4-mavzu. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy va Burhoniddin Marg’inoniylarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi


Az-Zamaxshariyning hayoti va faoliyati



Yüklə 39,2 Kb.
səhifə4/5
tarix20.06.2023
ölçüsü39,2 Kb.
#118180
1   2   3   4   5
4-mavzu. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy va Burhoniddin Marg’inoniylarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi

4. Az-Zamaxshariyning hayoti va faoliyati. Xorazm yurtida tug’ilgan buyuk allomalardan biri Mahmud az-Zamaxshariydir. Uning to‘liq oti Abu-l-Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad bo‘lib, hijriy 467 sana, rajab oyining yigirma yettinchisida chorshanba kuni (1075 yilning 19 mart)da Xorazmning yirik qishloqlaridan biri — Zamaxsharda tug’ilgan va shu boisdan ham az-Zamaxshariy taxallusini olgan. U Makkai mukarramada yashagan paytida iskandariyalik shogirdi Shihobuddin Ahmad ibn al-Husniy al-Molikiyga yo‘llagan maktubida o‘zi haqida: «Men Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiyman, keyin az-Zamaxshariyman. Xorazmning katta bir qishlog‘i — Zamaxsharga mansubman. Zamaxshar — tug‘ilgan yurtimdir», — deb yozgan. Az-Zamaxshariydek buyuk zotning kindik qoni to‘kilgan Zamaxshar qishlog‘i, allomaning yurti bo‘lganligi tufayli ham, keyinchalik jumlai jahonga dong‘i ketgan qishloqqa aylandi.
Allomaning Sharqning turli shaharlarida juda ko‘plab shogirdlari bo‘lgan. Ayniqsa, Makkai mukarramada besh yildan ortiq yashagan paytlari olim uchun g‘oyatda serunum bo‘ldi, desak, hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, Makkai mukarrama bepoyon musulmon olamining turli burchaklaridan kelgan ziyoratchilar uchun nafaqat muqaddas bir sajdagoh, balki yetuk olimlar, ilm toliblari to‘planadigan katta ilmiy markaz, ijodiy maskan vazifasini ham o‘tagan. Ilm toliblari, muqaddas shaharda yashagan az-Zamaxshariydek allomalardan har qadamda foydalanardilar. Ma’lumki, biron-bir allomaga nasib etmagan yuksak maqom — Jorulloh («Allohning qo‘shnisi») degan laqabga faqat buyuk vatandoshimiz az-Zamaxshariy musharraf bo‘lgan. Arab olimi ash-Shayx Muhammad Abu Zahro Makkada yashagan davrida az-Zamaxshariy aksar vaqtini Baytulloh al-haramda o‘tkazib, har doim uning atrofini adab ilmining toliblari, she’riyat ixlosmanddari, mav’izayu hikmatli iboralar shaydolari o‘rab olib, undan saboq olganliklarini aloxida ta’kiddagan.
Az-Zamaxshariy Qur’oni karim nozil bo‘lgan arab tilini yoshligidan katta havas va ishtiyoq bilan o‘rgandi, arablarning hayoti va ularning urf-odatlarini, turli lahjalarini uzoq davr tinimsiz tadqiq etdi. Allomaning arab tiliga nisbatan mehri va ixlosi alohida bo‘lgan. Shu boisdan ham, bu tilning grammatikasi, leksikasi, umuman arab tilshunosligiga oid bir qancha muhim asarlarni shu nogiron donishmand yaratgan. Uning jumlai jahonga dong‘i ketgan «Muqaddamat al-adab», «Al-Mufassal», «Asos al-balog‘a» kabi yirik ta’liflari mana shu yo‘nalishda yozilgan asarlardir. Arablarning: «Agar xorazmlik shu ko‘sa, cho‘loq az-Zamaxshariy bo‘lmaganida arablar o‘z tillarini bilmas edilar!» — deb lo‘nda qilib allomaga bergan yuksak bahosiga hech bir izohning hojati bo‘lmasa kyerak.
Arab tilini, uning behad katta imkoniyatlarini teran anglagan Alloma az-Zamaxshariy o‘z umrining aksar qismini xorijiy yurtlarda, musofyrchilikda o‘tkazgan bo‘lsa-da, o‘z ona qishlog‘i Zamaxshar, ona vatani Xorazmni juda qattiq sevgan, haqiqiy vatanparvarlik hissiyotlarini namoyon qilgan holda yurtiga bagishlab madhiyalar yaratgan. «Xorazm zaminida shunchalik ko‘p ne’matu fazilatlar mavjudki, dunyoning boshka biror mamlakatida ham bularga o‘xshashlarini aslo ko‘rmadim», — deya, kindik qoni to‘kilgan yurti Xorazmni alohida iftixor va g‘urur bilan ta’riflaydi. Shu bilan birga, alloma jami besh yildan ortiq vaqt yashagan muqaddas shahar Makkai mukarramani ham o‘zining ikkinchi vatani o‘rnida ko‘radi. Chunki Makka ahli, ayniqsa, uning amiri Abu-l-Husayn Ali ibn Iso ibn Hamza ibn Vahhos al-Husayniy az-Zamaxshariyni katta izzat-ikrom va alohida hurmat bilan kutib olib, olimning samarali ilmiy, ijodiy va mudarrislik faoliyati uchun barcha shart-sharoitlarni yaratadi. Hattoki amirning buyrug‘i bilan Ka’batullohning yaqinidagi Bob al-Ajyod mahallasida olim uchun maxsus bir uy ham qurib beriladi. Makka amiri Ibn Vahhos bilan az-Zamaxshariy o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik iplari tobora mustahkamlanib, hatto az-Zamaxshariy ushbu do‘stona aloqalariga atab bir qasida ham bitadi va amirning o‘ziga ko‘rsatgan katta iltifotini minnatdorlik tuyg‘usi bilan tarannum etadi. Makka amiri Ibn Vahhos ham yetuk olim va iqtidorli shoir bo‘lgani uchun ular bir-birlarining ijodlaridan o‘zaro unumli foydalanadilar. Az-Zamaxshariydagi buyuk daho, ulkan ilm va yuksak insoniy fazilatlarning shohidi bo‘lgan Ibn Vahhos unga alohida mehr bilan munosabatda bo‘ladi.
Ma’lumki, birinchi marta az-Zamaxshariy Makkada ikki yildan ortiq yashagandan keyin o‘z yurti Xorazmga qaytadi. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, u Makkadan qaytganiga pushaymon bo‘lib, qattiq iztirobga tushadi. O‘zining ushbu mahzun holatini olim bir qancha qasidalarida bayon qiladi. «O‘z umringning ancha qismini Makkada o‘tkazding, yana Makkaga ketaman deyishingning boisi nima»? — deb so‘raganlarida, olim: «Qalb xotirjamligi, dil pokligi va ibodat lazzatini faqat Makkadagina his qilish mumkin», — deb javob qiladi. Shundan keyin az-Zamaxshariy ikkinchi marta Makkaga borish maqsadida yana safarga chiqadi. Safari davomida Suriyaning poytaxti Damashqda birmuncha muddat yashagandan keyin yana yo‘lga chiqib, Makkaga yetib boradi va uch yil mobaynida bu muqaddas shaharda yashaydi. Makka amiri Ibn Vahhos bu safar ham az-Zamaxshariyni katta iltifot bilan qarshi olib, unga izzat-ikrom qo‘rsatadi. Uch yil Makkada yashagandan keyin az-Zamaxshariy o‘z vatani Xorazmni qo’msaydi va Makkadan chiqib Bag‘dodga keladi. O‘sha davrda ilm-fan va madaniyatning markazi bo‘lgan Bag‘dodda u ko‘p olimlar bilan muloqotda bo‘ladi va ular bilan ilmning turli sohalari bo‘yicha bahs va munozaralarda qatnashadi. So‘ngra Xorazmga qaytib kelib, bir necha yil yashagandan keyin 538/1144 yili arafa kechasi Jurjoniya (hozirgi Ko‘hna Urganch)da vafot etadi. Shundan deyarli ikki yuz yil keyin, ya’ni 1333 yili Xorazmni ziyorat qilgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta (1304—1377) o‘zining «Ar-Rihla» («Sayohatnoma») nomli asarida Xorazm (Ko‘hna Urganch)ning tashqarisida az-Zamaxshariyning qubbali maqbarasini ko‘rganligi haqida yozadi.
Tilshunoslik va grammatikaning turli masalalariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid «Al-Mufassal fi-n-nahv» nomli asarini u Makkada yashagan paytida bir yarim yil davomida yozgan. «Al-Mufassal» arab tili nahvu sarfini mukammal o‘rganishda eng muhim manbalardan biri sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan va g‘oyatda qadrlangan. Ko‘pchilik olimlar o‘z ilmiy qimmati jihatidan az-Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (vaf. 796) arab grammatikasiga oid mashhur kitobidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, deb ta’kidlaganlar. O‘sha davrning o‘zidayoq arablar orasida az-Zamaxshariyning bu asari katta e’tibor qozongan va arab tilini o‘rganishda asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Hatto Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso, kimda-kim az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va bosh-oyoq sarupo sovg‘a qilishni e’lon qilgan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga sazovor ham bo‘lganligi hakida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilgan. Bu misol az-Zamaxshariy asarining o‘sha davrda ham qanchalik yuksak baholanganligini ko‘rsatadi. Bu muhim asar Sharq va G‘arb olimlari tomonidan keng tadqiq qilingan va bir necha marta nashr ham etilgan. Asarning bir qancha qo‘lyozma nusxalari Toshkentda, O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik insitutida saqlanadi. «Al-Mufassal»ning ixchamlashtirilib, muxtasar holga keltirilgan nusxasi «Al-Unmuzaj» («Namuna») nomi bilan ataladi.
Grammatikaga oid asarlaridan yana biri «Sharh abyat kitob Sibavayh» — yuqorida zikr etganimiz Sibavayhning kitobiga yozilgan mukammal sharhdir.
Az-Zamaxshariyning Xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga (1127—1156) bag‘ishlab yozilgan «Muqaddamat al-adab» asari alohida ahamiyatga ega. Asar besh katta qismga bo‘lingan bo‘lib, otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, ot o‘zgarishlari va fe’l o‘zgarishlari haqida batafsil fikr yuritadi. Bu muhim asarning yig‘ma ilmiy-tanqidiy matni filologiya fanlari doktori Zohidjon Islomov tomonidan 2002 yilda «Toshkent islom universiteti» nashriyotida chop etilgan. Muhim manba sifatida bu asar 1706 yilda usmonli turk tiliga, so‘ngroq fransuz-nemis tillariga tarjima qilingan. Parij, Leypsig, Vena, Leyden, Qozon, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marotaba nashr qilingan. Asarning chig‘atoy tiliga qilingan tarjimasi o‘zbek tili tarixini o‘rganuvchilar uchun muhim manba hisoblanadi. Bu haqda mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniy ham 1921 yili «Mehnatkashlar tovushi» gazetasidagi maqolasida: «Az-Zamaxshariyning «Muqaddamat al-adab» asari o‘zbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir», — deb ta’kidlagan edi.
Az-Zamaxshariyning arab lug‘atshunosligiga bag‘ishlangan asarlaridan, eng avvalo, «Asos al-balog‘at» («Balog‘at (fasohati) asoslari») asarini aytish zarur. Arab tilining fasohati, fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, lug‘at boyligidan o‘rinli va g‘oyatda mohirlik bilan foydalanish va bularning hammasini amalda tatbiq etish kabi masalalar bu asarda mukammal ravishda o‘z ifodasini topgan. Bu qimmatli asar ham arab mamlakatlarda bir necha bor nashr etilgan va qo‘lyozma nusxalari Sharqning ko‘p shaharlaridagi qo‘lyozma xazinalarida saqlanadi. Allomaning «Atvoqu-z-zahab fi-l-mavo‘iz va-l-xutab» («Va’zlar va xutbalar bayonida oltin shodalar») nomli asari nasihatomuz maqolalar va ibratli hikoyatlardan tashkil topgan kimmatli kitobdir. Asar birinchi marta 1835 yili nemis olimi Fon Xomer tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. Bundan ellik yilcha o‘tgach, fransuz tiliga ham tarjima qilinib, 1886 yili Parijda chop etilgan. 1873 yili esa usmonli turk tiliga ag‘darilgan tarjimasi Istanbulda nashrdan chiqarilgan.
Az-Zamaxshariyning «Rabiy’ al-abror va nusus al-axyor» («Ezgular bahori va yaxshilar izhori») asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyatlar, latifalar va suhbatlarning eng saralari jamlangan. 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘.zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik insitutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham asarning qo‘lyozmalari mavjud.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislariga bag‘ishlangan asarini az-Zamaxshariy «Al-Foiq fi g‘arib al-hadis» («G‘arib hadislar haqida ajoyib asar») deb atagan. Mashhur tarixchi Ibn hajar al-Asqaloniy: «Az-Zamaxshariyning «Al-Foiq fi g‘arib al-hadis» kitobi g‘oyatda ixcham bo‘lgani bilan mazmunan keng qamrovliligi va naqllari to‘g‘riligi bilan ajralib turadigan yaxlit bir asardir», — deb yozadi. Bu asar bir necha marta nashr ham etilgan (Haydarobod, Bag‘dod, Qohira).
Az-Zamaxshariy ijodida muhim o‘rin egallab, ilm-fan olamida keng tanilgan «Al-Kashshof» asari Qur’oni karimga bag‘ishlangan mashhur tafsirdir. Bu tafsir az-Zamaxshariy Makkada turgan paytida uch yil (1132— 1134) davomida yozilgan. Az-Zamaxshariy bu tafsirini yozishdan oldin Qur’oni karimga bag‘ishlab yaratilgan ko‘plab tafsirlarni qunt bilan o‘rgangan va ulardan unumli foydalangan. Garchand bu tafsir muayyan darajada mu’taziliya oqimi nuqtai nazaridan yozilgan bo‘lsa-da, lekin ilohiy Kitobga bag‘ishlangan tafsirlar o‘rtasida o‘z o‘rniga ega. Ayniqsa, unda Qur’oni karimning filologik nuqtai nazardan tahliliga katta e’tibor berilgan, Qimmatli manba sifatida «Al-Kashshof»ning ko‘plab qo’lyozma nusxalari dunyoning turli shaharlarida mavjudligi, asarga yozilgan sharh va hoshiyalarning ko‘pligi bilan ham belgilanadi.
Mavridi kelganda aytish kerakki, mustaqillik yillarida az-Zamaxshariyning hayot yo‘llari va betakror ilmiy merosini o‘rganish sohasida samarali ishlar amalga oshirildi. Bu borada 1995 yidda az-Zamaxshariy hazratlari tavalludining 920 yilligining mamlakatimizda keng nishonlanishi, ayniqsa, alohida ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga ta’kidlash joizki, az-Zamaxshariy asarlarini mukammal, har tomonlama chuqur o‘rganib, o‘zbek tiliga tarjima qilish, ulug‘ mutafakkir qalamiga mansub boy ilmiy-ma’naviy merosni keng jamoatchilikning haqiqiy boyligiga aylantirishdek sharafli va xayrli ish olimlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Yüklə 39,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə