniylikni ta’minlashni, ma’muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarning o'z vaqtida va obyektiv ko'rib chiqilishini, shuningdek, bunday huquqbuzarliklarning oldini olishni, fuqarolami O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun, qonun hujjatlari, qanday harakat yoki harakatsizlik ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishini, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan qaysi oigan (mansabdor shaxs) tomonidan qay tartibda qanaqa ma’muriy jazo qo'llanilishi va ijro etilishini belgilaydi.


O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 23-moddasiga muvofiq, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun quyidagi ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:
1) jarima;
2) ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish;
3) ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish;
4) muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish;
5) ma’muriy qamoqqa olish. Ma’muriy jarimadan tashqari barcha ma’muriy jazo choralari, faqat O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanishi mumkin.
Qonunchilik hujjatlarida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun xorijiy fuqarolarni va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish nazarda tutilishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, ma’muriy jazo — asosiy va qo‘shimcha ma’muriy jazo choralariga bo‘linadi.
Asosiy ma’muriy jazo choralari bu — ma’muriy jazo choralari boshqa ma’muriy jazo choralarining turlariga qo‘shimcha bo‘lib, ayni vaqtda tayinlanishi mumkin bo‘lmagan jazo choralaridir. Masalan, jarima, muayyan shaxsni maxsus huquqdan mahrum qilish, ma’muriy qamoq kabi choralar faqat asosiy ma’muriy jazo choralari sifatida qo‘llanilishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’muriy jazo choralari bu — ma’muriy jazo chorasiga qo‘shimcha ravishda tayinlanishi mumkin bo‘lgan ma’muriy jazo choralaridir. Masalan, ashyolarni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish yoki musodara qilish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish qo‘shimcha jazo choralaridir. Biroq, ular ham asosiy, ham qo‘shimcha ma’muriy jazo tariqasida qo‘llanilishi mumkin. Qo‘shimcha ma’muriy jazo choralarining yana bir o‘ziga xos xususiyati bu ularning sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik uchun alohida, mustaqil ravishda qo‘llanilishining mumkin emasligi, ya’ni ular faqat asosiy ma’muriy jazo choralariga qo‘shimcha jazo chorasi sifatida tayinlanishi mumkin. Demak, bir ma’muriy huquqbuzarlik uchun yo asosiy, yoki ham asosiy, ham qo‘shimcha jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. Lekin, bir vaqtning o‘zida ikkita asosiy yoki ikkita qo‘shimcha jazo choralarining qo‘llanilishi mumkin emas. Yuqorida ko‘rsatilgan ma’muriy jazo choralarni alohida-alohida ko‘rib chiqamiz
Jarima — ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi. Boshqacha aytganda, jarima — ma’muriy huquqbuzarliklar uchun MJTKning Maxsus qismi moddalarining sanksiyalarida belgilangan hollarda qo‘llaniladi. Jarima — ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan aybdor shaxslardan davlat hisobiga pul undirishdir. Jarima — moddiy xususiyatga ega bo‘lgan ma’muriy jazo chorasi bo‘lib, aybdor shaxslardan davlat hisobiga undirib olinadigan muayyan bir pul miqdorida ifodalanadi. Jarima tarzidagi ma’muriy jazo chorasi huquqbuzarning ongiga ta’sir ko‘rsatib, avvalo, uning moddiy manfaatlariga zarar yetkazadi. Shu bois ma’muriy jarima samarali jazo choralaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Jarima ma’muriy jazo chorasining asosiy turi hisoblanadi. U boshqa jazo choralarining o‘rniga tatbiq etilishi mumkin emas. Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jarima qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi bilan birgalikda solinishi mumkin (masalan, ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish yoki musodara qilish). Jarimaning miqdori — ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdagi, davom etayotgan ma’muriy huquqbuzarlik uchun esa u aniqlangan vaqtdagi belgilab qo‘yilgan eng kam oylik ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Jarima, solish obyektlariga ko‘ra 2 turga bo‘linadi: fuqarolarga, (ya’ni jismoniy shaxslarga) va mansabdor shaxslarga solinadigan jarimalar, ular miqdoriga ko‘ra farqlanadi. Fuqarolarga solinadigan jarimaning eng kam miqdori — eng kam oylik ish haqining ellikdan bir qismidan, mansabdor shaxslarga esa — o‘ndan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Fuqarolarga solinadigan jarimaning eng ko‘p miqdori — eng kam oylik ish haqining besh baravaridan, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan oshmasligi kerak. Qonunlarda nazarda tutilgan ayrim hollarda ba’zi huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga — eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha va mansabdor shaxslarga — yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan belgilanadigan jarimaning eng ko‘p miqdori Kodeksning 6- moddasiga binoan fuqarolarga — eng kam ish haqining uch baravaridan, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oshmasligi kerak. Jarima — ma’muriy javobgarlikning samarali choralaridan biri sifatida, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli barcha organ (mansabdor shaxs)lar tomonidan o‘rnatilgan ma’muriy-protsessual tartibda qo‘llaniladi. Ma’muriy huquqbuzarliklarning muayyan turlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi ma’muriy-huquqiy normalar sanksiyalarida jarimaning miqdorlari huquqbuzarliklarning darajasidan kelib chiqib aniqlashtiriladi. Bunda jarima miqdorlari ma’muriy jazo chorasining ushbu turi uchun belgilangan eng ko‘p va eng kam miqdorlar chegarasidan chiqib ketmasligi shart
Ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish — ma’muriy jazoning turi sifatida faqat ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyolar uchungina tatbiq etiladi. Mazkur jazo chorasi mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan ma’muriy jazo chorasi bo‘lib, faqat ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa sifatida foydalanilgan ashyolar egasiga nisbatangina qo‘llanilishi mumkin. Lekin, huquqbuzarga tegishli bo‘lmagan ashyolarni (masalan, g‘ayriqonuniy ov qilish, baliq tutish natijasida qo‘lga kiritilgan mahsulotlar: yovvoyi hayvonlar, baliqlar) haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish ma’muriy jazo chorasi hisoblanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 26-moddasiga muvofiq, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish — shu ashyoni majburiy tarzda tortib olib, uni keyinchalik sotib yuborish hamda sotishdan tushgan pulni ashyoning sobiq egasiga tortib olingan ashyoni sotish xarajatlarini chegirib tashlagan holda topshirishdan iboratdir. O‘qotar qurollar va o‘q-dorilarni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish asosiy tirikchilik manbai ovchilik bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas
Ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish – ma’muriy jazoning turi sifatida faqat ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyolar uchungina tatbiq etiladi. Mazkur ma’muriy jazo chorasi MJTKning 27-moddasiga binoan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish — shu ashyoning haqini to‘lamasdan majburiy tarzda davlat mulkiga o‘tkazishdan iborat. Mazkur musodara qilish chorasi: 1) tuman (shahar) sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasi tomonidan; 2) bojxona organlari tomonidan – aksiz markalari qo‘yilmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda, transportirovka (xalqaro tranzit bundan mustasno) qilinganda va saqlanganda, shuningdek eksport qilinishi man etilgan buyumlar va mahsulotlar O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqib ketilayotgan hollarda; 3) soliq organlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan – aksiz markalari qo‘yilmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar saqlanganda, realizatsiya qilinganda, shuningdek yashirin ravishda ishlab chiqarilganda qo‘llaniladi.
Muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan mahrum qilish (transport vositalarini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish — huquqbuzarning belgilangan faoliyat bilan shug‘ullanishini, maxsus huquqlardan foydalanish huquqini vaqtinchalik cheklashdan iborat ma’muriy jazo turidir. Qonun chiqaruvchi bu jazo chorasini qo‘llashni faqat transport vositalarini boshqarish huquqidan va ov qilish huquqidan mahrum etish hollari bilangina cheklaydi.
Ma’muriy qamoqqa olish — huquqbuzar shaxsga nisbatan uning shaxsiy erkinligini ma’lum bir muddat (uch sutkadan o‘n besh sutkagacha, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun — o‘ttiz sutkagacha)ga vaqtinchalik cheklash va jamiyatdan ajratib qo‘yishdan iborat bo‘lgan qattiq ma’muriy jazo turidir.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 29-moddasining 2- qismida ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasini qo‘llab bo‘lmaydigan shaxslar ro‘yxati belgilangan bo‘lib, ushbu ma’muriyhuquqiy normaga asosan homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga hamda MJTKning 16-moddasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilar va yig‘inga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar, shuningdek ichki ishlar organlarining safdorlar va boshliqlar tarkibiga mansub shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin emas
Yüklə 15,27 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə