Inson psixikasining ilmiy-tadqiqot metodlari



Yüklə 71,5 Kb.
tarix10.04.2023
ölçüsü71,5 Kb.
#104891
Tadqiqot metodlari


Inson psixikasining ilmiy-tadqiqot metodlari
Psixologiyaning an’anaviy, empirik metodlari to hozirgi kungacha muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.
Kuzatish metodi. Psixologiya fanida bu metodning obyektiv (tashqi) va subyektiv (o‘zini o‘zi) kuzatish turlari mavjud. Inson psixikasidagi o‘zgarishlarni kuzatish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
-kuzatishning maqsadi, vazifasi belgilanadi;
-kuzatiladigan obyekt tanlanadi;
-sinaluvchining yoshi, jinsi, kasbi aniqlanadi;
-tadqiqot o‘tkazish vaqti rejalashtiriladi;
-kuzatish qancha davom etishi qat’iylashtiriladi;
-kuzatish insonning qaysi faoliyatida (o‘yin, o‘qish, mehnat va sportda) amalga oshirilishi tavsiya qilinadi;
-kuzatishning shakli (yakka, guruh, jamoa bilan o‘tkazilishi) tayinlanadi;
-kuzatilganlarni qayd qilib berish vositalari (kundalik, suhbat daftari, kuzatish varaqasi, magnitafon, videomagnitafon, videoapparat, fotoapparat va boshqalar) taxt qilinadi.
Kuzatish orqali odamlarning diqqati, his-tuyg‘ulari, nerv sistemasining tashqi ifodalari, temperament xususiyatlari, imo-ishoralari, sezgirligi, harakatchanligi, ishchanligi, xulq-atvori, nutq faoliyati va hokazolari o‘rganiladi. Ammo o‘ta murakkab ichki psixologik kechinmalar, yuksak hissiyotlar, tafakkur, mantiqiy xotira va aql-zakovatni tadqiq etishga bu metodning imkoni yetishmaydi. Masalan, go‘dak bolani kuzatishda uning harakatlari, o‘yinchoqlarga munosabati, his-tuyg‘usi, talpinishi, mayli, xohishi aniqlanadi. O‘quvchining darsdagi holatini kuzatishda esa diqqatining xususiyati, tashqi qo‘zg‘atuvchi bilan ta’sirlanishi, temperamenti, xatti-harakatining sur’ati, emotsional kechinmasining o‘zgarishi to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plashga imkoniyat tug‘iladi. O‘spirin yoshlarning sport faoliyatini kuzatish orqali ularning irodasi, ishchanligi, his-tuyg‘usining o‘zgarish xususiyatlari, g‘alabaga intilishi, o‘zining harakatini idora qila olishi yuzasidan materiallar yig‘ish mumkin. Ishchining dastgoh yonidagi faoliyatini kuzatish natijasida uning o‘z diqqatini taqsimlashi, qiyin damlarda o‘zini tutishi, imo-ishoralari, tashqi qo‘zg‘atuvchidan ta’sirlanish darajasi haqida keng ma’lumotlar yig‘iladi. Keksalarning muloqot jarayonini kuzatish ularning xarakteri, nutq faoliyati, his-tuyg‘usi, ekstravertivligi yoki introvertivligi, qiziquvchanligi va ruhiyatining boshqa xususiyatlarini aniqlash demakdir.
Tashqi kuzatishda ba’zan tafakkur bo‘yicha ham ma’lumotlar olish: ish ustidagi kayfiyatini, fikrning muayyan obyektga yo‘naltirilganini, tashqi qo‘zg‘atuvchilar ta’siriga berilmaslikni, chehradagi tashvish va istirobni, ko‘zdagi g‘ayri tabiiylikni, shuningdek, sinchkovlik, teranlik, termulish kabi ruhiy holatlarni kuzatib tafakkurning kechishidagi o‘zgarishlarni aniqlash mumkin. Bulardan tashqari, qo‘lning titrashi, asabiylashish, nutqning buzilishi, hissiyotning beqarorlashuvi ham inson ruhiyatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha ma’lumot beradi.
Psixologiya fanida o‘zini o‘zi kuzatishdan (introspeksiyadan) ham foydalaniladi. Ko‘pincha tajribali psixolog yoki malakali mohir o‘qituvchi, salohiyatli rahbar o‘zini o‘zi kuzatish orqali ilmiy xulosa chiqara biladi. Masalan, o‘z tafakkurini kuzatib o‘zidagi emotsional o‘zgarish haqida, shuningdek, tafakkurning ichki mexanizmlari vujudga kelishi va kechishi to‘g‘risida ma’lumot oladi. Natijada tafakkurning sifati, mazmuni, mohiyati va qay tarzda, qanday tezlikda, qay shaklda ro‘y berishini kuzatadi.
Chet el psixologiyasida o‘zini o‘zi kuzatishning inson ruhiyatini o‘rganishdagi rolini ifodalovchi ilmiy-amaliy materiallar to‘plangan. Introspeksiya yo‘nalishining yirik namoyandalari o‘zlarini o‘zlari kuzatganlar va to‘plagan materiallarini tahlil qilib umumiy psixologik qonuniyatlarni yaratishga harakat qilganlar. Lekin inson turli vaziyatlarda o‘zini bir xil boshqara olmaydi va shuning uchun bu metodning ilmiy ahamiyati unchalik katta emas.
Shunday qilib, kuzatish metodining qulay va samarali jihatlari bilan birga zaif tomonlari ham mavjud. Shu sababli insonning murakkab psixikasi boshqa metodlardan foydalanib tadqiq qilinadi.
Suhbat metodi. Bu metod bilan inson psixikasini o‘rganishda suhbatning maqsadi va vazifasi belgilanadi, uning obyekti va subyekti tanlanadi, mavzusi, o‘tkaziladigan vaqti aniqlanadi, yakka shaxslar, guruh va jamoa bilan o‘tkazish rejalashtiriladi, o‘rganilayotgan narsa bilan uzviy bog‘liq savol-javob tartibi tayyorlanadi. Suhbatning bosh maqsadi muayyan bir vaziyat yoki muammoni hal qilish jarayonida inson psixikasidagi o‘zgarishlarni o‘rganishdir. Suhbat orqali odamlarning tafakkuri, aql-zakovati, xulq-atvori, qiziqishi, tiyrakligi, bilim saviyasi, e’tiqodi, dunyoqarashi, irodasi to‘g‘risida ma’lumotlar olinadi.
Suhbat metodining ijobiy jihatlari bilan birga ayrim zaif tomonlari ham mavjud. qaytariq so‘zlar, «g‘aliz» iboralar, nutqning tezligi, fikrning mavhumligi, zerikarliligi muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, savol-javobning bir shaklda emasligi sinaluvchida o‘ziga xos ishlash uslubi, oshkoralikning yetishmasligi, iymanish, uyalish atroflicha ma’lumotlar olishni qiyinlashtiradi va shu sababli boshqa metodlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
Faoliyat mahsullarini tahlil qilish metodi. Inson xotirasi, tafakkuri, qobiliyati va xayolining xususiyatlarini aniqlash maqsadida bu metod umumiy psixologiyada keng qo‘llaniladi. Bolalar chizgan rasmlar, yasagan o‘yinchoqlar, modellar, yozgan she’rlarni tahlil qilish orqali ularning mantiqiy xotirasi, tafakkuri, texnik, badiiy va adabiy qobiliyati, ijodiy xayoli yuzasidan materiallar to‘plash mumkin. Obyekt bilan subyekt o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun shaxsning psixikasi to‘g‘risida sirtdan muayyan hukm va xulosa chiqariladi. Ijodiy faoliyat mahsullariga kundalik, sxema, ixtiro, diagramma, kashfiyot, qurilma, asbob, texnik model, moslama, milliy kashtachilik, hunarmandchilik, zargarlik buyumlari, referat, kurs va malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyasi, ilmiy ma’ruza, konspekt, taqriz, tezis, maqola, ko‘rsatmali qurollar, loyiha, konsepsiya, san’atkor, artist va baxshi ijodiyoti kabilar kiradi. Bular turli yoshdagi, jinsdagi va kasbdagi odamlar tomonidan yaratilgan bo‘lishi va shunga ko‘ra shakli, mazmuni, sifati, originalligi, hajmi, ko‘rinishi, xususiyati bilan bir-biridan keskin tafovut qilishi mumkin.
Ijodiy faoliyat mahsullarini tahlil qilish orqali bolalar, o‘quvchilar, talabalar, konstruktorlar, olimlar, hunarmandlar, ishchilar, dehqonlar psixik xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plash mumkin. Lekin insondagi psixik o‘zgarishlar, kamol topish va bularning kechishini ifodalovchi materiallar yig‘ish uchun bu metodning o‘zi yetmaydi. Shuning uchun inson psixikasini o‘rganish maqsadida boshqa metodlardan ham foydalanish ma’qul.
Test metodi. Test - inglizcha so‘z bo‘lib, sinash, tekshirish, demakdir. Shaxsning aqliy o‘sishini, mentalitetini, qobiliyatini, irodaviy sifatlari va boshqa psixik xususiyatlarini tekshirishda qo‘llaniladigan qisqa masala, topshiriq, misol, jumboq, syujetli rasm yoki shakl test deb ataladi. Test ayniqsa odamning qanday kasbni egallashi mumkinligini, kasbga yaroqliligi yoki yaroqsizligi, iste’dodlilar, iqtidorlilar va aqli zaiflarni aniqlashda kishilarni saralashda keng qo‘llaniladi. Test metodining qimmati tajribaning ilmiylik darajasiga, tekshiruvchining mahoratiga va qiziqishiga, yig‘ilgan psixologik ma’lumotlarning obyektivligi va ularni ilmiy tahlil qila bilashga bog‘liqdir.
1905 yildan, ya’ni fransuz psixologi A. Bine va uning shogirdi A. Simon insonning aqliy o‘sish va iste’dod darajalarini o‘lchash imkoniyati borligi g‘oyasini olg‘a surganidan keyin psixologiyada test metodi qo‘llana boshlandi.
Chet el psixologlari testlarni shaxsning iste’dod darajasini aniqlash vositasi deb bildilar. Biroq test tekshirilayotgan hodisalarning psixologik mezoni hisoblanmaydi. Ma’lumki, bir muammoning yechimini izlash turli psixologik vositalar bilan amalga oshiriladi. Jahon (AqSH, Yevropa va hokazo) testologlari tadqiqot obyektlarini o‘zlashtirib turadigan va qobiliyat, tafakkur, bilim ko‘nikma hamda malakalarni aralash holda o‘rganishga intiladilar. Sinash jarayonida sinaluvchilarning emotsional holati va salomatligiga bog‘liq ruhiy kechinmalarni inobatga olmaydilar. Sobiq ittifoq psixologlari K.M. Gurevich, V.A. Krutetskiy va boshqalar qo‘llaydigan testlar tubdan boshqacha prinsip asosida tuzilgan. Ular testlarning tafakkur ko‘rsatkichi (indikatori) bo‘lishi uchun harakat qildilar va muayyan yutuqlarga erishdilar. Shuningdek, tafakkur jarayonining sifat xususiyatlarini bilmay turib, qobiliyatning mohiyatini yoritib bo‘lmaydi, degan qoidaga amal qilgan holda testlardan foydalanmoqdalar. Hozirgi davrda nodir testlar qatoriga psixologlardan Rorshax, Rozensveyg, Kettell, Vartegg, Veksler, Meyli, Ayzenk, Anastazi, Raven va boshqalar ijodining namunalarini kiritish mumkin.
Psixologiyada testlar quyidagi turkumlarga, turlarga ajratilgan holda qo‘llaniladi. Eng keng tarqalgan testlar qatoriga:
Bilim, ko‘nikma va malakalarni egallaganlik darajasini aniqlashga qaratilgan diagnostik metodlardan biri maqsadga (yutuqqa) erishuv testlari yoki pedagogik testlar deb nomlanadi; bu tur harakat testlari (mexanizmlar, materiallar, instrument kabilardan foydalanishga mo‘ljallangan), yozma testlar (maxsus blankalardagi savollardan bitta to‘g‘risini topishga yoki rasmdan muhim tomonini ajratishga yo‘naltirilgan), og‘zaki testlar (savollar tizimi umumiy ta’lim va kasb ta’limida tayyorgarlik darajasini aniqlaydi).
Insonning aql-idroki, aql-zakovati, aqliy qobiliyati va fikrlash darajasini o‘lchashga mo‘ljallangan testlar intellekt testlari deyiladi; ular verbal va noverbal shakllarda tuzilgan bo‘lib, aqliy imkoniyat, uquvchanlik, topqirlik, zehn, farosatlilik, aqliy taraqqiyot darajasini aniqlash uchun xizmat qiladi; test topshiriqlari yo‘riqnomasida analogiyaga, umumlashtirishga, tushunchalarga, tavsiflashga mantiqiy munosabatni aniqlash talab etiladi.
Ijodiyot (kreativlik) testlari shaxsning ijodiy qobiliyatlarini o‘rganish va baholashga mo‘ljallangan bo‘ladi; ular ijodkor shaxsning hayotiy tajribasini tahlil qilishga va ijodkor shaxsning individual xususiyatlarini (ijodiy tafakkur va uning mahsuldorligi: egiluvchanligi , tezkorligi topqirligi, originalligi, tanlovchanligi, konstruktivligi va hokazo) o‘rganishga yo‘naltiriladi.
Mezonga mo‘ljallangan (kriterial oriyentirlangan) testlar tekshiriluvchidan egallagan va kasbiy topshiriqlarni bajarish uchun yetarli yoki yetarli emasligini aniqlashga mo‘ljallangandir. Mezon (kriteriya) sifatida muayyan bilimlar tizimi mavjud yoki mavjud emasligi xizmat qiladi. U (mezon o‘quv jarayonni tashkil etishda teskari aloqaning instrumenti tariqasida gavdalanadi. Mezonning yaratilishi uning mantiqiy-psixologik tuzilishini tahlil qilish asosida quriladi. Bunda metodika bilan mezonning psixologik mutanosibligi, relevantligi oldindan hisobga olinishi lozim.
Shaxsga oid yoki shaxslilik testlari: shaxsning ustanovkasi, qadriyatlarga munosabati, emotsional holatlari, motivatsiyasi, shaxslararo munosabatdagi sifatlari, xulq-atvorining tipik shakllari va hokazolarni o‘rganishga, o‘lchashga, aniqlashga yordam beradi. Ular shaxsni o‘rganish shkalalari, so‘rovnomalari va bilim jarayonlarini o‘lchash, baholash, o‘zini-o‘zi baholashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Shuningdek, subyektivlikni aks ettiruvchi tekstlar tizimini ham qamrab oladi.
Proyektiv testlar (lotincha Prochestio-oldinlab, ilgarilab namoyon etish ma’nosini bildiradi): proyeksiya natijalarini psixologik talqin qilishga asoslangan shaxsni yaxlit o‘rganishga qaratilgan metodlar majmuasi proyektiv testlar deyiladi. Psixologik himoyalanishdan tashqari, favquloddagi vaziyatda individualligini o‘ziga xos namoyish etish kabilarda mujassamlashadi. Bunday testlar turkumi assotsiativ (tugallanmagan gaplar yoki hikoya), ekspressiv (psixodrama, o‘yinlar, ishbilarmonlik o‘yinlari, sotstrening, erkin mavzuda rasm chizish) turlariga ajratiladi. Shaxsning ichki dunyosi mohiyatini subyektning shaxsan o‘zi to‘laroq namoyish etishga xizmat qiladi.
Shunday qilib, testlar qatoriga yutuqqa (maqsadga) erishish testlari (ular darsliklarda berilgan bilim, malaka darajalarini baholashga qaratilgan), intellekt testlari (aqliy taraqqiyot darajasini o‘lchashga mo‘ljallangan), shaxslilik testlari (inson irodasi, emotsiyasi, qiziqishi, motivatsiyasi va xulqini baholashga yo‘naltirilgan diagnostik metodlardan iboratdir), shaxs «loyihasi» (proyektiv) testlari(savollarga bitta aniq javob berish talab qilinadi, javoblarni tahlil qilib shaxs xususiyatlarining «loyixasi» ishlab chiqiladi), qobiliyat testlari, xotira testlari kiradi.
Endi testga ayrim misollar keltiramiz.
Ortiqcha so‘zni chiqarib tashlang:
A) Yenisey, Dnepr, Sirdaryo, Amur (javob: Dnepr - u Yevropada joylashgan);
B) Petrozavodsk, Ijevsk, Siktivkar, Abakan (javob: Abakan - u Osiyoda joylashgan).
Tajriba (eksperiment) metodi. Bu metod turli yoshdagi va kasbdagi odamlar (chaqaloq, bola, o‘spirin, balog‘atga yetgan va qarilar)ning psixikasini chuqurroq, aniqroq tadqiq qilish metodlari ichida eng muhimi hisoblanadi. Eksperiment metodi yordamida sun’iy tushunchalarning shakllanishi nutqning o‘sishi, favqulodda holatdan chiqish, muammoli vaziyatni hal qilish jarayonlari, shaxsning his-tuyg‘ulari, xarakteri va tipologik xususiyatlari o‘rganiladi. Inson psixikasining nozik ichki bog‘lanishlari, munosabatlari, murakkab mexanizmlari tekshiriladi. Buning uchun eksperiment materialini tekshiruvchi sinchkovlik bilan tanlashi, obyekt tarzida har xil holat va vaziyatlarni yaratishi, bunda sinaluvchining yoshi, aql-idroki, xarakter xususiyati, his-tuyg‘usi, qiziqishi va saviyasiga, turmush tajribasiga, ko‘nikma va malakalariga e’tibor berishi lozim.
Eksperiment metodi o‘z navbatida tabiiy va laboratoriya metodlariga ajratiladi. Tabiiy metod psixologik-pedagogik masalalarni hal qilishda qo‘llanadi. Bu metodning ilmiy asoslarini 1910 yilda rus psixologi A.F. Lazurskiy ta’riflagan. Tabiiy metoddan foydalanishda ishlab chiqarish jamoalari a’zolarining, ilmiy muassasalar xodimlarining, o‘qituvchilar, keksaygan kishilarning psixologik o‘zgarishlari, o‘zaro munosabatlari, ishchanlik qobiliyatlari, mutaxassislikka yaroqliligi muammolarini hal qilish nazarda tutiladi. Tabiiy sharoitlarda inson psixikasini o‘rganishda sinaluvchilar (bog‘cha bolalari, maktab o‘quvchilari, ishchilar, dehqonlar, ziyolilar, biznesmenlar, fermerlar, ilmiy xodimlar va hokazolar)ning o‘zlari bexabar bo‘lishi, ta’lim jarayonida berilayotgan bilimlar tadqiqot maqsadi muvofiqlashtirilishi, katta yoshdagi odamlarga tarbiyaviy ta’sir o‘tkazish (interaksiya) kundalik mehnat tarzi doirasida amalga oshirilishi, zavod va fabrikada esa moddiy mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilishi lozim.
Laboratoriya (klinika) metodi ko‘pincha individual (goho guruh va jamoa) shaklida sinaluvchilardan yashirmay, maxsus psixologik asboblar, yo‘l-yo‘riqlar, tavsiyalar, ko‘rsatma va ilovalardan foydalanib olib boriladi. Hozir inson psixikasidagi o‘zgarishlarni aniqlaydigan asboblar, murakkab elektron hisoblash mashinalari (displeylar), qurilmalar, moslama va jihozlar mavjud. Ular odamdagi psixologik jarayonlar, holatlar, funksiyalar, vujudga kelayotgan yangi sifatlarni qayd qilish va o‘lchashda qo‘llanadi. Ko‘pincha detektorlar, elektron va radio o‘lchagichlar, sekundomer, refleksometr, xronorefleksometr, lyuksmetr, anomatoskop, taxistoskop, audiometr, esteziometr, elektromnogramma, elektroensefalogramma kabilardan foydalaniladi.
Laboratoriya metodi yordami bilan diqqatning sifatlari, sezgi, idrok, xotira va tafakkurning xususiyatlari, emotsional hamda irodaviy va aqliy zo‘riqish singari murakkab psixik holatlar tekshiriladi. Ko‘pincha laboratoriya sharoitida kishilar (uchuvchi, shofyor, operator, elektronchilar) va kutilmagan tasodifiy vaziyatlar (halokat, portlash, izdan chiqish, shovqin ko‘tarilishi)ning modellari yaratiladi. Asboblarning ko‘rsatilishi bo‘yicha o‘zgarishlar, rivojlanish dinamikasi, jismoniy va aqliy toliqish, emotsional-irodaviy, asabiy zo‘riqish, jiddiylik, tanglik qanday sodir bo‘layotganini ifodalovchi ma’lumotlar olinadi.
Tajriba (ekspement) aniqlovchi, tarkib toptiruvchi (tarbiyalovchi) va tekshirish (nazorat) qismlariga bo‘linadi. Eksperimentning aniqlovchi qismida psixik xususiyat, jarayon yoki holat, o‘yin, mehnat, o‘qish kabi faoliyatlarda tadqiq qilinadi. Tadqiqot obyektining aynan shu paytdagi holati, imkoniyati aniqlanadi, lekin tekshiruvchi sinaluvchiga subyektiv ta’sir o‘tkazmaydi. Shu pallada sinaluvchiga hatto, yo‘llovchi savollar ham bermaslik eksperimentning prinsipi hisoblanadi.
Tarkib toptiruvchi (shakllantiruvchi) eksperimentda (tajribada) sinaluvchilarda biror fazilatni shakllantirish, shuningdek, ularga maqsadga muvofiq muayyan malaka, yo‘l-yo‘riq va usulni o‘rgatish rejalashtiriladi. Eksperiment yakka, guruh va jamoa tarzida o‘tkazilishi mumkin. Buning uchun tajriba materialining hajmi, ko‘lami, qancha vaqtga mo‘ljallanganligi, nimalar o‘rgatilishi, sinaluvchilarni psixologik jihatdan tayyorlash oldindan belgilab qo‘yilishi shart.
Tekshirish yoki nazorat eksperimentida (tajribasida) tarkib toptiruvchi (shakllantiruvchi) bosqichda shakllantirilgan usul, vosita, yo‘l-yo‘riq, ko‘nikma, malaka va shaxs fazilatlarining darajasini, barqarorligini aniqlash, ta’sirchanligiga ishonch hosil qilish uchun mohiyati har xil mustaqil topshiriqlar beriladi. Tekshirish (nazorat) tajribasi orqali tarkib toptiruvchi sinaluvchiga mutlaqo yordam berish mumkin emas, aks holda tadqiqot o‘tkazish prinsipi buziladi.
Aniqlovchi, tarkib toptiruvchi va tekshiruvchi (nazorat) tajribalarda yig‘ilgan ma’lumotlar, miqdorlar matematik-statistik metodlardan foydalangan holda ishlab (hisoblab) chiqiladi, shuningdek, miqdoriy tahlil o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘riladi. Statistik metodlar yordamida insonning bilish jarayonlari (sezgi, idrok, tasavvur, xotira, tafakkur, xayol) bilan uning individual-tipologik xususiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqligi va ta’siri (korrelyatsiyasi) bilish jarayonlarining his-tuyg‘u bilan boshqarilishi, aql-zakovat omillarini tahlil qilish amalga oshiriladi. So‘ngra miqdorning hamda qo‘llanilgan metodikasining ishonchliligi, aniqlilik darajasi aniqlanadi. Ungacha ham matematik statistikaning sodda metodlaridan foydalanib ayrim hisoblashlar, masalan, o‘rtacha arifmetik qiymat, miqdorlarni tartibga solish, medianani hisoblash, kvadrat og‘ishni topish va boshqalar amalga oshiriladi.
Hozir injener psixologlar matematiklar bilan hamkorlikda inson psixikasining modelini yaratish ustida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar, shuningdek, mediklar, fiziologlar, kibernetiklar psixikani programmalashtirishni nihoyasiga yetkazmoqdalar. Ishlab chiqarishdagi «sun’iy intellektlar», robotlar, EHMlar ana shu izlanishlarning dastlabki samarasi hisoblanadi.
Biografiya (tarjimai hol) metodi. Inson psixikasini tadqiq etish uchun uning hayoti, faoliyati, ijodiyoti to‘g‘risidagi og‘zaki va yozma ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega. Bu borada kishilarning tarjimai holi, kundaligi, xatlari, esdaliklari, o‘zgalar ijodiga bergan baholari, tanbehlari, taqrizlari alohida o‘rin egallaydi. Shu bilan birga o‘zgalar tomonidan to‘plangan tarjimai hol haqidagi materiallar: esdaliklar, xatlar, rasmlar, tavsiflar, baholar, magnitafon ovozlari, fotolavhalar, hujjatli filmlar, taqrizlar o‘rganilayotgan shaxsni to‘laroq tasavvur etishga xizmat qiladi.
Tarjimai hol ma’lumotlari inson psixikasidagi o‘zgarishlarni kuzatishda, uning suhbat va tajriba metodlari bilan o‘rganib bo‘lmaydigan jihatlarini ochishga yordam beradi. Masalan, mazkur ma’lumotlar orqali ijodiy xayol bilan bog‘liq jarayonlar: she’riyat, musiqa, nafosat, tasviriy san’at, texnik ijodiyotning nozik turlari va kashfiyotdagi tafakkurning o‘ziga xosligini, shaxsning ma’naviyat, qadriyat, qobiliyat, iqtidor, iste’dod singari fazilatlarini o‘rganish mumkin. Inson ongining hissasi, namoyon bo‘lishi, rivojlanishi, o‘ziga xos va ijtimoiy xususiyatlari atoqli odamlar bildirgan mulohazalarda o‘z ifodasini topadi. Allomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar zamondoshlari, izdoshlari, safdoshlarining ta’rifu-tavsiflari orqali avloddan avlodga o‘tadi.
Biografik ma’lumotlar odamlarning o‘zini o‘zi tarbiyalashi, nazorat qilishi, idora etishi, o‘zining uslubini yaratishi, kamolot cho‘qqisiga erishishi jarayonida namuna vazifasini o‘taydi.
Yosh psixologiyasida bolalarning tarjimai holi asosidagi ilmiy tadqiqotlar, masalan, N.A.Menchinskaya, V.S.Muxina kabi sobiq ittifoq psixologlarining kuzatishlari «Ona kundaligi» nomi bilan mashhurdir. Shunday tadqiqotlar uzoq chet el psixologiyasida ham keng tarqalgan.
Badiiy adabiyotda yaratilgan talay asarlar, masalan, L.N.Tolstoy, A.M.Gorkiy, S.Ayniy, Oybek, Abdulla qahhor va boshqa qator adiblarning esdaliklari tarjimai hol shaklida bo‘lib, ular bilan tanishish natijasida mualliflarning his-tuyg‘usi, temperamenti, xarakteri, qobiliyati, iste’dodi, qiziqishi, intilishi, dunyoqarashi, e’tiqodi, nafosati, axloq va odobi to‘g‘risida ma’lumotlar olish mumkin.
Anketa metodi. Umumiy psixologiya fanida keng qo‘llaniladigan metodlardan biridir. Uning yordamida turli yoshdagi va kasbdagi odamlarning psixologik xususiyatlari, narsa va hodisalarga munosabatlari o‘rganiladi.
Anketa odatda uch xil tuziladi. Ularning birinchi xili anglashilgan motivlarni aniqlashga mo‘ljallangan savollarni aniqlashga mo‘ljallangan savollardan tuziladi. Ikkinchi xilida har bir savolning bir nechtadan tayyor javoblari beriladi. Uchinchi xil anketada sinaluvchiga yozilgan to‘g‘ri javoblarni ballar bilan baholash tavsiya etiladi va shkalali anketa deb ataladi. Anketadan turli yoshdagi va kasbdagi odamlarning layoqatlarini, muayyan sohaga qiziqishlari va qobiliyatlarini, o‘ziga, tengdoshlariga, hamkasblariga, katta va kichiklarga munosabatlarini aniqlash maqsadida keng ko‘lamda foydalaniladi. Tarqatilgan anketalar yig‘ishtiriladi va elektron hisoblash mashinalarida hisoblab chiqiladi, atroflicha miqdoriy tahlil qilinadi, so‘ngra tadqiqotga yakun yasalib, ilmiy va amaliy yo‘sinda xulosalar chiqariladi. Anketa metodi inson psixikasini o‘rganish uchun boy material to‘plash imkonini beradi. Lekin unda olinadigan ma’lumotlar doimo xolisona xususiyatga ega bo‘lavermaydi. Bu kamchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun anketa ichidagi nazorat vazifasini bajaruvchi savollarni (kontr savollarni) ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. O‘zini o‘zi baholash shkalasini kasb tanlashga yo‘naltirishni kasbiy layoqatni aniqlashni, qiziqish va motivatsiyani o‘rganishda anketa metodi qo‘llaniladi.
Sotsiometriya metodi. Bu metod kichik guruh a’zolari o‘rtasidagi bevosita emotsional munosabatlarni o‘rganish va ularning darajasini o‘lchashda qo‘llaniladi. Unga amerikalik sotsiolog Djon Moreno asos solgan. Mazkur metod yordamida muayyan guruhdagi har bir a’zoning o‘zaro munosabatlarini aniqlash uchun undan qaysi faoliyatda, kim bilan qatnashishi so‘raladi. Olingan ma’lumotlar matritsa, grafik, sxema, jadval shaklida ifodalanadi. Ulardagi miqdor ko‘rsatkichlari guruhdagi kishilarning shaxslararo munosabatlari to‘g‘risida tasavvur hosil qiladi. Bu ma’lumotlar guruhiy munosabatlarning tashqi ko‘rinishini aks ettiradi, xolos. Shuning uchun XX asrning oxirlarida sobiq ittifoq psixologlari Y.L.Kolominskiy (Minsk) va I.P.Volkov (Sankt-Peterburg) tomonidan sotsiometriyaning yosh psixologiyasiga (ijtimoiy-pedagogik psixologiya sohasiga) moslab o‘zgartirilgan turlari, modifikatsiyalari ishlab chiqilgan. Bular shaxslarning bir-birini tanlashi motivlarini keng ifodalash imkonini beradi. Ayniqsa, sotsiometriyaning Y.L.Kolominskiy ishlab chiqqan o‘zgartirilgan turi bolalar, o‘quvchilar jamoasidagi shaxslararo munosabatlar haqida to‘laroq axborot beradi.
Odatda o‘quvchilardan quyidagi savollarga javob berish talab qilinadi: «Sen sayohatga kim bilan borishni xohlaysan?», «Kim bilan qo‘shni bo‘lib yashashni yoqtirasan?». Har bir savol sotsiometrik mezon (o‘lchov) vazifasini bajaradi va turmush voqeligidan olingan. Sinaluvchi har bir savolning uchta javobidan bittasini «eng ma’qul» deb tanlashi lozim. Unga, «avval, hammadan ko‘ra ko‘proq kim bilan birga bo‘lishni xohlasang, o‘shaning familiyasini yoz», «agar sen istagan shaxs to‘g‘ri kelmasa, yana kim bilan birga bo‘lishni istasang, shuning familiyasini yoz», «aytilgan shartlarga binoan uchinchi shaxsning familiyasini yoz» deb uqtirish joiz.
Guruh tabaqalanishni ko‘rsatish uchun sotsiogramma to‘rtta «maydon»ga ajratiladi. qizlar doiracha bilan, o‘g‘il bolalar esa uchburchaklar bilan belgilanadi. Doiracha va uchburchaklar soni familiyalar soniga to‘g‘ri, mos keladi. Guruh a’zolarining o‘zaro munosabatlari doiracha va uchburchaklar strelkalar bilan bog‘langanida o‘z ifodasini topadi. Eng ko‘p munosabatga ega bo‘lgan sinaluvchi doiraning markazidan o‘rin oladi. U guruh a’zolarining eng yoqimtoyi hisoblanadi, shaxslar bilan aloqa o‘rnatmagan sinaluvchi doiraning eng chetidan joy oladi. Oraliqdagi «maydon»larga o‘rtacha va undan kamroq tanlangan tekshiriluvchilar joylashtiriladi. Tekshirishda, birinchidan, shaxslararo munosabatning darajasi va ko‘lami aniqlanadi, ikkinchidan, qizlar bilan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi ko‘rsatkichlar taqqoslanadi. Ko‘rsatkichlarga qarab guruhdagi munosabatlar yoki qizlar bilan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi munosabatlar va ularning o‘ziga xosligi, psixologik mexanizmlari haqida xulosa chiqariladi. Shu bilan birga nazariy ahamiyatga molik g‘oyalar olg‘a suriladi, amaliy ko‘rsatmalar beriladi, tavsiyalar bildiriladi.
Bu metodda sinaluvchilarga bevosita savollar beriladi va ularga ketma-ket javob qaytarish orqali guruh a’zolarining o‘zaro tanlash jarayoni vujudga keltiriladi. Maktabgacha muassasalar, maktab sinflari, mehnat va dam olish lagerlari, oliy maktablar, mehnat jamoalari va turli tashkilotlarning xususiyatlari, dinamikasi, shaxslararo ziddiyat (nizo)larning sababi shu metod yordamida o‘rganiladi. Turli ehtiyoj, motiv, qiziqish, intilish, harakat va hokazolar muayyan tartib va qoidaga binoan sistemalashtiriladi, ularning ijtimoiy-psixologik hamda sof psixologik ildizlari to‘g‘risida ma’lumotlar olinadi. Shu bilan birga guruhdagi shaxslarning yaqqol, aniq nuqtai nazari, guruhbozlik, og‘machilik, qarama-qarshilik, his-tuyg‘uning zo‘riqishi, guruhiy jipslik, moslik, munosabatning motivlari va uning qurilishi, jinslar o‘rtasidagi muloqotlarning zamini, muomalaning maromi hamda sehri mana shu kalit bilan ochiladi va barqarorlik xususiyatini kasb etadi.
Umuman aytganda, sotsiometriya metodidan turli yoshdagi, kasbdagi, jinsdagi, saviyasi har xil kishilar guruhlaridagi psixologik qonuniyatlar, mexanizmlar va yondashuvlarni tadqiq etishda unumli foydalansa bo‘ladi.
Yaqin va uzoq chet el psixologiyasi fanida inson psixikasini tadqiqot qilish metodlarining turlicha klassifikatsiyasi (tasnifi) berilgan. Umumiy psixologiya sohasi bo‘yicha xilma-xil ilmiy asosga qurilgan nazariyalar mavjud bo‘lib, ularning har qaysisi to‘kislik va nuqsonli tomonlariga ega. quyida biz rus psixologi B.G.Ananyev tavsiya qilgan klassifikatsiyaga asoslangan holda metodlar xususiyatini yoritib beramiz.
B.G. Ananyev psixikani o‘rganish metodlarining tashkiliy, empirik (amaliy), olingan natijalarni qayta ishlash yoki statistik hamda natijalarni sharhlash deb nomlab, ularni to‘rtta katta turkumga, guruhga ajratgan. Mazkur metodlar guruhi o‘z navbatida uning maqsadi va vazifasiga binoan yana bir nechta toifa hamda turlarga bo‘linadi. Navbatdagi fikrda ana shu metodlarning umumiy, xususiy va o‘ziga xos xususiyatlariga hamda qiyosiy tavsifiga to‘xtalamiz.
Tadqiqot metodlarining birinchi guruhi tashkiliy deb nomlanib, u o‘z ichiga qiyoslash, longityud (uzluksiz), kompleks (ko‘pyoqlama) deb ataladigan turlarni qamrab oladi. qiyoslash metodi umumiy psixologiya (turli guruhlarni o‘zaro solishtirish), sotsial psixologiya (katta yoki kichik guruhlar hamda ularning har xil toifalarini o‘zaro taqqoslash), meditsina psixologiyasi (sog‘lom va bemor kishilarning psixik xususiyatlarini qiyoslash), sport psixologiyasi (sportsmenlar holati, ularning uquvchanligi va ishchanligini o‘zaro chog‘ishtirish) kabi fanlarda unumli foydalaniladi.
Umumiy psixologiya fanida qiyoslash metodi turli yoshdagi odamlarning bilish jarayonlari, shaxs xususiyatlari, bilimlarini o‘zlashtirish xossalari, aqliy qobiliyati, salohiyati, taraqqiyot dinamikasi, shaxs jinsiy tafovutlari va o‘ziga xosligi, individual-tipologik holatlarini o‘rganishda tatbiq etiladi. Rus psixologlari L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, A.A.Smirnov, B.G.Ananyev, D.B.Elkonin, P.Y.Galperin singari olimlar va ularning shogirdlari tadqiqotlarida qiyoslash metodidan foydalanilgan. Keyingi yillarda xalq ta’limi va oliy ta’lim tizimida hamda ishlab chiqarishda XX asrning 70- yillaridan e’tiboran to hozirgi davrgacha «inson omili» muammosining muhokamaga qo‘yilishi, vaqt taqchilligi, ishchanlik imkoniyati, qobiliyati, psixologik moslik masalalarining alohida ahamiyat kasb etishi mazkur metodni keng qo‘lamda qo‘llashni taqozo etmoqda. Bundan tashqari, tajribada olingan miqdoriy ma’lumotlar ishonchlilik darajasini oshirish uchun ham qiyoslash metodi ishlatiladi. Ayniqsa, sinaluvchilardagi o‘zgarishlarni ko‘ndalang kesim holatda olib qarash, tadqiqot bosqichini kesib, ya’ni vaqtincha to‘xtatib, alohida tahlil qilish ushbu metodga borgan sari diqqat-e’tibor tobora ortib borayotganligidan dalolat beradi. Masalan, tajribaning birinchi bosqichining turli yoshdagi va jinsdagi odamlarga ta’sirini aniqlash va hokazolar shular jumlasidandir.
Umumiy psixologiyada qiyoslash metodi bilan bir qatorda longityud (uzluksiz) metodi ham keng ko‘lamda qo‘llaniladi. Ushbu metodning boshqa metodlardan farqli tomoni shundan iboratki, uning yordamida bir yoki bir necha sinaluvchilar uzoq muddat, hatto o‘n yillar davomida (A.Termenning 50 yillik uzluksiz tajribasi hozircha rekord hisoblanadi) tekshiriladi. Longityud metodidan AqShlik A.Termen, nemis psixologi V.Shtern, fransuz R.Zazzo va Sh.Byuler, rus psixologlari N.A.Menchinskaya, A.N.Gvozdev, N.S.Leytes, V.S.Muxina va boshqalar ko‘p davrlardan beri unumli foydalanib keladilar.
Mazkur metod orqali har xil jinsli egizaklar (Hasan-Husan, Fotima-Zuhra) yoki aralash jinsli (Hasan-Zuhra, Fotima-Husan) qo‘shaloqlar kuzatilgan. Shuning uchun bir talay tadqiqotlarning «ona kundaligi» (N.A.Menchinskaya, V.S.Muxina) deb nomlanishi bejiz emas. Uzoq muddat davomida muayyan bir shaxsni (kichik guruhni) kuzatish sinaluvchida yangitdan paydo bo‘layotgan fazilatlarining taraqqiyot dinamikasi, uning xulq-atvoridagi illatlar (meyordagi xatti-harakatdan chetga og‘ish) va ularning oldini olish muammolari yuzasidan material yig‘ish, shuningdek, murakkab psixologik munosabatlar, ichki bog‘lanishlar, qonuniyatlar, mexanizmlar to‘g‘risida mukammal, ishonchli, barqaror ma’lumotlar to‘plash imkonini yaratadi.
Longityud metodi yordamida subyektiv omillarning o‘ziga xosligidan tashqari, sinaluvchiga obyektiv (tabiiy) shart-sharoitlarning, ijtimoiy­psixologik muhitning ta’siri ham o‘rganiladi. Chunonchi, egizaklarning o‘zaro o‘xshashligi va ularning tafovutlanishi, ta’sirlanishi, his-tuyg‘ularining o‘zgarishi, shaxslar o‘rtasidagi individual farqlar (ishchanligi, temperamenti, oliy nerv faoliyati sistemasi va hokazolar) yuzasidan olingan ma’lumotlar longityud metodining sharofati bilan ro‘yobga chiqadi.
XX asrning ikkinchi yarmida XXI asrning boshlarida fan va texnikaning taraqqiyoti psixologik tekshirishlarning ilmiylik darajasini yanada oshirish uchun (subyektiv omillar ta’sirini kamaytirish maqsadida) kompleks programma asosida boshqa fanlar (meditsina, fizika, fiziologiya, biologiya, sotsiologiya, kibernetika, statistika, filosofiya, logika) bilan birgalikda tadqiqot ishlarini olib borishni taqozo qilmoqda. Bu voqelik fan olamida integratsiya (qo‘shilish, uyushish) jarayoni yuz berayotganligi ko‘rsatkichi ifodasidir. Amaliy xususiyatga molik ilmiy-tekshirish ana shu ko‘pqirrali (kompleks) yondashishni talab etmoqda. Psixologiya sohalari (psixofiziologiya, kosmos, tibbiyot psixologiyasi, muhandislik yoki aviatsion psixologiya) o‘rtasida esa tadqiqot obyektiga tizimli yondashish prinsipi amalga oshirilmoqda. Ushbu ijtimoiy­psixologik voqelik sohalar differensiatsiyasidan (ajralishidan) dalolat bermoqda. Kompleks metod yordamida o‘rganilayotgan obyektdagi o‘zgarishlar turli sohaviy nuqtai nazardan tahlil qilinadi yoki ularga har xil yondashiladi. Masalan, shaxsning muayyan bilimlarni egallash xususiyati psixologik jihatdan tekshirilayotgan bo‘linsa, kompleks (ko‘pyoqlama) yondashish ta’sirida ana shu o‘zgartirishning falsafiy, mantiqiy, fiziologik, ijtimoiy, biologik xususiyatlari ochib beriladi. Aytaylik, keksayishning biologik omillarini o‘rganish qari kishidagi psixologik, fiziologik, mantiqiy jihatlarining ochilishiga xizmat qiladi.
Kompleks (ko‘pqirrali) programma (dastur) yordamida amalga oshirilgan tadqiqotning natijasi ilmshunoslik uchun muhim ahamiyatga molik bo‘lib, insonshunoslik muammolarini hal qilishda ham alohida ijobiy rol o‘ynashiga shak-shubha yo‘q.
Ilmiy-tadqiqot metodlarining ikkinchi guruhi amaliy (empirik) metodlar majmuasidan iborat bo‘lib, uning tarkibiga kuzatish (o‘zini o‘zi kuzatish), eksperiment (tabiiy, laboratoriya), test (sinash), anketa (varaqa), so‘rov, sotsiometriya, suhbat, intervyu, faoliyat jarayoni va mahsulini tahlil qilish, tarjimai hol (biografiya), shaxsiy guvohnoma, hujjat, turmush faoliyati voqealarini tahlillash kabilar kiradi. Amaliy metodlar sinash, tekshirish, diagnoz (tashxis) va prognoz (bashorat) qilish vazifalarini bajaradi. Insonning tug‘ilishidan tortib to umrining oxirigacha davr oralig‘ida sodir bo‘ladigan psixologik o‘zgarishlarni chuqurroq, obyektiv ravishda tadqiq etish uchun navbati bilan amaliy (empirik) metodlar guruhidan foydalanish samarali natija beradi. Chunki bir metod ikkinchisini to‘ldirishga xizmat qiladi.
Ilmiy-tadqiqot metodlarining uchinchi guruhi olingan natijalarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, statistik (miqdor) va psixologik sifat tahlili turlarga ajratiladi. Psixologik-pedagogik tadqiqotlarda ko‘pincha quyidagi statistik metodlardan foydalaniladi.
To‘plangan miqdorlarning statistik metodlar yordamida ishlab chiqishda quyidagi formulalarni qo‘llash mumkin.
1 ). Мқ υ
n
o‘rtacha arifmetik qiymatni topish uchun ishlatiladi.
Ì-yig‘indi, V- variatsion miqdor, n- sinaluvchilar miqdori yoki obyektlarning sanog‘ini bildiradi.
2) Gq C g‘n-1 formulasi son qatoridagi o‘rta kvadrat og‘ishni hisoblashda yoki standart og‘ishni aniqlashda ishlatiladi. G-“sigma” kvadrat og‘ish,S-dispersiya, “n”-miqdor.
3) Sq (ν-M)- miqdorlar tarqoqligini aniqlash uchun qo‘llaniladi, ba’zan u «S» –dispersiya deb ataladi.
Psixologik tajribalarda olingan miqdorning, qo‘llanilgan metodikaning ishonchlilik darajasini aniqlash uchun Styudent mezonidan foydalanish mumkin: tqX-X. Bunda t- ishonchlilik belgisi, X-son qatoridagi yuqori ball, X-o‘rtacha arifmetik miqdor, Ğ-kvadrati og‘ish alomati.
Psixologik tajribalarda Myordokning ko‘chish foizlarini aniqlovchi formulasi: (-S((-S(100 qo‘llaniladi va u sinaluvchilarning to‘g‘ri javoblari bilan noto‘g‘ri javoblarini hisoblash uchun xizmat qiladi. Ikkala miqdorning nisbati birining ikkinchisidan qanchalik darajada yuksaklikka ega ekanligini ko‘rsatadi. Bunda «S»-nazorat, «YE»-eksperimental guruhni anglatadi
Tafakkurning so‘z-mantiq tejamkorligi xususiyatini aniqlashda quyidagi formula qo‘llaniladi (Z.I.Kalmikova tadqiqotlarida). TST(R¹(R2; (R1-sinaluvchilar topshiriqni bajargani uchun olgan ballar yig‘indisi, (R2-sinaluvchilar maksimal darajada ballar to‘plashi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar. Topshiriq yechimi uch balli shkala bilan o‘lchanadi. To‘g‘ri yechgani uchun «3» ball, yechishga intilgani uchun “1” ball, noto‘g‘ri yechgani uchun « 0» ball qo‘yiladi.
Yuqoridagi statistik metodlar tajribalardan olingan qiymatlarning ishonchlilik darajasini aniqlashga xizmat qiladi. Lekin bunga o‘xshash metodlarning miqdori haddan tashqari ko‘pdir. Biz ularning eng soddalarigagina to‘xtaldik, xolos.
To‘plangan materiallarning psixologik jihatdan sifat tahlili metodi umumiy psixologiya uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Aniqlovchi, tarkib toptiruvchi (tarbiyalovchi), tekshiruvchi tajribalarda olingan har xil shakldagi, ko‘lamdagi, mazmundagi ma’lumotlar turli prinsip, pozitsiya, ko‘pqirrali (kompleks) va yaxlit (sistemali) yondashishga asoslangan holda so‘z-mantiq yordami bilan sifat tahlili o‘tkaziladi. Barcha fikr va mulohazalar ishonchli omillar orqali dalillab beriladi, psixologik qonuniyat, qonun, xususiyat, xossa, holat, taraqqiyot, kamolot qanday o‘ziga xoslikka ega ekanligi isbotlanadi. Material alohida guruhlarga va turkumlarga ajratiladi, shuningdek, psixologik voqelikning boshqa jihatlari bilan uzviy sababiy bog‘liqligi, ichki murakkab munosabati bayon qilinadi, sinaluvchilar esa muayyan toifalarga berkitiladi hamda tadqiqot yuzasidan yakuniy xulosa chiqariladi.
Ilmiy-tadqiqot metodlarining to‘rtinchi guruhi sharhlash deb atalib, genetik va donalash metodlaridan iboratdir. Genetik metodi yordami bilan tadqiqot davomida to‘plangan ma’lumotlar yaxlit holda maqsadga muvofiq yo‘nalishda sharhlanadi. Mazkur metoddan foydalanishdan asosiy maqsad - avvalo sinaluvchida yangitdan vujudga kelgan shaxsga oid fazilatlarning shakllanishi va bilish jarayonlari o‘zgarishiga tajriba natijalariga asoslangan holda ta’rif hamda tasnif berishdir. Shuning bilan birga inson ruhiyatida yangitdan vujudga kelayotgan shaxs fazilati va xususiyatining namoyon bo‘lish davri, bosqichi hamda ba’zi bir mashaqqatli daqiqaga, lahzaga, sanaga qo‘shimcha sharh berish imkoniyati tug‘iladi.
Genetik metodga asoslanganda shaxs ruhiyatiga o‘zgarishlar bilan taraqqiyot bosqichi o‘rtasida “vertikal” yo‘nalishdagi aloqa manbai aniqlanadi. Donalash metodi yordami bilan tadqiqot obyektiga kirgan shaxs psixikasiga aloqador barcha o‘zgarishlar, o‘ziga xoslik, o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro ta’sir, izchillik, uyg‘unlik o‘rtasida «gorizontal» yo‘nalishdagi munosabat o‘rganiladi. Jumladan, boshqa odamlar nutqini idrok qilish uchun sezgi, idrok, xotira, tafakkur jarayonlarining bir davrda birga qatnashishi bunga yorqin misoldir. Mazkur jarayonda har qaysi bilish jarayonining ulushi donalanadi yoki uning ahamiyati alohida ta’kidlanadi, ularning o‘zaro bog‘liqligi asoslab beriladi.
Lekin tajribada to‘plangan ma’lumotlarni sharhlash uchun yuqoridagi metodlarning o‘zi yetarli emas. Shuning uchun ushbu uzilishga chek qo‘yish maqsadida yig‘ilgan material maxsus bosqichlarga ajratib sharhlanadi. Tadqiqotning birinchi tayyorlov bosqichida kashf qilinishi lozim bo‘lgan psixologik qonun to‘g‘risidagi taxmin, gipoteza, faraz tahlil qilinadi. Tadqiqotning ikkinchi bosqichida-tajriba o‘tkazish prinsipi, sharoiti, obyektiv va subyektiv omillar yuzasidan mulohaza yuritiladi. Uchinchi bosqichda esa, olingan natijalarni qayta ishlash nazarda tutiladi va u o‘z navbatida to‘rtta darajadan tashkil topadi: a) materialni birlamchi tahlil qilish: alohida olingan yoki topilgan omil, alomat, ko‘rsatgich, xususiyat sharhlanadi; b) tahlil qilingan material bilan tadqiqot gipotezasiga alohida sharh beriladi; v) ikkilamchi tahlil qilishda barqaror, hukmron dalillar ajratiladi; g) ikkilamchi sintezda esa psixologik qonuniyat, topilgan dalil, omil, tadqiqot gipotezasi o‘zaro birlashtirilib maxsus xulosa chiqariladi. To‘rtinchi bosqich sharhlash deb atalib, har bir fakt, alomat, ko‘rsatgich, xossa psixologik jihatdan so‘z-mantiq orqali tahlil qilinadi. Barcha ilmiy-amaliy mulohazalar dalillanadi, hech bir shubhali o‘rinlarga, e’tirozlarga o‘rin qoldirilmaydi. Oxirgi (to‘rtinchi) bosqichda tadqiqotga yakun yasaladi, zaruriy xulosalar chiqariladi, amaliy tavsiyalar beriladi, o‘rganilishi lozim bo‘lgan muammo ahamiyati, uning istiqboli to‘g‘risida maslahatlar, tavsiyalar beriladi.
Yüklə 71,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə