Atoqli navoiyshunos



Yüklə 19,38 Kb.
tarix07.03.2023
ölçüsü19,38 Kb.
#102058
xulosa


  1. XX asr oxirgi o‘n yilligi va XXI asr birinchi choragida o‘zbek navoiyshunosligida yaratilgan tadqiqotlar mutlaqo yangi siyosiy-ijtimoiy sharoitda – davlatimiz milliy mustaqillikka erishgan sharoitda amalga oshirildi. Buning natijasida navoiyshunoslik sobiq hukmron mafkura ta’siridan xoli fan yo‘nalishiga aylandi.

  2. XX asr navoiyshunosligi Hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodiga taalluqli qimmatli tarixiy va adabiy manbalarni to‘liq va chuqur o‘rganib, fanning poydevorini yaratgan edi va davrning oxirgi choragida matnshunos olimlar tomonidan ulug‘ shoir ilmiy va adabiy merosining birlamchi tanqidiy matnlari qayta ko‘rib chiqilib, asliyat bilan qiyoslanib, mukammal nusxalarini ilmiy jamoatchilikka taqdim etish ishlari boshlandi.

  3. Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va merosini chuqur o‘rganish va yoritish borasida yangi ilmiy tadqiqotlar yaratilishi uchun zamin hozirlandi. Buyuk mutafakkirning yigirma jildlik, keyinroq o‘n jildlik mukammal asarlar kulliyoti nashri amalga oshirildi, ilgari chop etilmagan “Munojot”, “Siroj ul-muslimin”, “Badoye’ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya” asarlari bosilib chiqdi, “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasining ilmiy-tanqidiy matni yaratildi.

  4. Hozirgi kunda Alisher Navoiy hayoti va ko‘pqirrali merosini o‘rganishda, xususan, u zotning shoir, nosir va olim sifatidagi ijodiy mahorati, poetik olamining ko‘lami va mohiyatini kashf etish, ularni keng kitobxonlarga tushunarli tarzda sharh va talqin qilish hamda istiqlol ma’naviyatini shakllantirishdagi ahamiyatini belgilash asosiy tamoyil darajasiga ko‘tarildi.

  5. Navoiy badiiy merosini to‘g‘ri anglay bilish va talqin qilishda atoqli navoiyshunos I.Haqqul ta’biri bilan aytganda, “Navoiy o‘n beshinchi asr farzandi”, o‘z davri, o‘z ijtimoiy-madaniy muhiti hosilasi ekanligini unutmaslik lozim.

  6. Atoqli navoiyshunos olim I.Haqqulning e’tiroficha, har bir odam, kim va qanday mavqeda ekanligidan qat’i nazar, Navoiy asarlarini anglash va talqin etishga kirisharkan, avvalo, tuyg‘uda, ruhda, ko‘ngil va tafakkurda erkinlikni qaror toptirmay turib, Hazrat asarlarining asl ma’no-mohiyatini chaqishga urinishi befoyda. Olim buning isboti sifatida Alisher Navoiyning hamma narsani erkinlik va vobastalikda talqin qilganligi, inson qismati bilan bog‘liq har qanday haqiqatning istiqbolini tafakkur hurligida ko‘rganligini qayd etadi hamda ilm, ilhom, kashf va hurlik zavqi – Hazrat Navoiyning g‘oya va timsollari, majoz va haqiqat dunyosiga kirishning asosiy yo‘li, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi, degan fikrni olg‘a suradi.

  7. O‘zbek navoiyshunosligining yorqin siymolaridan biri, akademik A.Qayumov o‘zining qator ilmiy tadqiqotlarida ulug‘ shoirning naqshbandiylik ta’limotiga munosabatini ilmiy-ommabop uslubda yoritdi. Xususan, Navoiyning bu ta’limot qoidalarini tashviq etishdagi o‘rnini belgilash masalasi yoritilgan “Bu ohang ila bo‘lg‘asen naqshband...” monografiyasini o‘zbek navoiyshunosligining yutuqlaridan biridir. Asarda olim tomonidan Navoiy Hazratlarining ma’rifiy mushohadalari tadqiq etiladi, naqshbandiya tariqatining asoschisi Xoja Bahouddin Naqshbandning hayot yo‘li va bu ta’limotining asoslari to‘g‘risida Navoiy bildirgan fikrlar sharhlar bilan bayon qilinadi.

  8. Navoiyshunos olimYOqubjon Ishoqov «Naqshbandiya ta’limoti va o‘zbek adabiyoti» nomli risolasida tasavvuf va uning muhim sohalaridan biri sanalgan naqshbandiya ta’limotining o‘zbek adabiyotiga ta’siri jarayonlarini tadqiq etgan. Risola naqshbandiya sulukining genezisi, uning yozma adabiyotga ta’siri hamda bu ta’limot bilan bevosita aloqador so‘z san’atkorlari, jumladan, Alisher Navoiy ijodiyotining bevosita aloqasi haqida ma’lumot beradi.

  9. Navoiyshunos olim Sultonmurod Olimov o‘zining bir qator tadqiqotlarida Hazrat Navoiyning «nazariy-falsafiy jihatdan, ya’ni dunyoqarashu mafkura ma’nosida» tayangan manbalardan uchinchisi bo‘lgan tasavvuf falsafasi, unda shoir doxil bo‘lgan tariqat – naqshbandiya bo‘yicha bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borib, o‘zining ilmiy asosga ega bo‘lgan xulosalarini bayon qiladi.

  10. Adabiyotshunos olim N.Komilov umr bo‘yi shug‘ullangani tasavvuf ta’limotining mag‘zida ilmi Haq – botin ilmi, qalb tafakkuri yotadi. Inson o‘z zakovatiga ishonib, Haqning yagonaligi va ulug‘ligi haqida tafakkur qilishi lozim. So‘fiy shoirlar ijodining markazida shu maqsadlar yotadi. Lekin, sobiq tuzum davrida bu ilm, hatto islom dinining maqsad va vazifalari xalqimizdan yashirildi. Oqibatda o‘zbek xalqi ham dinsizlik, e’tiqodsizlik va fikrsizlik botqog‘iga botdi. Asli, bu – shaxs va jamiyat tanazzuli, ulkan yo‘qotish, orqaga ketish edi. Ustoz masalaning ayni shu nozik jihatiga jamoatchilik e’tiborini qaratib, fandagi “bo‘shliq”ni to‘ldirishga harakat qiladi.

  11. Atoqli navoiyshunos olim N.Komilov Hazrat Navoiyning islom va tasavvufga tayangan dunyoqarashi yaxlit bir tizim sifatida namoyon bo‘lganligini, Navoiy gumanizmining tub ildizlari ochilganini qayd etadi. Olimning fikricha, haqiqat ‒ Haqning o‘zi, uning zoti va sifatlari. Uni ilmsiz tanish va bilish mumkin emas. U ilohiylik va dunyoviylik nisbati har bir yangi orif shaxsida yangi kuch bilan namoyon bo‘lishi kerak, degan g‘oyani bayon etadi.

  12. So‘ngso‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, Istiqlol davrida Hazrat Navoiy ijodiy dunyoqarashini asl mohiyati nuqtai nazaridan tadqiq qilish imkoniyati tug‘ildi. Ma’naviyatimizning so‘nmas manbai bo‘lgan muqaddas islomiy manbalar va tasavvuf ta’limotining Navoiy dunyoqarashiga ta’siri masalalarining tadqiq etilishi navoiyshunoslik faniga yangicha ma’no-mazmun olib kirdi. Navoiy ijtimoiy-falsafiy qarashlarida yuksak umuminsoniy qadriyatlar talqinini o‘rganish orqali mutafakkirning diniy va tasavvufiy qadriyatlarga munosabati va Navoiy asarlarida aks etgan inson ma’naviy kamoloti haqidagi g‘oyalarni tadqiq qilish imkoniyati tug‘ildi.

Yüklə 19,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə