5-MAVZU. WORKOUT – KO‘ChA FITNESI.
Reja:
1. Ko‘cha sporti nima?
2. Ko‘cha sporti madaniyati.
3. Ko‘chada mashg‘ulotlar.
4. Bazaviy ketma-ket bajariladigan mashqlar
5. Malakalar va mohirlik bilan bajariladigan mashqlar.
6. Dasturlar tuzish. Mashg‘ulotlar dasturi.
Tayanch so‘z va iboralar:
vorkaut, turnik, brus, djimbar, kalistenika, plansh
mashqi, planka.
Street Workout (Vorkaut; o‘zb, ko‘cha mashg‘uloti; ko‘cha fitnesi) – ommaviy
jismoniy mashg‘ulotlarining turi hisoblanadi. Ko‘cha yoki hovlidagi sport
maydonchalarida bajariladigan mashqlarni, ya’ni, turnikda, brusda, shved
devorlarida, gorizontal narvonlarda, boshqa konstruksiyalarda yoki, umuman hech
qanday buyumlarsiz (erda) bajariladigan mashqlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Ba’zida bu yo‘nalishni sport turi deb atashadi, biroq rasman bu sport turi hech bir
mamlakatning sport turlari ro‘yxatiga kiritilmagan. Bunday mashg‘ulotlar bilan
shug‘ullanuvchilar, o‘zlarini vorkautchilar yoki ko‘cha gimnastlari deb atashadi.
Vorkaut (shu bilan bir qatorda Street Workout, Ghetto Workout, Calisthenics)
– sportda yangi yo‘nalish bo‘lib, o‘zida ko‘pgina boshqa sport mashqlarini
birlashtirgan. Hozirgi kunga kelib, vorkaut yo‘nalishining dunyo shaharlarida
mashhurligi shiddat bilan o‘sib bormoqda.
Ushbu turdagi mashqlar ilgari, Sobiq Ittifoq davrida, o‘z tanasi salomatligini
mustahkamlash maqsadida bajariladigan oddiygina badantarbiya, chigal yozdi
mashqlar, turnik va bruslarda bajariladigan mashqlar deb atalar edi. 2000 yillar
internet
tarmog‘ining rivojlanishi va mamlakatlarning o‘zaro axborot
almashinishning oshishi natijasida sayyoramizning turli burchaklaridagi yangiliklar
va ma’lumotlardan foydalanish imkoni keng ommaviylashdi. Shu vaqt ba’zi
saytlarda ko‘chada bajariladigan o‘ziga xos mashg‘ulotlarning (ingl. Street
workout) havaskor videoroliklar paydo bo‘la boshladi. Ba’zi videoroliklar getto-
mashg‘ulotlar deb nomlangan edi (ingl. Ghetto workout), bu, ushbu videoroliklarni,
“getto”larda istiqomat qiladigan afroamerikaliklar tomonidan internet tarmog‘iga
tashlashlari sababli bo‘lishi mumkin. Shunday qilib Workout – sport turi sifatida
AQShda vujudga keldi. Ba’zi roliklar butun dunyo yoshlarida katta qiziqish
uyg‘otdi. Bunday turdagi mashg‘ulotlarni har xil nom bilan atashadi: ko‘cha fitnesi,
ko‘cha mashg‘uloti, yoki oddiy inglizcha “mashg‘ulot” so‘zining ekvivalenti
bo‘lmish “workout”. Internet tarmog‘i tufayli mashhur bo‘lib ketgan ushbu
norasmiy sport turi, MDH mamlakatlarida ham ko‘pgina izdoshlar orttirdi. Shu bilan
bir qatorda yaxshi va sifatli “ko‘cha mashg‘ulotlarini” o‘tkazish maqsadida ko‘pgina
yangi sport maydonchalari qurila boshlandi. Ushbu sport turining rivojlanishiga
quyidagi jamoa sportchilari kuchli turtki bo‘lishdi: "Barbarians", "Barstarzz",
"Beastmode","Bar-Tendaz" va boshqalar. Shular bilan bir qatorda Workout sport
turining boshqa mamlakatlarda rivojlanishiga Hannibal For King ismli sportchi juda
katta hissa qo‘shdi. Uning videoroliklari yoshlarga o‘ta kuchli ta’sir qilib, ularning
Workout sport turi bilan shug‘ullanishlariga undadi. Workout butun dunyoda
mashhur bo‘lib, ko‘pgina professional sportchilarga ega. Professionallar bilan bir
qatorda ushbu sport turi bilan yosh sportchilar ham shug‘ullanishib, uning aholi
o‘rtasida keng tarqalishini ta’minlamoqda.
Workout – bu nafaqat sport turi, balki to‘laqonli g‘oya, harakatdir. Shu bilan
birga Workout inson salomatligiga asoslangan. Ushbu sport turi sog‘lom turmush
tarzini tashviqot qiladi. Bu degani, Workout bilan shug‘ullanuvchi sportchilar, qat’iy
alkogol, tamaki va narkotik moddalardan voz kechadilar. Undan tashqari ushbu
sport turi bilan shug‘ullanuvchilar biologik va kimyoviy qo‘shimchalarni iste’mol
qilmaydilar.
Workout odamlarga o‘z tanasini mashq qildirish va mustahkamlashga
ko‘maklashadi. Tanani doimiy tarzda, asta-sekin oshib boradigan yuklamali
mashqlar qildirish va chiniqtirish odam immunitetini oshiradi, bu esa o‘z navbatida
salomatlikni mustahkamlaydi. Undan tashqari mashqlar yigit va qizlarga ideal qad-
qomatni, chiroyli tanani shakllantiradi.
Agar Workout so‘zini ingliz tilidan so‘zma-so‘z tarjima qilsa, Work – ish, out
– tashqarida ma’nosini hosil qilamiz. Ushbu ikki so‘zni qo‘shsak “tashqarida
ishlash” degan iborani hosil qilamiz, bu degani, ushbu sport turi bilan nafaqat zallar
va maxsus binolarda, balki ko‘chada ham shug‘ullanish mumkin degani. Workout
sport turining birlamshi maqsadi odam tanasini ko‘cha sharoitida shakllantirish va
mustahkamlash bo‘lgani uchun ham "Ghetto Workout" yoki "Street Workout"
iboralari hozirda mashhur.
Odatda sportchilarning mashg‘ulotlari hech bo‘lmasa turnik va bruslar bor
maydonchalarda o‘tadi. Ko‘p yillar davomida ishlatilmagan, zanglagan turniklarni
hozirgi zamon yoshlari o‘rab olishgan va har qanday ob-havo sharoitida ham
mashg‘ulotlarni davom ettirishmoqda.
Nazorat savollari:
1. Ko‘cha sporti va ko‘cha sporti madaniyati deganda nimani tushunasiz?
2. Ko‘chada mashg‘ulotlar qanday maydonlarda o‘tkaziladi?
3. Vorkautda bazaviy ketma-ket bajariladigan mashqlardan misollar keltiring.
3. Malakalar va mohirlik bilan bajariladigan mashqlar deganda nimani
tushunasiz?
4. Dasturlar tuzish qanday amalga oshiriladi?
5. Namunaviy mashg‘ulotlar dasturini tuzing.