2 soat Reja : So‘z tilning markaziy birligi sifatida


So‘zlar o‘rtasidagi semantik munosabatlar



Yüklə 184 Kb.
səhifə14/20
tarix28.11.2023
ölçüsü184 Kb.
#135927
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   20
6-ma\'ruza

So‘zlar o‘rtasidagi semantik munosabatlar. Sinonimiya. Tilda sinonimlarning ko‘p uchrashi so‘z boyligini ko‘rsatadigan muhim dalildir. Sinonim so‘zlardan unumli foydalanish badiiy asarlarning mazmunli, ta’sirli chiqishini hamda ularning badiiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni ham aytish kerakki, tilda bir-biriga tamomila o‘xshash, hech farq qilmaydigan so‘zlarning yonma-yon ishlatilishi tilni boyitmaydi. Masalan, o‘zbek tilidagi traktorchi - traktorist, gazeta - ro‘znoma, buxgalter-hisobchi, aeroport - tayyoragoh, rus tilida самолёт - аэроплан, языкознание - языковедение kabi. Shuning uchun bunday so‘zlar kam uchraydi. Til bunday so‘zlarning biridan to‘liq foydalanib, ikkinchisini esa iste’moldan chiqarib tashlashga intiladi.
Har bir tilning sinonimlari boshqa tillardan kirgan so‘zlar, shuningdek, shu tilning o‘z imkoniyatlaridan foydalanib yasalgan so‘zlar hisobiga boyib boradi. Masalan, tajriba - arabcha, sinov - o‘zbekcha; muhabbat, ishq - arabcha, sevgi - o‘zbekcha; chashma – forscha - tojikcha, buloq - o‘zbekcha va boshqalar.
Sinonimlarning o‘zaro farqli xususiyatlari talaygina bo‘lib, ulardan eng asosiysi ularning har birining ma’nosidagi farqli belgilardir. Sinonimlarning o‘zaro farqli belgisi, avvalo, ularning ma’no hajmida, aniqrog‘i, ma’no nozikligida ko‘rinadi. Masalan, o‘zaro sinonim bo‘lgan so‘zlardan biri biron-bir qo‘shimcha ma’no nozikligiga ega bo‘lmasligi, boshqasi esa qandaydir farqli ma’no nozikligiga ega bo‘lishi mumkin. Yuvosh, mo‘min, qobil, royish sinonimlaridan yuvosh so‘zi shaxsga, shuningdek, hayvonlarga nisbatan qo‘llanaveradi. Lekin mo‘min, qobil so‘zlari faqat odamga nisbatan ishlatiladi. Royish so‘zida gapga ko‘nadigan, aytganga yuradiganlik ma’no nozikligi bor.
Demak, sinonimlarning o‘zaro farqli xususiyatlaridan biri ularning qo‘shimcha ma’no nozikligiga ega yoki ega emasligida bo‘lib, bu xususiyat shu sinonimik qatordagi so‘zlarning qo‘llanish doirasini, qo‘llanish o‘rnini ham belgilaydi.
Sinonimlar bildiradigan vaqt, harakat, belgi, miqdor kabilarda ularning har birida belgining darajasi har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, avval, oldin, ilgari, burun, qadim sinonimlaridan ilgari so‘zida vaqtning o‘tishiga qarab uzoqlik darajasi avval, oldin so‘zlaridagidan ortiq. Burun so‘zida ilgari so‘zidagiga nisbatan, qadim so‘zida esa burun so‘zidagiga nisbatan ortiqroq. Ishchan, harakatchan, serharakat, g‘ayratli, serg‘ayrat, tirishqoq, urinchoq sinonimlaridan g‘ayratli, serg‘ayrat, tirishqoq so‘zlari belgini kuchliroq ma’no bilan ifodalaydi. Shuningdek, kambag‘al, qashshoq sinonimlaridan qashshoq so‘zi belgini kuchli ma’noda ifodalaydi. Kuch, quvvat, mador, majol, darmon sinonimlaridan mador, majol, darmon so‘zlari, asosan, kuch-quvvatning normal holatdan pastligini ifodalashda qo‘llanadi. Demak, sinonimlar bildirgan belgi darajasidagi har xillik ham shu so‘zlarning ma’nosidagi farqli ma’no nozikliklari sanaladi.
Sinonimlar nutqda ishlatilishi doirasiga ko‘ra sinonimiya qatorini hosil qiladi. Masalan: a) yuz, bet, aft, bashara, chehra, siymo; b) yurak, dil, qalb, ko‘ngil kabilar.
Sinonimiya qatorini tuzishda har qanday uslubda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan “betaraf” so‘z asos qilib olinadi. Sinonimiya qatoridagi qolgan so‘zlarning ma’nodoshligi ana shu “betaraf” so‘zni solishtirish natijasida aniqlanadi. Masalan, yuz, bet, aft, bashara, chehra, siymo sinonimiya qatorida yuz so‘zi “betaraf” so‘z bo‘lib, uning iste’mol doirasi kengdir, har qanday uslubda qo‘llanaveradi: yuzi tanish, yuzingni yuv, yuzi yoqimli, yuzing qursin. Lekin shu qatordagi bet, bashara, aft, chehra, siymo so‘zlarining iste’mol doirasi nisbatan chegaralangan (tor) bo‘lib, ular turli uslubiy bo‘yoqlarni ifodalashga xizmat qiladi. Bunday so‘zlar bilan predmetga bo‘lgan ijobiy yoki salbiy munosabatni yaqqol ifodalash mumkin. Chunonchi, chehrasi issiq, chehrasi yoqimli, chehrasi ochiq deyish mumkin, ammo chehrasi qursin deb aytish mumkin emas.
Ko‘rinadiki, yozilishi ham, talaffuzi ham boshqa-boshqa bo‘lib, umumlashgan, bir tushunchani ifodalaydigan, lekin ma’no nozikliklari jihatidan bir-biridan birmuncha farq qiladigan so‘zlar sinonimlardir.
Sistem leksikologiya nuqtayi nazaridan kelib chiqsak, sinonimlarning denotati va signifikati bir xil bo‘ladi. Masalan, yuz denotati va u haqdagi tushuncha bir xil, ammo uni nutqiy sharoitga qarab farqlash, ifodalash har xil: kimdir uchun u chehra; kimdir uchun u aft; kimdir uchun u bashara va b. Demak, sinonimlarda atash semalari bir xil, ifoda semalari har xil bo‘ladi.

Yüklə 184 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə