Amir temurning markazlashgan davlatni yaratishi



Yüklə 31,8 Kb.
səhifə1/4
tarix11.12.2023
ölçüsü31,8 Kb.
#147268
  1   2   3   4
AMIR TEMURNING MARKAZLASHGAN DAVLATNI YARATISHI


AMIR TEMURNING MARKAZLASHGAN DAVLATNI YARATISHI
Reja:

  1. Amir Temur davlati.

  2. Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatga asos solinishi. Amir Temurning harbiy yurishlari.



Amir Temur davlati. Amir Temur (1336-1405) Kesh (Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xo‘jailg‘or qishlog‘ida 1336 yil 9 aprel kuni tavallud topgan. Uning to‘liq ismi Amir Temur Ko‘ragoniy ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Burkul. Uning onasi Takinaxotun Kesh yurtining obruli bekalaridan hisoblangan. Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ay ibn Amir Burkul barlos urug‘ining biylaridan bo‘lib, Chig‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan.
Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yo‘lidagi dastlabki harakati XIV asrning 60-yillaridan boshlandi. Buning sababi bor edi. XIV asrning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning o‘zaro kurashi kuchayib, Amir Qazog‘on o‘ldiriladi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, har jihatdan og‘ir tanglik sodir bo‘ladi. Bu davrda Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan mo‘g‘ul xonlari Movarounnahrdagi og‘ir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu o‘lkada o‘z hokimiyatini o‘rnatishga harakat qiladilar. Mo‘g‘ul xonlaridan Tug‘luq Temur (1359-1363) 1360-1361 yillarda Movarounnahrga birin ketin ikki marta bostirib kiradi. Biroq Movarounnahr amirlari mo‘g‘ullarga qarshi kurashga jur’at etaolmaydilar. 1360 yilning bahorida 24 yoshli Amir Temur sharoit taqazosi bilan Kesh viloyatini butunlay qo‘ldan chiqarib yubormaslik uchun xon xizmatiga kiradi va o‘z viloyatining dorug‘asi etib tayinlanadi. Ammo, Movarounnahrning hukmdori etib tayinlangan Ilyosxo‘ja bilan murosasi to‘g‘ri kelmagan Amir Temur 1361 yilda mamlakatni tark etadi va Amir Qazog‘onning nabirasi Movarounnahrning nufuzli amirlaridan Husayn bilan ittifoq tuzadi. Amir Temur Husaynning singlisi O‘ljoy Turkon Og‘oga uylangach, ularning ittifoqi yanada mustahkamlanadi. Ular avvalo Movarounnahrlik isyonkor amirlarga, so‘ngra esa, mo‘g‘ullarga qarshi kurash olib boradilar. Nihoyat, 1364 yil oxirlarida ular mo‘g‘ullarni Movarounnahrdan haydab chiqaradilar. 1365 yil bahorida Mo‘g‘uliston xoni Ilyosxo‘ja Movarounnahrga bostirib kiradi. Ikki o‘rtadagi jang 1365 yil 22 may kuni Chinoz atrofida sodir bo‘ladi. Tarixda u “Jangi loy” nomi bilan shuhrat topadi. Jangda kelishib harakat qilmaganliklari oqibatida, ular mag‘lubiyatga uchraydilar. Bu g‘alabadan keyin Ilyosxo‘ja hech qanday qarshilikka uchramay, Xo‘jand va Jizzax shaharlarini egallab, Samarqand ustiga yuradi. Hokimiyatsiz qolgan mahalliy aholi sarbadorlar1 boshchiligida mudofaaga ko‘tariladi. Sarbadorlar harakatiga tolibi ilm Mavlonzoda Samarqandiy, ip yigiruvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kalaviy va mohir mergan Xo‘rdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Ilyosxo‘ja Samarqandda qattiq zarbaga uchrab, Movarounnahrdan chiqib ketadi. Shaharda xalq hokimiyati o‘rnatiladi va ayrim islohotlar o‘tkaziladi, jon boshidan olinadigan “jiz’ya” solig‘i bekor qilinadi. Samarqand sarbadorlari g‘alabasidan xabar topgan Amir Temur va Amir Husayn 1366 yilning bahorida Samarqandga keldilar va sarbadorlar rahbarlarini o‘z huzurlariga chorladilar. Samarqand yaqinidagi Konigil qishlog‘ida bo‘lgan uchrashuvda kelishmovchilik yuz beradi va ular qatl etiladi. Amir Temurning iltimosi bilan faqat Mavlonzoda omon qoldirilib, Xurosonga jo‘natiladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, harakat bostiriladi. Movarounnahrda Amir Husayn hukmronligi o‘rnatiladi. Oradan ko‘p o‘tmay Amir Temur bilan Amir Husayn o‘rtasidagi munosabat keskinlashib ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan Amir Husayn Balxga qaytib ketadi. Kesh va Qarshi viloyatlari hokimi bo‘lib olgan Amir Temur Amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik ko‘radi. 1366-1370 yillarda ular o‘rtasida bir necha bor o‘zaro to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi. Amir Temur tarqoq mamlakatni birlashtirishga kirishar ekan, kurashni avvalo, ichki va o‘ziga yaqin g‘animlardan boshlaydi. 1370 yil bahorida u kuchli raqib, Balx hokimi Amir Husaynga qarshi yo‘lga chiqadi. Unga yo‘l-yo‘lakay yangi kuchlar kelib qo‘shiladi. Jangda Amir Husayn qo‘shinlari yengiladi, ikki kunlik qamaldan so‘ng, 1370 yilning 10 aprelida Balx shahri taslim bo‘ladi. Amir Husayn asir olinib, qatl etiladi. Bu g‘alabadan keyin Amir Husaynning xotinlaridan biri Movarounnahrning chingiziylardan bo‘lgan sobiq hukmdori Qozonxon (1343-1346)ning qizi Saroymulkxonimni o‘z nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur “ko‘ragon”, ya’ni “xonning kuyovi” nomini oladi. 1370 yilning 11 aprelida Chig‘atoy ulusining bek va amirlari, viloyat va tumanlarning zodagonlari hamda Amir Temurning piri Sayyid Baraka ishtirokida o‘tkazilgan qurultoyda uning hukmdorligi rasman tan olinib, u Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Garchi saltanat taxtiga, an’anaga ko‘ra, dastlab nomigagina Suyurg‘atmishxon (1370-1388), so‘ngra uning vafotidan keyin Sulton Mahmudxon (1388-1402) o‘tqazilgan bo‘lsa-da, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temurning o‘zi boshqaradi, viloyatlardagi hokimiyat o‘g‘illari, nabiralari va yaqin amirlari tomonidan idora qilinadi. Amir Temur Samarqandni o‘z davlatining poytaxtiga aylantiradi va shaxar devorlari, saroylar bino qilishga kirishadi. Muntazam qo‘shin tuzib, unga katta imtiyozlar beradi. Movarounnahr mo‘g‘ullardan ozod qilinib, mustaqil davlat barpo etilgan bo‘lsa-da, mamlakatda hali barqaror tinchlik o‘rnatilgan emas edi. Bir tomondan, ayrim viloyat amirlari Amir Temur hokimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan bulsalar, ikkinchi tomondan, Mo‘g‘uliston va Oq O‘rda Movarounnahrning sharqiy va shimoliy hududlariga tez-tez hujum qilar va aholini talon – taroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur 1370 yilning kuzi va 1371 yili bahorida Shiburg‘on, Balx, Toshkent viloyatlarini bo‘ysundirdi. 1371-1390 yillarda Mo‘g‘ulistonga yetti marta yurish qilib, Qamariddin va Anqoto‘ra ustidan g‘alaba qozonadi. Amir Temur qo‘ng‘irot so‘fiylari (Husayn, Yusuf, Sulaymon So‘fiylar) hukmronlik qilayotgan Xorazmni ham qaytadan Movarounnahr tarkibiga kiritishga intildi. Buning uchun ko‘p bor qo‘shin tortishga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, so‘fiylar sulolasi Amir Temurning necha bor elchilar yuborib, masalani tinch yo‘l bilan hal qilish to‘g‘risidagi adolatli takliflariga ko‘nmasdan, bu hududni tish-tirnog‘i bilan bermaslikka uringandan keyingina qurol ishlatishga to‘g‘ri keladi. Shu boisdan ham Amir Temur 5 marotaba (1371, 1373, 1375, 1379, 1388 y.y.) Xorazm hukmdorlariga qarshi harbiy yurish qilishga majbur bo‘lgan edi. Faqatgina, 1388 yilgi so‘nggi Xorazm yurishi natijasida Sulaymon So‘fiy hukmronligi ag‘darilib, bu o‘lka saltanat tarkibiga uzil-kesil qo‘shib olinadi. Biroq bu davrda Amir Temur davlati uchun eng kuchli xavf Oltin O‘rda edi. U Jo‘ji ulusini o‘z davlatiga qo‘shib olish niyatida emas edi. Faqat Oltin O‘rdaning Movarounnahrga tutashgan sharqiy qismini o‘z ta’siri ostidagi xonlar tasarrufiga olib berish va Saroy Berka orqali o‘tadigan karvon yo‘lini Movarounnahr tomon burib yuborishni ko‘zlardi. Shu maqsadda Oq O‘rda xonlaridan To‘xtamishga bir necha bor xarbiy yordam beradi. Biroq To‘xtamish Amir Temur ishonchini oqlamaydi. Oltin O‘rda taxtiga ega bo‘lgach, u hatto ochiqdan-ochiq dushmanlik yo‘liga kiradi. Shuning uchun ham Amir Temur unga qarshi uch marta qo‘shin tortishga majbur bo‘ladi. 1389 yilda u Jizzaxning Achchig‘ mavzeida, 1391 yilning 18 iyunida Qunduzcha (hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari oralig‘ida joylashgan) daryosi vodiysida va nihoyat, 1395 yilning 15 aprelida Shimoliy Kavkazda Tarak (Terek) daryosi bo‘yida To‘xtamishga qaqshatqich zarba beradi. Amir Temur To‘xtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelets shahrini egallaydi. Moskvaga qarab yuradi, biroq uni olmay Oka daryosi sohillaridan qaytadi. Amir Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi, faqat O‘rta Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi.
Amir Temur kuchli markazlashgan davlat barpo etish barobarida o‘z qudratini jahonga mashhur qilish, hududlarni kengaytirish, jug‘rofiy kenglikka chiqish maqsadida XIV asrning 80-yillaridan e’tiboran xorijiy yurtlarga ko‘plab harbiy yurishlar uyushtirdi. Uning 1386-1388 yillardagi “uch yillik”, 1392-1396 yillardagi “besh yillik” va nihoyat 1398-1404 yillardagi “Yetti yillik” yurishlari xuddi shu maqsadlarga qaratilgan edi. “Uch yillik” (1386-1388) harbiy yurishlar oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning shimoliy qismi, Gurjiston, Armaniston egallanadi. U “besh yillik” (1392-1396) urush davomida G‘arbiy Eron, Iroq va Kavkazni egallaydi, muzaffariylar va jaloirlar sulolasining hukmronligi barham topadi. Amir Temurning Hindistonga yurishi (1398 yil may – 1399 yil mart) qariyb o‘n bir oy davom etadi.
Amir Temurning 1398-1404 yillardagi “etti yillik” harbiy yurishlari davrida Shimoliy Hindiston, Kichik Osiyo hamda Turkiyaning kattagina qismi egallandi. Shu tariqa qudratli saltanat vujudga keldiki, uning dovrug‘i butun olamni tutdi.
Sohibqiron Amir Temurning harbiy mahorati shunda ediki, u o‘z dushmanlarini erkin nafas olishga imkoniyat bermagan. 1400 yilda Amir Temur qo‘shinlari Turkiya sultoni Boyazid I va Misr sultoni Farajga qarshi kurash olib boradi. Amir Temur va sulton Boyazid qo‘shinlari o‘rtasidagi so‘nggi va hal qiluvchi jang 1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida sodir bo‘ladi. Uch kun davom etgan bu jangda har ikki tomondan 360 ming nafar askar qatnashadi. Uzoq davom etgan shiddatli jangda Sohibqiron kuchlarining siquviga bardosh berolmagan Sulton askarlari chekinishga majbur bo‘ladi. Turk yanicharlari qirib tashlanadi. Suyurg‘atmishxonning o‘g‘li Sulton Mahmud Boyazidni asir oladi. U bilan birga o‘g‘li Muso Chalabiy ham asir tushadi.
Amir Temur rumlik askarlarni ta’qib etib – Anadulu yarim orolini egallaydi, O‘rta Yer dengizining sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini fath etadi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham beradi. So‘ngra Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya hukmdorlari taslim bo‘ladilar. Misr ham o‘z itoatkorligini izhor etadi.
Asir olingan sulton Boyazid Yildirimga podshohona hurmat va ehtirom ko‘rsatadi. Sulton vafotidan keyin (1403 yil 9 mart) uning vorislariga beqiyos muruvvatlar qiladi. Boyazidning to‘ng‘ich o‘g‘li Sulaymon Chalabiy turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim qilib tayinlanadi. Anadulu yarim orolining shimoli – g‘arbiy qismi suyurg‘ol sifatida Iso Chalabiyga in’om qilinadi. Usmonli turklar davlatining markaziy qismining boshqarish Muso Chalabiyga topshiriladi. Chunki, Amir Temur Usmonli turklar davlatini butunlay bosib olish niyatida emas edi. Vaholanki, salib yurishlarining oqibatlari, Yevropa davlatlarining Yaqin Sharq mamlakatlardagi ilinjlari ham musulmon olami yodidan chiqmagan edi. Shuning uchun ham Amir Temur Usmonli turklar davlatini saqlab qoldi va Boyazid vorislariga muruvvat qo‘lini cho‘zdi.
Bu beomon jangni o‘z foydasiga hal etgan Amir Temur o‘z qudratini nafaqat Sharqda, G‘arbda ham namoyish etishga musharraf bo‘ldi. Shu buyuk g‘alabadan keyin Yevropaning Angliya, Fransiya, Ispaniya singari nufuzli davlatlari va ularning hukmdorlari Amir Temur bilan yaqindan aloqa bog‘lash, hamkorlik qilish, ayniqsa, savdo-sotiq munosabatlarini o‘rnatishga faol yo‘l tutganliklari shundan yaqqol dalolatdir. Chunki Amir Temur endigina uyg‘onayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.
Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgan Amir Temur 1404 yil 27 noyabrda 200 minglik qo‘shin bilan Xitoy safariga chiqadi. Biroq bu yurish Amir Temurning 1405 yil 18 fevralda O‘tror hokimi Berdibekning saroyida to‘satdan vafot etishi tufayli amalga oshmay qoladi. Amir Temur 35 yil hukmronlik qildi. Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘igacha g‘oyat katta hududni qamrab olgan, ulkan saltanatni (jami o‘z ichiga 27 ta o‘lka va viloyatlarni jam etgan) vujudga keltirdi.

Yüklə 31,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə