Huquqiy madaniyat va huquqiy tarbiya asoslari


Ekologiya huquqining metodi, prinsiplari va manbalari



Yüklə 162,79 Kb.
səhifə4/9
tarix11.12.2023
ölçüsü162,79 Kb.
#147112
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Huquqiy madaniyat va huquqiy tarbiya asoslari

Ekologiya huquqining metodi, prinsiplari va manbalari

Ekologiya huquqining metodini tabiat, jamiyat va inson o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, muvozanatni aks ettiruvchi ekologik-huquqiy bilimlar olishda qo‘llaniladigan ilmiy faoliyat prinsiplari, usullari tashkil qiladi.
Umuman olganda, metodlarni xususiyatiga ko‘ra ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi, barcha o‘quv fanlariga xos bo‘lgan metodlar bo‘lib, ularning asosida tabiat, jamiyat va tafakkurning umumiy qonuniyatlari yotadi. Ikkinchisi, maxsus metodlar bo‘lib, ularga tarixiy, mantiqiy, sotsiologik, qiyosiy, kibernetik va sistemali metodlar kiradi.
Ushbu talabdan kelib chiqadigan bo‘lsak, ekologiya huquqi fanining metodlari tabiat, jamiyat va inson o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va muvozanat, ularning rivojlanish qonuniyatlari, tabiatni hozirgi va kelajak avlod uchun saqlashning ahvoli va mohiyati haqida ekologik-huquqiy bilim olishga yordam beruvchi usul va vositalar birligidan iborat.
Ekologiya huquqi kursining metod (usul)lari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan muayyan tizimini tashkil qiladi. Bu tizimga bir qancha metodlarni kiritish mumkin.Tarixiy-huquqiy metod – ekologiya sohasida tabiat, jamiyat va inson o‘rtasidagi o‘zaro tabiiy bog‘liqlikni tarixiy asosda o‘rganishni taqozo etadi. Mazkur metodda kishilik jamiyatining turli davrlarida ro‘y bergan ekologik hodisalar, tabiat va inson o‘rtasidagi muayyan mutanosibliklar haqida tegishli ekologik huquqiy bilim olish imkonini beradigan tarixiy-huquqiy ekologik manbalar, qonunlar, boshqa huquqiy normalar tarixiy tahlil qilinadi.
Mantiqiy metod – ekologik-huquqiy muammolarni o‘rganishda, ekologik huquqbuzarliklarga baho berishda har tomonlama to‘g‘ri mantiqiy xulosa chiqarishga undaydi, ekologiya huquqi fanini o‘rganishda, ekologik qonun hujjatlarini qo‘llashda ma’lum ziddiyatlarni keltirib chiqarishning oldini oladi.
Sotsiologik metod – ekologik muammolarni hal qilishda, turli so‘rovlar orqali o‘rganishni, anketalar yordamida ekologiya sohasida turli ma’lumotlar to‘plashni, huquqiy-ekologik statistik ma’lumot va olingan natijalardan foydalanishni talab qiladi.Bu metod orqali, ekologik-huquqiy talim-tarbiya, ekologik-huquqiy ma’naviyat va madaniyat hamda ekologiya borasida olib boriladigan boshqa tadbirlarning samaradorligi aniqlanishi mumkin.
Qiyosiy metod – ekologik muammolar va ularning oldini olish, ekologik huquqbuzarliklar va ularga qarshi kurash yoki ekologiya sohasi bilan bog‘liq barcha hodisalar, tushunchalar, nazariya va g‘oyalar, jarayonlarni o‘zaro solishtirish, taqqoslash va shu asosda ular o‘rtasidagi mavjud o‘xshashliklar hamda farqlarni aniqlash imkonini beradi. Ekologik muammolarni bilish va hal qilishda turli mamlakatlarning ekologikhuquqiy qonunlari taqqoslab o‘rganilishi mumkin.Kibernetik metod – ekologiya muammosini yoki ekologiya huquqi oldiga qo‘ygan barcha vazifalarni hal qilish borasida, matematik-statistik, axborot-qidiruv tizimini yaratishda ushbu metodlarni qo‘llagan holda huquqiy-ekologik statistik axborotni kompyuterlar yordamida bilib olish, saqlash, qayta ishlashda turli xil texnika vositalarini qo‘llashni o‘rganishga yordam beradi.
Sistemali metod – ekologiya huquqi fani ekologik muammolarni o‘rganish va ularni hal qilish, ushbu global muammoning oldini olishda tizimli yondashuvni hisobga olgan holda ilmiy obyektivlik hamda tarixiylik prinsiplariga asoslanadi. Ushbu metodlar, deyarli barcha fanlarga xos bo‘lib, bevosita ekologiya huquqi fani uchun ham qo‘llanishi mumkin. Bundan tashqari, ekologiya huquqining bir qator o‘ziga xos metodlari ham mavjud.
Tabiatni muhofaza qilishning huquqiy metodi – bu tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda ekologik nazoratning davlat va jamoat usullarini qo‘llash, ekologiya sohasida boshqaruvni tashkil etishda taqiqlovchi, ruxsat beruvchi, tavsiya beruvchi, majburlovchi, kompensatsiyalovchi va boshqa normalarni huquqiy jihatdan belgilash, ekologik huquqbuzarliklar uchun ekologik iqtisodiy va yuridik javobgarlik choralarini belgilash, yetkazilgan ekologik zararni qoplash yoki to‘lash tadbirlarini o‘z ichiga oladi.
Tabiatni muhofaza qilishning ma’muriy huquqiy metodi – asosan, tabiatni muhofaza qilish yoki ekologiya sohasida, tabiat resurslaridan oqilona foydalanishda kelib chiqadigan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish yo‘li bo‘lib, taqiqlovchi, oldini oluvchi hamda majburlovchi normalarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.
Tabiatni muhofaza qilishning fuqaroviy-huquqiy metodi jamiyatdagi munosabatlarni huquqiy-ekologik tartibga solish yo‘li bo‘lib, moddiy (iqtisodiy) manfaatdorlikni qo‘llash orqali tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan kelib chiqadi.
Ekologlashtirish metodi – ekologiya sohasidagi barcha muammolarni hal etishda, ekologiya huquqi normalarini qabul qilishda, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishda, tabiat,
jamiyat va inson o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda «ekologiyalashtirish», ya’ni ekologik talabga javob beradigan texnologiyalar joriy etish va ekologik muozanatni saqlashda namoyon bo‘ladi.
Ekologiya huquqi fani predmeti va metodlarini huquqiy tartibga solishda uning prinsiplari katta ahamiyatga ega.
Ekologiya huquqi fanining prinsiplari deganda, ekologiya huquqi normalarida mustahkamlab qo‘yilgan, uning umuman mazmunini va alohida institutlari mazmun va mohiyatini belgilovchi nazariyaning g‘oyalari hamda qoidalari tushuniladi. Shunisi e’tiborliki, ekologiya huquqining prinsiplari tabiat, jamiyat va inson o‘rtasidagi uzviy, chambarchas bog‘liqlikni mustahkamlaydi.
Zero, ekologiya huquqi fanining o‘ziga xos prinsiplari shundaki, u mazkur fanning, tabiatni muhofaza qilishning asosiy maqsad va vazifalari bilan mustahkam bog‘liq.
Ekologiya huquqi fanining prinsiplari va mohiyati O‘zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunining 3-4-moddalari talabidan kelib chiqadi.
Demak, ekologiya huquqi fanining prinsiplari umumijtimoiy, huquqiy fanlarga xos va alohida o‘ziga xos prinsiplarga ega bo‘lib, ular
quyidagilardan iborat:
1) tabiat resurslaridan oqilona, samarali foydalanish va ularni muhofazasini ta’minlash;
2) insonning yashash muhiti bo‘lmish biosfera va ekologik tizimlari barqarorligini saqlash;
3) inson va uning kelgusi avlodlari genetik fondi haqida g‘amxo‘rlik qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash;
4) fuqarolarning hayot uchun qulay tabiiy muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlash;
5)ta’lim muassasalarida ekologik o‘qishning majburiyligi;
6)jamiyatning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini ilmiy asoslangan holda uyg‘unlashtirish;
7) tabiatdan maxsus foydalanganlik uchun haq to‘lash va umumiy asoslarda foydalanganlik uchun haq to‘lamaslik;
8) ekologik ekspertiza o‘tkazishning majburiyligi;
9) tabiatdan oqilona foydalanishni va tabiatni muhofaza qilishni rag‘batlantirish;
10) tabiatni muhofaza qilish vazifalarini hal etishda oshkoralik;
11) tabiat resurslarini doimo tiklab borishning zarurligi;
12) tabiatni muhofaza qilish sohasida milliy, mintaqalararo va xalqaro manfaatlarni uyg‘unlashtirish;
13) tabiatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda davlatning tashqi va ichki ekologik siyosatini mustahkamlash;
14) tabiatni muhofaza qilish qonunlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik.
Mazkur prinsiplarning ustuvorligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (50, 54, 55, 80, 93 va 100 m.m.) o‘z aksini topgan va mustahkamlangan.
Ekologik-agrar qonunlarning hammasida ham aniq prinsiplar ko‘rsatilmagan. Ammo O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30 aprelda qabul qilingan. «Yer kodeksi»da yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy prinsiplari aniq ko‘rsatib berilgan.Barcha fanlar kabi ekologiya huquqi fani ham o‘zining manbalariga ega. Tabiat, jamiyat va inson o‘rtasidagi ekologik munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soladigan normativ huquqiy hujjatlar ekologiya huquqining manbalari hisoblanadi.
Normativ ekologik huquqiy aktlar – tegishli vakolatli davlat organining belgilangan tartibda qabul qilgan yuridik hujjati hisoblanib, umummajburiy xususiyatga ega, shuningdek normativ ekologik huquqiy hujjatlar ham bir qator xususiyatga ega:
1)ular ekologik huquqiy normalarni belgilab beradilar, o‘zgartiradilar va bekor qiladilar;
2)tabiatni muhofaza qilishga oid qoidalarning mazmuni batafsil yoritiladi;
3)belgilangan ekologik huquqiy normalarga umummajburiy tus beradi yoki tabiatni muhofaza qilishga oid bo‘lgan ilgari belgilangan ekologik huquqiy normalarning amalda bo‘lishini bekor qiladi yoki to‘xtatadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasida ekologiya huquqi fanining tarixiy rivojlanishi quyidagi bosqichlardan iborat bo‘lishi mumkin:
1) 1924–1957-yillar O‘zbekistonda dastlabki yer-suv, agrar islohotlarning o‘tkazilishi va olib borilishi;
2) 1957–1963-yillarda O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunlarning qabul qilinishi;
3) 1968–1981-yillarda respublikamizning yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmon, hayvonot dunyosi va atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlari kodifikatsiya qilinishi;
4) 1985–1990-yillarda tabiatni muhofaza qilishga oid bir qator o‘zgarishlar, tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining tashkil etilishi;
5) 1991-yildan hozirgi davrgacha, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi, sobiq ittifoqning yemirilishi hamda bir qator ekologik va agrar ahamiyatga ega bo‘lgan qonunlarning qabul qilinishi bilan bog‘liq.
Demak, biz yuqorida to‘xtalib o‘tgan normativ ekologik-huquqiy hujjatlar quyidagi turlarga bo‘linishi mumkin:
1. Qonun – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bosh yo‘naltiruvchi hisoblanib, barcha ekologik qonunlar Konstitutsiya talablariga mos ravishda qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50, 54, 55, 80, 93 va 100-moddalarida bevosita tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq huquqiy asoslar aniq belgilab berilgan.
2.Ekologiyaga oid qonunlar–O‘zbekiston Respublikasining ekologik siyosatini mustahkamlovchi huquqiy normalar bo‘lib, Oliy Majlis sessiyalarida muhokama etilgach, matbuotda e’lon qilinib, xalq muhokamasidan keyin tegishli takliflar inobatga olinib qabul qilinadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari Konstitutsiyaning 94-moddasiga binoan, Prezident tomonidan chiqariladigan va ekologik muammolarni hal qilish, ularning oldini olish va tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar ekologiya huquqining manbai hisoblanadi.Birinchi Prezidentimizning mustaqillik davrida qabul qilingan bir qator farmon va qarorlari ekologiya masalalarini hal qilishga qaratilgan bo‘lib, benihoya katta ekologik, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va xalqaro ahamiyatga ega. Ular jumlasiga:
– «Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyat darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash to‘g‘risida»gi 1997-yil 25-iyundagi farmoni;
– «O‘zbekiston Respublikasining Yer resurslari davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi 1998-yil 24-iyuldagi farmoni;
– «O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘rmon qo‘mitasini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga aylantirish to‘g‘risida»gi 2000-yil 7-fevraldagi farmoni;
4.Vazirlar Mahkamasining qarorlari – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga asosan, Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Mazkur huquqiy holat, bevosita ekologik muammo va tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq qaror va farmoyishlar bo‘lishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining tabiatni muhofaza qilish va ekologiya muammosi bilan bog‘liq qaror va farmoyishlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asosan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasining ekologik qonunlari va Prezidentning farmonlarini amalga oshirishga qaratiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasidagi turli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga oid buyruq va yo‘riqnomalari davlat boshqaruvi organlarining normativ-huquqiy hujjatlari. Masalan, Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda,konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Adliya vazirliklari va boshqalar tomonidan qabul qilingan buyruq va yo‘riqnomalar ekologiya huquqining ham manbai bo‘ladi.Ular Konstitutsiyamizga asosan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasining ekologik qonunlari va Prezidentning ushbu sohadagi farmonlari hamda hukumat qarorlarini bajarishga qaratilgan.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekologik masalaga oid normativ huquqiy hujjatlari ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, bunday ekologik huquqiy hujjatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida amalda bo‘ladi.
7. Davlat hokimiyati mahalliy organlarining tabiatni muhofaza qilish va ekologiya muammolarini hal qilishga qaratilgan qarorlari. Ta’kidlash joizki, davlat ijroiya hokimiyat organlarining ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlari vakillik organlari hamda yuqori turuvchi ijroiya organlarining ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga oid hujjatlariga muvofiq kelishi shart.

Yüklə 162,79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə