Axloqshunoslik fani, uning tadqiqot doirasi, maqsad va vazifalari. Axloqshunoslik mezoniy tushunchalari mohiyati Reja



Yüklə 52 Kb.
tarix11.12.2023
ölçüsü52 Kb.
#145479
271 Axloqshunoslik


Axloqshunoslik fani, uning tadqiqot doirasi, maqsad va vazifalari. Axloqshunoslik mezoniy tushunchalari mohiyati
Reja:
1. Axloqshunoslik fanining tadqiqot doirasi.
2. Axoqshunoslikning o`ziga xos falsafiy fan sifatidagi o`rni.
3. Axloqshunoslik mezoniy tushunchalari va mohiyati.

1. Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo`lgan qadimiy fan. U bizda «Ilmi ravish», «Ilmi axloq», «Axloq ilmi», «Odobnoma» singari nomlar bilan atab kelingan. Ovropada esa «Etika» nomi bilan mashxurdir biz ham yaqin-yaqingacha shu atamani qo`llar edik. Uni birinchi bo`lib yunon faylasufi Arastu muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasnif qilarkan, ularni uch guruhga bo`ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga u falsafa, matematika va fizikani; ikkinchi guruhga – etika va siyosatni; uchinchi guruhga esa – san`at, hunurmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta`limotni fan darajasiga ko`targanlar va «Etika» (ta ethika) deb ataganlar.


Hozirgi kunda bu fanni ilmiy va zamonaviy talablar nuqtai nazaridan «Axloqshunoslik» deb atashni maqsadga muvofiq deb o`ylaymiz.
Axloqshunoslik axloqning kelib chiqishi va mohiyatini, kishining jamiyatdagi axloqiy munosabatlarini o`rganadi. «Axloq» so`zi arabchadan olingan bo`lib, «xulq» so`zining ko`plik shaklidir. «Axloq» iborasi ikki xil ma`noga ega: umumiy tushuncha sifatida fanning tadqiqot ob`ektini anglatsa, muayyan tushuncha sifatida inson fe`l-atvori va hatti-harakatining eng qamrovli qismini bildiradi. Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo`lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini xulq, eng qamrovli qismini axloq egallaydi.
Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg`otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo`lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli hatti-harakatlarni o`z ichiga oladi.
Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko`y miqyosida ahamiyatli bo`lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta`sir ko`rsatmaydigan yoqimli insoniy hatti-harakatlarning majmui.
Axloq esa – jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo`la oladigan ijobiy hatti-harakatlar yig`indisidir.
Bu fikrlarimizni misollar orqali tushuntirishga harakat qilamiz. Deylik, metroda yoshgina yigit, talaba hamma qatori o`tiribdi. Navbatdagi bekatdan bir keksa kishi chiqib, uning ro`parasida tik turib qoldi. Agar talaba darxol: «O`tiring, otaxon!» deb joy bo`shatsa, u chiroyli amal qilgan bo`ladi; chetdan qarab turganlar unga ich-ichidan minnatdorchilik bildirib: «Baraka topkur, odobli yigitcha ekan», deb qo`yadi. Aksincha, talaba yo teskari qarab olsa, yoki o`zini mudraganga solib, qariyaga joy bo`shatmasa, g`ashimiz keladi, ko`nglimizdan: «Buncha beodob, surbet ekan!» degan fikr o`tadi, xullas, u bizda yoqimsiz taassurot uyg`otadi. Lekin, ayni paytda, talabaning qariyaga joy bo`shatgani yoki bo`shatmagani oqibatida vagondagi yo`lovchilar hayotida biror-bir ijobiymi, salbiymi – muhim o`zgarish ro`y bermaydi.
Xulqqa quyidagicha misol keltirish mumkin: mahallamizdagi oila boshliqlaridan biri imkon boricha qo`ni-qo`shnilarning barcha ma`rakalarida xizmatda turadi, hech kimdan qo`lidan kelgan yordamini ayamaydi, ochiq ko`ngil, ochiq qo`l, doimo o`z bilimini oshirib borishga intiladi, tirishqoq, oila a`zolariga mexribon va h. k. Unday odamni biz xushxulq inson deymiz va unga mahallamizning namunasi sifatida qaraymiz. Bordi-yu, aksincha bo`lsa, u qo`ni-qo`shnilar bilan qo`pol muomala qilsa, to`y- ma`rakalarda janjal ko`tarsa, sal gapga o`dag`aylab, musht o`qtalsa, ichib kelib, oilada xotin-bolalarini urib, haqoratlasa, uni badxulq deymiz. Uning badxulqliligidan oilasi, ba`zi shaxslar jabr ko`radi, maxalladagilarning tinchi buziladi, lekin hatti-harakatlari jamiyat ijtimoiy hayotiga yoki insoniyat tarixiga biror bir ta`sir o`tkazmaydi.
Axloqqa kelsak, masala jiddiy mohiyat kasb etadi: deylik, bir tuman yohud viloyat prokurori o`zi mas`ul hududda doimo qonun ustuvorligini, adolat qaror topishini ko`zlab ish yuritadi, lozim bo`lsa, hokimning noqonuniy farmoyishlariga qarshi chiqib, ularning bekor qilinishiga erishadi; oddiy fuqaro nazdida nafaqat o`z kasbini e`zozlovchi shaxs, balki haqiqiy huquq posboni, adolatli tuzum timsoli tarzida gavdalanadi; u – umrini millat, Vatan va inson manfaatiga bag`ishlagan yuksak axloq egasi; u, o`zi yashayotgan jamiyat uchun namuna bo`laroq, o`sha jamiyatning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Agar mazkur prokuror, aksincha, qonun himoyachisi bo`laturib, o`zi qonunni buzsa, shaxsiy manfaati yo`lida oqni qora, qorani oq deb tursa, u axloqsizlik qilgan bo`ladi: oddiy fuqoro nazdida birgina kishi prokuror-amaldor emas, balki butun jamiyat adolatsiz ekan, degan tasavvur uyg`onadi. Bu tasavvurning muntazam kuchayib borishi esa, oxir-oqibat o`sha jamiyat yoki tuzumni tanazzulga olib keladi.
Albatta, har uchala axloqiy hodisa va ularning ziddi nisbiylikka ega. Chunonchi, hozirgina misol keltirganimiz prokurorning axloqsizligi darajasi bilan o`z yakka hukmronligi yo`lida millionlab begunoh insonlarni o`limga mahkum etgan Lenin, Stalin, Gitlyer, Pol Pot singari shaxslar orasida farq bor: agar prokurorning axloqsizligi bir millat yoki mamlakat uchun zarar qilsa, totalitar tuzum hukmdorlari hatti-harakatlari umumbashariy miqyosidagi fojialarga olib keladi.
Bu o`rinda shuni alohida ta`kidlash joizki, axloqiy tarbiya natijasida odoblilik-xushxulqlilikka, xushxulqlilik – yuksak axloqiylikka aylangani kabi, axloqiy tarbiya yo`lga qo`yilmagan joyda muayyan shaxs, vaqti kelib, odobsizlikdan – badxulqlilikka, badxulqlilikdan – axloqsizlikka o`tishi mumkin.
Shunday qilib, axloqshunoslik mazkur uch axloqiy hodisani bir-biri bilan uzviylikda va nisbiylikda o`rganadi.

2. Axloqshunoslik qadimda fizika va metafizika bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so`ng) alohida falsafiy yo`nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma`lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning tadqiqot ob`ektini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yohud ezgulik falsafsi deb atash mumkin.


Hozir u falsafiy fan sifatida uch yo`nalishda ish olib boradi, ya`ni axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etar ekan, u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o`rgatadi. Shunga ko`ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va rasmona-me`yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero sof nazariy axloqshunoslikning bo`lishi mumkin emas. U insoniyat o`z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o`rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. Yani, axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Cicyeron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G`azzoliy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauyer, Foyyerbah, Kirkegaard, Nitchhe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta`limotlar bilan birgalikda «Patanjali», «Qobusnoma», Sa`diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning « Mahbub ul - qulub», Montenning «Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulhaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa bag`ishlangan asarlar ham o`z mustahkam o`rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi ham, o`ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning umumligidadir.
Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlar bilan o`zaro aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning nafosatshunoslik (estetika) bilan aloqasi qadimiy va o`ziga xos. Avvalo, insonning har bir hatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo`ladi, ya`ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go`zallik) ham nafosat (tashqi go`zallik) hususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ko`p hollarda axloqiylikni ichki go`zallik, nafosatni tashqi go`zallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, ma`lumki, sanat nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob`ekti hisoblanadi. Har bir sanat asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko`tariladi va san`atkor doimo o`zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy darajani badiiy qiyofalar orqali bevosita yohud bilvosita aks ettiradi. Demak, nafosatshunoslik o`rganayotgan har bir badiiy asar ayni paytda, ma`lum ma`noda, axloqshunoslik nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan bo`ladi.
Axloqshunoslikning dinshunoslik bilan aloqasi shundaki, har ikkala fan ham bir xil muammo – axloqiy mezon muammosini hal etishga qaratilgan. Chunki umumjahoniy dinlar vujudga kelguniga qadar mavjud bo`lgan ma`lum urf-odatlar va qadriyatlar muayyan diniy qonun-qoidalarga, muqaddas diniy kitoblarga katta ta`sir ko`rsatgan. Ayni paytda, dinlar ham axloqqa ana shunday ta`sir o`tkazganlar.
Chunonchi, islom dinini oladigan bo`lsak, Quroni karim, Hadisi sharif, Ijmo` va muayyan fatvolardagi mezonlar hamda talablar musulmon Sharqi millatlari axloqiy darajasining shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy hisoblanadi. Farq shundaki, axloqshunoslik bu muammoga zamonaviy tarbiya nuqtai nazaridan yondoshadi.
Axloqshunoslikning huquqshunoslik bilan aloqasi uzoq tarixga ega. Ma`lumki, juda ko`p hollarda axloq me`yorlari bilan huquq me`yorlari mohiyatan va mazmunan bir xil bo`ladi. Shunga ko`ra, axloqni jamoatchilik asosdagi huquq, huquqni esa qonuniylashtirilgan axloq deb atash mumkin. Zero, axloqshunoslik bilan huquqshunoslikning tadqiqot ob`ektlari ko`p jihatdan o`xshash, ular faqat yondoshuv usuli nuqtai nazaridan farq qiladi, ya`ni huquq me`yorlarining bajarilishi, odatda, mahsus adliya idoralaridagi lavozimli kishilar orqali, majburiy sanksiyalar vositasida yo`lga qo`yiladi: axloq me`yorlari esa umumiy qabul qilingan milliy urf-odatlar, jamoatchilik fikri yordamida, alohida belgilangan kishilar tomonidan emas, balki muayyan ijtimoiy guruh, jamiyat tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, huquqshunoslik kasbi uchun muhim bo`lgan amaliy axloq jihatlarini axloqshunoslikning huquqshunos odobi deb ataladigan maxsus sohasi tadqiq qiladi va tavsiya etadi.
Axloqshunoslik pedagogika bilan ham chambarchas aloqada. Pedagogikadagi shaxsni shakllantirish, tarbiyalash, ta`lim berish jarayonlarini pand-nasixatlarsiz, odobnoma darslarisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Shu bois axloqshunoslik o`zining nazariy va, ayniqsa, amaliy jihatlari bilan pedagogikaning asosi hisoblanadi. Zero, maorif tizimidagi ta`lim-tarbiya o`zini har bir qadamda axloqiy tarbiya sifatida namoyon qiladi.
Qadimdayoq axloqshunoslikning ruxshunoslik (psihologiya) bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo`lgan. Zotan, bu ikkala fan kishilar hatti-harakati, fe`l-atvori va mayl-istaklarini o`rganadi. Lekin bu o`rganish ikki xil nuqtai nazardan olib boriladi: ruhshunoslik u yoki bu hatti-harakat, fel-atvor, sababiy asos (motiv) larning ruhiy tabiati va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi, axloqshunoslik ruxshunoslik tadqiq etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi.
Axloqshunoslikning ijtimoiyshunoslik (sotsiologiya) bilan aloqasi o`ziga xos. Bu ikkala fan inson faoliyatini boshqarishning ijtimoiy muruvatlaridan bo`lmish axloqni o`rganadi. Lekin axloqshunoslikning miqyosi bu borada keng. Ma`lumki, sosiologiya insonlarning ommaviy hatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. Axloqshunoslik esa, o`z mohiyatiga ko`ra, lozim bo`lganda, muayyan ijtimoiy tuzum yoki davr doirasidan chiqib, inson axloqining yuksak yutug`i sifatida kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli hatti-harakatlarni hamda ularning sababiy asoslarini o`rganadi.
Axloqshunoslikning siyosatshunoslik bilan aloqasi, ayniqsa, o`ziga xos va murakkab. Chunki siyosiy kurash qarama-qarshi axloqiy qoidalar va talablar kurashini taqazo etadi. Shaxsiy intilishlar bilan davlat va jamiyat manfaatlarining mosligi, maqsadlar va vositalarning pok yoki nopokligi muammolari o`rtaga chiqadi. Lekin, aslida siyosat qay darajada axloqiylik kasb etsa, shunchalik u oqilona bo`ladi. Bu hozirgi kunda axloqshunoslik ham, siyosatshunoslik ham jiddiy tadqiq etadigan eng muhim umumiy muammolardan biridir. Shuningdek, raxbarlik odobi, partiyaviy odob, etiket singari axloqshunoslikning muomala madaniyati doirasiga kiruvchi mahsus sohalari ham siyosatshunoslik bilan chambarchas bog`liq.
Bundan tashqari, keyingi paytlarda axloqshunoslikning ekologiya bilan aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan axloqshunoslik ko`proq insonning o`zi, o`zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarini tahlil etish bilan shug`ullangan, uning tabiatga bo`lgan munosabati diqqat markazidan chetda qolib kelgan. Lekin, keyingi davrlarda, ayniqsa, XX asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondoshuvlar oqibatida paydo bo`lgan ekologik buhron manzarani o`zgartirdi. Endilikda global ekologik muammolar ko`proq odamlarning ijtimoiy-axloqiy nuqtai-nazarlariga bog`liq ekani ma`lum bo`lib qoldi. Shunday qilib, hozirgi kundagi ekologik muammolarni hal etish axloqshunoslikka borib taqalmoqda. XX asrda ekologik axloqshunoslik degan mahsus soha ham yuzaga keldi. Lekin, bu - axloqshunoslik ekologiyani to`liq o`z ichiga oladi, degan so`z emas. Chunki bunda axloqiy baholash va boshqarish ob`ekti sifatida tabiatning o`zi emas, balki odamning tabiatga bo`lgan munosabati maydonga chiqadi.
Axloqshunoslik hamma davrlarda ham yuksak ahamiyat kasb etib kelgan fan. Faqat zulm va zo`ravonlikka, adolatsizlik va huquqsizlikka asoslangan totalitar tuzumlardagina yolg`onga bo`ysundirilgan, soxtalashtirilgan hamda shu yo`l bilan uning ahamiyati pasaytirilgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishishi sharofati bilan yana axloqshunoslik yangi jamiyatda tobora o`z yuksak mavqeini egallab bormoqda.
Shu o`rinda Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovniing quyidagi qimmatli fikrlarini keltirish joiz: «Aslini olganda, axloq – ma`naviyatning o`zagi», «Inson axloqi shunchaki salom-alik, hushmuomalalikdangina iborat emas. Axloq – bu, avvalo, insof va adolat tuyg`usi, iymon, halollik degani». Bu fikrlar, bir tomondan, eski tuzumdan qolgan axloqsizlik ko`rinishlariga loqayd qarovchilarga va axloqshunoslikni yengil-yelpi, ikkinchi darajali fan sifatida tushunuvchilarga adolatli zarba bo`lsa, ikkinchi tomondan, axloqning yangi jamiyatimizdagi ulkan mavqeini hamda axloqshunoslikning jiddiy nazariy tadqiqotlarga suyanishi kerakligini ta`kidlaydi. Zero hozirgi sharoitda totalitar tuzum ta`qiqi yohud ta`qibiga uchragan milliy va umuminsoniy axloqiy qadriyatlar hamda qadimiy urf-odatlarimiz, an`nalarimiz yangi zamon ma`naviy qadriyatlarini yaratishda asos bo`lib xizmat qilishi mumkin.
Ana shu yangilanish jarayonida axloqshunoslikning o`z o`rni bor. Uning oldida yangi demokratik va huquqiy davlat barpo etishga kirishgan mamlakatimiz fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning axloqiy darajasiga mas`ullik va har tomonlama kamol topgan zamon kishisi tarbiyasini nazariy asoslashdek ulkan vazifalar turibdi. Ularni faqat qadimiy va har doim zamonaviy bo`lib kelgan axloqqa yangicha yondashuvlar asosidagina amalga oshirsa bo`ladi. Ayni paytda, ularni axloqshunoslik fani oldida turgan vazifalarning bir qismi, ta`bir joiz bo`lsa, milliy axloqshunoslik vazifalari deb atash mumkin. Zero fanimizning hozirgi kunda umumjahoniy global muammolarni hal qilishdek muhim vazifasi ham borki, u haqda alohida to`xtalmaslikning iloji yo`q. Ulardan biri, eng muhimi sayyoramizda «etosfera» – axloqiy muhit davrini yaratish bilan bog`liq.
Ma`lumki, yuzlab asrlar mobaynida inson kichik biologik olam sifatida katta biologik olam ichida, uning bir parchasi, jonli organizmlar podshosi, oqil va hukmron qismi sifatida yashab keldi. XIX asrning oxiridan boshlab, ayniqsa XX asrda u o`z tafakkur quvvati bilan, ilmiy-texnikaviy inqiloblar tufayli ana shu biosfyera ichida noosfyerani-texnikaviy muhitni yaratdi. Mana, hozirgi kunda, qarang, ertalabdan kechgacha biz o`z texnikaviy kashfiyotlarimiz ichida yashaymiz-yeymiz, ichamiz, yuramiz, uxlaymiz ularsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Bular metro, avtobus, televizor, radio, telefon, eskalator, pleyyer, lift, kompyuter, poezd, tayyora, teploxod, gaz plitalari, elektr asboblari, zavodlar, lokatorlar, kimyoviy dori-darmonlar va h. k. Bugun video telefonda gaplashar ekanmiz, yuzlab chaqirim naridagi suhbatdoshimizni ko`rish va u bilan gaplashish uchun ot-ulovda yoki piyoda boradigan bo`lsak, necha kunlab yo`l bosishimiz kerakligi haqida o`ylab o`tirmaymiz, to`g`rirog`i, bu esimizga ham kelmaydi. Chunki texnika bizning yashash muhitimizga aylanib qolgan.
Faqat bugina emas. Inson endilikda o`zi yashayotgan butun boshli sayyoraga ta`sir ko`rsata boshladi. Yer tarixida inson birinchi marta ulkan geologik kuch bo`lib maydonga chiqdi. Insoniy tafakkur biosferadagi o`zgarishlarning asosiy sababiga aylandi. Bu haqda noosfera ta`limoti asoschilaridan biri buyuk rus olimi V.I. Vernadskiy shunday degan edi: «Butun geologik davr mobaynida yaratilgan, o`z muvozanatlarida barqarorlashgan biosfera inson ilmiy tafakkuri bosimi ostida tobora kuchliroq va teranroq o`zgarishga kirishdi... Aftidan, inson ilmiy tafakkuri harakatining bu tomoni tabiiy hodisa bo`lsa kerak... Hozir biz biosfyeradagi yangi geologik evolyusion o`zgarishlarni boshdan kechiryapmiz. – Biz noosferaga kirib boryapmiz». Ammo noosfyera faqat ijobiy emas, balki salbiy hodisa sifatida ham namoyon bo`lmoqda. Atom, vodorod, neytron bombalarining kashf etilishi, yadro kallakli baleistik raketalarning yaratilishi ana shunday salbiy hodisalardandir. Bundan tashqari, noosferaning vujudga kelishi atmosferani, olamiy okeanni, yer osti va yer usti suvlarini, nabototni, hayvonotni, hatto insonni ich-ichidan kimyoviy zaharlanishga olib keldi. Hozirgi kunda tirik organizmlarning, o`simliklarning, hayvonlarning ko`pgina turlari jisman yo`q bo`lib ketish arafasida turibdi. Ayniqsa joy topolmay, okeanda, kemalarda suzib yurgan radioaktiv chiqindilar yoki ularning kimsasiz go`zal orollarga ko`mib tashlanishi, kislota yomg`irlarining ko`payib borishi singari hodisalar bag`oyat hatarli. Afsuski, inson ko`ra-bila turib, o`zi o`tirgan shoxga bolta urishni to`xtatmayotir. Bu muammolarning hal etilishi faqat atrof-muhitni kimyoviy zahardan ekologik tozalashnigina emas, balki, eng avvalo, global ma`noda, XXI asr kishisi ongini texnokratiya zaharidan forig`lantirishni taqozo etadi. Ya`ni, ular insoniyat oldida endilikda ekologik hodisa emas, balki tom ma`nodagi axloqiy muammolar sifatida ko`ndalang bo`lib turibdi. Mashxur avstriyalik etolog olim, Nobel mukofoti laureati Konrad Lorens: «Yoppasiga va tez yoyilib borayotgan jonli tabiatga begonalashish hodisasining asosiy sababi sivilizasiyamiz kishisidagi estetik va axloqiy to`poslikdir», degan so`zlari shu nuqtai nazardan ayni haqiqat.
Yuqorida aytilganlardan chiqadigan xulosa bitta: kelajakda inson o`zini va o`z sayyorasini muqarrar halokatdan qutqaraman desa – XXI asrdan boshlab etosfyera davriga o`tishi kerak; axloqiylik har birimiz uchun har qadamda bugungi texnikaviy muhit kabi zaruratga aylangandagina bunga erishish mumkin. Bunda axloqshunoslik fanining o`rni nihoyatda beqiyos.
Shuningdek, yana bir muhim muammo bu – biologik axloqshunoslik. Mazkur hodisa so`nggi bir necha o`n yillik ichida sof tabobat muammosidan to`laqonli axloqiy muammoga aylandi: endilikda, birovning muayyan a`zosini boshqa bemorga jarrohlik operasiyasi yo`li bilan o`tkazish orqali kishi hayotini saqlab qolish axloqiy nuqtai nazardan qanday baholanadi, degan savol kun tartibida dolzarb bo`lib turibdi.
Chunki, tabobat borasidagi so`nggi tadqiqotlar inson o`limi bir lahzada ro`y bermasligini, yurak urishi va nafas olish to`htaganda ham, miya o`lmasa – insonni o`ldi deyish mumkin emasligini isbotlab berdi. Dastlab miya qobig`i, undan keyin miya tanasi halok bo`ladi. Shundan keyingina insonni o`lgan deb hisoblash mumkin. Zero hozir toki miya o`lmas ekan, ko`pgina ichki a`zolarning yangi tobobat texnikasi vositasida ishlashda davom etishini ta`minlash va shu orqali ancha muddatgacha insonda tiriklikning minimal darajasini saqlab turish mumkin. Demak, yurakning yoki buyrakning ko`chirib o`tkazilishi hali o`lmagan odamning minimal tiriklikka bo`lgan huquqini poymol qilishdir. Buning ustiga, amerikalik neyroxirurg Pol Person o`z tajribalariga asoslanib, yurak ko`chirib o`tkazilganda ruh ham ko`chib o`tadi, degan fikrni bildiradi. Chunonchi, 19 yashar qizning yuragi 40 yashar erkakka o`tkazilganida, yigitning fe`l-atvorida juda katta o`zgarishlar ro`y bergan. Yoki 20 yashar qizning yuragi va o`pkasi 36 yashar ayolga o`tkazilganda ham shunga o`xshash o`zgarishlar yuzaga kelgan: kulishigacha o`zgarib ketgan. Axloqiy nuqtai nazardan buni qanday izohlash mumkin?
Biologik axloqshunoslikning anchadan buyon ko`pchilikka ma`lum muammosi, bu – abort. Ma`lumki, to`rtinchi haftaning oxirida homilada dastlabki yurak urishi paydo bo`ladi. Sakkizinchi haftaning oxirida esa miya tanasining elektrofiziologik faolligini kuzatish mumkin. Demak, har qanday abort, halq ta`biri bilan aytganda, jonlini jonsiz qilish, tirik organizmni tiriklikka bo`lgan huquqdan mahrum etishdir. Xo`sh, abortni axloqsizlik tarzida baholash kerakmi yo yo`qmi? Bu savollarga ham axloqshunoslik javob topmog`i lozim. Bizning fanimiz oldida ana shunday global vazifalar turibdi. Aynan shu vazifalarni bugungi kunda axloqshunoslikning ahamiyatini belgilab beruvchi barometrlar, deyishimiz mumkin.
Yüklə 52 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə