Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyingi satrga bo‘g‘inlab ko‘chiriladi



Yüklə 15,94 Kb.
tarix17.06.2023
ölçüsü15,94 Kb.
#117725
Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyi


Ko‘chirish qoidalari
Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyingi satrga bo‘g‘inlab ko‘chiriladi:

to‘q-son, si-fatli, sifat-li, pax-ta-kor, paxta-kor kabi.


Tutuq belgisi oldingi bo‘g‘inda qoldiriladi:


va’-da, ma’-rifat, mash’-al, in’-om kabi.


So‘zning bosh yoki oxirgi bo‘g‘ini bir harfdan iborat bo‘lsa, ular quyidagicha ko‘chiriladi:


1) so‘z boshidagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi oldingi satrda qoldirilmaydi:


a-badiy emas, aba-diy, e-shikdan emas, eshik-dan kabi;


2) so‘z oxiridagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi keyingi satrga ko‘chirilmaydi:


mudofa-a emas, mudo-faa, matba-a emas, mat-baa kabi.


O‘zlashma so‘zlarning bo‘g‘inlari chegarasida kelgan ikki yoki undan ortiq undosh quyidagicha ko‘chiriladi:


1) ikki undosh kelsa, ular keyingi satrga birgalikda ko‘chiriladi:


dia-gramma, mono-grafiya kabi;


2) uch undosh kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko‘chiriladi: silin-drik kabi.


Bir tovushni ko‘rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko‘chiriladi:


pe-shayvon, pe-shona, mai-shat, pi-choq, bi-chiq-chi, si-ngil, de-ngiz kabi.


Bosh harflardan yoki bo‘g‘inga teng qism va bosh harflardan iborat qisqartmalar, shuningdek, ko‘p xonali raqamlar satrdan satrga bo‘lib ko‘chirilmaydi:


AQSH, BMT, ToshDU, 16, 245, 1994, XIX kabi.


Harfdan iborat shartli belgi o‘zi tegishli raqamdan ajratib ko‘chirilmaydi: 5- “A” sinf, “B” guruhi, 110 gr, 15 ga, 105 m, 25 sm, 90 mm kabi.


Atoqli ot tarkibiga kiradigan raqam nomdan ajratilgan holda keyingi satrga ko‘chirilmaydi:


“Navro‘z – 2015” (festival), “O‘qituvchi – 91” (ko‘rik tanlov), “Andijon – 9”, “Termiz – 16” (g‘o‘za navlari), “Boing – 767” (samolyot), “Foton -774” (televizor) kabi.


A.Jabborov, A.D.Abduvaliyev kabilarda ismning va ota ismining birinchi harfiga teng qisqartmalar familiyadan ajratib ko‘chirilmaydi. Shuningdek, v.b. (va boshqalar), sh.k. (shu kabilar) singari harfiy qisqartmalar ham oldingi so‘zdan ajratib ko‘chirilmaydi.


Bosh harflar imlosi


Kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Dilbar, O‘rinova, Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat o‘g‘li, Hamza Hakimzoda, Muhammadsharif So‘fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat; Yelpig‘ichxon, Salomjon Alikov kabi.

Joy nomlari bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyo‘l (shaharlar), Naymancha, Buloqboshi (qishloqlar), Bodomzor, Chig‘atoy (mahallalar), Zavraq (dara), Yorqoq (yaylov), Qoratog‘, Pomir (tog‘lar), Oqtepa, Uchtepa (tepalar), Zarafshon, Sirdaryo (daryolar), Yoyilma (kanal); Turkiya, Hindiston (mamlakatlar) kabi. Bunday atoqli ot tarkibidagi sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi.


Yulduz va sayyoralar, boshqa xil osmon jismlarining atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Hulkar, Qavs, Mirrix (yulduz va sayyoralar nomi), Tinchlik dengizi (Oydagi relyef nomi) kabi. Yer, quyosh, oy turdosh otlari sayyora nomi bo‘lib kelgandagina bosh harf bilan yoziladi: Yer Quyosh atrofida, Oy Yer atrofida aylanadi.


Madaniy-maishiy va savdo korxonalariga, adabiyot va san’at asarlariga, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, transport vositalari, sport inshootlariga qo‘yilgan nomlar bosh harf bilan boshlanadi. “Tong” (mehmonxona), “Saodat” (firma), “Navro‘z” (xayriya jamg‘armasi), “Kamalak” (matbaa birlashmasi), “G‘uncha” (bog‘cha), “Botanika” (sanatoriy), “Paxtakor” (stadion), “Qutlug‘ qon” (roman), “Dilorom” (opera), “Tanovar” (kuy), “Ozodlik” (haykal), Jasorat (yodgorlik), “Sino” (sovutgich) kabi.


Muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navro‘z bayrami kabi.


Davlatlarning, davlat oliy tashkilotlari va mansablarining, xalqaro tashkilotlarning nomidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashi kabi.


Boshqa tarkibli nomlarda oliy mansabni bildiruvchi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: Bosh vazirning o‘rinbosari, Mudofaa vaziri, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi kabi.


Vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tilshunoslik instituti kabi.


Davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: “О’zbekiston Qahramoni (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa mukofotlar, faxriy unvonlar, nishonlar nomidagi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: “Sog‘lom avlod uchun” (orden), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa a’lochisi" (nishon) kabi.


Gapning birinchi so‘zi bosh harf bilan boshlanadi.


Eslatma:

1) ko‘chirma gapdan keyin kelgan muallif gapining birinchi so‘zi (agar u atoqli ot bo‘lmasa) kichik harf bilan yoziladi: “Bu men”, – qo‘rqibgina javob berdi ko‘laga (O. Yoqubov);

2) xatboshiga gapning sanaluvchi qismlari chiqarilganda bunday qismlar oldidan chiziq qo‘yiladi va ular kichik harf bilan yoziladi:


Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishga tayyorlash vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs) quyidagi masalalarni


– mazkur ishni ko‘rib chiqish uning huquq doirasiga kirish-kirmasligini;


– ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi protokol va ishga oid boshqa materiallar to‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligini hal qiladi;


3) gapning qismlari qavsli raqam yoki qavsli harf qo‘yib sanalsa, bunday qismlar ham kichik harf bilan yoziladi:


Hozirgi o‘zbek adabiy tilining lug‘at boyligi asosan besh manba negizida tarkib topgan: 1) umumturkiy so‘zlar, 2) o‘zbekcha so‘zlar, 3) tojik tilidan kirgan so‘zlar, 4) arab tilidan kirgan so‘zlar, 5) rus tilidan kirgan so‘zlar (“O’zbek tili” darsligidan).


Tarkibli nomlarning bosh harfidan iborat qisqartmalar, atoqli ot bo‘lmagan ba’zi birikmalarning qisqartmalari bosh harf bilan yoziladi: AQSH (Amerika Qo‘shma Shtatlari), BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), AES (atom elektr stansiyasi) kabi. Qisqartma tarkibida bo‘g‘inga teng qism bo‘lsa, uning birinchi harfigina bosh harf bilan yoziladi: ToshDTU (Toshkent davlat texnika universiteti) kabi.


Ajratib yozish


Qo‘shma fe’lning qismlari ajratib yoziladi:

sarf qildi, ta’sir et, tamom bo‘l, sotib ol, olib kel, olib chiq, miq etma kabi.


Ko‘makchi fe’l va to‘liqsiz fe’l mustaqil fe’ldan ajratib yoziladi:


aytib ber, olib ko‘r, so‘rab qo‘y, ko‘ra qol, bera boshla, yiqila yozdi; ketgan edi, ketgan ekan, ketgan emish kabi.


Lekin mustaqil fe’l bilan yordamchi fe’l orasida tovush o‘zgarishi bo‘lsa, bunday qismlar qo‘shib yoziladi:


aytaver (ayta ber), boroladi (bora oladi), bilarkan (bilar ekan) kabi.


Ko‘makchilar ajratib yoziladi:


shu bilan, soat sayin, borgan sari, bu qadar, kun bo‘yi kabi. Lekin bilan ko‘makchisining -la shakli, uchun ko‘makchisining -chun shakli chiziqcha bilan yoziladi: sen-la, sen-chun kabi.


Hamma, har, hech, bir, qay, u, bu, shu, o‘sha so‘zlari o‘zidan keyingi yoki oldingi so‘zdan ajratib yoziladi:


hamma vaqt, har kim, hech qaysi, qay kuni, u yerda, shu yoqdan, o‘sha yoqqa kabi.


Lekin birpas, biroz, birato‘la, birvarakayiga, birmuncha, buyon so‘zlari qo‘shib yoziladi. Shuningdek, qay so‘zi yoq, yer so‘zlari bilan ishlatilganda bir y tovushi tushsa, bu so‘zlar qo‘shib yoziladi: qayoqqa, qayerda kabi.


Sifat oldidan kelib, belgining ortiq yoki kamligini bildiradigan to‘q, jiqqa, him, liq, lang, och kabi so‘zlar ajratib yoziladi:


to‘q qizil, jiqqa ho‘l, tim qora, liq to‘la, lang ochiq, och sariq kabi.


Murakkab son qismlari ajratib yoziladi:


o‘n bir, besh yuz, qirq ming olti yuz bir, bir ming yetii yuz sakson beshinchi kabi.


Yildan yilga, tomdan tomga kabi birinchi qismi chiqish kelishigida, ikkinchi qismi jo‘nalish kelishigida bo‘lgan birikmalar ajratib yoziladi.


Belgining ortiq darajasini bildiruvchi ko‘pdan ko’p, tekindan tekin, yangidan yangi, ochiqdan ochiq, qizigandan qizidi kabilar ajratib yoziladi.


Izofali birikmalar ajratib yoziladi. Bunda izofa undosh bilan tugagan so‘zlarga i shaklida, unli bilan tugagan so‘zlarga yi shaklida qo‘shiladi: dardi bedavo, nuqtayi nazar, tarjimayi hol kabi. Lekin izofa yozilmaydigan so‘zlar, shuningdek, qismlaridan har ikkisi o‘zbek tilida mustaqil ishlatilmaydigan so‘zlar qo‘shib yoziladi: gulbeor (guli beor), dardisar kabi.

Chiziqcha bilan yozish tartibi
Juft so‘z va takror so‘z qismlari chiziqcha bilan yoziladi:

el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-to‘rt, o‘n-o‘n beshta (10-15 ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, o‘ylab-netib, so‘ramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, qop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-bitta (bitta-bittalab), baland-baland, chopa-chopa, ishlay-ishlay, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.


Eslatma:

1) juft so‘zdan qo‘shimcha yordamida yasalgan so‘zlar ham chiziqcha bilan yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xo‘shlashmoq kabi;

2) juft so‘z qismlari orasida -u (-yu) bog‘lovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha qo‘yiladi va juft so‘z qismlari ajratib yoziladi: do‘st-u dushman (do‘st-dushman), kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi;


3) yetakchi va ko‘makchi fe’l bir xil shaklda bo‘lsa, chiziqcha bilan yoziladi: yozdi-otdi, borasan-qo‘yasan, uxlabman-qolibman kabi.


Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi, to‘ppa-to‘g‘ri, bab-barobar kabi so‘z shakllari chiziqcha bilan yoziladi. (lekin oppoq so‘zi qo‘shib yoziladi).


So‘zning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday so‘zlar qo‘shib yoziladi: ro‘baro‘, darbadar kabi.


Rus tilidan aynan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan olingan so‘zlar asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.


-chi, -a (-ya), -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-yey) yuklamalari chiziqcha bilan yoziladi: sen-chi, boraylik-chi, sen-a, kutaman-a, bola-ya, mingta-ya, keldi-ku, kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qo‘y-e, yashang-e, o‘g‘lim-ey, keldi-yey kabi.


Ammo -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina,-qina) yuklamalari o‘zidan oldin kelgan so‘zga qo‘shib yoziladi: keliboq, o‘ziyoq, ko‘rganov, ko‘rdiyov, mengina, qo’shiqqina kabi.


Tartib son arab raqamlari bilan yozilsa, -nchi qo‘shimchasi o‘rniga chiziqcha (-) qo‘yiladi: 7-sinf, 5-“A” sinfi, 3-, 7-, 8-sinf o‘quvchilari, 60-yillar, 1991-yilning 1- sentabri kabi. Tartib sonni ko‘rsatuvchi rim raqamlaridan keyin chiziqcha yozilmaydi: XX asr, X sinf kabi.


Asos va qo‘shimchalar imlosi


Qo‘shimcha qo‘shilishi bilan so‘z oxiridagi unli o‘zgaradi:

1) a unlisi bilan tugagan fe’llarga -v, -q, -qi qo‘shimchasi qo‘shilganda a unlisi o aytiladi va shunday yoziladi: saylaf – saylov, sina – sinov, aya – ayovsiz; so‘ra – so‘roq, bo‘ya – bo‘yoq; o‘yna – o‘ynoqi, sayra – sayroqi kabi;


2) i unlisi bilan tugagan ko‘pchilik fe’llarga -y, -q qo‘shimchasi qo‘shilganda bu unli u aytiladi va shunday yoziladi:o‘qi – o‘quvchi, qazi – qazuvchi, sovi – sovuq kabi. Lekin i unlisi bilan tugagan ayrim fe’llarga -q qo‘shimchasi qo‘shilganda bu unli i aytiladi va shunday yoziladi: og‘ri – og‘riq, qavi –qaviq kabi.


Eslatma:

1) undosh bilan tugagan barcha fe’llarga -uv qo‘shiladi: ol – oluv, yoz – yozuv kabi;

2) undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor fe’lga -uq qo‘shiladi: uz – uzuq, yut – yutuq kabi. Lekin uyushiq, burushiq, uchuriq (shuningdek, bulduriq) kabi so‘zlarning uchinchi bo‘g‘inida i aytiladi va shunday yoziladi.


k, q undoshi bilan tugagan ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarga, shuningdek, bek, yo‘q kabi ayrim bir bo‘g‘inli so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda k undoshi g undoshiga, q undoshi g‘ undoshiga aylanadi va shunday yoziladi: tilak – tilaging, yurak – yuragim, kubok – kubogi, bek – begi; tayoq – tayog‘i, qoshiq – qoshig‘i, yaxshiroq – yaxshirog‘i, yo‘q – yo‘g‘i kabi. Lekin ko‘p bo‘g‘inli o‘zlashma so‘zlarga, bir bo‘g‘inli ko‘pchilik so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shil­ganda k, q tovushi aslicha aytiladi va yoziladi: ishtirok – ishtiroki, ocherk – ocherki, erk – erki, huquq – huquqim, ravnaq – ravnaqi, yuq – yuqi kabi.


Quyidagi qo‘shimchalar qo‘shilishi bilan so‘zning tarkibida tovush tushadi yoki ortadi:


1) o‘rin, qorin, burun, o‘g‘il, bo‘yin, ko‘ngil kabi ba’zi so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda, qayir, ayir kabi fe’llarga nisbat shaklini yasovchi -il qo‘shimchasi qo‘shilganda, ikki, olti, yetti so‘zlariga -ov, -ala qo‘shimchalari qo‘shil­ganda ikkinchi bo‘g‘indagi unli aytilmaydi va yozilmaydi: o‘rin – o‘rnim, qorin – qorni, burun – burning, o‘g‘il – o‘g‘ling, ko‘ngil – ko‘ngli, yarim – yarmi; qayir – qayril, ulug‘ – ulg‘ay, sariq – sarg‘ay, ikki – ikkov, ikki – ikkala, yetti – yettov kabi;


2) u, bu, shu, o‘sha olmoshlariga -da, -dan, -day, -dagi, -da, -gach, -cha qo‘shimchalari qo‘shilganda n tovushi qo‘shib aytiladi va shun­day yoziladi: unda, bunday, shunda, o‘shancha kabi; bu olmoshlarga egalik qo‘shimchalari quyidagicha qo‘shiladi: buningiz, o‘shanisi kabi;


3) o, o‘, u, e unlilari bilan tugaydigan so‘zlarga egalik qo‘shimchalari quyidagicha qo‘shiladi:


a) ko‘pchilik so‘zlarga egalik qo‘shimchalari -m, -ng, -si; -mix, -ngiz, -si (yoki -lari) shaklida tovush orttirmay qo‘shiladi: bobom, bobong, bobosi; bobomiz, bobongiz, bobosi (yoki bobolari); orzum, orzung, orzusi; orzumiz, orzungiz, orzusi kabi;


b) parvo, obro‘, mavqe, mavzu, avzo so‘zlariga I, II shaxs egalik qo‘shimchalari qo‘shilganda bir y tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obro‘yim, obro‘ying; obro‘yimiz, obro‘yingiz kabi; III shaxs egalik qo‘shimchasi parvo, avzo, obro‘, mavqe so‘zlariga -yi shaklida, xudo, mavzu so‘zlariga esa -si shaklida qo‘shiladi: avzoyi, mavzusi kabi (dohiy kabi y undoshi bilan tugagan so‘zga ham III shaxsda -si qo‘shiladi: dohiysi kabi);


4) men, sen olmoshlariga -ni, -ning, -niki qo‘shimchalari qo‘shilganda qo‘shimchadagi n tovushi aytilmaydi va yozilmaydi: meni, mening, meniki; seni, sening, seniki kabi.


Quyidagi qo‘shimchalarning birinchi tovushi ikki xil aytilsa ham, bir xil yoziladi:


1) -bon, -boz qo‘shimchalari ba’zan -von, -voz aytilsa ham, hamma vaqt -bon, -boz yoziladi: darvozabon, masxaraboz kabi.


Lekin -vachcha qo‘shimchasi hamma vaqt shunday aytiladi va yoziladi: amakivachcha, xolavachcha kabi;


2) o‘rin kelishigi va chiqish kelishigi qo‘shimchasining, o‘tgan zamon yasovchisi va III shaxs ko‘rsatkichi -di qo‘shimchasining boshidagi undosh ba’zan t aytilsa ham, hamma vaqt d yoziladi: ishda, misdan, ketdi, kelmabdi kabi.


Quyidagi qo‘shimchalarning bosh tovushi ikki yoki uch xil aytiladi va shunday yoziladi:


1) taqlid so‘zlardan fe’I yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qo‘shimchasi so‘z tarkibida v yoki u tovushi bo‘lganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi: shovulla, lovulla, gurulla kabi;


2) nisbat shaklini yasovchi -dir qo‘shimchasi jarangli undosh bilan tugagan bir bo‘g‘inli so‘zlarga (kel so‘zidan boshqa), shuningdek, z undoshi bilan tugagan orttirma nisbat yasovchisidan keyin qo‘shiladi: quvdir, egdir, kuldir, yondir; o‘tkazdir, tomizdir kabi. Qolgan barcha hollarda bu qo‘shimcha -tir aytiladi va shunday yoziladi: tiktir, kestir, uyaltir, chaqirtir kabi;


3) jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -ga, chegara bildiruvchi -gacha, ravishdosh shaklini yasovchi -gach, -guncha, -gani, -gidek, sifatdosh shaklini yasovchi -gan, buyruq maylining II shaxs ko‘rsatkichi -gin, shuningdek, -gina qo‘shimchasi uch xil aytiladi va shunday yoziladi:


a) k undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda bu qo‘shimchalarning bosh tovushi k aytiladi va shunday yoziladi: tokka, yo‘lakkacha, ko‘nikkach, zerikkuncha, to‘kkani, kechikkudek, bukkan, ekkin, kichikkina kabi;


b) q undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda bu qo‘shimchalarning bosh tovushi q aytiladi va shunday yoziladi: chopiqqa, qishloqqacha, yoqqach, chiqquncha, chiniqqani, qo‘rqqudek, achchiqqina kabi;


d) qolgan barcha hollarda, so‘z qanday tovush bilan tugashidan va bu qo‘shimchalarning bosh tovushi k yoki q aytilishidan qat’i nazar, g yoziladi: bargga, pedagogga, bug‘ga, sog‘ga, og‘gan, sig‘guncha kabi.


Undoshlar imlosi
1. «B» tovushi borib, javob, hisob, bob, xitob kabi so‘zlarda «p», qibla, tobla so‘zlarida «v» tarzida aytilsa ham «b» yoziladi.

2. Avtomat, avtobus, avtomobil kabi so‘zlarda «v» tovushi «f » tarzida talaffuz qilinsa-da, doimo «v» yoziladi.


3. Fursat, fizika, fabrika, fahm-farosat, fasl singari so‘zlarda «f » tovushi «p» kabi aytiladi, lekin asliga muvofiq ravishda har doim «f» yoziladi.


4. Obod, ozod, faryod, tadbir, tadqiqot kabi so‘zlarda «d» tovushi «t » tarzida aytilsa-da, har vaqt «d» yoziladi.


5. Iztirob, tuzsiz, bo‘zchi so‘zlarida «z» tovushi «s» kabi aytiladi, biroq hamisha asliga mos ravishda «z» yoziladi.


6. J j harfi jon, jahon, juma, g‘ijjak, vaj so‘zlarida til oldi, jarangli, portlovchi «j», jurnal, ajdar, garaj, tiraj so‘zlarida esa til oldi, jarangli, sirg‘aluvchi «dj» undosh tovushini ifodalash uchun yoziladi.


7. Sh sh harfi shahar, shimol, shoshmoq, osh, bosh kabi so‘zlarda til oldi, jarangsiz, sirg‘aluvchi tovushni ifodalash uchun yoziladi. Sh harfi ikki tovushni ifodalasa, oraga tutuq belgisi qo‘yiladi: Is’hoq, as’hob kabi.


8. Ch ch harfi chumoli, choy, achchiq, soch kabi so‘zlarda til oldi, jarangsiz, qorishiq undosh tovushni ifodalash uchun yoziladi.


9. R r harfi rahmat, rahm, diyor; L l harfi lola, bol, olmoq; N n harfi non, ona, osmon; G g harfi gul, ega, eg; Kk harfi kam, ikki, tok; Y y harfi yetti, yuz, dunyo, toy; Ng ng harfi ko‘ngil, tong, ong; Q q harfi qizil, oq, aql; G‘ g‘ harfi g‘oz, og‘a, tog‘; X x harfi xalq, axborot, baxt; H h harfi hamma, hosil, ehson, isloh kabi so‘zlardagi muayyan tovushlarni ifodalash uchun yoziladi.


10. Farzand, band, poyezd so‘zlaridagi «d» undoshi, go‘sht, past, artist so‘zlaridagi, «t» undoshi tallafuzda tushib qolsa ham yozuvda doimo ifodalanadi.


11. Xuddi shuningdek, metall, kilovatt, kongress kabi so‘zlar oxiridagi qo‘sh undoshlardan biri tallafuzda tushirilib qoldirilsa ham yozuvda hamisha ifodalanadi.


12. Tutuq belgisi a’lo, ta’lim, e’lon, she’r, fe’l kabi so‘zlarda unlidan keyin kelib, uning cho‘ziqroq aytilishini ta’minlaydi.


13. Mo‘jiza, mo‘tadil, mo‘tabar kabi so‘zlarda o‘ unlisi cho‘ziqroq aytiladi, lekin tutuq belgisi qo‘yilmaydi.


14. San’at, in’om, mas’ul kabi so‘zlarda unlidan oldin qo‘yilib, uning undosh tovushdan ajratib aytilishini ta’minlaydi.


Unlilar imlosi
Yangi imlo qoidalarida unli harflarning yozilishiga keng o‘rin ajratilgan.

A a harfi savol, zamon, bahor so‘zlarida «o» kabi aytilsa ham har vaqt «a» yoziladi.


O o harfi boshqa tillardan kirgan quyidagi so‘zlarda «a» singari talaffuz etiladi, biroq hamisha «o» yoziladi: kollej, monitoring, dekoratsiya, omonim, okulist va h.k.


Shuningdek, o ba’zan o‘ kabi aytilishi ham mumkin, lekin baribir «o» yozilaveradi: tonna, noyabr, boks, tort va h.k.


Ii harfi bilan, bilim, til, tilak, har xil, qism kabi so‘zlarda qisqa aytiladi va «i» yoziladi, badiiy, ommaviy, Lutfiy singari so‘zlarda «i» cho‘ziq aytiladi, lekin doimo «iy» yoziladi.


Uu harfi yutuq, butun, tovuq, sovuq, sovun kabi so‘zlarda «i»ga monand talaffuz etilsa-da, qoidaga binoan «u» yoziladi.


O‘o‘ harfi o‘zbek, o ‘lka, o‘simlik kabi so‘zlarda old qator, o‘rta-keng, lablangan unli tovushni ifodalash uchun yoziladi.


E e harfi e’lon, ehtirom, fe’l, bermoq, meros, mone, tole, kofe kabi so‘zlarda old qator, o‘rta-keng, lablanmagan unli tovushni ifodalash uchun yoziladi:


«e», «ё», «ю», «я» harflari yangi alifboda quyidagicha yoziladi:


e: yetti, yetmish, yetim;


yo: yolg‘iz, yomon, yong‘oq;


yu: yulduz, yumshoq, yumuq.


ya: yakka, yangi, yaroqsiz.


Milliard, material, million, radio, ukrain, said, doim, shoir, teatr, okean singari so‘zlar talaffuzida unlilar orasida «y» undoshi qo‘shib aytilsa-da, yozuvda tushib qoladi.




Taassurot, taalluqli, taajjub, matbaa, saodat, maorif, muomala, inshoot kabi so‘zlar o‘rtasidagi unlilar yozuvda saqlanadi.
Yüklə 15,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə